«Palov-turizm» sistemasi haqida ikki og'iz yohud Dubayda ham palov pishirishganmidi?

Bir muddat oldin milliy taomimiz — palov tayyorlanish miqdori bo'yicha ginnes rekordlar kitobiga kirdi. Buni kimdir xayrihohlik bilan qarshi olgan bo'lsa yana ayrimlar ayovsiz tanqid qilishdi. Mana oradan bir necha oy o'tib yana bir guruh oshpazlar, rahmatli Xojiboy Tojiboev ta'biri bilan aytganda, «qo'shnisidan past emasligini ko'rsatish uchun uning uyidan uyini ikki qarich baland qilib, ustiga oq bayroq ilib» qo'yishga harakat qilishni boshlashdi. Ular endi «yangi marralarni» zabt etib, 9 tonna palov bilan tarixga kirmoqchi bo'lib turishibdi. O'tgan galgi rekord vaqtida uni qo'llab quvvatlovchilarning asosiy dastagi bir gap bo'ldi: «Bu rekord O'zbekiston nomini dunyoga tanitadi, natijda yurtimizga turistlar oqimi ko'payadi.» Bir qarashda mantiqli fikrga o'xshab tuyuladi. Rostan ham shundaymi?

Shu rekord xaqida ba'zi bir Rossiya kanallariyu, veb-saytlaridan tashqari boshqa biror nufuzli gazeta yoki kanal yozgani, xabar bergani xaqida eshitmadim. Undan tashqari o'sha rekorddan keyin o'tgan vaqt ichida yurtimizga tashrif buyurgan turistlar sonining sezilarli ortgani xaqida xam biror joyda
gapirilmadi. Demak, natija kutilganidek sezilarli bo'lmagan.

Shu o'rinda bir ikki muloxazalarimni bildirib ketsam: bir necha yildan beri chetda yashayotgan inson sifatida aytishim mumkinki, dunyoning turli burchagidan kelgan insonlar Afrikaning Chad, Niger, Eritrea yoki shunga o'xshash mayda davlatlaridan xabardor bo'lishi mumkin, lekin ming afsuski, bizga «qaerliksan?» deb savol bergan
xorijlikka har safar uzundan uzoq tushuntirishga majbur bo'lamiz. Sababi, bizning mamlakatimiz xaqida ko'pchilik hattoki eshitmagan ham. Shunday ekan 7 milliarddan oshiq dunyo axolisining yarmidan ko'prog'i hattoki nomini ham
bilmaydigan davlatni tanitish uchun birgina rekord
palovning o'zi kamlik qiladi, chamamda.

Ikki yildan ko'proq vaqtdan beri Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) yashayman va ishlayman. Hech kimga sir emaski, bu davlat turistik va turizmni davlat siyosati darajasida ko'radigan, yiliga eng ko'p sayyoxlar tashrif buyuradigan mamlakatlardan hisoblanadi. Bu kichkina mamlakatning bunchalik
muvaffaqiyatiga esa, albatta sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar judayam katta rol o'ynagan. Misol uchun, BAA da sayyoxlar uchun shunday tizim joriy etilganki, bu mamlakatga tashrif buyurgan sayyox imkoni boricha ko'proq mablag'ini sarflab ketishiga harakat qiladi. Bu esa o'z navbatida aynan o'sha tizimning bosh maqsadidir. Bu yo'lda dunyodagi «eng» bo'lgan juda ko'p narsalar barpo etilgan. Misol uchun, dunyodagi ENG katta akvapark, ENG baland bino, ENG katta savdo markazi, dunyoda yagona 7 yulduzli mehmonxona va hokazo. Undan tashqari bu mamlakatga kelayotgan sayyoxlarni ortiqcha bezovta qilmaslik uchun hujjatlar tizimi xam juda qulay yo'lga
qo'yilgan. Ya'ni hujjatlar faqatgina bu mamlakatga kirishda va chiqishda tekshiriladi. Ichkarida esa
butunlay erkinlik (o'tgan yillar davomida
faqatgina bir marta politsiya hujjat so'raganini eslay
olaman, xolos).

Endi xuddi shu holatni o'zimizda taqqoslab ko'ramiz: aytaylik, o'sha rekordchilar aytayotganday, yurtimizga turistlar oqimi ortdi xam deylik, lekin ichkarida unga yarasha infratuzilma bo'lmaganidan keyin ularning kelishidan nima naf? Ular mehmonxonadan tashqari yana qayga pul sarf qilishadi? O'z mamlakatidan uchib kelishda sayyohlar odatda o'zlarining mahalliy aviakompaniyalaridan foydalanishadi. Demak, bu tomondan foyda olishdan umidni uzish mumkin.

Ma'lumot o'rnida, BAAning mahalliy ikki aviakompaniyasi — «Emireyts Ayrlaynes» va «Ettixad Ayrlaynes» dunyoning eng yaxshi va nufuzli aviatashuvchilari qatorida turadi. Bu mamlakatga tashrif buyurayotgan yo'lovchilarga «kirakashlik» qilish ham asosan shu ikki mahalliy kompaniya zimmasida. Ya'ni davlat bu tomondan xam foyda olyapti. Yurtimizga kelgan sayyoxlar mamlakat ichiga kirgandan keyin qayga
borishadi? Ular uchun maxsus tashkil etilgan biror o'ziga xos maskan bormi? Buxoro, Samarqand yoki Xorazmga borish xaqida gapirib og'zimga urishga shoshilmang. U erga borgani bilan asosiy baribir tomosha ob'ektlari barchasi ochiq osmon ostida va ko'rish tekin bo'lgan tarixiy obidalar. Turist
faqatgina ovqatlanish, suvenirlar xarid qilish va avtobus uchun yo'l kiraga (agar uni ham kelishdan oldin kelishib tur firmaga to'lab kelmagan bo'lsa) pul sarf qiladi. Chunki boshqa pul ishlatish mumkin bo'lgan, dunyoning to'rt tomonini ko'rib bo'lgan sayyohning e'tiborini tortishi mumkin bo'lgan joyning o'zi yo'q. Bizdagi ovqatlanish narxlari (hatto restoranlarda ham) boshqa mamlakatlarga solishtirganda ancha arzon turadi. Shu sababli ham kelgan sayyox safarining avvalida mahalliy qora bozorimizdan ayirboshlagan ozgina so'mni ham tugata olmay ortiga qaytib ketadi.

Xullas hammaga ma'lum narsa haqida ortiqcha to'xtalib o'tirishga xam xojat yo'q. Sayyohlarni jalb etishga urinishdan oldin shunga
mos sharoit barpo etilishi kerak.

Xulosa o'rnida, so'nggi paytlarda yurtimizda turli o'zgarishlar, muammolarni ochiq aytish va ularni hal etishga urinishlar davomli tarzda amalga oshirilib
kelinyapti. Ko'ryapmizki, hali yurtimiz ichida qilinishi kerak bo'lgan ko'plab ishlar bor. Ularning millatning ertangi kuni, rivojlanishida tutadigan o'rni xam qandaydir rekordlar mutaxassislarini bir necha oy ichida ikki marta bir xil hunar bilan bezovta qilishdan ko'ra muximroq, nazarimda. Shunday ekan nomimizni tarixga muxrlash uchun faqatgina palov tayyorlash emas, butun mamlakatni har tomonlama yuksalishiga hissamizni qo'shish orqali harakat qilish anchayin oqilona qaror bo'lardi. Chunki hali endi poydevorigina qurilgan uyni chiroyli ko'rsatish uchun unga bo'yoq chaplanmaydiku, to'g'rimi?

Yuqorida yozilganlar turizm sohasida mutaxassislikka ega bo'lmagan oddiygina fuqaroning shaxsiy fikrlari edi, xolos. Men dunyoda turizm bo'yicha birinchi o'rinda bo'lgan BAAda yashab kelayotgan O'zbekiston fuqarosi sifatida o'z fikrlarimni sizlar bilan baham ko'rdim. Xo'sh, siz nima deb o'ylaysiz: «palovxo'rlik» bilan turizmni rivojlantira olamizmi?

Doniyorbek Karimov

6 kommentariev

  1. Nima uchun xamma — palovni uzbeklar juda yaxshi kurishadi deb uylaydi ? Nima , Amerikada palovni yaxshi kurishmaydimi ? Nima , Amerikada uzbeklar yukmi ?

Izoh yozish mumkin emas!