Jurnalist Karimberdi To'ramurod endilikda prokuratura himoyasida!

O'zbekiston prokuratura organlari samarqandlik taniqli jurnalist Karimberdi To'ramurodga qilingan tahdidlar yuzasidan harakat boshladi. Bu haqda jurnalist Facebook’dagi sahifasida xabar yozib qoldirgan.

Karimberdi To'ramurodning ta'kidlashicha, unga dastlab Toshkentdan — O'zbekiston Bosh prokuraturasidan qo'ng'iroq bo'lib, u himoya ostida ekani, o'ziga nisbatan salgina shubhali harakatni sezsa, unga berilgan telefon raqamiga darhol qo'ng'iroq qilishni so'rashgan. Ko'p o'tmay, Samarqand viloyat prokuraturasiga chaqirib, undan bo'lgan tahdidlar yuzasidan ariza olingan.

Do'stlar, xavotirlar ortda qoldi!

Bugun menga Toshkentdan, O'zbekiston Bosh prokuraturasidan qo'ng'iroq bo'ldi. «Sizni viloyat prokuraturasiga chaqirishadi, kim qanaqa tahdid qilgan bo'lsa, hammasini yozib bering, xavotir olmang, siz himoyadasiz va xavfsizligingiz nazoratimizda. O'zingizga nisbatan salgina shubhali harakatni sezsangiz, mana shu telefonga to'g'ridan-to'g'ri chiqing va biz sizdek jurnalistlarni himoya qila olamiz», deyishdi.

Juda xursand bo'ldim. Nihoyat, engil nafas oldim.

Sal o'tib, Samarqand viloyat prokuraturasiga chaqirishdi va ularning taklifiga ko'ra, o'zimga kimlar tomonidan qanday tahdidlar bo'lganini aytib, tegishli chora ko'rishlarini so'rab, rasman ariza bilan murojaat qildim.

Menga huquqni himoya qiluvchi idora tomonidan xayrixohlik bilan qilingan muomala va e'tibordan ko'nglim tog'dek ko'tarildi.

Aziz do'stlar, men xavfsizligim himoyasini ta'minlaydigan idoralarning xodimlari qatorida murojaatimga befarq bo'lmagan barcha hamkasblarim, muxlislarim, o'quvchilarim, o'z yordamlarini taklif qilgan, hatto qo'riqlab yurishlarini taklif etgan, hech bo'lmaganda dalda bo'luvchi so'zlari bilan qo'llab-quvvatlagan barcha yaxshi niyatli insonlarga o'z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Chet ellarda turib, menga yaxshilikni sog'ingan yurtdoshlarimga, hatto boshqa millat vakillari bo'lsalar-da, «Biz siz bilan birgamiz», degan insonlarga tashakkurlar aytaman! Hammangizdan Alloh rozi bo'lsin!

Sizlar bilan birgalikda shu yurtni, shu elni deb, Haq yo'lida, adolat tantanasi yo'lida yanada kuch-g'ayrat bilan ishlaymiz, O'zbekiston taraqqiyoti, tarixi sahifalarida yangi sahifa ochayotgan, xalqimiz necha yillar orzu qilgan hur, obod va ma'mur, adolatli davlatni tiklash yo'lida shijoat bilan tinmay ishlayotgan, eng muhimi, xalqning, shu jumladan, biz, jurnalistlarning ham ishonchini uyg'ota olgan prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga kamarbasta bo'lib, imkonimiz etganicha el dardiga darmon bo'lib, mehnat qilamiz!

Hurmat va ehtirom bilan,

Karimberdi To'ramurod

Facebook foydalanuvchilari mazkur xabarni xursandchilik bilan qarshi olgan. Karimberdi To'ramurodning o'zi ham prokuraturadan bo'lgan qo'ng'iroqlardan so'ng, «elkasidan tog' ag'darilgani»ni tan olgan.

«Elkamdan tog' ag'darilganday his qilayapman o'zimni!.. Men sal qo'rqdim va… umrim qisqardi. Mashina haydamay qo'ydim. Moskvadagi o'g'limni yonimga chaqirdim. Ammo ertaga mashinamda chiqaman, inshaalloh!», — dedi Karimberdi To'ramurod.

Jurnalist Karimberdi To'ramurod unga «turli tahdidlar, g'arazli, haqoratli qo'ng'iroqlar, turli idoralar tomonidan bosimlar, qo'rqitib qo'yishlar, cho'chitib qo'yishga intilishlar ko'payib ketgani» haqida 26 mart kuni Facebook’dagi sahifasida yozgan edi. Tahdidlarga Karimberdi To'ramurod kattaqo'rg'onlik 23 yoshli o'qituvchi Diana Enikeevaning o'limi voqeasini faol yoritgani sabab bo'lgan.

Muallima O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Samarqand viloyatiga tashrifi arafasida ko'cha tozalash ishlariga jalb etilgan, u yo'l o'rtasidagi to'siqlarni oqlayotganida uni «KAMAZ» yuk mashinasi urib ketgan edi. Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov mazkur hodisa yuzasidan o'rganishlar olib borilib, tegishli choralar ko'rilishini aytib o'tgan edi.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *