Sanjar Said: Vazir o'rinbosariga qancha havo kerak?

Kecha «Xalq so'zi» muxbiri Maqsud Jonixonov Feysbukdagi sahifasida farzandining ona tili va adabiyot fanidan bilimlar bellashuvida adolatsizlikka uchragani haqida post qoldirgan edi. Post oxirida Maqsud aka xalq ta'limi vazirining yosh o'rinbosari Alisher Sa'dullaevga murojaat qilib, maktablardagi bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalari g'irt ko'zbo'yamachilik, tarafkashlik, «gaplashish», «kelishish» kabi holatlarni bartaraf etishiga umid bildirib, bu masalaga uning o'zi kirishishi, xalq ta'limi vazirining bunga ko'z o'tmasligini ta'kidlaydi.

Ushbu murojaatga javob tariqasida Alisher Sa'dullaev izoh qoldirdi. Har doimgidek umumiy gaplar. Ustiga mutlaqo suv yuqtirmaydigan, xalq dardini o'zining tashvishi deb bilmaydigan, populist yosh siyosatchi o'z uslubiga sodiq qolgan holda umumiy gaplardan iborat munosabat bildirgan. U shunday deydi:

«Bu erda aynan bir shaxsni to'g'ridan-to'g'ri aybdor qilib qo'yish yaramaydi. Albatta, sub'ektiv va ob'ektiv faktorlar bor. Avvalo, bolalarda kurashuvchanlik xarakterini rivojlantirish kerak. Biz ham shu kabi muammo va to'siqlarga duch kelganmiz, ammo doim bilimli va zukko shaxs yutib ketishiga ishonganmiz. Shu hafta ham poytaxtimizdagi bilimlar bellashuvida o'zim ham bosh-qosh bo'ldim. Masalalar etarlicha, ishlashimiz kerak.»

Muhokama-munozaralar davom etib, taniqli pedagog Bahriddin Asror uning so'zlariga e'tiroz bildirdi:

«Umumiy javob beribsiz. Imkon bo'lsa masalani o'rganishga harakat qiling, iltimos. Vaziyat bo'yicha bergan fikringizni maktab psixologi ham ayta oladi».

Bunga javoban vazir o'rinbosari quyidagi mulohazalarni qoldirdi:

«Shu muammoni mening otam va onam ham ko'tarib chiqishgan. Shuni ta'kidlamoqchimanki, hozir va'da berish yoki kimnidir tanqid qilish orqali emas, xalqimizga natija bilan chiqqanim afzalroq. Sizning e'tirozingiz o'rinli, faqat hozir echim ustida ishlayapmiz. Biroz vaqt va havo kerak. Menga ham tanish, yod emas bu holat».

Endi savol tug'iladi: vazir o'rinbosariga ta'lim tizimidagi tanlovlarni shaffof, adolatli va xolis o'tkazish uchun qancha vaqt va qancha havo kerak? Prezident odamlar o'zgarishlarni bugun ko'rmoqchi, ertaga yoki uch yildan keyin emas, deb qayta-qayta takrorlamoqda. Xo'sh, ta'limda haqiqiy o'zgarishlar qachon bo'ladi?

Tizimdagi juda ko'plab tanlovlarda ishtirok etganman, qatnashchilarning kayfiyati, holati, kechinmalarini kuzatganman. Nafaqat o'quvchilar, balki o'qituvchilar o'rtasidagi tanlovlarda ham noxolislar juda ko'p uchraydi. Bular yosh avlodni va yosh kadrlarni bezdirishi, ishonchsizlik, norozilik kayfiyatini uyg'otishi aniq.

Nima qilish kerak?

O'sha eski gap: tizimni radikal ravishda isloh qilish, boshqaruvni liberallashtirish, XTV ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim. Tizimdagi muammolarda bir kishini ayblash noto'g'ri, deydi vazirning yosh o'rinbosari. Ko'p tomondan gapida jon bor. Ammo o'sha bir kishi, ya'ni, deylik xalq ta'limi vaziri o'sha soha uchun asosiy mas'ul va javobgar shaxs emasmi? U rahbarlikka tayinlanayotgan vaqtda Prezidentdan topshiriq va vazifalarni olib chiqmaydimi? So'ngra zimmasidagi vazifalarni bajarishga kirishishi, bu yo'lda to'g'anoq bo'layotgan omillar, byurokratik to'siq va g'ovlar, yillar davomida tizimda ildiz otib, Ostrogojskayaga o'xshagan eski «nahanglarni» ishdan chetlatish bilan shug'ullansa bo'lmaydimi? Menimcha, unday bo'lmaydi. «Kalamushlar»ni oldiga yig'ib, qaerdan qanday «soqqa» qilishni so'raydi, qaerga qancha «tashash», kim bilan nimalarni bo'lishish vahokazolarni o'rganib, mansabni mas'uliyat emas, imkoniyat deb bilib yotib qolguncha otib qol qabilida ishga kirishadi. Aks holda tizimda o'n yillardan buyon saqlanib, tobora zo'rayib borayotgan muammolar allaqachon bartaraf etilar edi.

Hozir esa katta umid va ishonchlar bilan vazir o'rinbosari etib tayinlangan, aksiga olib xalq bilan muloqot qilib kelayotgan Alisher Sa'dullaev tanqid va e'tirozlarga nishon bo'lib qolmoqda. Bilaman, Alisher Sa'dullaevning qo'lidan hech narsa kelmaydi. U dala o'rtasidagi qo'riqchiga o'xshaydi. Nomiga bor xolos. Tizimni isloh qilish, uni zamon talablari darajasiga ko'tarish uchun normativ-huquqiy asoslari, jumladan «Ta'lim to'g'risida»gi o'lik qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, ta'lim dasturlaridan tortib, tizimni o'n yillardan beri kuchini so'rib kelayotgan «kalamushlar»gacha yo'qotish kerak.

Xalq ta'limining asosiy vazifasi har xil akademik bilimlarni bolalar kallasiga majburlab quyish emas, ularni katta hayotga tayyorlash, dunyoqarashi keng, zamon o'zgarishlariga moslashuvchan, ijodkor, erkin fikrlovchi qilib tarbiyalashdan iborat bo'lishi kerak. Bunga esa amaldagi ta'lim standartlari to'sqinlik qiladi. Fanlar, mavzular, bilimlar haddan ziyod ko'p. Agar o'quvchilar bilimi xolis sinovdan o'tkazilsa, asosiysining o'zlashtirish darajasi 30 foizga ham bormaydi. Bunday ishlamaydigan tizim uchun davlat byudjetining uchdan bir qismini sarflash pul va vaqtni havoga sovurishdan boshqa narsa emas!

13 kommentariev

  1. Maksud aka yaxshi yozibdi. Lekin, xtb jurnadistika soxasidachi. Tanish bilishchilik, taka bo'lsin sut bersin deb yuzingga aytadigan redaktorlar xaqida ham aytib o'tish kerakdir balki. Sohani naqadar oqsayotgani ham bor gap shekilli. Jurnalistlar, jumladan, xalq so'zi muxbirlari o'sha korruptsiyaga botib ketgan deb tinim bilmay tosh otayotgan t'lim xodimlaridan sug'irib, joiz bo'lsa to'nab olingan mablag'lar xisobidan maosh oladi. Oynani avval kimga tutish kerakligi to'g'risida gapirmoqchiman xalos

  2. Alisherga maktabda kitob etishmasligini yozib shunaka umumiy javobni olgach tushundim uning kat'iy uzini fikri yukligini, Olimjon degani xam fan va texnologiyalarini poraxurlarini ichida kugirchok xolos

  3. Men xam maktabda o'qituvchiman. 25 yildan beri turli tanlov va konkurslarda faol qatnashib kelaman. Lekin shu paytgacha hali biror joyda ADOLAT yuzaga chiqqanini ko'rmadim! Yil o'qituvchisi, veb-saytlar tanlovi, olimpiada, Zulfiya mukofoti, bilimlar bellashuvi….. Bular hammasi korruptsionerlarning qo'lidaku!!!!!! Hammasini aytavergandan foyda yo'q! Butun boshli sistemani o'zgartirish kerak !

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *