Sharhga alamzadalik qo'shilganda yohud Koreyada bor alamim manim

Futbolga begona emasman. O'z davrida Ishoq Toshmuhammedov qo'l ostida Vladimir Fyodorov, Olim Ashurov va Rustam Mirsodiqovlar bilan sport maktabida to'p surganman. Azaldan Braziliya terma jamoasiga muxlislik qilaman.
Kuni kecha Janubiy Koreya va Meksika jamoalari o'rtasida bo'lib o'tgan o'yinni ko'pchilik davrasida tomosha qilishga to'g'ri keldi. Afsuski, mazkur o'yinni sharhlab borgan Xayrulla Hamidov davradagi o'nlab ishqibozlarning e'tiroziga nishon bo'lganini ko'rib, ich-ichimdan ezildim.

Xayrulla kutilmaganda: “Esingizdami, Janubiy Koreya O'zbekiston terma jamoasini Bunyodkor stadionida yutib, jahon chempionatiga kelishiga to'sqinlik qilgan edi. Bugun Meksika ulardan manovi Geynrixning ko'z yoshlari uchun, manovi Ahmedovning iztiroblari uchun deb gol urishadi va alamimizni olishadi”, deb qoldi. Sharhlovchi ukamiz bundan qanoatlanmadi chog'i, keyinroq J.Koreyaga qarab: “O'rningni O'zbekistonga berganingda, hozir ular boshqacha o'yin ko'rsatishardi”, — dedi. Shunda davradagilardan biri: “Ishqilib, operator adashib koreys onaxonlarini ko'rsatib qolmasin-da, bu ketishda manovi sharhlovchimiz “Agar sizlar shu yigitlarni tug'maganlaringda edi, hozir O'zbekiston terma jamoasi shu erda o'ynayotgan bo'lardi”, deb tashlanib qolishi ham mumkin”, dedi kinoya bilan. Shunda yana kimdir “Tavba, bularga tushunmaysan. O'zbekiston terma jamoasi yong'oq o'ynashga chiqqan yosh bola bo'lsaki, aldab yutib olishgan bo'lishsa. To'p tepishni uddasidan chiqishmagach, ular yutqazmasdan kim yutqazsin? Innan keyin, nega endi Koreya o'z o'rnini birovga berishi kerak? Esli-hushli, o'zini qadr-qimmatini va hurmatini biladigan har qanday futbolchi, to'rt yilda bir bo'ladigan jahon chempionatini, xuddi Haj ziyoratini kutgandek kutadi. Inson bolasi Hajga qancha bormasin, to'ymaydi, yana va yana borgisi kelaveradi. Shunday ekan, millati va irqidan qat'i nazar, barcha futbolchilar, jahon chempionatiga Hajga intilgan musulmondek intiladi. Har holda Koreya avval boshdan “o'rnimni kimgadir beraman”, deb maydonga tushmagandir? Avval Babayanni po'stagini qoqishdi, endi esa halol yutuq egasi Koreyaga tosh otishmoqda. Shunchalik kuyunchak ekansan, nega televizorda millatimiz faxri bo'lgan Ravshan Ermatovga behurmatlik qilgan hamkasbing Vasiliy Utkinga biron nima demaysan? Gapir, gapirsang hozir ayni vaqti emasmi? Agar, sen faxr bilan tilga olayotgan o'sha Geynrix yugurishdan erinib, darvozaga yaqin joydan jarima to'pi undirish maqsadida makkorlik qilib, jo'rtaga yiqilavermaganida, Ahmedov va boshqalar xuddi koreyslardek millat uchun yugurib-elib, kerak bo'lsa o'ligini tashlab o'ynaganda, albatta biz ham hozir ko'krak kerib o'tirgan bo'lardik. Qilar ishni qilib qo'yib, halol yutuq sohiblariga boshqacha qarab, qolaversa, kuchli jamoa — Meksikani panasiga o'tvolib, ”senlardan endi alamimizni olamiz” deyishing nafaqat uyat, balki bu gaping, birovning tahorati bilan namoz o'qish bilan teng-ku? Qolaversa, bu gapni o'zbekchaga tushunadigan koreyslar eshitsa, nima deb o'ylashadi? E, bularning dili boshqa-yu, tili boshqa ekan, degan xayolga borishmaydimi?” dedi alamdan yig'lagudek bo'lib.

“Bir bolaning gapi bilan butun boshli shahar buzilibdi” degan maqolni mag'zini chaqsam-da, davrada ortiq o'tirolmadim. Asabim buzilib, uyga ketib qoldim. Qancha yotsam-da, ko'zimga uyqu kelmadi.

Sharhlovchilarning eng olijanobi, eng kuyunchagi va diyonatlisi Xayrulla Hamidovga bildirilgan salbiy fikrlar bir tomondan qiynasa, ikkinchi tomondan haqiqiy futbol ishqibozlarining, qanchalik achchiq bo'lmasin, haq gaplari yuragimga ninadek sanchilaverdi.
Afsuski, maydonga tushgan futbolchilar millat obro'si uchun jon kuydirib, o'sha 90 minut ichida hamma narsani hal etishmas ekan, ularning tepasiga dunyoning eng mashhur murabbiyni keltirib qo'ygan taqdiringizda ham, jahon chempionatiga olib chiqolmaydi. Yana kunimiz gina-qudratga, kimlarnidir ayblashga, yutgan jamoani go'riga g'isht qalashga va qaysidir jamoani yutishi yoki yutqizishiga qarab qolaveradi. Stadionlar zo'r, oylik esa otning kallasidek, minib yurgan mashinalarini ko'rib hayratdan yoqa ushlaysiz, hukumatni g'amxo'rligini chek chegarasi yo'q. Qaerga borishmasin davrani to'ri shularniki. Shundoq ekan, yana nima qilaylik, yo qo'l etmas joylarini qashib qo'yaylikmi?

Har qanday sportda g'olib va mag'lub tomon bo'ladi. Sport shunisi bilan qiziq. Haqiqatni aytmas ekanmiz, futbolchilarimizning yonini olib, aybini xaspo'slash maqsadida goh hakamni, goh g'olib jamoani qoralashda davom etar ekanmiz, jahon chempionati biz uchun orzu bo'lib qolaveradi.

Bilasiz, ko'chada gap yotmaydi. Gohida odamlardan qaysidir futbolchini solayotgan to'yxonasiga beton plita axtarib yurganini yo bo'lmasa yaqindagina ishga tushgan restoran yoki benzin zapravkasiga yaxshi mutaxassis qidirayotganini eshitib qolamiz. Omadlarini berishsin, mulkdor bo'lish ayb emas. Biroq o'sha kez xayolingdan “O'z manfaatingni salgina chetga surib, hech bo'lmasa shu yugur-yuguringni va jon kuydurishingni millat manfaati uchun, qaysidir jamoani yutishga qaratganingda edi, degan o'y o'tadi.
Bokschimiz Hasanboy Do'stmatovning Qozog'istondagi mag'lubiyatini internetda ko'rib, alamdan birovga bildirmasdan yig'lab ham oldik. Mabodo, Hasanboy yutganda, barcha telekanallar ertadan-kechgacha maqtayverib quloq-miyangni eb tashlar edi. Yutqazganda esa, ular jim. Nega shunday? Telekanallarning bu harakatsizligi ortida foydadan ko'ra ziyoni ko'p emasmi? O'zbek xalqi faqat yutgan sportchini suyib, yutqazganni chetga surdigan xalq emas. Sportchining yutug'i ham, mag'lubiyati ham xalqniki. Shundoq ekan, sportning qaysi turi bo'lmasin, boy berilgan barcha o'yinlar televizorda ro'y-rost ko'rsatilib, chuqur taxlil etilishi kerak. Shunday qilinsa, sportchining omma oldidagi mas'uliyati oshadi. Hohlaysizmi-yo'qmi, uning xayolidan “birinchisi mayli, ammo yana yutqizib qo'ysam nima degan odam bo'laman, qarindosh-urug'ni ko'ziga qanday qarayman?” degan o'zbeklarga xos o'y o'tib, musobaqaga keragidan ortiq tayyorlanadi, kuyib-pishadi, elib-yuguradi, kerak bo'lsa o'ligini tashlab bo'lsa-da g'alaba qozonishga harakat qiladi. Kam joyiga do'st-birodarlari “Bu erda xato qilding, u erda undoq qilishing kerak edi” deb maslahat berishadi.

Esingizdami, bir yili O'zbekiston terma jamoasi darvozaboni ko'p to'p o'tkazib yuborganda, mashhur hofizimiz Orol Mirzo “Mabodo darvozaga men turganimda ham bunchalik ko'p to'p o'tkazmagan bo'lardim” deb afsuslangan edi. Yana bir Suvtilik ishqiboz “Bu terma jamoa emas, aksincha balo, menga qolsa hammasini qishloqqa obkelib, ertadan-kechgacha paxta choptirib, kamiga g'isht quydirardim” degan edi. Orol Mirzo ham, Suvtilik muxlis ham bu gaplarni xursandligidan aytishgani yo'q. Aksincha, achinganidan, alam qilganidan, millatni sevgani va qadrlaganidan aytgan ular. Afsuski, bu gap ham daydi o'qdek nishonga tegib, naf bermadi. Nazarimda, futbolchilarimiz eshitib, eshitmaganga olishdi.

Sharhlovchi ukamiz Xayrulla Hamidovning asl millat fidoyisi ekanini tan olgan holda (axir u ham bekorga kuyunmayapti) e'tiroz bildirayotgan ommani to'g'ri tushunaylik. Sport sharhlovchisini millionlab odam eshitadi. Kerak bo'lsa ular ichida sharhlovchilardan-da teranroq fikrlaydigan, xulosa chiqaradigan, tahlil qiladigan ko'pdan-ko'p aqlli va donishmand yurt fidoyilari turibdi. Sharhlovchilar xolis turishsin, har bir gapiga e'tiborli bo'lishsin. His-hayajonga berilib, bo'lar-bo'lmas gaplarni aytib, qovun tushirib qo'yishmasin. Negaki, O'zbek o'z aybini birovga yuklaydigan, alamini esa zo'rni ortida turib, birovning qo'li bilan oladigan xalq emas. Ne ish bo'lsa, qo'lidan keladi. Kerak bo'lsa, kerak joyda alamini ham o'zi oladi. Gap fidoyilikda, Vladimir Fyodorovdek millat uchun hattoki jonini berishga tayyor yoshlarni tanlay bilishda.

Ushbu maqolam bilan kimningdir ko'nglini og'ritgan bo'lsam, oldindan uzr so'rayman. Bor gapni, ko'rgan va eshitganlarimni yozdim xolos. Oyni esa etak bilan yopib bo'lmaydi…

 

Muhammadjon Soipov

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *