Jahongir Muhammad: Zehniyat zarpechagi

Mitti bolalarni urush, qon to'kish emas, balki tinchlik, yaxshilik bilan ish ko'rishga chorlab, bir ertak bitgandim. Uni “Bir bor ekan, bir yo'q ekan, qadim o'tgan zamonda, uzoq uzoq tomonda” deb boshlagandim. Faqat qahramon va joy ismi tarixda bor. Qolgani to'qima. Ertak shunday bo'ladi-da. Lekin uchar gilam haqidagi ertakni o'qib, yo'q gilam uchmaydi, bu bo'lmagan gap, degan Afandiga o'xshab kaminaning ertagini ham jiddiy olib, bu milliy tarixga yot qarash, deganlar ham topildi. Fikr erkinligi. Bu ularning qarashi va hurmat qilaman.
Shu bahonada milliy tarixga qarash haqida ertak emas, jiddiy bir narsa aytmoqchiman.

Ma'lumki, bugun zehniyatimizni qullik zarpechagi o'rab olganini hukmdorlar so'kkanida, kamsitganida, urganida, ko'cha tozalatganida va hokazo holatlarda ko'rdik, ko'rayapmiz. Xo'sh, bizni bugungi qullik zehniyatiga solgan, hatto ertak bilan tarixni ajrata olmaydigan holga tushirgan narsa nima?

Bu bir so'z bilan aytganda bu hukmdorlar — shohlar, amirlar, xonlar, hokimlar haqidagi asarlardir. Ularning hammasida hukmdorlarning bosqinchiligi, urushdagi qon to'kishlari, odam o'ldirishlari, zulmi oqlanadi yoki bundan ko'z yumilib, ularga donishmandlik “choponi kiygiziladi”. Qon evaziga qurilgan shaharlari, binolari “buyuk madaniyat” deb ulug'lanadi. Ammo ezilgan xalq, zulmning qurboni bo'lgan avom haqida yozilmaydi. O'sha shaharlar qaysi qullarning jasadlari ustida turgani va o'sha binolarga g'isht tashigan bechoralarning hatto mozori yo'qligini xayolga keltirmaymiz ham. Chunki ularning suyaklari ustida hukmdorlarning maqbaralari qad rostlagan. Hukmdorlarning mozorlari, maqbaralari abadiy va dillarga, tillarga hayrat soladi. Biror joyda bu bino tiklanguncha mana shuncha odam o'ldi, jabr ko'rdi, deb yozilganmi?

Tariximizda qachon qaysi hukmdor xalqqa qayishdi va xalqqa erkinlik berdi, hokimiyatni xalq bilan baham ko'rdi? Ko'pchiligi oilasi bilan baham ko'rgan va sodda qilib aytganda xalqni talagan. Bu haqda yozmaymiz! Yozishni istaymiz, ammo bugungi hukmdorga tegib ketadi, deb qo'rqamiz. Shunday emasmi? Mard bo'laylik, hech bo'lmasa oynaga qarab “ha shunday” deb qo'yalik.

Yo'q, aksincha, kaminani bobolarga “tosh otish”da ayblash osonroq. O'lganlarning ruhini bezovta qilmoqda, deb dod solish qulayroq. Shunday qiling, bundan foyda bor, ammo kecha-kunduz quldek ishlatilgan xalqni eslashdan ziyon topish mumkin — mana shunday fikrlash mavjud zehniyatda.

Gennes kitobiga osh, sumalak bilan kirish uchun musobaqalar qilinmoqda. Lekin musobaqasiz ham bu kitobga kiradigan tomon bor. Bu hukmdorlarni ulug'lab yozilgan asarlarimiz. Ularni to'plasa, xirmon shu qadar chosh bo'ladiki, “dala”da hech narsa qolmaydi.
Bilamizki, hukmdor taxtdagi umrini maddohlarni erkalatish bilan boshlasa, xalqni yig'latish bilan tugallaydi. Chunki bunday hukmdorning dilida maqtov va aldovga ishtiyoq yotadi. U har kuni maqtov eshitishni va xalqni maddohlar ko'magida aldashni istaydi. Bu haqiqatni yakka o'zim bilaman, deb o'ylaydi. Vaholanki, maddohlar ham bilishadi. Lekin baribir poyiga bosh qo'yishadi.
Hukmdor atrofdagi munosabatu maqtovlardan o'zini jahon sultoni, deb o'ylab qoladi. Xalqning tuyg'ularini o'ynatadi. O'zi dindan uzoq bo'lsa ham, tili dindor. U dinni olqishlaydi, dinga chaqiradi, ibodatxonalar qurdiradi, qabriston-qabrlarni ziyorat etishni kanda qilmaydi- hamma asarlarda shunday.

Hukmdor har qanday yo'l bilan bo'lsada odamlarni o'ziga ishontirish payida bo'ladi. Buning uchun har sohaning “pir”larini aniqlaydi. Xalqni birlashtirishda roli bo'lgan tarix, din, adabiyot, san'at, ilm, sport, pul, mafiya va boshqa sohalarning o'lib ketgan “pir”larini ulug'laydi, ularga haykal qo'ydiradi, ular haqida kitoblar yozdiradi, filmlar oldiradi, muzeylarini ochadi. Muridlarini siylaydi. Bu bilan “murid”lari ko'nglida o'ziga abadiy joy topadi. Hukmdor muridlarning piriga, «pir»larning zo'riga aylanadi. Natijada mamlakatni idora etishda umum xalqning ishtiroki yo'qoladi — mana sizga zehniyatni zarpechak qoplashi.

Bu bilan tariximizda o'tgan hamma hukmdorlar zolim, butun adabiyot shunday demoqchi emasman. Besh barmoq birmas. Ammo tariximizda o'tgan xalqlar ro'shnolik ko'rmagani, erkinlik, ozodlik nima ekanligini bilmagani, urushlarda er tishlagani, qamchilar ostida qon qusgani, kamsitilgani, haqoratlangani, ommaviy tarzda quldek ishlatilgani bu bor gap — asarlarda esa deyarli ko'rmaymiz.

Xullas, aytmoqchi bo'lganim shuki, hukmdorlarni ulug'lashni bas qilaylik, ularning ulug'larini ulug'lasak ham bosqinchilik, zulm ko'rsatganlari, qasrlar qurdirganlari uchun emas, balki kelajagimizga tinchliksevar, oqil va odil bo'lish ruhini olib kiradigan qahramonlar sifatida tasviru tafsil etaylik. Hech qurmasa, ertaklarda!

Zehniyatni qullik zarpechagidan tozalash uchun zarpechakni yulib otmoq kerak, lekin zarpechak zehniyatni qo'porib ketmasa, bo'lgani! Bu endi boshqa mavzu.

 

Jahongir Muhammad, O'zbekistonda Xizmat ko'rsatgan jurnalist

Birinchi izoh

  1. Siz bekorga xafa bulasiz Jaxongir Muxammad bizlardan. Uzingiz bir xisob kitob kiling. Nechanchi yili chikib ketgansiz Uzbekistondan? 1994 yoki 1995 yillar tugrimi? Demak siz 20 yildan buyon muxojirlikdasiz. Siz ozod kush bulib yashagansiz. Siz demokratik davlatda umrguzoronlik kildingiz shu davrlar ichida. Siz yashaydigan mamakatda biror konun kabul kilinishidan avval u konunni xalk muxokama kiladi, agar xalk tasdiklamasa kabul kilinmaydi. Bizda esa utgan davr mobaynida fakat «Axborot» kursatuvidan kabul kilingan konunlar tugrisida bir biridan guzal diktorlarimizni chiroyli va bexato ukishini tomosha kildik. Agar diktorni nutkini yarimida tuxtatib bu konunni xalkka kanday foydasi bor deb surasangiz, sizga inoplanetyanga karagandek karagan bulardi. Chunki bizda shunday erdi. Shuning uchun xam bizda tinchlik xukm surdi, shuning uchun xam biz yashayotgan jamiyat gullab yashnadi. Kozilar fakat xalkni uyladi, poraxurlik kilmadilar, garchi 10 yillab kursini bushatmagan bulsalar xam, xaromdan tiyildilar. Shuning uchun bizlar ulardan rozi bulib yashadik jannatmakon yurtimizda. Siz yashayotgan Amerikada esa tinmay urush buldi, shu xalkni uylagan parlamentdagi tortishuvlar okibatida. Karab turib xayron bulsan Amerika senatidagi tortishuvlarga. Birini biri xurmat kilmaydilar. Xa endi bitta konun uchun shuncha tortishuvmi?! Mana bizlarda Prezident aytganidan sung konunshunoslarimiz konunlarimiz xakikatdan ishlamaganini, «endi kuzlari ochilganini» uz ogzilari bilan aytdilarku? Shungayam ota guri kozixonami? Zato biz tinch yashadik. Sizlarga uxshab yokalashib ish joylari yaratish uchun bir birlarimizni yokamizni yirtmadik. Jimgina tepadagilar biladi dedik. Mana baraka topishsin. Aytganimizdek xamma ish bilan ta'minlanib 25 yil davomida chet ellarni kul bozorini tuldirib yuribmiz. Axir bu yaxshiku? Ularga xam ortikcha daxmaza bulmadik, sekingina chet ellarga chikib ketaverdik, chunki bizlarga ularni tinchligi muximda. Axir ular bir birlari bilan urishishsa bizlarga kiyin buladida. Ular tinchgina ishlashsa (pul kilishsa) bizlar xam bola chakani tirikchiligida tinchgina kozok chullarida ulib ketaveramiz, yonib ketaveramiz. Axir bizga tinchlik kerakda. Sizlarga esa urush kerak. Siz yashayotgan joylarda xar bir fukaro dilidagini tilida gapiradi, mushoxada kiladi, bizlarda esa tilidagini dilida gapiradi, sabr kosasini tuldiradi. Xafa bulmang, siz bilan biz yashayotgan jamiyatlar urtasidagi tafovut geometriyada 180 gradusni tashkil kiladi, agar undan kup bulmasa. Shunin uchun ajablaganizni tushuna olmadim. Allakanday zarpechaklar xakida yozasizmiey? Axir bu zarpechak konunlar bilan ximoya kilinganini naxotki bilmasdingiz? Usha zarpechakni olaman deganni zarpechak bilan bugib uldirilishini bilish uchun menimcha olim bulish shart emas. Fakat bir bor xakikat suzni gapirib kuring kifoya edi. Xullas uzingiz xam usha zarpechakni olomay, balki kabul kilmay ketdingiz boshingiz okkan tomonga. Endi mana oradan 20 yil utib bizlarni ongimizdan 10 ming km dan turib uni yulmokchi bulayapsiz. Afsuski buni iloji yuk endi Jaxongir Muxammad. Biz endi usha zarpechakni sevamiz, bizlar usha zarpechaksiz yashay olmaymiz, bizlar uni yulib olmokchi bulganni vatan xoini deymiz, terrorist deymiz, ekstremist deymiz. Sababi biz usha zarpechakni uljalarimiz, bizlarni boshka ilojimiz yuk…

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *