«Qizil kitob»

Xizmat yuzasidan kecha bir do'konga kirdim. Turnaqator navbatdan toqatsizlanib zerikib turgandim, do'kon peshtoqidan teparoqdagi televizorga ko'zim tushib qoldi: «Yoshlar» kanalida yoshlar ko'rmaydigan onlayn tok-shou bo'lyapti (To'qlarning shousi bo'lsa kerak aslida bu).

Yoshgina jurnalist ayol muhokama uchun tanlagan «Erta homiladorlik va bolani qarovsiz tashlab ketish» mavzusida hammaga yuzlanib savol beryapti. Zalda o'tirganlarning aksar qismi ayollar, qizlar, kollej, institut talabachalari va bir ikkita majburan olib kelingan talaba yigitlar va hokazo.

Xullas, savol ketdi:
– Mana bugungi kunga kelib, yosh qizlarimiz orasida erta homiladorlik avj olgan, bu hammasi ilmsizlikdanmi, tarbiyasizlikdanmi, oiladagi, muhitdanmi yoki yigitlardagi mas'uliyatsizlikdanmi? Nima deb o'ylaysizlar, – dedi.

Shunda zalda o'tirgan qorako'z qizlar (deyarli ko'pchiligi qizChAlar edi, uzr) xuddi maktabda ustoziga javob berishga shaylangan o'quvchidek, qo'llarini ko'tarishga tushib ketishdi-ey. Bir qiz shartta mikrofonni olib:
– Aslida hammasiga hamma bolalar, yigitlar aybdor. Avval qizlarni buzishadi, keyin yolg'on va'dalarga ko'mib, tashlab ketishadi, – desa bo'ladimi?!

«Xalq ko'ryapti-ku, ota-onam kuzatishyapti-ku, tanishlar ham balki ko'rayotgandir», demadi. Hullas Hojiboy aytgandek shartta-shartta aytib, sharmandalikdan ham qo'rqmadi.

Fig'onim falakka otilib ketayozdi bu gaplardan keyin, sal qolsa. Bolalarning aybi nima edi o'zi? Hozirgi yigitlar ham «Ochib qo'yibdi-yu, ana» deb qizlar bilan har qanday ishni qilmaydi-ku. «Sal bet ham kerakmikan bu qizga?» – deb qoldim.

Shu studiyada o'tirgan bir imom «bratan» ham bor ekanlar. Ulardan tayinli fikr chiqarmikan, desam, ular ham hadislarni dastmoya qilib oz-moz rivoyatlar keltirib, ochig'i konkret «Mana bunday, ana shunday, oq-oq, qora-qoradir», degan fikrni o'rtaga tashlay olmadilar. Tushunmadim, qo'rqdilarmi, iymalandilarmi qizlarga «Sizlar o'zlaringizni ozgina isloh qilinglar. Ketingizni yopib yuring», deyolmadilar. «Erkin so'zlab, joyiga o'tqazib, boshqa fikr bildirib, bidirlamaydigan qilib qo'ymaysizmi bularni, domla» degim keldi-yu, qarasam televizorga gapirganning foydasi yo'q ekan, baribir. Studiyadagi bu qizlar, kerak bo'lsa bu akaga dars berishi mumkin ekan bu mavzuda. Ishanavering.

Anavi, qolgan talaba yigitlar haqida gapirmadim. Ular menga ko'lmak oldidagi sokin, beg'am pashshani kutayotgan baqani esga solib yubordi. Uyatsizlar!!!

Hali yigirmaning nari-berisidagi qizlardan shunday fikrlar urchimoqda ediki, asti qo'yaverasiz. Bir-biridan dono, qosh-ko'zini bejab, labini bo'yab olgan shunchalik fazilat egalaridan hattoki bittasi ham «Bizda ham zig'ircha bo'lsa-da, ayb bor», demadi. Balki degandir, lekin eshitolmadim-da, shu joyini. Bir qizchaga gap tekkanda pinagini ham buzmay: «O'qishim sababli bunday narsalarga vaqtim yo'q. Agar shunday vaziyatga tushsam, balki, bolamni qarovsiz tashlab ketmasdim», deydi. Bir psixolog opa: «Bunday bolasini tashlab ketganlarni sazoyi qilish kerak», desa, yana bir aqlli «Ularning boshini silab ovutish kerak», deydi. G'irt absurd bu gaplar. «P.K» filmidagi har dinga e'tiqod qilib, pultini topolmagan qaxramonning monologi ko'z oldimga kelib-ketdi bu gaplardan.

Boshini silarmish. Bu ishni qilgan qiz ertaga yana shunday qilmasligiga kim kafil bo'la olardi. Yaxshiyam o'qirkansiz, xonim. Bo'lmasa, bu gapirgan gapingizga javob berolmay qolardingiz…

Turli savollarga cho'mib turgandim, yonimga qarasam, sal nariroqda bir qiz ham shu tomoshani kuzatayotan ekan. Shartta undan:

– Singlim, shularning aytgan gapiga nima deysiz. Bu vaziyatda aslida kim aybdor? – desam.
– To'g'risini aytsam, hammasiga o'sha yomon yo'lga kirishga tayyor qizlar aybdor va bu aniq haqiqat. Birinchidan, hozir ko'p qizlarning tarbiyasi buzilib bo'lgan. Ikkinchidan, ko'pi dindan bexabar. Uchinchidan, shu darajaga olib kelib, homilador bo'lishiga ham faqat va faqat o'zi sababchi. Ota-ona va yigitlar bunga aybdor emas. Istagan bola agar tanishaman desa, likkilamasdan «Uzr, Allohdan hayo qiling», desa olam guliston-ku, – deydi boyagi qiz.

Bama'ni fikrlaridan so'ng qiziqib:
– Singlim, necha yoshsiz? – deb so'radim.
– O'n to'qqizda, – dedi bu so'rovimdan sal xijolat tortibmi yoki jiddiy qiyofamdan qo'rqibmi.
– Tarbiya bergan ota-onangizga ming rahmat, – dedim-u, do'kondan chiqib o'z yo'limga ravona bo'ldim-qoldim.

To'g'ri, u qiz o'ranmagan, yoki ko'rinishidan juda e'tiqodlidek emasdir. Aslida qandayligi bilan ishim ham yo'q. Ammo uning fikri menga yoqdi. Demak bu borada to'g'ri fikrdagi qizlar hali «Qizil kitob»ga kirib ketmagan ekan.

© Bekhruz Alimdjanov

2 kommentariya

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *