Qirq yoshlilar (18+) (ayollar ham o'qimasin)

O'rtoqlar, oxirgi yillarda o'tirib qolish hayot tarzi (sidyachiy obraz jizni) turmushimizga singyapti. Yo'q, o'tirib qolgan qizlarni emas, erkaklarni nazarda tutyapman. Ertalab yuguruvchilar soni kamayib ketyapti. Tushuning, siz ertalab yugurar ekansiz tanangizda, xususan, belingizda qon yaxshi aylanadi, saharlab uyg'ongan kuchuklardan emas, kasallikdan qochasiz.

…Vaziyat taqozosi bilan qirq yoshli akalarning davrasiga tushib qoldim. Gapdan gap chiqib soqoliga oq oralagan birovi:

— Bozorning chetida baliq tutadigan qarmoq olayotganimda, boshyalang bir ayol yonimga kelib, “akajon, dorilardan bor, olasizmi?” deb shivirladi. “Dori chekmayman”, desam, “voy, unaqa dorimas” deb kuladi. Har xili bor ekan – o'zi to'rtburchak, shakli shilpildoqqa o'xshagan, ko'k, jigarrang, nosrang, yaltiroq, pildiroq..

Hamma unga baqrayib qaradi.
— Oldingmi?
— E, jinnimisan?..
— Olgansa-a-an.
Yana biri:
— Otiyam nima-gra edi, shekilli, birov aytovdi-da, — deb ming'irlagancha ko'zini pirpiratdi.

Gapni boshqasi ilib ketdi:
— Ichib ko'rganlarni aytishicha, boshni qizitarkan. Foydasi yo'q, tabiiysiga nima etsin.

Unga bilimdonlik bilan boshqasi e'tiroz bildirdi:
— Qizitmaydi, arzoniga uchmasin, tanishingga aytib qo'y.
— Sen qaerdan bilasan, ichib ko'rganmisan?
— Ichmasam, ham bilaman. Rossiyada ishlaganimda o'ris o'rtoqlarim hammasi ichardi. Sal taxir bo'lar ekan. Ularning motori stuk bergani uchun hammasi bizga havas qiladi. Aziat – goryachaya krov!

Ulfatlarning ko'zoynak taqqani sipolik bilan gapga aralashdi:
— Turgan-bitgani ziyon, ximikat. Yurakka nagruzka beradi. Bosh og'riydi. O'rganib qolsang, xotininggayam, o'zinggayam qiyin bo'ladi. Ota-bobolarimiz ot mingan, otning foydasi katta. Bo'sh qoldingmi – ot min. Vot, tabiiy vosita senga.

— Xi-xi-xi, eshak ham mingan, — deb luqma tashladilar unga.
Ko'zoynakli saboq berishda davom etdi.

— Ammo hozirgi do'xtirlar ekologik sharoitdan kelib chiqib, qirq besh yoshga etganingda ayoling bilan orangda muammolar yuzaga kelsa, ichaver deyapti. Ammo buni o'z shartlari bor. Birvarakayiga bittadan ortiq tabletka ichmaysan. Nomining oxiri “–gra” bilan tugagan bo'lishi shart. Masalan, “Tsiklon” dorisi ziyon. Paddelkalaridan ehtiyot bo'lasan. Kechasi bilan bo'kib aroq ichding nima, tsiklon ichding nima – ertalab boshing g'um-g'um og'riydi. Mashina haydashni-ku o'ylab o'tirma.

Hamma “Ming bir kecha”dan qissa tinglayotgandek ko'zini lo'q qilib, nafas chiqarmay uni tinglardi. Sersavol ulfatlarning biri:
— Orifjon, oramizda o'qiganlarimizdan birisan. Ellikka kirganimizda ichsak bo'laveradimi?- deb so'radi.

— Bo'ladi. Problemang bo'lsa, hozir ham ichaver.
— Oldin sen ichib ko'rsatib ber.
— Men sog'lomman. Problemam yo'q, ichishga ehtiyojim ham yo'q. Dorixonadan so'ragani ham uyalaman. Sotuvchi ayollar orqangdan miyig'ida kulib qo'yadi, bilasanmi shuni? — dedi achchiqlanib.
— Bo'lmasa, qanday qilib olsa bo'ladi, maslahat ber, axir.
— O'rtog'imga kerak, deb olasan. Dorixonada o'zingni boshqa dori olish uchun kirgandek tutasan, chiqib ketayotganda, xuddi to'satdan ko'zing tushib qolgandek, “ie, manovi dorini bitta og'aynim so'ragan edi”, deb olasan-qo'yasan.
— Ha, sen buni qaerdan bilasan?
— Gazetada o'qiganman, o'rischa, inglizchani bilaman-ku.
— Keyinchi, keyin, uyga borganingda?
— Yarim soat oldin suv bilan ichib olib, keyin…

Suhbat eng qiziq joyiga etganda kech qolgan bittasi kirib keldi. “Qo'zg'almanglar, ko'rishganimiz — so'rashganimiz”, degancha joyiga o'tirarkan, suhbatni davom ettirishga ishora qildi. U androlog ekan. Birpas eshitib o'tirib, so'ng gapga aralashdi:

— Mijozlarimdan biri qabulimga kirib, eshikni zichlab yopdi. Ovozini pasaytirib, uyalgancha, “Do'xtir, bir do'stimni…”, deb gap boshlagandi, gapini kesib, “qani, shimingizni tushiring, oldin do'stingizni tekshiraylik”, dedim.

Shunda hamma birdaniga gurillab kulib yubordi. Ayniqsa, “dori” mavzuida qizg'in suhbat qurganlar erga qarab hiyq-hiyq, deya miriqib kuldi.

 

Buyog'ini endi o'zingiz tushundingiz. Aytgandim-ku.

Shukurjon Islomov

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *