Oshkoralik kelganini hali his etmaganlar yoxud «u nega hokim?»

Denov shahridagi fohishaxonalar haqida yozgandim. Denov tumani hokimiga esa bu yoqmabdi.

***
Kecha o'sha, ishdan olinishi kutilayotgan sinf rahbari bilan telefon orqali gaplashdim. Bu ayolni tuman hokimi chaqirib olib, negadir fermerlar bilan bir xonada u bilan suhbatlashibdi… So'z orasida “o'sha internetda yozganlarni topaman hali, o'zim bilaman ularni nima qilishni” – deb dag'dag'a qilibdi…

Savol: nima qilar ekan? Bu savol meni o'ta qiziqtirayapti! Jamiyatning asosiga, poydevoriga jiddiy hamla qilib kelayotgan, yoshlarimizning ruhini chiritayotgan illatni oshkor aytishga uringan odamni hokim qay tarzda “o'zi bilmoqchi” ekan? Va… eng muhim savol – nega bunday odamlar hokimga dushman ekan?

Yanada muhim savol: hokim o'sha postni o'qib, uning mazmunini tushundimikan? Unda ko'tarilgan muammo va… tushunchalarni ilg'adimikan? Yoki o'qimaganmi? Kollej o'quvchilari guruh bo'lib buzuqxonaga ketayotgani manzarasi etini jimirlatmasmikan? Jimirlatmasa – u nega hokim?!

Hokim deganda kamchiliklarni yashiradigan emas, aksincha, ularni izlab topib, bartaraf etadigan odamni ko'z oldimga keltiraman men shaxsan. Inchunun, kamchiligu illatlarni unga ko'rsatib beradigan odamlarni o'ziga do'st tutadigan odamni. Madomiki unday odam bo'lmasa – u nega hokim?

Yangi hayotga kirib kelayotgan o'smirlarimiz – ertangi kunimiz emasmi? Ular hozirdanoq ma'nan nobud bo'layotgan bo'lsalar, millatimizning ertangi kuni bormi? Millatning ertangi kuni g'amini eyish nimaligini bilmasa – u nega hokim?

Oshkoralik o'zimizning foydamiz ekanligini hali tushunib etmagan bo'lsa — u nega hokim?

Shu yurt, uning kelajagi, o'sib kelayotgan yangi avlod hammamizniki emasmi? Barchamiz bir bo'lib uning g'amini eyishimiz kerak emasmi?

Muhammad Shakur

3 kommentariya

  1. 25 yillik o'qituvchi sifatida aytaman- direktor va sinf rahbar albatta jazo oladi, hokim joyida qoladi, VA BU HALI DAVOM ETAVERADI!!!! 26 yilda o'qituvchi- erinmagan «odam» oyoq kiyimini artadigan narsaga aylanib ulgurdi, qisman o'zi aybdor, qolganiga MAHALLIY HOKIMIYaTLAR!!!!

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *