Superkontrakt haqida ballada yohud Bizda bori kimda bor?

Imtixondan yiqildim. O'qishga kira olmadim. Falon million dollori bor otaning arzandasi bo'la turib, o'qiy olmaslik alamli bo'lar ekan. Garvardda o'qishni bir umr orzu qilgan edim-a, essizgina sarobga aylangan orzuyim.

Xarakat qilganingda orzuyinga etarding, deysizmi? Ey do'stim, qilmagan ishim, yugurmagan joyim, kirmagan teshigim qolmadi. Samarasiz, foydasi bo'lmadi.
O'zimizda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyunda qabul qilingan 393-sonli qaroriga ko'zim tushib qolganidan keyin, so'ngan orzuyim qayta jonlangandek bo'ldi.
Va yana, takroran Garvard universiteti ma'muriyati bilan aloqaga chiqdim.

— Salom, yana men Alchaqishloqlik Semiz Boyvochchaman!

— Salom, so'nggi bor ogohlantiraman hurmatli Semiz Boyvochcha — bizga pora taklif qilmang! Sizlarning odatingizga ko'ra pul muhim bo'lsa, bizda bilim ustundir! Yana bir marta pul taklif qilsangiz o'zingiz aytgan mentalitetingizga oyoq qo'ygan holda, ustingizdan sudga shikoyat qilishga majbur bo'laman!

— Yo'q-yo'q, qizishmang Luiza opa! Men bu safar pul taklif qilmoqchi emasman!

— Muddaoyingiz nima unda, hurmatli Semiz Boyvochcha?

— Sizlarda qo'shimcha kontrakt bormi?
— Qo'shimcha kontrakt??? Nima degani u?

— Mana masalan, bizda, ya'ni Alchaqishloqda shunday qoida bor: agar abiturient imtihonda etarlicha ball yig'a olmasa, qoida bo'yicha kontraktni oshirilgan miqdorda to'lab o'qish imkoniyatini qo'lga kiritishi mumkin.

— Qiziq, tushunarliroq qilib tushintiring, hurmatli Semiz Boyvochcha!

— Oliy ta'lim muassasalarining takliflariga muvofiq, ularning imkoniyatlari, tanlov va to'plangan ballar miqdoridan kelib chiqib, Davlat komissiyasi qarori asosida abiturientlar to'lov-kontrakt bo'yicha belgilangan kvotadan tashqari qo'shimcha ravishda o'qishga qabul qilinishi mumkin. Mana shu qo'shimcha kontrakt deyiladi. Bundan tashqari Oliy ta'lim muassasalari Davlat komissiyasi qarori bilan belgilangan ko'rsatkichlarga muvofiq to'plagan ballari eng yuqori ball (226.8 ball) ning 30 % (68,0 ball)dan kam bo'lmagan abiturientlarni ham oshirilgan to'lov-kontrakt sharti bilan talabalikka qabul qilishlari mumkin.

— Xo'sh-xo'sh?

— Bunda abiturientlar oshirilgan to'lov-kontrakt sharti bilan o'qishga qabul qilinadi.

— Oshirilgan kontrakt miqdori qay tartibda belgilandi?

— Oshirilgan to'lov-kontrakt miqdori amalda o'rnatilgan to'lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

— to'plagan ballari tasdiqlangan to'lov-kontrakt bo'yicha qabul kvotalari chegarasiga bir ballgacha etmagan abiturientlar uchun — 1,5 barobar;

— 1,1 balldan 2 ballgacha etmaganlar uchun — 2,0 barobar;

— 2,1 balldan 3 ballgacha etmaganlar uchun — 2,5 barobar;

— 3,1 balldan 4 ballgacha etmaganlar uchun — 3,0 barobar.

— Masalan men iqtisod yo'nalishida o'qimoqchi bo'lsam-u o'qishga kirish uchun to'plagan ballarimga 2 ball etmay qolsa, u holda qo'shimcha kontrakt summasi qanchani tashkil qiladi?

— Bizda, masalan, iqtisodiyot: bakalavriat bosqichining kontrakt summasi 8 800 000 so'mni etib belgilangan. Siz iqtisod yo'nalishida o'qimoqchi bo'lsangiz-u o'qishga kirish uchun to'plagan ballaringizga 2 ball etmay qolsa, u holda belgilangan summani ikki barobarini qo'shimcha kontrakt sifatida to'lab o'qish imkoniyatiga ega bo'lishingiz mumkin.

— Vauv! Huquq yoki jurnalistikada o'qimoqchi bo'lsamchi?

— Mana bu erdan  kontrakt narxlari haqida o'zingiz batafsil ma'lumot olishingiz mumkin, Luiza opa.

— Rahmat, hurmatli Semiz Boyvochcha! Aytingchi, 68 balldan yuqori ball to'plagan, o'qish istagida bo'lgan abiturientlar qancha miqdorda kontrakt to'lashi mumkin?

— Ular belgilangan kontrakt summasining 10 barobaridan 20 barobarigacha miqdorida qo'shimcha kontrakt to'laydi. Mana bu rasmda bu haqida ham batafsil ma'lumot olishingiz mumkin:

— Aytingchi, hurmatli Semiz Boyvochcha, sizlarda eng kam ish haqi qancha?

— Bizda eng kam ish haqi — oyiga 149 775 so'm.

— Dollorda qancha bo'ladi?

— Taxminan 18 dollor.

— Oxo-o… Agar Iqtisod yo'nalishiga o'qishga kirgan talaba 70 ball yig'sa-yu lekin o'qishni xohlasa kontrakt 176.000.000 bo'ladi, shunaqami?

— Ha shunday?

— Agar o'sha bola 149 775 so'm maosh olsa, 176.000.000 so'm kontraktni qanday to'laydi?

— Ta'lim krediti oladi, oyiga 9 % dan.

— Kreditning foizining o'zi 15.840.000 so'm. O'rtacha oylikning summasi taxminan qancha?

— 1.200.000 so'm atrofida.

— 15.840.000-1.200.000. Qoyil!

— Bizda shunaqa gaplar.

— Aytingchi, qo'shimcha qabulga talabalar har yili qabul qilinadimi?

— Deyarli har yili.

— Nega unda bir yo'la imtihondan oldin kvota ko'proq belgilanmaydi? Axir belgilangan kvotadan tashqari talaba qabul qilinar ekanku baribir ham? Albatta, katta summa to'lab qo'shimcha kontrakt evaziga o'qish shartmi? Yoki qo'shimcha qabul qilingan taqdirda ham bu darajada katta kontrakt belgilash nimaga va kimga kerak? Bergan statistik ma'lumotlaringga ishonib fikr bildirsam, o'rtacha oylik hisobiga yashaydigan oila oddiy kontarktni o'zini ham to'lay olmaydiku? Biror joyda xatolik yo'qmi? Oshirilgan kontraktdan tushgan mablag'lar nima qilinadi?

— Voy, men qaerdan bilaman, Luiza opa!

— O'ylashimcha, sizlarda barchaga ta'lim olish uchun teng imkoniyat yaratilmagan ekan. Bundan tashqari oyliklar va yillik kontrakt miqdori ham mutanosib emas. 1.500.000 maosh bilan yiliga 8.800.000 so'm miqdoridagi kontraktda qanday qilib o'qish mumkinligiga hech aqlim etmayapti. Qo'shimcha kontrakt to'lovi esa umuman mantiq tarozisiga to'g'ri kelmaydi.

— Ha nima bo'lsa bo'lsin, sizlarda ham bormi qo'shimcha kontrakt?
— Bizda umuman yo'q bunaqasi.
— Afsus, qaysi davlatlarda bo'lishi mumkin bunaqasi, bilmaysizmi?
— Menimcha, birorta davlatda yo'q bo'lsa kerak, yana bilmadim. Omon bo'ling, hurmatli Semiz Boyvochcha! Garvardda o'qish istagingiz juda kuchli bo'lsa, juda kuchli tayyorlaning, albatta buni uddalaysiz!

Eh, Luiza opam-a, pashshadan fil yasaydiganlar toifasidan ekansiz! Bir yarim million maoshga konrtaktda o'qib bo'ladimimush. Bo'ladi, nega bo'lmasin, o'sha o'qiyotganning dadasi yoki aka-ukasi chet elda ishlab o'qityapti.

Yana uchiga chiqqan ahmoq ekansiz. Porani ham rad qiladimi odam?! Bizda buning iloji yo'qmush, vey qalovini topsang qor yog'adi. Sizlarda pul bilan o'qishga kirish qiyin bo'lsa, bizda pulsiz o'qishga kirish qiyin.

Ha mayli, nima bo'lsa-bo'ldi. Keyingi yil o'zimizning OTMga o'qishga kirarman.

Rivojiddin Abdumalikov

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *