Qo'rquv saltanatida qahramonlar bo'lmaydi

712 views

Zulm rosa avjiga chiqqan mahallar edi. Do'stlarimizdan ba'zilari tuhmatlar orqali qamalgan, ba'zilari tergovda edi. Tergovdagi do'stlar bir-birini sotishyapti, degan xabarlarni eshitdik. Besh-oltita yaqin do'stlar bo'layotgan voqealarni muhokama qilib o'tirardik. Shunda men ichkaridagilarni ayblayotgan do'stimga savol berdim:

Falonchini o'rnida sen bo'lganingda nima qilar eding?
— Sotmas edim. O'lsam o'lar edim, hech qachon sotmas edim, — deb javob berdi.

Shunda boshqa do'stimdan so'radim:

Sen-chi?
— Sinov boshingga kelmaguniga qadar har narsa deyish mumkin. Zolim qarshisida nima bilan sinalishimni bilmayman. Bu erda katta gapirib, «men sotmayman», deyishim mumkin. Zulm bilan qarshilashganimdagi holatim qanday bo'lishi haqida tasavvurga ega emasman, — degan edi.

Birovning vaziyatini muhokama qilishdan oson narsa yo'q. Ko'pchilik go'yoki Marsdan tushgandek fikr bildiryapti. Biz bu tizimni bugun taniganimiz yo'q. Muammo shaxslarda emas, muammo — sistemada. «KunUZ»ni barcha birday ayblayapti. Vaholanki, «KunUZ»chilar o'sha audioni sizdirishdi. Hokimni asl yuzini ochishdi. Qolganiga kuchlari etmadi. «KunUZ»chilar qo'lida amal yo'q. Hukmronlik yo'q. Vakolati va imkoni darajasida harakat qildi, deb o'ylayman. Biz esa qurbonlik talab qilyapmiz. Qurbon bo'la oladigan qahramonlarga to'la mamlakat emasmiz. Har daqiqa qahramon etishtiradigan millat ham emasmiz. Har birimiz zulmga yo'liqqanimizda nimalar qilganimizni yaxshi bilamiz. Yo'liqmaganlarimizga esa fikr bildirish va ayblash juda oson.

KunUZ audioni tarqatdi. Lekin kim ularni himoya qildi? «Jurnalistlar tarafidaman», degan AOKA ikki kundirki jim. Saida Mirziyoeva jim. Allamjonov jim. Prokuratura jim. Birgina shaxsga qonun doirasida chora ko'rishga hech kimning qudrati etmay, tuyaqush rejimini yoqib olayotgan bir mahalda KunUZchilardan qahramonlik kutamizmi? Birgina nashr ertaklardagi kabi uch boshli ajdarhoga qarshi borib, yutib chiqishini kutgan edikmi?

KunUZ qahramonlik qilmadi. Yo'qolib qolishni, «baxtsiz» hodisa sabab avariyaga uchrashni xohlamadi. Ular o'zini chetga oldi. Biz esa «KunUZ»chilar ortida ularni pana qilib ketayotgan edik. Ular qochganiga dovdirab qoldik.

Ortiqho'jaev gapirgan gap KunUZ saytiga emas edi. Sizga, menga, xullas, fikrlaydigan barchaga qilingan xitob edi. Qani, marhamat — sizu bizda qurbon bo'lish imkoni bor. KunUZ chekingan bo'lsa, siz chekinmang. Oxirigacha boring. Ortiqho'jaevni tavbasiga tayantiring. O'n mingga sotilmang. KunUZ kelishdi, degani, barcha kelishganini anglatmaydi-ku, to'g'rimi?

Bu sistema har qanday odamni borsa kelmasga jo'nata oladi. Qonunsizlik hukmron jamiyatda har qanday odamni qadri bo'lmaydi. Paxta dalasidagi terimchini so'kayotgan fermerni xatosini yuqoridagilar ko'radi. Fikr bildiradi. Odam jo'natadi. Ammo o'ldirish tahdidini qarg'a bulbulga qilsa, boshqa qarg'a sherigining ko'zini cho'qimaydi.

Muammo Ortiqho'jaevda emas. Muammo Ortiqho'jaev va u kabi insonlarga cheksiz imkoniyatlar berayotgan buzuq tizimda. Bu tizimda Ortiqho'jaev ketsa, boshqasi keladi. Ikki kundan beri barcha eng yuqoridagi insonning og'zini poylayapti. Jazolarni eng yuqoridagi odam kayfiyatiga qarab emas, tizimli qonun bo'yicha berishi kerak.

Tergovdagi do'stlarimizni xotinlarini olib kelib, zo'rlash, orqasiga dubinka tiqish bilan tahdid qilishgan. Mana shu uchun istagan narsasiga qo'l qo'yib, ular istagan gaplarini gapirishganligini yillar o'tib bildik.

Bu jamiyatda xotiningizni ko'z oldingizda zo'rlashlari ham mumkin. Orqangizga dubinka tiqishlari ham mumkin. Tirnoqlaringizni sug'urib olib, hech kim zulm qilmadi, deb yozdirib olishlari ham mumkin. Avval qamab, keyin sudga sizni olib bormay qaror olib kelishlari ham mumkin. Hamma narsa bo'lishi mumkin. Hamma narsa…

KunUZning printsipi yo'qligi, har qanday vaziyatga moslashishi, tahdid bo'lgan yoki bo'lmagani — boshqa masala. KunUZ qahramon emas, bo'ldi. U erda qahramonlar emas, qo'rquv saltanatining biz kabi fuqarolari ishlaydi.

 

Sayyid Islom

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.