Tuman va sektor rahbarlari unutgan mahalla

Ma'lumki, mamlakatimizning qishloq va shaharlarida «uyma-uy» kirish orqali fuqarolarning dardlari, talab va takliflarini o'rganish, joylardagi yillar davomida yig'ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolari hal etish tuman va berkitilgan sektor rahbarlarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. Tan olish kerak bu borada katta ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Bu sa'y harakatlarning barchasi aholining turmush farovonligini, hududlarning obodonchiligini oshirishga, pirovardida esa xalqda davlatdan rozilik tuyg'usini shakllantirishga xizmat qilishi aniq. Ammo joylarda bo'layotganimizda hamma joyda ahvol bir xil emasligiga, ba'zan ishlar nomigagina, hisobot uchun amalga oshirilayotganiga guvoh bo'lyapmiz.
Yangibozor tumanining Cho'bolonchi qishlog'i “Cho'bolonchi” mahallasida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar bizga murojaat qilib, o'z mahallalarida yig'ilib qolgan qator muammolarni o'rganinglar deya iltimos qilishdi. Biz aholining murojaaatlarini o'rganish maqsadida mazkur mahallada bo'ldik.
Mahalla fuqarolar yig'ini qishloqdagi 8-maktabgacha ta'lim muassasi binosida joylashgan ekan. Shu muassasa oldida mahalla fuqarolar yig'ini raisi Muzaffar Tojimurodov bilan uchrashib, tashrifimiz maqsadi bilan tanishdirdik. Mahalla raisining gaplariga qaraganda mahallada muammolar umuman yo'q, hammasi binoyidek. Ammo mahalla ahlining fikri tamomila boshqacha edi…

Axlatxona qonuniydir, ammo….

Mahalla idorasiga kelgan har qanday odamning ko'zi birinchi navbatda ikki qavatli bolalar bog'chasi va qishloq vrachlik punkti binolari o'rtasida tashlandiq bo'lib yotgan 10 sotixlik erning o'rtasidagi axlatxonaga beixtiyor ko'zi tushadi. Anchadan beri yig'ilib qolgan axlatlar achib-sasib ketgan, Ob-xavoning qizishi natijasida turli kasalliklarni tashishga sabab bo'luvchi hashorotlar ko'paygan. Eng achinarlisi shuki, axlatxonadan bir necha metr narida maktabgacha ta'lim muassasasining tarbiyalanuvchilari o'ynab yurishibdi. Bir yonda esa aholining sog'ligi uchun ma'sul bo'lgan salomatlik posbonlari ishlab o'tirishibdi. Bu xolga izoh so'rab mahalla raisiga yuzlandik.
-Bu er neytral hudud, axlatxona tipovoy proekt asosida qurilgan, shu boisdan bu erga axlat tashlaydigan fuqarolarga chora ko'rib bo'lmaydi. Mashina kirish imkoniyati yo'qligi bois, bu axlatlarni olib ketish imkoni bo'lmayapdi,-deydi rais.
Axir kimdir o'sha joyni kovlab xandak qilganidan keyin, mashina axlatxonaga qanday kirsin.Uning ustiga xandak to'la suv bo'lsa.
Mahalla raisining xotirjamlik bilan aytgan ushbu gaplaridan hayron bo'lib yana savol berdik:
-Ushbu axlatxona haqiqatdan ham qonuniydir, ammo bu joy infektsiya makoniga aylanib, bolalar bog'chasidagi tarbiyalanuvchilar, shu yaqin atrofda yashovchilar o'rtasida turli xil kasalliklar tarqalishiga sabab bo'lmaydimi? Nahotki, tevarak-atrofni tozalab, axlatlarni olish va bu joyni obod qilish shu darajada qiyin ish bo'lsa?
Mahalla fuqarolar yig'ini raisi Muzaffar Tojimuratov “o'zi bugun erta shu ishni qilishni rejalashtirib turgandik“ deyishdan nariga o'ta olmadi.
Shunchalik ham befarqlik bo'ladimi? Nahotki 10 sotixlik tashlandik erdagi bu axlatxona hech kimni tashvishga solmasa? Axlatxona yonidagi bolalar bog'chasiga shu mahalla farzandlari boryapdi, vrachlik punktida shu mahalla ahli davolanyapdi, shu tevarak atrofda shu mahalla odamlari yashayapdi. Axir bu erdagi axlatlar kecha yoki bugun tashlangan emas yillar davomida yig'ilib yotgani, bolalar bog'chasini biqinidagi axlatxona ahvolini mahallada muammolarni o'rganish uchun kelgan sektor rahbarlari ko'rib yoki boshqa mutasaddilar, bu muammoni echimini topishga harakat qilmaganlari ajablanarli. Boz ustiga shu axlatxona deb 10 sotix erdan faydalanilmay tashlandiq bo'lib yotganiga iching achiydi. Balkim, shu mahallada istiqomat qiluvchi onaxon Tozagul Karimovaning “uyma-uy” yurish nomigagina, o'zimizning maktab o'qituvchilari kirib, muammolarning yozib ketishadi, lekin biron marta ham tumandan kelgan rahbarlar, oddiy xalq bilan uchrashib, ularni muammolarini eshitgani yo'q.” , degan gaplarida jon bordir. Aks holda ushbu mahallaga kelib, mahalladagi ikkita muhim ijtimoiy soha ob'ektlari o'rtasidagi axlatxonani ko'rmaslik aslo mumkin emas!
Biz mahallaga borib ketganimizdan uch kun o'tib mahalla fuqarolar yig'ini raisi telefon orqali axlatxonani tozalaganini ma'lum qildi. Mana bo'larkanku, deya bu masalaga xotima yasash mumkin edi. Ammo fikrimizcha, ushbu axlatxonani bu erdan ko'chirib, tashlandiq bo'lib yotgan 10 sotix erni qonuniy asosda kimgadir berib obod qilmasa, sal o'tmay yana axlat uyumi paydo bo'lishi hech gap emas, chunki mahalla raisi aytganday axlatxona qonuniy, bu erga axlat tashlaganlarga chora ko'rish mumkin emasmish.

 

Bolalarimiz bog'chaga borsa edi….

Biz bilan suhbat chog'ida shu mahallada istiqomat qiluvchi fuqora Lolaxon Ollaberganova bolalarini maktabgacha ta'lim muassasi bilan bog'liq muammosini ko'tardi:
-Mahallamizdagi bolalar bog'chasiga qo'shimcha guruhlar ochish, isitish tizimini yaxshilashni so'rab qishda Prezident qabulxonasiga murojaat qilgandek, tumandan rahbarlar kelib, muammomizni o'rganish va echish o'rniga, bog'chani butunlay yopib ketishdi. Biz bog'chani yopishni emas, qishning sovuq kunlari bog'chani isitish chorasini ko'rishni so'ragan edik. O'n kun deganda idorama idora yugurib-elib qaytadan ochishga ruxsat oldik. Mahallaning kuchi bilan ko'mir bilan isitish mumkin bo'lgan pechlarni qurdik. Ammo ko'mirning juda sifatsizligi bois qizdirishni iloji bo'lmadi. Tarbiyachilar o'zlari butun yoz bo'yi tappi tayyorlab qishga jamg'arishadi, ammo etmaydi, berilgan ko'mir esa yonmaydi. Biror joyga murojaat qilishga ham qo'rqib qoldik. Shikoyat qilsak bog'chamizni butunlay yopib tashlashsa nima bo'ladi?, deydi kuyunib.
8- MTM mudirasini topolmay, shu muassada ishlovchi Sanobar Boltaevaga yuzlandik.:
-Men bu erda 30 yildan beri ishlayman. Muassasamiz 140 o'ringa mo'ljallangan, lekin bugungi kunda 75 nafar tarbiyalanuvchilari bor xolos. Ammo mahallada bog'cha yoshiga etgan anchagina bolalar bor.Mahalla ahli, homiylar yordamida, o'z kuchimiz bilan xonalarni ta'mirladik, ammo derazalarning oynasi, jihozlarga kelganida kuchimiz etmadi. Bu muammolar hal etilsa bemalol qo'shimcha guruhlar ochish imkoni bor. Qishda yopilganiga kelsak, bu rost, shaxsan meni o'zim bog'chani qaytadan ochish uchun barcha tashkilotlarga yugurdim.
Davlatimiz tamonidan maktabgacha ta'lim sohasiga berilayotgan e'tibor tufayli yangidan yangi davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassalari tashkil qilinayotgan bir paytda, mavjud imkoniyatlardan foydalanishga nimalar to'sqinlik qilayotganini bilish maqsadida Yangibozor tuman maktabgacha ta'lim bo'limiga bordik. Bu erda biz hisobchi Muhammad Xudayberganovdan o'zgani topa olmaganimizdan so'ng viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig'i Iroda Botirovna bilan uchrashdik. Muammoni bayon qilganimizdan so'ng, masalaga oydinlik kiritish uchun, Iroda Botirovna zudlik bilan maktabgacha ta'lim Yangibozor tuman bo'limi boshlig'i Umid Ismoilovni topdi. Suhbatimiz Umid Ismoilovning 2018 yil 1 iyuniga qadar 8-MTMda yana ikkita guruh ochilishi va qish mavsumigacha muassasani zamonaviy isitish tizimi bilan ta'minlashi to'g'risidagi va'dasi bilan yakunlandi. Olingan javoblardan qoniqish qildik, ammo biz hali bu mavzuga albatta yana qaytamiz.

Gaz qirqildi, mayli, ammo o'rniga nima?

— Mahallamizga gaz keltirish paytida har bir xonadon bu ishga o'rtacha 500-600 so'm puldan o'z hissasini qo'shgan edi. O'sha paytlari bu pulga bir sog'in sigir buzog'i bilan berardi. 2013 yili esa Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan qishlog'imizga tabiiy gaz berish to'xtatildi. Mayli, buni tushunamiz! Lekin hozirda bizga suyultirilgan gaz ham etarlicha etkazib berilmayapdi. Suyultirilgan gaz har bir xonadonga har oyda bor yo'g'i 9-10 kilogrammdan berilmoqda. Bunda xonadonda necha kishi borligi umuman e'tiborga olinmagan. Ballonlarni tijorat asosida tuman markazidan sotib olaylik desak, yo'l xarajatlari bilan juda qimmatga tushib ketadi.Har bir gaz balonini to'la qilib to'ldirish qish paytlari 100 ming so'mga tushishini hisobga olsak, hammaning ham bunga qudrati etmaydi. Mayli tabiiy gaz berish to'xtatilibdi, o'rniga hech bo'lmasa suyultirilgan gazni etarlicha etkazib berishsa bo'lmaydimi? Ikkinchi masala, uylarni isitishimiz uchun bizga ko'mir etkazib beriladi, lekin etkazib, berilayotgan ko'mirning sifati shu daraja yomonki, yarmidan ko'pi chiqitga chiqib ketadi. Natijada qishlog'imiz atrofidagi, daryo bo'yidagi gektarlagan to'qayzor va daraxtzorlarga qiron kelmoqda. Bu ketishda hademay qishlog'imizda daraxtning o'zi qolmasa kerak. Xalq qahraton qishda o'tin topolmay mevali daraxtini ham kesishga majbur bo'lyapdi. Sifatli ko'mir, etkazib berish muammosini yoshullilar hal qilmasa ahvol chatoq,-deya kuyinadi mahalla ahli.
Ularning dardu hasratini, muammolarini eshitishi lozim bo'lgan rahbarlar esa “Cho'bolonchi”ga borishga vaqt topmaydilar. Axir to'qayzorlarning yo'q bo'lib ketishi, ertaga ekologiyani,tabiat muvozanatini buzilishiga olib kelishi mumkinligi bilan hech qaysi mutasaddining ishi yo'q. Umuman olganda, Yangibozor tumani “Cho'bolonchi” mahallasida biz duch kelgan ba'zi holatlar ayrim rahbarlarda xalq bilan muloqot qilishga, ularni dardlarini, tinglashga, davlat, mahalliy hokimiyat tomonidan qabul qilinayotgan qonun va qaror qarorlarni oddiy xalqqa tushuntirishga ishtiyoq ham, istak ham, vaqt ham yo'qday tasavvur uyg'otadi. Oddiygina misol keltiramiz. “Yangibozorgaz” idorasidagi ma'sullar tabiiy gaz etkazib beruvchi qishloq chekkasidagi quvurlarni demontaj qilishni boshlaydilar. Bundan xabar topgan mahalliy aholi kesilgan quvurlarni gaz idora vakillariga bu quvurlarni kesib olishni to'xtatishni talab qilishadi. Ushbu idora vakillari, yoki boshqa mutasaddi rahbarlar esa ushbu qovurlar nima maqsadda demontaj qilinayotganligini sabablarini xalqqa tushuntirish o'rniga kesilgan quvurlarni tashlab juftakni rostlab qolishadi. Demontaj qilish agar qonuniy asosda bo'lsa, nima uchun bu to'g'ridagi hujjat hech kimga ko'rsatilmadi. Buning natijasida esa xalq orasida turli mish mishlar paydo bo'lgan.
Shu o'rinda savol tug'iladi, o'zi umuman gaz quvurlarini demontaj qilish shartmikan? Negaki keyingi paytda Respublikamizda tabiiy gaz qazib olish hajmi ko'paymoqda, balkim hademay vaqtincha gaz tarmog'idan uzilgan hududlarga qaytadan gaz ta'minoti yo'lga qo'yilsa, hammasini qaytadan boshlagandan ko'ra bor narsani asrab, kerak paytda qayta ishga tushirish oson bo'larmidi? Bu oddiy mulohaza va alohida mavzu.

.

Daryo yonida yashab suvga zor bo'lgan “Cho'bolonchi”liklar

“Cho'bolonchi” mahallasining bir tomonidan “Qilichbek arna” kanali o'tsa, ikkinchi tomonidan Amudaryo o'tadi. Shunga qaramay bu erda ichimlik suv masalasi ham, dehqonchilik uchun zarur suv masalasi ham katta muammo. Qishloqdan uncha uzoq bo'lmagan joyga sifatli ichimlik suvi quvuri kelganiga bir necha yil bo'ldi. Mahallaga olib kelish kerakligini, mutasaddi yoshullilir unutgan bo'lsa ajabmas! Aholi ichishga yaroqli suvni olib keluvchi mashinada kelishini intiqlik bilan kutishga o'rganib qoldi. Dehqonchilikka yaroqli suv esa aholini puliga o'rnatilgan eski suv nasos yordamida beriladi. Sho'ring qurg'ur bu nasos hadeb buzilaveradi, tuzaldim deganda svet o'chadi. Oqibatda mahalla ahli tamorqasidan ikki , uch marta hosil olish u yoqda tursin, bir marta ekkan narsasini hosilini yig'ib olsa xursand bo'lishga majbur. Cho'bolonchiliklar Respublikamizning, viloyatimizning boshqa hududlaridagiday tamorqasidan ikki uch marta hosil olib mo'may daromad olish uchun tinim bilmay ishlashga tayyor, lekin suv bo'lmasa, er suvga qonmasa, mo'l hosil haqda, takroriy ekin haqida fikr mahalla ahli uchun faqat orzu bo'lib qolaveradi. Butun respublikamizda tamorqalardan samarali foydalanishga katta e'tibo beriliyotgan bir paytda yangibozorlik mutasaddilarning bu masalaga panja orasidan qarashi tushunarsiz holat. Balkim, ular “Cho'bolonchi” mahallasi tumanning chekka hududlaridan hisoblangani uchun bu erga “tepadan” hech kim kelmaydi, kelganlarni bir amallab ko'zini shamg'alat qilib , Cho'bolonchi qishlog'ining “Oltinko'l” mahallasidan qaytaramiz, “shunda yopiq qozon yopiqligicha qolar” degan mulohaza yuritishar. Aks holda tuman rahbarlaridan birortasi bu mahallada yashovchilar bilan uchrashib, holidan xabar olgan bo'larmidi. Afsus yangibozorlik rahbarlari hamon faqat hisobot uchun ishlashdan voz kecholmagan ko'rinadi.

 

 

Yoshlarimizdan hech kim xabar olmaydi.

Yangibozor tumanidagi “Cho'bolonchi” mahallasida 654 xonadonda 3620 kishi yashar ekan. Ulardan deyarli 2000 nafari ishga yaroqli aholi bo'lib, shundan deyarli 1250 nafari 14 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tashkil qiladi. Ammo mahalladagi bitta umumta'lim maktab, bitta maktabgacha ta'lim muassasi, bitta qishloq vrachlik punktidan boshqa bironta ham imtimoiy soha ob'ekti yo'q. Kutubxona, sport maydonchasi yoki yoshlarni bo'sh vaqtlarini mazmunli va foydali o'tkazishga xizmat qiluvchi boshqa maskanlarni bu mahalla yoshlar faqat orzu qilishadi xalos. Mahallada bor yo'hi 20 ta fermer xo'jaligi, barmoq bilan sanarli savdo ob'ektlari, shuningdek 11 nafar pillachilik bo'yicha kasanachilar bor xalos.
— Qishlog'imizda na yoshlarimizni ishlashi ishxona bor, na kasb hunar o'rgatadigan markaz bor. Bo'sh vaqtlarini foydali o'tkazishlari uchun kerak sharoitlar haqida gapirmasam ham bo'ladi. Oddiygina uyali aloqa ham mahallamizda katta muammo. Telefonda gaplashish uchun tomga chiqish kerak. Shu boisdan yoshlarimiz o'zga yurtlarga mardikorchilikka ketishga majburlar. Televizorda Prezidentimiz katta umidlar bilan tashkil qilgan yoshlar ittifoqining boshqa viloyatlarda chekka hududlarda yoshlarga yaratib berayotgan sharoitlarini, ularga berayotgan ko'maklarini ko'rib havas qilamiz. Lekin bizni mahallaga shu paytgacha na tuman, na viloyat yoshlar ittifoqidan birov kelib, farzandlarimizni ishga joylashtirish narida tursin, bormisizlar deb kelgani yo'q! Mahallamizda hademay yoshlar qolmasa deb qo'rqaman. Maktabni tugatgandan mahallamizdavn uzoqroqqa ketishga harakat qiladilar. Ularni tushunish mumkin, ular ishlash, o'sish, o'z qobiliyat va salohiyatlarini namoyon etish uchun sharoit bor joyga intiladilar. Bizda esa yoshlarimiz uchun hech qanday sharoit yo'q! Bizga endi har narsaga chidaymiz, ammo hech bo'lmasa yoshlarimiz uchun sharoitlar yaratilsa, ularning holidan yoshulllilar xabar olsa deb niyat qilamiz. –deya kuyinadi o'z qadri uchunmas, yoshlar kelajagi uchun shu mahallada yashovchi Shukurjon opa.

Sektorning yangi rahbari ahvolni o'zgartirishga ahd qilgan

“Cho'bolonchi” mahallasida kim bilan uchrashmaylik barchasi o'tgan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili davomida ham bu yil ham na sektor rahbari, tuman hokimi, uyma-uy yurish narida tursin, mahalla ahli bilan biron marta bo'lsa ham uchrashib ularning dardini muammolarini tinglaщ uchun kelmaganini iddao qildi Garchi mahalla raisi ularni gapini inkor qilishga harakat qilsada, fuqarolar maktab o'qituvchilaridan boshqa hech kim nima muammo bor deb, uyma uy kirmaganini tasdiqlashdan charchamadi. Mahalla ahli bilan suhbatlar jarayonidan ma'lum bo'ldiki, bu qishloqda sektor rahbarlari ishni nomigagina, hisobot uchun tashkil qilgan. Aks holda uyma-uy kirish jarayonida aniqlangan muammolarni hal qilish choralarini ko'rgan, qaysi muammo qaysi tartibda, qaysi muddatda hal qilinishidan xabardor qilishgan bo'lardi. Nahotki sektor rahbarlari xalq bilan uchrashishga bir soat vaqtlarini ajratolmalar? Ushbu savollarimizga javob istab, biz ushbu mahalla joylashgan hudud sektori rahbari tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i Jamolbek Piryozovni izladik. Sektor rahbarini biz qo'shni “Oltinko'l” mahallasida shaxsan o'zi “uyma uy” yurib muammolarni o'rganayotgan paytida uchratdik. Maqsad va muddaomizni tinglab Jamolbek Piryozov shunday izoh berdi:

— Meni IIB rahbarligiga tayinlanganimga ko'p bo'lgani yo'q. Ammo e'tirozlaringiz o'rinli, muammolarimiz ko'p. Bundan keyin biz “uyma-uy”kirib muammolarni o'rganuvchi ishchi guruhga aynan shu mahallalarda yashovchilarni ma'sul qilib tayinlamaymiz, chunki ular batafsil ma'lumotlarni yig'ishga xolisona yondashmasdan, aniqroq aytadigan bo'lsak muammoni “uydan” chiqarmaslikka intiladilar. Bu esa aslida ishimizga halaqit beradi. Shu boisdan sektorimizga qarashli hududdagi muammo va kamchiliklarni o'rganish uchun shaxsan o'zim ishchi guruh bilan har bir mahallada bo'lib, aholi bilan uchrashmoqdaman. Rejamizga ko'ra “Oltinko'l” mahallasidan keyin “Cho'bolonchi”ga boramiz. Barcha muammolarni o'rganamiz va echimini topish bo'yicha barcha chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Men mahalla faollaridan muammolarni yashirishga harakat qilmay, birgalikda, fuqarolar bilan hamjihatlikda echimni topish ustida ishlashimiz izlanishimiz kerakligin uqdiryapman. Agar aholi va biz hammamiz bir yoqadan bosh chiqarsak hal qilib bo'lmaydigan masalaning o'zi yo'q. Faqat qars ikki qo'ldan chiqishini unutmasligimiz lozim!

Sektor rahbarining ishonch va qa'tiyat bilan aytgan gaplari bizga sal bo'lsada taskin berdi. Ochig'i biz hali yaqindagina Yangibozor tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i lovozimi sifatida ish boshlagan 3 sektor rahbari sektor faoliyatida tubdan o'zgarish yasab, xalqning davlatdan rozilik tuyg'usini shakllantirish uchun jon kuydirib ishlashga tayyorligiga ishondik. Biroq so'z bilan ish birligini qay darajada bo'lishini vaqt ko'rsatadi.

Sektorning rahbari yangi bo'libdi, ammo bu vazifada  avval  ishlagan mutasaddi boshqa tuman IIB boshlig'i lavozimiga  o'tganini eshitib ajablandik. Ishqilib u erda xalq bilan dardlashishga ozgina vaqt topa olsinda!

Yangibozor xalqi, xususan «Cho'bolonchi »  mahallasi ahli asli mehnatkash xalq! Ular biz bilan muloqot chog'ida moddiy ko'mak  ilinjida murojaat qilmagani, ularda boqimandachilik kayfiyatining yo'qligini isbotidir. Ular mahalliy hokimiyatdan    mahalladagi ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni  echimini topish uchun ozgina e'tibor berishlarini istayapdilar xalos. Tuman hokimidan , sektor  rahbaridan  va yoshlar ittifoqi tuman kengashi raisidan qog'ozda emas amalda ish talab qilmoqdalar, o'zlarining yig'ilib qolgan savollariga yuzma yuz ko'rishib aniq javob  olishni istaydilar xalos!

Biz ushbu mavzuga albatta qaytamiz!

Davlatnazar Ro'zmetov,
Boltaboy Matqurbonov
jurnalistlar.   Xorazm viloyati

 

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *