«Uyushganlar» yanayam uyushishlari kerak (Shaxsiy fikr)

Oldindan aytib qo'yay, ittifoqqa va uni kattalariyu-a'zolariga hech qanday xusumatim yo'q. «Uyushgan yoshlar» bu blogpostni oddiy bir fuqaro pozitsiyasida turib bildirilgan fikrlar, deb qabul qilishsa maqsadga muvoffiq bo'ladi.

«O'zbekiston yoshlar ittifoqi» — nodavlat notijorat tashkiloti. Aynan mana shu tashkilotga Prezidentning o'zi ishonch bildirgan. Ana endi bu tashkilotga qanday yuksak marralaru-maqsadlar belgilab qo'yilganligini tasavvur qilavering. Lekin, o'ylab ko'raylik, ittifoq bu maqsadlar sari yo'lning qaysi joyida turibdi? Yo'q, savolni o'zgartiramiz: Ittifoq bu marralar sari yo'lga chiqdimi?! Xa, chiqdi. Biroq maqsad sari emas, adashib trassaga chiqdi va… u yog'i nimalar bo'lganini o'zingiz yaxshi bilasiz.

Qahramon Quronboev ko'rsatgan «karomati» va Kun.uz jurnalisti Aziz Qarshievning ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy rezonansga sabab bo'lgan Quronboevga iste'fo so'rab yozilgan maqolasiga oshiqcha to'xtalib o'tirmayman, shundoq ham bu mavzu ko'p «chaynaldi». Bu ish yuzasidan Prezident nutqidan bitta iqtibos keltiraman, shuning o'zi etarli: «Prezident ruxsat beribdi, deb bunday ish qilishlik- xalqqa va menga hiyonat!»

Endi men ham bu vaziyatga o'z pozitsiyamni bildirsam. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qonunlariga zid bo'lgan ishlarni qilgan odamning tarafini olamanmi?! Prezident, Davlat boshlg'i TAVSIYa bergan xolos. Hali hech qanday qonun yoki farmon chiqqani yo'q. Shunday ekan, hali hech kim birovni to'yiga aralashishga haqqi yo'q!

E'tibor bergan bo'lsangiz, Qarshievga atab memlar yasagan, har-xil heshteglarni trendga olib chiqmoqchi bo'lgan «uyushgan yoshlar» Prezidentning Farg'onadagi nutqidan so'ng qayoqqadir yo'q bo'lib qolishdi. To'g'risiyamda, Millat Lideri ham yomonlab turgan odamni qanday qilib yonini olishsin?!

Kezi kelganda eslatib o'taman, 30-iyun' — Yoshlar kuni! Qaytaraman: «Yoshlar kuni», ittifoqniki emas!

Shaxsan o'zim mana shu blogpostni tayyorlash maqsadida 2 xafta ittifoq ichida yurdim va shunga amin bo'ldimki, ittifoq sistemasida sistemaning o'zi yo'q ekan. Ular nima qilishyotganini vaqti kelsa o'zlari ham bilishmaydi. O'tkazmoqchi bo'lgani — tadbir va shu tadbirlarni suratga olib maqtanishlik. SelfiManiya. Bunaqangi tadbirlarda yoshlar zig'ircha foyda olsa ekan, mayli derdik. Shunchaki xo'jako'rsinga qilinadigan ishlar. To'g'ri, ittifoqda haqiqiy fidoyi yoshlar borligini inkor etib bo'lmaydi. Aynan mana shu «selfiparastlar» bitta selfisi bilan hammasini bir tiyin qilishadi… va o'z-o'zidan bu fidoyilar ham qo'shtirnoq ichiga kirib qoladi yoki umuman bu tizimdan chiqib ketadi. Bunaqalarni ko'pini ko'rdim.
chiqib

Ikki xafta ichida men haqiqiy fidoyilardan tortib, darslarga kirmaslik uchun va komp'yuter (o'yinlari) uchun o'sha tizimda yurganlarni ko'rdim. Darslarga kirmasdan nima qilishadi, dersiz, ular shunchaki foydasiz tadbirlariga tayyorlanishadi. Endi o'ylang, tadbirda yurgan yoshlar qanday qilib o'z ustida ishlaydi, qanday qilib o'qiydi?! Bir xafta yo undan ham oldin tayyorgarlikni boshlaydi, ular darslardan ozod etilgan. O'z-o'zidan ko'rinadi, ularda hech qanday vaqt yo'q. Yoshlar o'qisinmi yo foydasi yo'q bo'lgan tadbirlarda yursinmi?! Axir, kelajak shularning qo'lida emasmi?! Shularning qo'lida bo'lsa, hozirgi vaziyatdan kelib chiqadigan bo'lsak, kelajakda bizni katta-katta befoyda tadbirlar kutib turibdi. Bundan keyingi avlod ham «zombi» qilib tarbiyalanadi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko'p e'tirozlarga sabab bo'lgan xabar tarqaldi. Xabarda: «Yoshlar ittifoqi» tomonidan «uyushmagan yoshlar» o'rtasida futbol musobaqasi uyushtirildi va g'oliblarga sovg'alar topshirildi», mazmundagi gap bor edi. «Uyushmagan yoshlar» deb ular bir-ikki so'm ilinjida mardikorlikka chiqqan yoshlarni olib ketishgan va futbol o'ynatib, g'olib jamoaga arzimagan bir baklajka yog' va «tefal» choynik sovg'a qilishgan. Nimasi yomon dersiz, lekin, ishoning, ular mardikorlik qilsa, aminmanki, bunday yog'lardan bir nechtasini sotib olishga etarli pul topishadi. Futbol o'ynab, «uyushganlar»ga qo'shilishdan ko'ra, o'zlari uchun foydali bo'lgan ishlar bilan shug'ullanishsa o'zlariga foyda emasmi?

Mayli, tadbir qilishsin, mening e'tirozim yo'q. Lekin, sal bo'lsa ham foydasi bo'ladigan tadbir qilishsa, ana shunda ittifoqni haqiqiy imidjiga to'g'ri keladi. Endi shu imidjni yaratish kerak. Yangicha, innovatsion, yoshlarga mos imidj yaratish uchun yosh kadr kerak. Ittifoqni tepasida yosh, kreativlikni, o'zbek millatini haqiqiy mentalitetini ko'rsatib bera oladigan odam kerak. Nima bo'lsa ham, asosiysi, SSSR «havosidan nafas olmagan», miyasiga «qurt» tushmagan, rus propogandasidan holi bo'lgan odam ushbu kursiga o'tirsa bo'lgani. Fikrimcha, hozirgi «aka» «SSSR havosidan nafas olgan»lardan biri.

Shuni qo'shimcha qilish kerak, yaqinda o'tkazilgan Blogerlar chempionati g'olibasi Shahnoza To'raxo'jaeva aytganlaridek, bizga turli ittifoqlar kerak. Ularga konkurentlar kerak. Raqobat bo'lgan joyda albatta o'sish bo'ladi, buni inkor etib bo'lmaydi. Yoshlar o'rtasida diniy ishlar bilan bunisi shug'ullanmayaptimi, boshqa biri shug'ullanadi. Yana boshqasi boshqa yo'nalishda o'zini ko'rsatadi. Qarabsizki, har bir ittifoqda har yo'nalishda raqobat tufayli o'sish kuzatiladi. Va albatta, sal bo'lsa ham yoshlar uchun foydali bo'ladi.

IMXO. Bularning barchasi o'ta shaxsiy fikrlarimdir, bu fikrlarlarga qo'shilish-qo'shilmaslik o'zingizning huquqingiz. Biz hech kimni huquqiga tajovuz qilmaymiz.

Mirjalol Qosimov

Birinchi izoh

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *