Ta'lim vaziridan «innovatsion echim»

575 views

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bitiruvchilarining birortasi ham OTMga o'qishga kirmagan maktablarga «o'ziga yarasha jazo» qo'llanilishini ma'lum qildi. Vazirning ta'kidlashicha, unday maktablar Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan rejalashtirilayotgan yangi tartibdagi attestatsiya va akkreditatsiyadan birinchi bo'lib o'tishadi.

Bu, avvalo, maktablarda ta'lim sifatini oshirishga harakat hisoblanadi. Ta'lim sifatini oshirishga intilish juda yaxshi va e'tiborni qaratish kerak bo'lgan zarur ishlardandir. Lekin sifatni oshirishni faqat «jazo qo'llash» uslublari orqali amalga oshirishga o'rganib qolganmiz. Bu esa yomon.

Bir kishidan biror narsa talab qilar ekanmiz, unga faqatgina dag'dag'a qilib muomalada bo'lish xato. Avvalo, unga etarli sharoit va imkoniyat berish kerakki, talab qilgan narsamizni biz kutganimizdan-da a'lo darajada qilsin, topshirsin. Xuddi shunday, o'qituvchilardan sifatli ta'limni, o'quvchilardan chuqur bilim olib, OTMga kirib, kerakli kadr bo'lishni talab qilyapmizmi, sharoitlarni ham shunga yarasha qilishimiz kerak.

Masalan, avvalo, o'qituvchilarning maoshini ko'tarish kerak. Ularni har xil qog'ozbozlikdan qutqarish, asosiy vaqtini turfa jurnallar-u, hujjatlarni to'ldirishga emas, o'quvchilar bilan ishlashga sarflashiga imkon yaratib berish, majburiy mehnatning har qanday turidan ozod qilish kerak. Har xil majlislar-u tadbirlarni qisqartirish zarur. Chunki bular nafaqat o'qituvchilarning, balki o'quvchilarning ham vaqtlarini o'g'irlaydi.

O'quvchilarga esa maktabda erkin yurishlariga qo'yib berish, kalta paypog'i sababli darsga qo'yilmasligi-yu, sochining uzunligi yoki soqolining o'sganligi sababli ko'chada ushlab turilishiga chek qo'yish kerak. E'tiborni ta'limga qaratish kerak. Muassasani o'qish uchun kerakli uskuna va texnikalar bilan ta'minlash zarur. Shunday sharoitlar qilinsinki, toki o'quvchilarning OTMga kirish uchun maktabdan tashqari repetitorlik kurslariga qatnashlariga hojat qolmasin. Ana undan keyin ham hech bir bitiruvchisi OTMga kirolmagan maktablarni tanqid qilib, kerak bo'lsa, yopib tashlasa arziydi.

Bugungi berilayotgan ta'lim-tarbiya, shubhasiz, mamlakatning kelajagini belgilashda muhim o'rin tutadi. Chunki bugun sifatli ta'lim, yaxshi tarbiya olayotgan yoshlar, ertaga yurtimiz kelajagiga aylanishadi. Yurtimiz o'zining rivojlangan, boshqalarga qaram bo'lmagan kelajagiga ega bo'lishini xohlasak, hozirdanoq buning harakatini qilishimiz kerak. Zero, buyuk bobomiz Abdulla Avloniy aytganlaridek, “tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”.

Shahboz Rahmonov

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.