Taqriz a-lya Rammstein yoxud Germaniyaning qora yuzini ochib bergan videoklip haqida

3 546 views

Bu qo'shiq hali klipi paydo bo'lishidan avval ham Evropa siyosatida bir vaqtning o'zida ham o'nglar, ham so'llarning orqasiga o't qo'yib yubordi. Sababi bu singlga ishlangan muqovada, tarixda Birinchi Reyx deb yuritiladigan German millatlarining Muqaddas Rim Imperiyasi gerbi rasmi tushirilgan ritsarlar kiyimida aks etgan qora tanli ayol surati edi. Tagida esa katta harflarda Germaniya deb yozilgan edi.

Birinchidan, qo'shiq oddiy rok yoki pop kompozitsiya shaklida emas, klassik musiqa janri strukturasidan tuzilgan. Ikkinchidan, vizual ko'rinishi — bu erda hamma narsa bor: qadimiy janglar, ritsarlar, kiberpank elementlari va h.k.

Endi bevosita klipning o'ziga o'tsak.

Klip Rim askarlari joylashgan sovuq Tevtoburg o'rmoni ko'rinishidan boshlanadi, tagida «Germania Magna, 16 A.D» (voqea milodiy 16 yilda sodir bo'layotganini ko'rsatadi) yozuvi. Rim legionerlarining obrazlari, navbati bilan antik davr qaxramonlari, Rim imperatorlari va German qirolligi yo'lboshchilarining yarim singan haykallari Rim Imperiyasiga xos bo'lgan qizil rangda namoyon bo'ladi. Osmonda yonib turgan qizil chiziq, xuddiki, Germaniyaning butun tarixini bir nuqtaga bog'laganday bo'ladi. Birinchi kadrlardanoq o'z vatanining varvarlik va majusiy davrlari namoyish qilinadi. Rim legionerlari o'rmonda o'zlarining osib o'ldirilgan safdoshlarini uchratishadi: o'liklardan birini varvarlar boshini kesib olayotgani aks etgan. Boshni kesib olgan varvar, yuqoridagi muqovadagi qora tanli ayol edi…

Birdan qadimgi davr kadrlari Germaniya tarixining yangi davrlariga ulanib ketadi. Hamma davrda biz o'sha qora tanli ayolni ko'rishimiz mumkin. Klipda u varvar, ritsar, Myunxen pivoxonalaridan biridagi go'zal ayol, GDR dagi Shtazi (maxfiy xizmat) generali, nemis millatchilari lideri obrazlarida namoyon bo'ladi. Bulardan ma'lum bo'ladiki, qora tanli ayol metafora holatidagi, har xil davrlardagi Germaniyani anglatadi. Majusiy varvar ko'rinishi bizni qadimgi Germaniya tarixiga yuboradi. Klip bekorga milodiy 16 yildan boshlangani yo'q, tarixda aynan shu yili Rim Imperiyasining German erlari ekpansiyasi davridagi mashhur «Idistavizo jangi» bo'lib o'tgan. O'shanda Rim imperatori Neron Klavdiy Druz (Germanik) german qabilasi Xerusklarning sardorlari bo'lmish Arminiy va Ingviomerlarni janglarda ikki marta tor mor etgan. Har xil manbalarga ko'ra, o'sha jangda har ikki tarafdan 50 mingtadan jangchi ishtirok etgan.

Idistavizo jangi. Kartina muallifi Otto Al'bert Kox. 1909 yil

Bir biri bilan jang qilayotgan tanalariga qilichlar sanchilgan ritsarlar aks etgan kadrlar esa bizni Germaniya tarixidagi 30 yillik diniy urushlar davriga tashlaydi. O'shanda har xil nemis knyazliklari diniy sabablarga ko'ra bir-birlari bilan qirg'inbarot janglar uyushtirishgan. Protestantlar katoliklar bilan urushgan. Germaniyaning o'zi esa butun davlat maqomiga ega emas edi. Klipda ushbu jangchilar o'rtasida «Germaniya»ni ko'rishimiz mumkin, albatta, yana o'sha qora tanli ayol qiyofasida. Keyin bizga katolik ruhoniylarini ko'rsatishadi. Ular katta stol atrofida stolga yotqizilgan o'sha qora tanli «Germaniya»ning ustidan eguliklar olib, ochofatlarcha ovqatlanishadi. Bu erda Ramshtayn guruhining antiklerikal, cherkovga qarshi pozitsiyasi ko'rsatilgan. Bundan tushunish mumkinki, Ramshtaynning fikriga ko'ra, cherkov tarixan Germaniya davlatini ich etini kemirib kelgan. Askarlar o'z dini uchun janglarda halok bo'lgan paytlarda, ular xalq farovonligiga tupurgan holda faqatgina o'z qorinlarini o'ylashgan.

Keyingi kadrlar bizni XX asr boshlariga etaklaydi. Urushdan keyingi davrdagi Veymar respublikasi. Pivo barlaridagi o'ziga xos «Boytsovskiy klub»ni ko'rishimiz mumkin. Birinchi jahon urushidan keyin kuchsizlangan davlatning holdan toygan xalqi ikki narsaga g'arq bo'lgan edi: qashshoqlik va ko'ngilxushlik. Kimdur uchun bu barlardagi yakkama-yakka mushtlashuvlar ko'ngilxushlik bo'lsa, kimgadir oilasini boqish uchun pul topishning yagona manbasi edi o'sha davrlar. Bu mushtlashuv sahnasini Birinchi jahon urushidan keyingi siyosiy kelishmovchiliklar, siyosiy liderlarning ichki kurashlariga qiyoslasak ham bo'ladi.

Keyingi sahnada, nogironlar aravachasida erkaklar qurshovida kelayotgan yana o'sha qora tanli «Germaniya» opamizni qo'lida dovyurak erining kesilgan boshini ko'tarib kelayotganini ko'rishimiz mumkin. Bu sahna Birinchi jahon urushidan keyingi Versal' shartnomasi tufayli reparatsiyalar to'lashga hukm qilingan, kuchsiz va yanchilgan Germaniyaga shama qiladi.

Klipning ikkinchi minutida bizga yonib qulab tushayotgan ulkan dirijablni ko'rsatishadi. Bu, albatta, Germaniyaga tegishli bo'lgan va 1937 yilning 6 mayida AQShda xalokatga uchragan, o'sha paytdagi dunyodagi eng katta dirijabl bo'lgan afsonaviy Zeppelin Hindenburg’ning fojiasiga qiyos edi. Ko'pchilik bu fojiaga ramziy voqea deb qaraydi. Chunki bu dirijabl Germaniyaning birinchi Prezidenti Gindenburg sharafiga nomlangan edi va bu dirijabl qulashi bilan Germaniyada Veymar respublikasi tugatilinib, tarix sahnasiga Uchinchi Reyx — natsistlar kelgan edi.

Klipning qora tanli Germaniya opamizning bir ko'zi bog'langan xolda, Vermaxt xarbiy kiyimida, natsistlarga boshchilik qilayotgani aks etgan fragmenti, bizni o'sha mash'um va mashxur, natsistlarning Penemyunde shaharchasidagi raketa poligoniga sayoxatga taklif etadi. Bu poligonda Ikkinchi jahon urushi so'ngida natsistlar tomonidan ishlab chiqarilgan afsonaviy Vundervaffe «Mo'jizaviy qurol» deb nomlangan Fau-2 raketalarining sinov jarayonlari bo'lgan. Bu erda juda ham ko'p maxbuslar ishlatilingan. Albatta u erdagi evrey olimlarini guvoxlar sifatida jismonan yo'q qilishgani aniq, bu erda Germaniya opaning bir ko'zi bog'langan xolatda aks etganining ramziy ma'nosi bor. Bunda Germaniya millat sifatida ob'ektivlikni yo'qotganligini, o'zining manfur ishlarini amalga oshirish yo'lida, jirkanch ishlarga nisbatan bir ko'zini berkitib olganligini ifodalash mumkin.

Ushbu sahnaning kulminatsion nuqtasi qo'shiqning naqoratiga o'tadigan joyiga to'g'ri keladi. Ramshtayn guruhining solisti Till Lindeman kontslagerning o'limga hukm qilingan mahbusi obrazida gavdalanadi. Va u «Deutschland, Deutschland über allen» (Germaniya hammani ustida, hammadan baland) deb kuylaydi. Eng qizig'i, bu so'zlardan oldingi qatorda «Wer hoch steigt, der wird tief fallen», ya'ni «Qancha balandga ko'tarilgan, shuncha chuqurga qulaydi» degan so'zlar yangragan. Bu o'ziga xos suuuuper so'z o'yini bo'lib, Natsist Germaniyasining madhiyasi huddi shunga o'xshash «Deutschland Deutschland über alles», ya'ni «Germaniya hamma narsadan ustun», degan so'zlar bilan boshlanar edi. Ma'lumot uchun shuni aytib o'tishim mumkinki, Germaniyaning hozirgi madhiyasining musiqasi ham o'sha davrdagi musiqa bilan bir xil, so'zlari almashgan, xolos. Hozirda Germaniyada bu qichqiriq taqiqlangan. Shtutgard yoki Gamburgga borib qolsangiz, ayniqsa, ziga otib, «Deutschland Deutschland über alles» desangiz, politsiya yoningizda, siz qamoqda)) Endi tasavvur qilyapman, «nu, gde to» Myunxenda Ramshtaynning katta-katta kontsertlarida shu qo'shiq kuylanganda o'n minglab odamlarni qo'shiqdagi so'zlarni neonatsistlar ataydan, qolganlar shunchaki ong ostiga joylashib qolganligidan «Deutschland Deutschland über alles», deb kuylashsa nima bo'larkin…
Xullas, klipga qaytsak. Osib o'ldirilayotgan mahbuslarning kiyimlariga e'tibor berilsa, har birining kiyimlarining chap tarafiga maxsus belgilar tikilgan. Bu belgilar sodir etgan jinoyatini anglatar edi. Pushtirang uchburchak — gomoseksualist. Sariq Dovud yulduzi — yahudiy. Qizil-sariq uchburchakdan tashkil topgan oltiburchak — siyosiy jinoyat bilan qamalgan yahudi yoki kommunist. Oxirgisiniki shunchaki qora uchburchak — o'g'ri, qotil, tovlamachi, firibgar, bezori va h.k.

Keyingi sahna GDRni ifodalaydi. Unda ham qiziq holatlar bor. Tarixdan ma'lumki, Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSR va AQSh faktan Germaniyani ikkiga bo'lib olishgan edi. FRG nominal AQSh protektorati bo'lsa, GDR esa SSSRning vassali edi. Bu sahnadagi qora tanli opamiz ya'ni Germaniya ikkinchi darajali rolda ifodalangan. Birinchi darajada esa KGB generallari, SSSR deb yozilgan kiyimdagi kosmonavt va bir qator KPSS nomenklaturasi vakillarini ko'rishimiz mumkin. Till Lindeman esa o'sha paytdagi GDR boshchisi, Brejnev bilan o'pishishni yaxshi ko'rgan Erix Xonekkerga juda o'xshab ketadi… Bu sahna bizga ochiqchasiga Ikkinchi jahon urushidan keyingi Germaniya tashqaridan boshqarilganligiga shama qiladi.

Keyingi sahnadagi qurollangan xippisifat odamlar, bular, menimcha, Germaniyada (FRG) 70-chi yillarda kuchaygan so'l radikalchi terroristik harakat RAF (Rote Armee Fraktion)ni ifoda etishgan. Ko'pchilik klipni sharhlaganlar ularni Germaniyaning liberallashuvi, jamiyatda gey va translarning erkinligi, deb ifoda etishibdi. Yo'q, ular aniq o'sha mashhur tashkilot RAF’ning vakillarini ifodalashgan. Chunki bu tashkilot o'z vaqtida banklarga qurolli hujum, 34 ta qotillik, odam o'g'irlash va bir qator portlashlar bilan bog'liq terraktlarda ayblanishgan.

5 daqiqada klipdagi eeeeng provakatsion sahnaga etib kelamiz. Bunda bizga futuristik inter'erda tug'ruq xonasini ko'rsatishadi, voqealar, ayonki, kelajakda sodir bo'lmoqda. Yana o'sha qora tanli Germaniya opamiz homilador va katolik Kardinal tug'ruqni qabul qilyapti. Xonada mavjud bo'lgan xayvonlarga qarasak — mol va qo'ylar… Bu yaqqol Iso (Isus Xristos)ning tug'ilishiga shama, chunki u ham Evangeliyaga ko'ra mol, qo'ylarning oldida tug'ilgan. Lekin opa kuchuklarni tug'adi… Buni nima deb sharhlashga ham hayronsan. Keyin opa kosmik tobutda osmonga uchib ketadi… Bunda balki xozirgi paytdagi Germaniyadagi demografik krizisni tasvirlashgandur, Angela Merkelning aholi sonini migrantlar hisobiga ushlab turgani, tobutdagi Germaniya esa Germaniyaning o'lib borayotganini anglatadi.

Xullas, bu qo'shiq va klipni ikki qator so'z bilan, ya'ni qo'shiq naqorati bilan ham ifodalash mumkin:

Germaniya — yuragim olov ichra yonar,

Germaniya — Seni sevging qarg'ish va duo…

Xulosa

Bu klip va qo'shiq juda kuchli provakatsiya. Uni bir xilda Konservatorlar ham, Liberallar ham tanqid qilayotgani bejiz emas. Kimdur Ramshtaynni madaniy Marksizm va tolerantlikni yoyishda ayblasa, boshqalar natsizm propagandasida ayblashi mumkin. Endi tasavvur qiling, agar klipda qora tanli ayol o'rniga sariq sochli, ko'k ko'zli nemis ayoli Germaniya rolini ijro etganida nima bo'lar edi? Nima deb o'ylaysiz, qancha vaqtda bu gruppani toshbo'ron qilib tashlashar edi?)) Hamma ommaviy mediamaydonlarda klip taqiqlanishi aniq edi. Mening bularni xurmat qilgan tarafim shundaki, o'z fikrini, ularni qiynayotgan ijtimoiy muammolar-u, tarixdagi qora dog'larni ko'rsatib berishyapti. Buyuk ajdodlari bilan faxrlanavermasdan, tarixidagi qora kunlarni ham ochiq-oydin ko'rsatyapti. Liberalizm kuchli bo'lgan g'arb auditoriyasiga ularning pozitsiyasiga to'g'ri kelmasa-da, o'zi to'g'ri deb bilgan g'oyani shunday yo'l bilan, klipda Germaniya rolida qora tanli ayolni o'ynatib qilingan ayyor yo'l bilan bo'lsa-da, o'z fikrini oldinga suryapti. Eng qizig'i, liberallarga tupurib, konservatorlarga quchoq ochgani yo'q, ikkala tarafni ham ikkiyuzlama siyosatiga achchiq qalampir sepib, yuzlariga oyna tutyapti. Bunga qoyil qolmasdan iloji yo'q.

Bizning eski, yangi va eng yangi tariximiz ham juda ayanchli davrlarni boshdan kechirgan. Amirlarning tarqoqligi, Rossiya Imperiyasining bosqini, ziyolilarimiz qatag'oni, Turkiston muxtoriyatining go'dakligidayoq bo'g'ilishi, Usmon Nosir, Cho'lpon kabi xaqiqiy buyuk siymolarning qonini erga sachrashi… Biz esa ularni unutgandaymiz go'yo so'ngi paytlar.

Mustaqillikdan keyingi qo'rquvga boy, so'z erkinligi bo'g'ilgan siyosat, hayotda boshqa narsa, TV da esa boshqa. Xalq ko'ziga chirib ketgan tizimni «musaffo osmon» deb ko'rsatilishi kabi… Biz esa «bizda bori qayda bor, bizda yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar dunyoni xechbir mamlakatida yo'q», deb, eng qizig'i, o'zimiz shunga ishonib gapirib yurdik. Hech qachon tarixni sun'iy ravishda yorqin ranglarga bezamaslik kerak. Uni boricha qabul qilishni o'rganaylik.

P.S. Maqola internet manbalari va shaxsiy fikrlar asosida yozildi.

Klipni ko'rmoqchi bo'lganlar uchun:

Nurbek Alimov

2 kommentariya

  1. Alimoff’ni òqib turasiz(mi) wekilli;). Bu klip haqida aaaancha oldin!! Nurbekboyni izohi ciqqanidi. Povtor, respect;)

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.