«Ro'molingni ech!» bilan «ishtoningni ech!»ning o'rtasida qanday farq bor edi?

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri xuddi shunday savol beribdi. Albatta, bir qarashda juda ham oddiy savol. Lekin shu birgina savol hozirgi ahvolimizga ko'zgu tutib bergandek go'yo. Aslida musulmon odam uchun bu savollar o'rtasida hech qanday farq yo'q. Ammo kim uchundir or-nomus masalasi ro'moldan, kim uchundir ishtondan boshlanadigan ko'rinadi.

Men quyida Samarqand voqeasining aybdorlari, berilishi zarur bo'lgan jazo va hokazolar haqida aytib o'tirishni ma'qul topmadim. Sababi, bunday aks-sado beruvchi voqea-hodisalar jazosiz qolmasligiga ishonaman. Ayniqsa hozirgi dorulomon zamonda yuzi ko'rinmagan video qahramoni namoyishkorona jazolansa ham, televideniega olib chiqib sazoyi qilinsa ham hayron bo'lmayman.

Jinoyat sodir etildi va u albatta jazolanajak. Lekin hozir e'tiborimni eng ko'p tortayotgan narsa bu – fuqarolarning voqeaga bildirayotgan munosabati va undan olish mumkin bo'lgan xulosalar.

Videolavhani ko'rib fig'oni falakka chiqayotgan yurtdoshlarimizni kuzatar ekansiz, bir tarafdan quvonasiz – axir bu mavzuda hamma bir elkadan bosh chiqardi. Kamdan-kam uchraydigan holat, shunday emasmi? Chunki bu erda gap faqat qonubuzarlik haqida emas, balki ayol kishining, bir ayol timsolida butun millatning or-nomusi haqida ketyapti. “Vostok – delo ton'koe” deganlaridek, biz uchun qonunlarda yozilmagan nomus masalasi juda ham muhimligi hech bir o'zbek xonadoni uchun sir emas.

Biroq odamlar orasidagi ikki xil standard har qanday ziyrak odamni maxzun qilmay qolmasa kerak. O'zingiz ayting, haqiqatan, ishtonni majburlab echtirayotgan militsiya xodimi bilan hijob(ro'molning bo'yin qismi to'sib o'raladigan ko'rinishi)ni majburlab echtirayotgan maktab direktori o'rtasida qanday farq bor? Vaholanki, hijobi echilgan ham shu yurtning farzandi, ishtoni echilgan ham. Ikkisi ham to'laqonli huquqlarga ega bo'lgan fuqarolar. Ikkisi ham ayol, ikkisi ham ona, ikkisi ham shu millatning or-nomusi.

Ammo negadir «hijobim — nomusim» deguvchi ojizalarning boshiga yopishgan qo'l albatta «adolat» qo'lidir!

Emishki, «bilasizmi, hijobning ichida nimalar qilib yurishibdi?». Iyyaya, kechirib qo'ysinlar. Men ham hijobsiz nelar qilib yurganlardan misol keltiray unda?! Mantiqsizlikning eng tuban ko'rinishi qaysi desalar, bexijolat shu qo'shtirnoq ichidagi savolni o'qib bering.

Voqealar rivojidagi eng qiziq nuqtalardan biri boshqa bir militsiya xodimi bergan interv'yu. Vatanimiz posboni aytmishlar: «Bitta militsiya xodimining ishi uchun hamma militsiya xodimlarini ayblash to'g'ri emas!» To'ppa-to'g'ri, militsiyachi aka. Nuqtasiga urdingiz. Birgina xodimning ishi uchun hammani yomonotliq qilish sog'lom aql taqozo qiluvchi haqiqat emas.

Ammmoooo… Nega bitta hijoblik ayolning qilig'i uchun hamma o'rangan ayollarning hijobiga osilamizu, lekin bitta militsiyachi akamizning ishi uchun hamma militsiyachilardan ust-kiyimini echib olmaymiz? Javob oddiy. Chunki, sizning gapingiz rost! Hamma bir kishi uchun javobgar emas.

Aziz yurtdoshim, shu o'rinda yuzingizga achchiq bir haqiqatni aytsam, ko'nglingizga og'ir botmaydimi? Kimki, xoh mutasaddi bo'lsin, xoh oddiy fuqaro, hijobga osilib, u ayoldan «eskilik sarqitini» tashlashni, «dunyoviy-zamonaviy» kiyinib yurishni talab qilgan bo'lsa, siz u taraf bo'ldingiz! Ojizalarning «hijobim — nomusim» deyishiga qaramadingiz. O'zingizga o'xshab kiyinmagani uchun malomat toshini yog'dirdingiz, ko'z yoshlariga sabab bo'ldingiz, uning qonuniy huquqlari haqida eslamadingiz, aksincha yozilmagan qonunlar ortiga berkindingiz va eng achinarlisi u bechora ayollarning kamchilik ekanidan foydalanib, ko'pchilik safida ekaningizni suiiste'mol qildingiz.

Endi esa xuddi shu ishning boshqacha ko'rinishini qilgan militsiya xodimini nomussizlikda ayblamoqdasiz. Qoyil qolmadim. Hammaning o'z «nomus» tushunchasi bor ekan, bo'layotgan voqealardan buni yaxshi tushunib oldik, lekin menga insof bilan aytingchi, o'z oriyatini hijob timsolida ko'ruvchi muslimalarning ana shu videolavhadagi ayolchalik qadri yo'qmi? Bu savolni vijdoningizga berib ko'ring.

Xullasi kalom, mening savollarim tugamaydi. Ba'zi «hushyorlar» meni nimanidir targ'ib qilayotganlikda ayblashga shoshilmasinlar. Bu fikrlarim mendek mustaqillik farzandi ko'cha-ko'yda hargiz ko'rib ulg'aygan «ogohlik – davr talabi

» shiorining mahsuli, xolos. Sizning qizingiz, singlingiz yoxud onangiz el qatori umrguzaronlik qilib yurgan quvonchli pallada yurtimizning qaysidir burchaklarida ayollar mana shunday ko'ylarga solinayotir. Ogoh bo'ling.

Hurmat bilan,
Mustaqil demokratik O'zbekistonda boshidagi ikki parcha ro'moli uchun ko'p nohaqliklar ko'rgan ojizaning akasi.

Javohir Izzatullaev

3 kommentariya

  1. maqoladagi maktab direktorini o'qib beixtiyor Toshkent shaxri Almazor tumani 298-maktab direktori Toshxo'jaeva Nargiza kimsa xayolimga keldi , U xam xijobli o'qituvchi ayollarni va ayniqsa o'quvchi qizlarimizni boshidagi ro'moliga xujum qilib , shaytonga malayli qilishdan ish boshladi , avval boshqa maktabda direktor bo'lib ishlagan ekan u maktabda xam asosiy ishi xijobdagilar bilan kurashish bo'lgan ekan eshtidik . kanikul tugab o'qish boshlansa , zora shu kabi maqolalardan o'ziga xulosa chiqarib , shaytonga emas Ollohga qo'llik qilib ish boshlasa,,,

  2. Yurtimizda insonlarni xokimlar, militsiyalar va boshqa amaldorlar tarafidan tinmay taxqirlanishiga birinchi o'rinda senatorlarni, ikkinchi o'rinda prokuraturani uchinchi o'rinda vazirlar va ularning o'rinbosarlarini aybdor deb xisoblashimiz kerak. Isbotlayman: Xalq vakili bo'lgan senator va deputatlar faqat o'zini tinchligi bilan manfaatini o'ylab ish yuritishadi. Prokuratura mansabdor shaxslarning xaqoratli majlislarida bevosita ishtirok etib, beparvolik qilishadi. Vazir va ularning o'rinbosarlari esa selektor majlislarida xokimlarga topshirik berayotib; «Nima qilib bo'lsa xam bajarishasan xamma imkoniyatingni ishga solishasan, men baxonanglarni bilmayman» deb zulmga yo'l ochib berishadi. Albatta xokimlar bunday topshirikdan so'ng juda quturib ketishadi. UNDAN XAM DAXShATLISI, BIZ Do'STIMIZNI, XAMKASBIMIZNI, QARINDOShIMIZNI, QUShNIMIZNI ShA'NINI XIMOYa QILIShGA ASLO QUShILMAYMIZ. MANA ShU BIZNING OFATIMIZ!

  3. maqoladagi maktab direktorini o'qib beixtiyor Toshkent shaxri Almazor tumani 298-maktab direktori Toshxo'jaeva Nargiza ismli kimsa xayolimga keldi , U xam xijobli o'qituvchi ayollarni va ayniqsa o'quvchi qizlarimizni boshidagi ro'moliga xujum qilib , shaytonga malayli qilishdan ish boshladi , avval boshqa maktabda direktor bo'lib ishlagan ekan u maktabda xam asosiy ishi xijobdagilar bilan kurashish bo'lgan ekan eshtidik . kanikul tugab o'qish boshlansa , zora shu kabi maqolalardan o'ziga xulosa chiqarib , shaytonga emas Ollohga qo'llik qilib ish boshlasa,,,

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *