O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar

Men siz olib borayotgan barcha islohotlarni ma'qullayman!

Shaharlarda bitta yangi ko'prik yoki bir yangi ko'cha qurilishi uchun yuzlab uylarni buzib yuborish uchun sanoqli kunlar kerak bo'layapti. Minglab ko'chirilgan oilalarning uy-joylari o'rnida zamonaviy inshootlar arzimagan muddatda qad rostlayapti.

Shularni hisobga olib, o'zbek xalqi nomidan quyidagilarni taklif qilaman:

1. Barcha tuman, shahar, viloyat IIB, prokuratura va DXX binolari buzib tashlansin!

2. Barcha IIB, prokuratura va DXX uchun zamonaviy binolar qurib berilsin!

3. Barcha IIB, prokuratura va DXX yangi binolarida erto'lalar bo'lmasin!

4. Barcha IIB, prokuratura va DXX yangi binolarining devorlari oynadan qilinsin!

5. IIB va DXX olib ketib, qaytib birov ko'rmaydigan fuqarolar ko'rinib tursin!

6. Tergovchilar qanday tergov qilayotgani tashqaridan ko'rinib tursin!

7. Barcha IIB va prokuratura xodimlari ishdan bo'shatilib, qo'li bulg'anmagan yoshlar ishga olinsin!

8. IIB va prokuraturalarga shu soha sobiq amaldorlarining bolalari ishga olinmasin!

9. IIB, prokuratura, DXX bilan har qanday aloqasi, qarindoshchiligi bo'lgan odamlar sudlarga ishga olinmasin!

10. Sudlarga o'z aqli, bilimi bilan sud qila oladigan, IIB, prokuratura, DXX, shuningdek, yuqori sud idoralaridan maslahat so'ramay, o'z binosidan chiqmay turib, o'zi hukm o'qiy oladigan salohiyatli kishilar ishga olinsin yoki shunday sud'yalar o'qitilib, tarbiyalab chiqarilsin!
Shunday sud'yalar etishib chiqquncha, chet ellardan sud'yalar taklif qilinsin!

Ana shundagina O'zbekistonda adolat bo'ladi!

Ana shundagina IIB binolari ichida o'zbek ayollari yap-yalong'och qilinmaydi!

Ana shundagina o'zbek yigitlari erto'lalarda urib o'ldirilmaydi.

Ana shundagina o'zbeklar armani jinoyatchilari yotgan kameralarga kiritilib, echintirilib, … ori toptalib, bachchavozlik qilinib, ko'rsatma olinmaydi.

Ana shundagina o'z fuqarolarimizning oyog'ini osmondan qilib osib qo'yib, ko'rsatma olinmaydi.

Ana shundagina erto'laga kirib chiqqan millatdoshlarimizning esi og'ib qolmaydi!

Ana shundagina erto'ladan chiqqan 30 yoshli yigitlar 70 yoshli cholga o'xshab, bukchayib qolmaydi!

Ana shundagina erto'ladan chiqqan odamlar seryo'tal bo'lib qolmaydi!

Ana shundagina erto'ladan chiqqan yurtdoshlarimiz ko'p o'tmasdan o'lib qolmaydi.

Ana shundagina erto'ladan chiqqan odamlar “dubinka”ni ko'rganda talvasaga tushib qolmaydi!

Ana shundagina odamlar ertangi kunga ishonadi!

Ana shundagina odamlar O'zbekistonning kelajagi buyuk bo'lishiga ishonadi!

Ana shundagina odamlar Sizga ishonadi, hurmatli Prezident!

Fuqarongiz

Otabek Marg'iloniy

Birinchi izoh

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *