TO'G'RI SO'Z SOLIG'I

Jurnalist do'stim, senga ham osonmas. Hamma amaldorlar, mansabdorlar, yirik korruptsionerlar senga dushmandek qaraydi . Ota-onang, aka -ukalaring tinch yur deydi. Topishing kamtarona yashashinga arang etadi.

Hayotingda tartib yo'q, ba'zan muhim voqea ustida tonggacha ishlab chiqasan. Qachon qarasa yugurib,shoshib yurgan bo'lasan.

Senga xotin bo'lish ham azob. Har qancha bildirmaslikka urinsang ham senga bo'layotgan bosimlarni ayoling sezib turadi.

Yaqinda ayoling homilasini yo'qotdi. Noma'lum kimsalar uyingga qo'ng'iroq qilib tinch yurmasang bog'chadagi qizchangni boshqa ko'rmasligingni aytib qo'rqitgan edi. Ana shunda qattiq qo'rqib ketgandi bechora.

Oddiy odamlar birgina haqoratni umrbod kechirolmaydi. Senga esa haqoratlar, so'kishlar yomg'irdek yog'iladi. Feysbuk, tvitter, telegramda trollar muntazam mag'zava ag'daradi. Ularni parvo qilmaslikka o'rgangansan.

Ammo amaldorlarning tahdidi seni xavotirga soladi. Chunki ulardan har qanday qing'irlikni kutsa bo'ladi. Yaqinda bir hokimning kirdikorlarini yoritganing uchun ochiq nomerdan tahdidomuz qo'ng'iroqlar bo'ldi.

Tegishli idoralarga murojaat qilding ammo chora ko'rilmadi. Bir nechta tashkilotlar bilan sudlashding. Bu po'pisalar, do'q urishlar seni yo'ldan qaytarolmadi. To'g'ri so'z uchun, haqiqat uchun kurashda davom etmoqdasan.

Ammo seni bir narsa qiynaydi. Og'ir paytlarda ba'zi o'quvchilaring va hamkasblaring seni ruhan qo'llash o'rniga seni malomat qiladi.

Majburlikdan, og'ir bosim ostida biror ishni davom ettirmaganing uchun seni ayblashadi. O'zbekistondagi so'z erkinligi abgor ahvolda ekanini, jurnalistlarga himoya yo'qligini unutib qo'yishadi.

Nega endi qaysidir hokim bilan o'chakishib shuncha yillik mehnating singgan xususiy nashr yopilib ketishi kerak?

Yo'q, xorijdagi og'zi polvonlarga e'tibor berma. Imkoniyating doirasida ishlayver. Ertaga qamalib ketsang yoki yo'qolib qolsang o'shalarning birortasi yordam berolmaydi.

Shunday og'ir sharoitda xususiy mediyani yuritayotganing o'zi katta gap. Doimo omon bo'l, ijodingga baraka bersin.

Fayziddin Mo'minov

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.