Qashshoq ko'paysa, mashshoq ko'payadi…

Ko'rsatuvda matematik boladan raqqos ustun qo'yilgani katta shov-shuv bo'ldi. Odamlar ajablandi, norozi bo'ldi.

Men esa o'sha ajablangan odamlardan ajablanaman. Nega? Chunki, bu ko'rsatuv bizga ko'zgu bo'ldi, aksimizni o'zimizga ko'rsatdi. Odamlar o'zlarining qandayligini ko'rib ajablanishmoqda. Axir, bu bizning haqiqiy yuzimiz-ku! Siz norozi bo'lganingiz tilda xolos, amalingiz rozi ekanligingizni ko'rsatib turibdi. Bolangizning ilmi uchun sarf qiladigan pulingiz artistlarga sarf etadigan pulingizdan bir necha barobar ko'p! To'y uchun 10-20-30 ming dollar ishlatganlarni eshitdim, farzandining ta'limi uchun maktabdan tashqari ming-ikki ming dollar ishlatgan oilalarni eshitmadim. (Bor bo'lsa kerak, lekin anqoning urug'idek kam bo'lgani uchun men eshitmadim.)

Kontrakt narxi balandligidan noligan odamlarning nechtasini ko'rdim, ammo artistlarning qimmatligidan noligan odamlarni umuman ko'rmadim, eshitmadim.

Atrofga qarang, hamma tomonda artistlar: televizorda, radioda, gazetada, to'yda, kelin-salomda, reklamada, hakamlikda (jyuri), tadbirlarda… Maslahat beradiganlar ham, muhokama qiladiganlar ham, kiyinishni, hattoki ovqat pishirishni o'rgatadiganlar ham artistlar… Nega? Chunki bizga ana o'shalar kerak, shularning hayoti bizga qiziq, kiyinishi qiziq, ochilib qolgan joyi qiziq, fikri qiziq, ishi qiziq, hattoki shularning «iti» (kuchugi) qiziq. Artistlarni nomma-nom bilamiz, olimlarimizni, ixtirochilarimizni bilmaymiz, tanimaymiz. Sherali Jo'raevni bilmaydigan o'zbek bormi? Bor bo'lishi mumkin, u ham bo'lsa endi tug'ilgan chaqaloq – erta-indin u ham tanib oladi. Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov, Tamaraxonimlarni bilamiz. O'sha davrda o'tgan akademiklarimizni bilmaymiz. Olimlar bilan ularni solishtirishning o'zi xato, lekin, yuzimizni ochib berish uchun aytdim. (Yuqorida nomi keltirilgan odamlarga shaxsiy adovatim yo'q, ularning obro'sini to'kmoqchi ham emasman, yomon iboralarni ham ishlatmadim).

Chetdan katta-katta televizorlar ko'tarib kelayotganlarni ko'rdim, kitob ko'tarib kelayotganlarni ko'rmadim. Vaholanki, matematikaga oid (va shunga o'xshagan) kitoblar ularda ham ko'proq, ham arzonroq, ham sifatliroq. Bizga raqqoslarni, artistlarni ko'rish uchun televizor kerak, o'qiish uchun kitob kerak emas. Televizor, radio, gazeta, Internet nashriyotlarimiz artistlarning hayotini yoritadi, ularni ibrat qilib ko'rsatadi. Agar Stiv Jobs yoki Ilon Mask bizdan chiqqanida edi, ular dunyoga tanilmay o'tib ketishardi. «Mabodo, adashib chiqib qolishsa», demoqchi edim.

Shuning uchun ajablanmanglar, do'stlar. Bu bizning haqiqiy yuzimiz, bizga raqqoslar kerak, matematiklar emas!

Bekzod Ahmadali

22 kommentariya

  1. Korsatuv ijodkorlariyu hakamlari saviyasiz odamlar ular birovga baho bergandan kora uyidagi polojeniyani togrilasin qiziga ahloq tarbiya bersin zar qadrini zargar biladi bular kimning qizi raqoosayu ogli qaysi mashshoqni uslitelchisi ekanligini muhokama qiladigan odamlar.Matematikaga bahoni Al Horazmiy va Beruniy bobomlar berib ketib bolishgan bular orqasidagi bir narsasini artsin..

  2. Yashang odam shunday ogrikli nuktani ommaga xavola kilayabsiz, ba'zilar netda kurinish kilaman deb bular bulmas rasmlardi olib chikadi. Albatda kutargan masalasi makola egasini kanakaligini bildiradi.

  3. Bu ko’rsatuv «ijodkorlari» xammasida na saviya va na madaniyat bor. Bir sonini ko’rgandim matematik bola xisob kitob qilayotganda ikkala boshlovchi bir nimalar deb bir birini go’yoki xazil tariqasida ermak qilib bolaga xisoblashga xalaqit berishgandi. Ularni nazdida bu «neobichniy stil» bo’lsa kerak

Izoh yozish mumkin emas!