To'ra Murod: Hayratlarim

Bugun, 7-dekabr' tongida “O'zbekiston-24” kanalidagi axborotni tomosha qildim. Bu ko'rsatuv kecha namoyish qilingan bo'lishi ham mumkin.

Unda kecha, 6-dekabr' kuni O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligini nishonlash arafasida Prezidentimiz tomonidan 2 ming 700 nafar mahkumni afv etish to'g'risidagi Farmon imzolanganligi to'g'risidagi xabar berildi.

Albatta, bu, ko'rsatuvda aytilganidek, 25 yil davomida kuzatilmagan katta avf. Katta voqea! 2.700 xonadonda bayram, degani bu.
Ammo ayrim lavhalar hayratimni oshirgan bo'lsa, ayrimlari ensamni qotirdi.

Birinchi hayratim

Kecha avf to'g'risida farmon e'lon qilinibdi, ammo mahbuslar turmaxonalardan chiqarilayotgani, ular yaqinlari bag'riga qaytayotgani namoyish qilindi. (Ko'rsatuv bayramona kayfiyatda bo'lsa-da, ozod bo'lgan mahkumlarning ko'zida yosh. Bir ozod bo'lgan mahbusa o'zi yig'lab, “Ne plach', dochen'ka, mы s toboy domoy poydyom», deb yig'layotgan qizchasini ovutganida, ko'zimdan yosh chiqib ketdi…)

Savol

Farmon o'zi kecha imzolangan bo'lsa, bu mahbuslarni ozod qilish shunchalik tez sodir bo'lib, ularni tasvirga olishga ham ulgurishdimi?

Xulosa

Endi farmonlar yashin tezligida ijro qilinadigan bo'libdi-da. Allohga shukur!

Ikkinchi hayratim

Mahbuslar kutubxonada o'tirgani, saf tortib, harbiylardek yurib borishayotgani takror-takror ko'rsatildi. Mahbuslar takror-takror yirik planda, yaqindan ko'rsatildi: hammasi 18-20 yoshlar atrofidagi kelishgan yigitlar! Kelajakda buyuk bo'lishi takror-takror aytilgan O'zbekistonning kelajagi ularning qo'lida ekani takror-takror aytilgan yoshlar!

Savol

O'zbekiston kelajagi bo'lgan yoshlar turmada ekan-da, nega?

Xulosa

???

Ensam qotgani. Bir mahbusa ozod qilingan ekan. Chaqqon muxbirlar o'sha mahbusa yashagan mahalla raisi bo'lgan OPAni topishibdi. Endi bu OPA mahbusaga bergan ta'rifni eshitib bo'lguncha, bo'ynim og'rib ketdi. “Shu mahalladoshimizni ozod qilgani uchun Prezidentimizga mahallamiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz, juda adolatli ish bo'ldi, chunki bu ayol juda odobli, axloqli, hammaga mehribon, kattaga ham, kichikka ham birday e'tiborli, hammaga yordam berishga shoshiladigan kuyunchak ayol, mahallada katta hurmat, ehtiromga ega ayol edi” va hokazo va hukuzo.

Savol

Nega shunday ayol, salkam avliyo turmada o'tiribdi?

Xulosa

Xulosa o'rnida shuni aytaman va YuZ FOIZ ishonchim komilki, o'sha avliyosifat ayol sud qilinganda xuddi o'sha OPA bu ayolga o'ta salbiy tavsifnoma bergan, “Bunday yaramaslarning joyi turmada, tiqinglar, turmada chirib ketsin!” degan. Avliyodek mahalladoshi qamalib ketayotganida uni himoya qilish tugul, yuqoridagi go'zal so'zlarning yarimtasini ham aytmagan!

Umumiy xulosa

“O'zbekiston-24” telekanali “ijodkor”lari o'ta soxtakor va ularning bu “tezkor”liklari hech kimga sharaf olib kelmaydi. Buning ustiga “Farmonlarga labbay deb tez javob beramiz”, deya yaxshigina qovun tushirib qo'ymoqdalar.

So'ngso'z o'rnida

Otalari, akalari, ukalari, farzandlari, sevimli yorlari, Onalari, opalari, singillari, qizlari, xotinlari qaytib boradigan (balki borib bo'lgan) 2.700 xonadonga bu xushxabar muborak bo'lsin! Alloh Prezidentimizning bunday xayrli ishlari bardavom bo'lishini nasib qilib, qiladigan yana ko'p ezgu ishlarida O'zi unga madadkor bo'lsin!

To'ra Murod

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *