Sizga ishonamiz, Shavkat Miromonovich!

14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumanida ko'cha tozalash ishlariga jalb qilingan 23 yoshli maktab o'qituvchisi Diana Enikeevani katta yo'ldagi to'siqlarni oqlash chog'ida yuk mashinasi urib ketgani haqida mudhish xabar yashin tezligida tarqaldi.
Bu fojia haqidagi fikrimni bildirishga esa meni “Kattaqo'rg'on tumanida 14 mart kuni sodir bo'lgan baxtsiz hodisa yuzasidan” Kattaqo'rg'on tuman hokimi o'rinbosari M. Muzaffarov va Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Q. Saidovlar tomonidan imzolangan rasmiy sharh Xabar.uz saytida rasman e'lon qilingani majbur qildi.
Birinchidan men ushbu fojia tafsilotlarini o'rganib, bu haqdagi jurnalistik surishtiruv natijalarini yoritgan Karimberdi To'ramurodning xolisligiga va haqiqatni yozganiga to'la ishonaman. Shuningdek muallifning Prezidentimiz Sh. Mirziyoevga qilgan murojaatini to'la qo'llab quvvatlayman!
Ikkinchidan yuqorida nomlari tilga olingan amaldorlarning rasmiy sharhini o'z aybini xaspo'shlashga urinish va javobgarlikdan qochish uchun qo'rqoqlarcha o'zini amalini himoya qilish maqsadidagi jirkanch yondashuv deb hisoblayman
Xatosiz va kamchiliksiz ish bo'lmaydi. Ammo har qanday kishining o'z xatosi va kamchiligini tan olishi odatda o'ziga xos mardlik deb baholanadi. Janob Muzaffarov va janob Saidovlarning qo'lidan mardlik kelmas ekan, hech bo'lmasa sukut saqlasalar bo'lmasmidi?
Axir sukut saqlash marhumaning ruhini chirqilatib, unga tuhmat qilishdan yaxshiku! Nahotki bu janoblar uchun mansabini himoya qilish ular uchun or nomusdan, vijdondan (agar bu janoblarda zarracha or-nomus va vijdon degan narsalar bor bo'lsa) ustun bo'lsa! O'zi mana shunday maktubning yozilishi, boshqa vijdonli, fidoyi amaldorlarga ham xalqning ishonchini so'ndirishga olib kelishini hech kim o'ylab ko'rmadimikan? Mening fikri ojizimcha ushbu janoblarning imzosi bilan bitilgan maktubning paydo bo'lishi bu shu qadar katta fojiaki, uni oldida Diananing o'limi bilan bog'liq fojia arzimagan hodisaga aylangandek nazarimda. Negaki Diana Enikeevaning majburiy ravishda ko'cha tozalash ishlariga chiqarilganini inkor etilgan bu xat, oddiygina o'zini oqlashga urinish emas, jamiyatni, xalqni, tentakka chiqarib, PREZIDENT Sh. MIRZIYoEV boshlagan islohotlarga bo'lgan ishonchni yo'q qilishga bo'lgan harakatga o'xshaydi chamamda! Necha necha yillardan beri, oshkor etilmay inkor qilingan, ammo xalq yaxshi bilgan haqiqatlar bugun Prezidentimiz tomonidan katta minbarlardan aytilayotgan bir paytda, eskilikdan voz kecholmayotgan ayrim rahbarlarning o'zboshimchaliklarini xaspo'slash va inkor qilishni xiyonat demasdan boshqa qanday tushunish mumkin?
Endigini 23 bahorni qarshilagan majburiy mehnat qurboni bo'lgan oddiy o'qituvchining dahshatli o'limi o'zlarini xon ko'lankasi maydon deb hisoblovchi amaldorlarni ko'zini moshdek ochishi o'rniga  Sh. MIRZIYoEV rahbarligida olib borilayotgan davlat siyosatiga ochiqchasiga qarshilik ko'rsatish va rad etish orqasida kimlardir turgani yo'qmikan, deb o'ylab qolaman.
Menimcha bu fojia aybdorlari  marhumaning oila a'zolaridan, barcha o'qituvchilardan, shuningdek Prezidentdan kechirim so'rashlari shart! Eng muhimi hukumat tomonidan eng oliy darajada majburiy mehnatga hech kim, faqat o'qituvchilar emas, umuman hech kim jalb etilishiga yo'l qo'yilmasligini ta'minlash uchun chora tadbirlar ishlab chiqilishi darkor. Men Diana Enikeevaning o'limi O'zbekiston tarixida majburiy mehnatga barham bergan tarixiy  fojia sifatida qolishini juda juda istar edim. Ushbu fojiadan Prezident Shavkat Mirziyoev xabar topishi bilan(Xabar topishiga esa ishonchim komil) shunday bo'lishiga ishonchim komil!

Bugun  Diananing fojiali o'limi bilan tafsilotlarni  keng ommoga oshkor etib jasorat ko'rsatgan oddiy jurnalist Karimberdi To'ramurodni ta'qib qilinishini chekkada jimgina kuzatayotgan hamkasblar,  shuningdek har safar Prezident gapidan so'ngina «ko'zlari ochiladigan» janoblar  hademay Prezidentimiz Diananing o'limiga munosabat bildirib qolganidan keyin, o'zlarini sal kam qahromonga chiqarib, jonkuyar ko'rsatib  Karimberdi To'ramurodga gal bermay, eslamay tele, radio efirlarda, gazeta va internet sahifalarida  tinmay javrashni boshlashiga ishonaman.  O'sha paytda aynan shunday maddohchalar mukofotlar oladilar. Karimberdi To'ramurod esa mukofotlarsiz ham o'z ishini sidqidildan bajarib,  halq dardini, haqiqatni yozishni davom etadi. Bu aniq!
Men so'zimning yakunida Karimberdi To'ramurodning maqolasidagi so'zlarni keltirmoqchiman.
“Hurmatli Shavkat Miromonovich! Sizdagi g'ayrat-shijoat tahsinga loyiq. Shu elni, shu yurtni deb, tinim bilmasdan viloyatlarga chiqayapsiz, qo'shni davlatlarga borib, bir nimalar undirib kelayapsiz, hammasini olqishlaymiz. Ammo iltimos, qaysi viloyatga borishingizni oldindan aytmang! Viloyatga borishingiz sho'rlik o'qituvchilarga zo'r kelayapti! Ular 10-15 kun oldin boshlab, to kelib-ketguningizcha darslarini tashlab, siz o'tadigan ko'chalarni supurib, yuvib, oqlab chiqishayapti.
Bilaman, siz ko'zbo'yamachilik qilishlarini istamaysiz. Sizga yolg'on yaltiratilgan, siz o'tadigan kunigina yuvib qo'yiladigan ko'chalar ham kerak emas.
Bilaman, sizga siz o'tib ketguncha ishlab turadigan soxta issiqxonalar ham, katta yo'llar chetida tashkil etilayotgan, sog'lom odamning aqli qabul qilmaydigan tok ishkomlari ham kerak emas.
Bilaman, sizga siz kelib ketgan kunlari ko'karib turadigan daraxtlar ham, shu kunlari ochilib turadigan gullar ham kerak emas.
Bilaman, sizga dala chetidagi ko'rganni hayratga soladigan, u erga borishga haqiqiy dehqon hayiqadigan, ko'zni qamashtiradigan darajadagi orasta, yumshoq kreslolar qo'yib qo'yilgan shohona dala shiyponlari ham kerak emas.
Siz baribir ichkarida ahvol qandayligini ham yaxshi bilasiz.
Kattaqo'rg'onga kelganingizda sizga juda ko'p yaltiraydigan ko'chalarni, yaltiraydigan uylarni, yaltiraydigan maktablarni, yaltiraydigan …odamlarni ko'rsatishadi. Mayli, ularni ko'ring. Ammo Kattaqo'rg'ondagi 42-maktab ro'parasidagi yaltiramaydigan bir ko'rimsiz uyga kirib, sizga qattiq ishonadigan, yolg'iz qizlarini yuk mashinasi bosib o'ldirgan ota-onani ham ko'rishni, ularning ko'nglini so'rab qo'yishni unutmang!
Siz kelasiz deya jonidan kechgan bir o'qituvchining ko'zlari ma'yus o'g'ilchasini qo'lingizga oling va erkalab qo'ying!
«Boshqa bolalarning ko'zlari senikiday ma'yus bo'lmasin, boshqa o'qituvchilarning go'daklari senday etim bo'lmasin!», — deng.
O'qituvchilar majburan turli ishlarga jalb etilishini tan olmaydigan deputatlar o'qituvchini himoya qiladigan qonun chiqarmaydi baribir. Siz farmon chiqaring, iltimos!
Kattaqo'rg'onga kelganingizda e'lon qiling shu farmonni!
«O'qituvchilar o'qituvchiligini qilsin, boshqa ish qilmasin!», — deng.
«Shifokorlar shifokorligini qilsin, boshqa ish qilmasin!», — deng.
«O'qituvchi va shifokorni boshqa ishga jalb qilgan odamni o'zim jazolayman!», — deng.
Siz buni qila olasiz!
Men bunga ishonaman!”
Qo'shimcha qilib aytishim mumkinki, Shavkat Miromonovich SIZGA O'ZBEKISTON xalqi ishonadi. Agar hozir siz aralashmasangiz oddiy haqiqatni yoritgan jurnalist Karimberdi To'ramurod juvonmarg bo'lib ketishi hech gap emas! Muhtaram Prezident bugun faqatgina  Diananing ruhi pokigina emas, endi tug'ilayotgan o'zbek erkin matbuoti taqdiri va kelajagi ham sizning himoyangizga muhtoj!  BIZ adolat tantana qilishiga yordam berishingizga, va aydorlarga jazoni muqarrarligini ta'minlashingizga ishonchimiz komil!!!!
Davlat Nazar

7 kommentariev

  1. Albattaki, aybsizlik preziumsiyasiga asosan ijroiya xokimiyat, biz aybdor emasmiz deydi. Agar marxuma (xudo raxmat kilsin!) bevakt uzilmay yashab uzining soxasida keyinchalik biror bir katta yutuklarga erishganida birinchi urinda xokimiyat «kuksini kalkon kilgan» bulardi: «xokimlikning e'tibori va kullab kuvvatlashi asosida bizning ukituvchimiz shunday yutuklarga erishdi» deb jar solinardi… Lekin nima bulganda xam axamiyat bersak ikkala xolatda xam sunggi xulosa xokimlikdan suralayapti. Ayni mana shu bogliklik muammoni asl sababchisidir. Ilm ma'rifatimiz takdirini xokimlik xal kilayapti. Bu yaxshimi yoki yomonmi? Yaxshi tomonlaridan kuz yumish axmoklik buladi. Xar bir tumandagi yosh avlodni tizimli ravishda nazorat kilish, ularni issik sovugidan xabar olish, xar xil tadbirlar uyushtirib ularni ragbatlantirib turish kabi kompleks tadbirlar majmuasi fakat ijobiy ta'sirdir.
    Ammo mana shularni evaziga xashar va ommaviy obodonchilik shiorlari ostida ixtiyoriy-majburiy ishlarga jalb kilish okibatlarini sanab adogiga etish kiyin.
    1. Ukuvchilar uz vaktida dars olishdan maxrum kilinadilar.
    2. Ukituvchilarda uz kasbiga nisbatan sovukkonlik paydo buladi. Bu sovukkonlik esa borib borib raxbariyatga nisbatan nafratga aylana boradi.
    3. Pedagog jamolari orasida guruxlanishga olib keladi. Bir guruxlari bunday ishlarni kullasa boshka toifalari bunday ishlar konunga zid deydi, yoklamaydi. Tabiiyki maktabda nosoglom muxit yuzaga keladi.
    4. Yukoridagilarni barchasi ta'lim tarbiyani orkaga ketgazadi.
    5. Bunday maktabni bitirgan yosh avlod ongida ilm birlamchi bulmaydi. Sharoit birlamchi buladi. Chunki ular uz kuzlari bilan kurishayapti, darslar uz vaktida ukitilmay, muallimlar jamoat ishlari bilan band bulib yurganlarini. Ya'ni uz vaktida utilmagan darslar uz ta'sirini kursatib kelgusi xayotlarida xam ilmga asoslanib emas, ShAROITGA KARAB FIKR YuRITADIGAN AVLOD etishib chikadi. Bunday yoshlardan INNOVATsION GOYa kutish tugul, jamiyatdagi bulayotgan vokelarni asl moxiyati tugrisida fikr va muloxaza yuritish degan tuyguni uzi bulmaydi. Ular kelajakda biror bir davlat ishlarida ishlar ekanlar korruptsiya, poraxurlik va ta'magirlik kabi illatlarni uzlarining kelajak poydevori va jamiyatda yukorirok mavkeni egallashning asosi deb biladilar.
    Va mana shu sunggi xulosa bizning jamiyatimizni tubsiz jarlikka olib boruvchi ILMSIZLIK VA TUBANLAShISh YULIDIR!
    Taklif: Ta'limni xokimlik «kuchogidan» xalos kilib, ta'lim vazirligiga buysunadigan sektorga aylantirish maksadga muvofikdir.

  2. LOKAYD, IKKIYuZLAMAChILAR GURUXIDAN TAShKIL TOPGAN PARLAMENTNI TARKATIB, UShBU KESAK SENATORVAChChALARNI UMRINI OXIRIGAChA KAYTA SENATOR Bo'LIB SAYLANISh XUQUQIDAN MAXRUM KILISh KERAK. OYLIGINGNI OQLAMAY TEKINXo'RLIK QILIB YuRIShIBDI. SENLARGA ALLOXNING G'AZABI VA XALKNING NAFRATI ETIB BORSIN.

  3. Viloyat xokimiga viloyat XTB, viloyat kasb-xunar boshkarmasi, tuman xokimiga Tuman XTB, tuman kollejlari bu’sunar ekan ukituvchilarni kucha tozalashi tuxtamaydi. Aytish mumkin, tex xodimlar chikarish mumkin. Birinchidan ta'limdagi tex xodimni xam u’z vazifasi bor. Ikkinchidan tozalashga ajratilgan er maydonini kattaligini xisobga olsa tex xodimlar bilan ulgurmaydi maktab va kollejlar

  4. Bu erda kim kimga bo'ysinishni ahamiyati yo'q nazarimda. Shunchaki xalqni huquqiy ongini oshirish kerak. Ya'ni, o'qituvchi direktormi, hokimmi, XTB boshlig'imi kim bo'lsa ham nima desa labbay deyavermay hujjat talab qilsin, tamom. Qani qaysi rahbar davomli hashar o'tkazish haqida buyruq yoki qaror chiqara olarkan(tashkilot huquqshunosi bu qonunga zid ekanini juda yaxsht biladi).

  5. Bunday vaktinchalik obodonlashtirish ishlariga odam etishmasa, vaktincha shartnoma asosida kilgan ishiga karab xak tulash bilan beish yurgan eki bekorchixujalarni jalb etish darkor. Karor bor.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *