Nargis Qosimova: TAShLANDIQ

Unga molxona chirog'ining xira nurida, qora lattalar orasidan ikki ko'z tikilib turardi.

– Voy o'lmasam, bu bechora bolani kim bu erga tashlab ketdi ekan-a?

Bola zaif ovoz chiqardi. Sovuqdan uning lablari ko'karib ketgan,  holsizlikdan yig'lashga ham majoli yo'q edi. Salima chelakdagi sutni ham unutib, chaqaloqni ko'targanicha uyga yugur­di. Bu payt qaynonasi bomdodni o'qib bo'lib, hovliga chiqish uchun maxsiga ka­lishini kiya olmay qiynalayotgan edi.

–Ena, kimdir molxonaga chaqaloq tashlab ketibdi.

Ravshanak momo tinmay yoshlanadigan ko'zlarini engining uchi bilan artib, keliniga ajab­lanib qaradi. So'ng uning qo'lidagi chaqaloqqa ko'zi tushib,  ayvon ustuniga suyandi.

–Qaysi qo'li singur bunday qilgan ekan-a? Bolaning uvoli tutishidan qo'r­qish­may­diyam-a.

– Qorni juda ochga o'xshaydi. O'lib qolmasaydi, deb qo'rqayapman. Kechasi tashlab keti­shibdi. Bola bechora juda ham sovqotgan.

Salima bolani qaynonasining qo'liga tutqazib yugurganicha  ichkaridan jun ro'mol, o'zi­ning eski  satin ko'ylagini olib chiqdi. Bola o'ralgan latta –qora ayollar yubkasini chet­ga uloqtirdi. Uni avaylab o'ragach, chelakdagi sut yodiga tushib, sutni pishirgani oshxonaga yugurdi. Sutni yutoqib ichgan chaqaloq bir zumda pishillab uxlab qoldi.

Shu kuniyoq tashlandiq bola haqidagi xabar butun qishloqqa tarqaldi. Qishloq posboni Yunus qora Ravshanak momo hovlisida bayonnoma tuzishga kirishdi.

–Xo'sh, bolani Toshkentdagi “Go'daklar uyiga” topshira­siz­lar, ungacha esa Qutbi do'xtirga ko'rsatish kerak. Yana biror ka­sali bo'lmasin, — dedi u oxirida qog'ozga allanimalar yozgach. – Momo, mana bu erga imzo cheking.

Kechqurun Salima eri bilan maslahatlashib, chaqaloqni as­rab olishga kelishishdi. Bunda Ravshanak momoning hissasi kat­ta bo'ldi.

– Xudoning sizga ko'rsatgan marhamati bu, bolalarim. Ke­lin uch yildan beri farzand ko'rmaydi, xudo xohlasa chaqaloqqa mehr bersangizlar, albatta farzandli bo'lasizlar…

Onasidan Ravshanak momoning kelini molxonadan chaqaloq topib olganligini eshitgan Oyshaning ranglari oqardi. Xamir qorayotgan onasi qizining bexol ustunga suyanganini ko'rib, char­choqqa yo'ydi. Tinmay bo'lib o'tgan voqea haqida gapirar ekan, qizi uni eshit­ma­yotganini sezmasdi ham. Oysha bo'lsa, sut­ga to'lgan ko'kraklaridagi og'riqni ham unutib, bir nuqtaga ti­kilganicha qotib qolgan, ko'z oldidan o'sha mash'um kecha ketmas, qulog'ida yana bir bor Sultonalining ehtiros bilan  shi­virlagan so'zlari yangraganday bo'lardi.

Sultonali Oyshani anchadan beri ko'z ostiga olib qo'ygandi. Kollejni tugatib, diplomni qo'lga olgach, otasi uni Dushan fer­merga hisobchi qilib ishga joylashtirib qo'ydi. Ammo oradan etti oy o'tar-o'tmas bu ish halollik, aniqlik va to'g'ri­likni talab etishini sezgan Sultonali o'z arizasiga ko'ra ishdan bo'shadi. To'g'rirog'i, Dushan fermer fermer xo'jaligining yarim yillik moliyaviy hisobotidagi chalkashliklarni ko'rib, yurak xurujiga uchrashiga oz qoldi va Sultonalini ishdan haydadi. Bu orada 9-sinfni bitirib, tumandagi yagona kollej­ga hujjat topshirgan Oysha, har kuni ikkita dugonasi bilan Du­shan fermerning dalasiga chopiqqa chiqardi. Xo'jalik ido­rasi oldidan o'tgan qizlar­ning sho'x kulgusi Sultonalining yuragini xanjar misol tilardi. Nihoyat yurak yutib, kun qo­ray­gach daladan qaytayotgan qizlarning yo'lini to'sgan Sul­tonali Oyshani chetga im­ladi.

Shu-shu ular tez-tez dalani yozgi garmseldan to'sadigan tut­zorda uchrashadigan bo'ldilar. Yigitning baquvvat qo'llari qizning nozik belini quchganida, Oyshaning badanida titroq turar, har gal Sultonali qat'iyroq harakat qilishga chog'lan­ganida qiz chap berib, o'zini olib qochar edi.

– Nega menga ishonmaysan, axir man seni jonimdan ham ortiq ko'raman. Xohlasang, ertagayoq uyingga sovchi yuboraman. Faqat mendan o'zingni olib qochmagin. Nima farqi bor, bu narsa to'ydan oldin bo'ldimi yoki keyin. Baribir endi sen menikisan.

Deyarli har kuni qaytariladigan bu so'zlarga Oysha ishondi, ammo…

Kundan kunga ko'ngil aynishi, o'zini holsiz sezishi qizning yuragida vahima uyg'otdi. Onasining ilmoqli savoliga dugo­na­sinikida sal «aynigan hasip eganligini» aytib, zo'rg'a qu­tildi. Ammo ichini kemirayotgan dardga chiday olmay, onasini ko'rgani kelgan katta opasiga yorildi.

Galdagi uchrashuvda u homiladorligi haqida Sultonaliga aytishi bilan, yigitning avzoyi o'zgardi. Zarur ishi borligi haqida g'o'ldirab, Oysha bilan tezda xayrlashdi. Qizning har doimgidek kech tushishi bilan Sultonalini tutzorda kutish­lari besamar ketdi. Ertasi ham, indiniga ham Sultonali uch­rashuvga chiqmadi. Qishloqda uning shaharga ishlagani ket­gani haqida gap tarqaldi.

Oysha opasining maslahati bilan qornini mahkam ro'mol bilan tang'b, o'zini tetik ko'rsatishga harakat qilib yurdi. Qishloqdagi qiz-u juvon kiyadigan odmi, keng ko'ylak ham Oy­sha­ning gunohini yashirishga xizmat qilardi.Onasi qizidagi o'zgarishlarni sezib, bir necha bor do'xtirga olib bormoqchi bo'lganida, u oyoq tirab turib oldi.

– Bormayman…

Shu kuni kechqurun boshi og'riyotganini bahona qilgan Oysha, kechki ovqatni ham emay ko'rpaga o'ranib oldi. Homilasi 7 oylik bo'lgan, yana ikki oy shu azobni boshidan ke­chi­ri­shini o'ylagan sari qizning yuragini vahima bosar,  onasi yoki otasi bilib qolsa, uni sog' qo'yishmasligini bilib, battar ezilardi. Uyning chiroqlari o'chib, oila a'zo­lar­ning barchasi uyquga ketgach, Oysha sekin o'rnidan turib hovliga chiqdi. Tungi  salqin sha­bada qizning yuzi, bo'yniga urilib, badanini junjiktirdi. Oy nurida bog'dagi daraxtlarning soyasi yanada vahimali ko'­ri­nib, boyo'g'lining sovuq ovozidan cho'chib tushgan qiz fik­ridan qaytib, uy tomon yugurdi. Ammo fosh bo'lish oldi­dagi qo'r­quv unga yangi kuch bag'ishladi. Tez-tez yurganicha pastqam  mol­xonaning tomiga chiqib, o'zini erga otdi. Uchinchi bor sak­raganida qornining pastida kuchli og'riq sezib, dodlab yubor­maslik uchun bilagini tishladi. Tug'ilgan bola juda ham kich­kina va nimjon edi. Amallab bolani uydan olib chiqqan qo­ra yubkasiga o'rab, qishloqning eng chekkasida joylashgan Ravshanak momoning uyiga qarab yo'l oldi…

…Chaqaloqqa bergan bor mehridanmi yoxud Ravshanak momo­ning duolari ijobat bo'lganidanmi, oradan olti oy o'tar-o'tmas Salima homilador bo'ldi. Bir yo'la ikki farzandning onasi bo'lgan baxtli kelinchak lo'ppi yuzlari qizargan, qop-qora ko'zlari doimo kulib turuvchi Eldorjonni ko'tarib ko'chaga chiqqanida, Oyshaning yurak bag'ri ezilib ketar, bolani Salimaning qo'lidan olib yuz-ko'zlarini yutoqib o'par edi.

–Turmushga chiqsangiz, xudoyim sizga ham ana shunday o'g'il ato etadi,– derdi Salima qizning kun ora bolani ko'rishga kelganidan ajablanib. Oysha esa boshini egganicha tez­da juvon bilan xayrlashib ortga qaytardi. Ammo Salima burilishi bilan o'zini ba­haybat chinorni panasiga olib, bola ko'targan baxtiyor ayolning orqasidan qarab qolar ekan, yuzini yuvayotgan yoshlarni sezmasdi…

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *