Prezident Farmoni nega ijro etilmayapdi?

2017 yil 5 iyuldagi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O'zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo'llab-quvvatlash to'g'risida»gi  Farmoni shubhasiz yoshlarga oid davlat siyosatini  takomillashtirish borasidagi oldinga tashlangan eng muhim qadamlardan biri bo'ldi.

Ushbu Farmonda yoshlar o'rtasida ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish, ularni tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga qulay imkoniyat yaratib berish, qo'llab quvvatlash  maqsadida ikki oy ichida tuman markazlari va shaharlarida  Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etish nazarda tutilgan edi.

Klaster nega yo'q? Aybdor aniq yoshlar ittifoqi emas!

Biroq Prezidentning ushbu 5106- sonli farmoni  qabul qilinganiga  8 oy bo'ldi hamki ,  lekin respublikamizning biron joyida yoshlarning tadbirkorlik klasterlarini tashkil qilish yuzasidan  aniq chora tadbirlar ishlab chiqilganligi, yoki ishlab chiqilayotgani xususida  na  davlat organlaridan,  na  yoshlar ittifoqidan jo'yali  ma'lumot olib bo'lmadi.

Holbuki  ushbu Farmonni  18 bandini ijrosini ta'minlash maqsadida  O'zbekiston Respublikasi  Vazirlar Mahkamasi  tomonidan  “Yoshlar  tadbirkorlik klasterlarini tashkil etishga doir tashkiliy  chora tadbirlar to'g'risidagi” qarori  kechikib bo'lsada,  aniqrog'i 2017 yil 16 oktyabrda qabul qildi. Mazkur  qarorga muvofiq respublika tuman markazlari va shaharlarida yuridik shaxs tashkil etmasdan yoshlar tadbirkorlik klasterlarini  tashkil etishning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi “Yoshlar tadbirkorlik klasterlari to'g'risidagi nizom” tasdiqlandi,  hamda klasterlar  faoliyatini boshqarish funktsiyalari O'zbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shaharlar kengashlariga yuklatildi.  Biroq  ushbu qaror asosida yoshlar ittifoqining tuman va shahar kengashlari o'zlari har qancha istagan taqdirda ham tadbirkorlik klasterlarini tashkil qilish imkoniyatiga ega emaslar. Shu boisdan ham yosh tadbirkorlik klasterlarini  yo'qligi uchun ittifoqchilarni ayblash istagimiz yo'q!  

 

Prezident Farmoni va VM qarorini bekor qilgan farmoyish

 

Chunki Vazirlar Mahkamasining  “Yoshlar  tadbirkorlik klasterlarini tashkil etishga doir tashkiliy  chora tadbirlar to'g'risidagi” 834-sonli qarorining uchinchi bandida  O'zbekiston yoshlar ittifoqiga  “Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda klasterlarni o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining bo'sh turgan va O'zbekiston yoshlar ittifoqiga bepul beriladigan binolariga joylashtirsin” deya ko'rsatma berilgan.  Xuddi shuningdek   O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 5106-sonli  Farmonining 12-bandida ham  “respublikaning barcha tuman va shaharlarida sinov tariqasida 11 yillik majburiy o'rta ta'lim tizimining joriy etilishi munosabati bilan bo'shaydigan kollejlarni O'zbekiston yoshlar ittifoqining tegishli kengashlari ixtiyoriga beg'araz o'tkazish” nazarda tutilgan edi.

Amalda esa O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 oktyabrdagi “Bino va inshootlariga O'zbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashilari tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladigan o'rta maxsus, kasb hunar muassasalari haqida”gi  1214- sonli farmoyishida esa   kollejlarning binosi faqat tekin foydalanish huquqi asosida berilishi belgilandi.  Mening nazarimda ushbu farmoyish Prezidentning 5106-sonli  Farmoniga va Vazirlar Mahkamasining 834-sonli qaroriga nafaqat zid, balki balki ularni o'ziga xos tarzda inkor ham qiladi.  Vaholanki, Vazirlar Mahkamasi  tomonidan  “Yoshlar  tadbirkorlik klasterlarini tashkil etishga doir tashkiliy  chora tadbirlar to'g'risidagi” qaroriga binoan tasdiqlangan   “Yoshlar tadbirkorlik klasterlari to'g'risidagi Nizom”ning to'rtinchi bandida ko'rsatilganday “O'zbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shahar kengashlari klaster faoliyat ko'rsatadigan davrda klasterlarni tezkor boshqarish huquqi asosida joylashtirish uchun belgilangan tartibda taqdim etilgan mulkka egalik qilish, undan foydalanish va ijaraga berish huquqiga”  ega bo'lishi mumkin. Ammo yuqorida ko'rsatilgan farmoyishga ko'ra yoshlar ittifoqining tuman kengashlari o'zlariga  ajratilgan kollejlarning bino va inshootlarini va er maydonini tasarruf qilish huquqiga ega emas. Hozirda ajablanalarli, yanada aniqroq aytsak absurd holat paydo bo'ldi.  Yoshlar ittifiqining tuman kengashlari  o'zlariga ajratilgan  kollej binolarda omonat o'tirgan bo'lsa, ular qanday qilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo'lgan yoshlarga ishlab chiqarish maydonini to'lovsiz ijaraga berishi mumkin.  Vazirlar Mahkamasidagi mutasaddilar, deputatlar nahotki ushbu absurd,  hech qanday mantiqqa to'g'ri kelmaydigan holatni payqamayapdilar.

              Bir biriga umuman zid bo'lgan Farmon, Qaror va Farmoyishni  kimdir aniq ravshan tushuntirib bera oladimi? Men ushbu savolni yoshlar ittifoqining mutasaddilariga bersam faqat elka qisib, “biz nima ham qala olamiz” deydilar, xalos!   Men ularni ayblamoqchi emasman, ammo yoshlarimizni manfaatlari himoya qilish Yoshlar Ittifoqining eng muhim vazifalaridan biri emasmi? Men taajubdaman !

Tadbirkorlik klasterini o'zgacha tushunadiganlar

Bundan tashqari yoshlar ittifoqining tuman kengashlari “Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga klasterlardan tashqarida tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish hamda yanada rivojlantirish uchun er uchastkalari ro'yxatini shakllantirish bo'yicha buyurtmanomalar taqdim etish”i  “Yoshlar tadbirkorlik klasterlari to'g'risidagi Nizom”ning oltinchi  bandida  ko'rsatilgan. Biroq  hali asosiy klasterning  o'zi yo'q bo'lsa,  yoshlar ittifoqi qo'shimcha  er uchastkalari va bo'sh turgan davlatga tegishli binolarni yosh tadbirkorlarga so'rab chiqishi menimcha bu umuman fantastika. Yaqinda yoshlar itifoqining bir tuman kengashini raisiga yoshlarning tadbirkorlik klasterlarini tashkil qilish uchun tumanda nima ishlar qilinyapdi, degan  savol murojaat qilsak, kengash raisi bizga tashkil qilinadigan to'garaklar haqida ma'lumot berayotganini juda ham  tashvishli holat. Bu holat yoshlar ittifoqidagi ayrim xodimlar o'z tashkilotining faoliyatini tartibga soluvchi me'yoriy hujjatlar bilan umuman tanish emasligini yoqqol ko'rsatadi.   Menimcha shu boisdan ham yoshlar ittifoqining bironta ma'sul xodimi tegishli idora va tashkilotlarning oldiga yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng ko'lamda  jalb etish va ularni rag'batlantirishda muhim vazifani bajarishi rejalashtirilgan klasterlarni tashkil qilish xususidagi mujmalliklar masalasini ko'ndalang qilib qo'ygani yo'q. Qo'ymaydi ham, negaki yoshlar ittifoqi shu paytgacha o'z faoliyatida  faqat maktablar  bilan cheklanib qolayotganini o'ta achinarli ahvol.   Yoshlar ittifoqi  nazarida balkim,  yoshlar orasidagi ishsizlik muammosi,  tadbirkorlikka yoshlarni jalb qilish masalasi quruq gaplardan iborat majlislarda chiroyli qilib rasmga tushib o'zlarini ko'z ko'z qilsa, go'yoki o'z o'zidan echimi topiladiganday.

 

Yoshlar tadbirkorlik klasterini tashkil qilishga kim qarshi?

 

Xaqiqatdan ham Yoshlar tadbirkorlik klasterini tashkil qilishga kim qarshi? Nega Prezident Farmoni ijrosini ta'minlash uchun ma'sul mutasaddilar, odatda Prezidentning nutqlaridan keyin «ko'zi ochiladigan» deputatlar nega jim? Har bir masala uchun Prezident to'xtalmaguncha ish bitmasa, muammo o'rganilmasa ular nimaga kerak? Ishonavering mabodo ertaga Prezidentimiz Yoshlar klasteri masalasiga yana bir bor to'xtalsalar bormi, kazo kazolar, jurnalistlar buniyam kompaniyabozlikka aylantirib yuborib, og'izlarini to'ldirib gapira boshlaydilar! Bugun esa jim! Xuddi bu muammoni ko'tarsalar mansabidan ayriladigandek, xayf sizlarga !

Juda ko'plab yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish imkoniyatini beruvchi loyiha tug'ilmasdan o'limga mahkum etilishiga barcha tamoshabin. Sal o'tmasdan bu loyiha unut bo'lib yana boshqa  loyiha ishlab chiqilsa ajab emas!

 

Nima qilish kerak?

 

Birinchi Prezidentimiz tamonidan olg'a surilgan va xech kim inkor etolmaydigan “avval iqtisod, keyin siyosat” degan tamoyil bor.  Bu tamoyildan kelib chiqsak, agar yoshlarimizga   zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratilsa, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish va ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, tashabbuslarini rag'batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro'yobga chiqarishiga ko'maklashishni real ishlaydigan  tizimli mexanizmini shakllantirsak — eng katta muammo  yoshlarni bandligini ta'minlashga zamin yaratiladi. Moddiy jihatdan ta'minlangan yoshlarimiz  jinoyat yo'llariga kirib ketmaydilar, ularda  o'z bilim va tafakkurini oshirish uchun kitob o'qishga,  o'z malakasini va tajribasini oshirish uchun  o'z ustida ishlashga imkoniyat paydo bo'ladi. Tan olish kerak qornini to'ydirish muammosi bor odam, tirikchilik ilinjidagi yugur yugurlardan bo'shamasligi bu isbot talab qilmaydigan aksiomaning o'zi!  Nahotki buni Yoshlar ittifoqidagi mutasaddilar, joylardagi hokimlar tushunishi shu qadar qiyin bo'lsa.

Qolaversa hozirgi kunda yoshlar ittifoqining tuman kengashlari joylashtirilgan kollejlarda yoshlar ittifoqidan tashqari deyarli barcha tumanlarda maktabgacha ta'lim muassasalarining tuman bo'limlari joylashtirildi. Ayrim tumanlarda esa kollej yotoqxonasi o'rnida bolalar bog'chalari tashkil etish rejalashtirilganidan ham xabar topdik. Ustiga ustak  ushbu binolarda  haligacha kollej o'quvchilari ham o'qimoqda.  Bu ketishda asta sekinlik bilan jimgina kimlardir tugatilishi rejalashtirilgan kollejlarning hududlarida shaxsiy kottejlar qurishni boshlasa ham ajablanmaymiz!

Menimcha zudlik bilan joylarda yoshlar ittifoqining tuman, shahar kengashlariga ajratilgan kollejlarni barcha bino va inshootlarini, er maydonlarini to'liq tasarruf qilish huquqini berib Prezident Farmonini bajarish kerak .  Bu kollejlar bazasida yoshlarimizning madaniy va biznes markazini tashkil qilish maqsadga muvofiq.

Endi o'zingiz o'ylab ko'ring, agarda har bir tumanda bitta kollejni tuman yoshlar ittifoqiga to'la tasarruf etish huquqi bilan berilsa,    ushbu kollejning bino va inshootlarida, shuningdek hududida  “Yoshlar tadbirkorlik klasterlari to'g'risidagi Nizom”ida ko'rsatilgan har bir tadbirkorlik faoliyatini boshlashni istagan yoshlarimizga 50  kvadrat  metr ishlab chiqarish maydoni bepul ijaraga berilsa, bizning hisob kitoblarimizga ko'ra  kamida 800- 1000 nafar yoshlarimiz doimiy ish o'rniga ega bo'lishlari mumkin.

Agar qabul qilinayotgan qarorlar va Farmonlar amalda ijro etilmasa, u  bir chaqaga qimmat oddiy qog'oz parchasi bo'lib qolaveradi. Shu boisdan yoshlar ittifoqi yoshlarimizning manfaatiga xizmat qiluvchi qonuniy hujjatlarning ijrosini ta'minlash uchun jonbozlik ko'rsatishi, yoshlarimizning manfaati himoya qilish uchun kurashishi lozim.  Buning uchun samarasiz,  balandparvoz tadbirlardan, majlisbozlikdan  voz kechib, amaliy ishlar qilishga, yoshlarimiz  manfaatlarini va huquqlarini himoya qilishga asosiy e'tibor qaratilsa yaxshi bo'lardi.

Prezident farmonini ijrosini ta'minlash uchun deputatlar, joylardagi hokimiyat vakillari, prokuratura organlari ham sal ko'zlarini ochib, haybarakallachilikka chek qo'yib,  yoshlarning muammolari bilan hisobot uchun emas, ularni  bartaraf etish uchun tanishsalar, tadbirkorlikka endi qadam qo'yayotgan yoshlarni og'izdagina emas, amalda ham qo'llab quvvatlashsa, ishonavering ko'zlangan maqsadga – mamlakatimizning iqtisodiy  qudratli davlatlar safiga qo'shilishiga erishamiz, yoshlarimizning  qodirligini ularning yonib turgan ko'zlari  ko'rsatib turibdi!

 

Davlatnazar Ro'zmetov