To'ra Murod: Hazrat Navoiyni anglashga urinish

Ertaga Hazrat Navoyining tavallud kunlari. U kishini tushunishga urinib, bir nimalar qoralagan edim…

• “Hind shohiga bir oyina keltirdilar. Bu oyina sehrli bo'lib, kimki unga qarab rost so'ylasa, ul oyina ravshan bo'lar, gar yolg'on so'ylasa qorayib qolar erdi”.
“Sab'ai sayyor”dan.

Yaxshiyamki, bizning zamonga etib kelmading, ey, oyina,
Etib kelsang oqarmasliging, qorayishing edi tayin-a?
O'zim ham bir qo'limga olib, so'z aytishim edi qiyin-a?
Yolg'on o'lim edi u zamon, endi esa qara, o'yin-a?

• “Agar ma'noli so'zi bo'lmasa, ichida gavhari yo'q sadaf singari, insonning hech qanday obro' va e'tibori yo'qdir. Ichidan gavhari chiqarib olingan sadafning toshbaqa kosasidan farqi qolmaydi”.
“Saddi Iskandariy”dan.

Tunu-kun yolvoraman, so'zimni ma'noli qilgin, deb.
Elga suyumli ham ibratli, iffat, hayoli qilgin, deb.
Yolvoraman, e'tibordan qo'yma, ziyoli qilgin, deb,
Toshbaqa qilib qo'yma, ichimni tilloli qilgin, deb.

• “Inson jismini jonlantirib turgan obi hayot − so'zdir! Iso alayhissalom o'likni o'z so'zi bilan tiriltirgani kabi, so'z tiriltirish qobiliyatiga ega bo'lgani barobarida tirikni halokatga ham olib boradi”.
“Saddi Iskandariy”dan.

Bir tirgizar so'zga muhtojman, aslida muhtojman Isoga,
Muhtojdirman men o'shal Masih qiladigan bir xush imoga.
Voh, el bo'ldi chayonsuxanlar, meni topdi ilonsuxanlar,
Qay qilig'im yoqmadi ekan bunday jazo bergan Xudoga?

• “Ko'ragon ismli bir podshoh hisobsiz mamlakatlarni bosib olib, dunyoning eng katta shohiga aylangan edi. Tangri unga ko'p hunar barobarida bir ayb ham bergan edi. U xazinalarni to'plab, yig'averar edi-yu, lashkarini undan bahramand qilmas, g'oyat xasis edi. Ittifoqo, Abu Said qo'shin tortib kelganda shohidan ozurda bo'lgan lashkar dushman g'alabasini ko'zlab qoldilar. Ko'ragon farmonlaridan bo'yin tovlab, Abu Said qo'shiniga madad berdilar. Oqibatda Ko'ragon asir tushib, Abu Said askarlari o'z qilichlarini Ko'ragon qoni bilan bo'yadilar.
Qaysi shohdanki, fuqarosi xursand bo'lmasa, ishning dolzarb paytida pushaymon bo'lib o'tirishning foydasi yo'q. Shoh fuqarosi bilan oshiq-ma'shuqlardek bir-biri bilan ittifoq bo'lishlari kerak”.
“Saddi Iskandariy”dan.

Ey falak, aslo meni baxtiqaro qilmagin,
O'z elimda shod qil-u, yot elda Doro qilmagin!
Ko'ragonimni qo'yib, Abu Saidlar yo'liga
Ko'z tutar tuzluq tutar, xor fuqaro qilmagin!

 

• Tengsiz mol-mulk, xazinalar sohibi, ammo karami bilan, saxovatda tengsizligi bilan nom qozongan Masu'd bu narsalarga ikki narsa tufayli erishganini aytadi.
“Birinchisi, har vaqt Yaratganga shukr qildim, u davlatimni ziyoda qildi. Ikkinchisi, doimo shohimizning haqiga duo qildim. Sababi, kim boshimizga shoh bo'lmasin, u Allohning olam ahli boshidagi soyasidir. Nimaga erishgan bo'lsam, uning soyasida erishdim. Agar u tinchlikni barqaror qilmasa, adolat tarozusini to'g'ri o'rnatmasa, bu baxt va obro' qaerda edi? Uning adli va marhamati butun jahon eliga mashhurdir. Tangri shohimizning umrini uzun qilsin va uning saltanatini boshimizdan olmasin!”
“Sab'ai sayyor”dan.

Iloyo! Yo'qdin meni bor etding, O'zingga shukr!
Goh ortda, gohida ilg'or etding, O'zingga shukr!
Jannatiy bir yurtni diyor etding, O'zingga shukr!
Elsevar odilni hukmdor etding, O'zingga shukr!

 

• “Bu jahonning vafosi yo'q. O'zing vafodor bo'lgin-u, ammo dunyodan vafo kutma!
Agar bu dunyoda navo istasang, benavolig' yo'lini tut!”
“Saddi Iskandariy”dan.

Ey ulug'lar! Ma'zur tuting! Sizdan vafo kutibman,
Bir og'iz so'z aytmay ketgan qizdan vafo kutibman.
Menku, asli benavoman, istagayman ham navo,
Navoiydek zotlar bosgan izdan vafo kutibman…

To'ra Murod

Birinchi izoh

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *