Mirziyoevning eng katta muammosi nimada?

O'zbekiston davlati shu paytga qadar “avtoritar” deb nomlandi. Hokimiyat o'zgardi, islohotlar siyosati e'lon qilindi, jamiyat jonlandi, hamma gapirmoqda, lekin faqat Prezident kamroq gapirmoqda. Oldinlari teskarisi edi: hamma jim turardi, faqat va faqat Prezident bitta o'zi gapirardi. O'zbekiston bugun o'tish davrida, siyosiy rejim tabiati esa o'zgarishlarni boshidan kechirmoqda.

Qattiq avtoritarizmning hususiyati – mahrum qilish, majburlash, tahdid qilish va qo'rqitish hisobiga vaziyatni boshqarish va hokimiyatni ushlab turish hisoblanadi. Buning teskarisi – jamiyatni ishontirish, rag'batlantirish, g'oyalar va manfaatlar taklif qilish evaziga odamlarni ishonchini va vakolatini olish va vakolat muddati tugagach hokimiyatdan ketish hisoblanadi. O'zbekistonni mahrum qilish, tahdid qilish, majburlash borasidagi malakasi juda katta. Shu qadar kattaki, amaldorlar va butun bir boshli siyosiy sinf, hokimiyatni amalga oshirishning boshqa modellarini yaxshi tushunishmaydi, anglashmaydi. Bu – tabiiy muammo. Chunki, hokimiyatning barcha pog'onalari, o'tgan davrda jamiyatning ishonchini oqlashga harakat qilmadi, osongina mahrum qilish yo'llarini parvarishladi. Natijada, O'zbekiston “politsiya davlatiga” aylanib ketdi, kuch ishlatar tizimlarining soni va salmog'i nihoyatda oshib bordi.

Mahalliy ma'muriyatlar – hokimiyatlar ham, markazdan, yakka shaxs tomonidan tayinlangani uchun, odamlarni muammolarini anglab, ularga echim izlaydigan tizimga aylanmadi. Aksincha, ular ham qo'l ostidagi aholini qo'rqitish bo'yicha malakalarini oshirib borishdi. Bugun, tahdidlar, qo'rqitish va mahrum qilish siyosiy madaniyati – yangi ma'muriyatning eng asosiy muammolaridan biri hisoblanadi. Butun O'zbekiston bo'ylab davlat tizimi ishlamayapti. Tizim ishlamayapti degani, muammolar tezda, birinchi bosqichdayoq, huquqiy darajada, oson va arzon hal bo'lmaydi.

Mulozimlar avvalgidek, muammolarni hal qilishni emas, o'zidan chetlatishni, mas'uliyatni boshqalarga taqsimlashni xush ko'rishadi. Shuningdek, O'zbekiston amaldori – muammolarni echimini monopollashtirishni va bu orqali daromad olish tafakkurini chuqur o'zlashtirgan shaxs hisoblanadi. O'zbekiston mulozimi – nihoyatda ikkiyuzlamachi, har bir nafasi korruptsiyaga yo'nalgan maxluq hisoblanadi.

Prezident Mirziyoev bu tizimni juda yaxshi biladi, o'zi shu tizimdan chiqqan mulozim hisoblanadi. Lekin, u Prezident sifatida bu tizim barhayot emasligini juda yaxshi anglaydi. Bu tizim amaldorlarga qulay, lekin davlat rahbari uchun – tahdid shakllantiruvchi, uni tarixiy reputatsiyasiga soya soluvchi, ijtimoiy beqarorlik manbai bo'luvchi muammodir. Prezident Mirziyoev bir tomondan ishbilarmon menejerlarga muhtoj, shu sabab, viloyat hokimlarini, Toshkent hokimini ushlab turibdi.

Lekin, chuqur inqiroz ham shundaki, bu hokimlar yangi boshqaruv modellarini, hokimiyatni amalga oshirishning nisbatan ohista, imkon qadar huquqiy modellarini o'zlashtira olmayapti. Bu hokimlar yangi – axborot davrini tushuna olmayapti, qabul qilmayapti. Bir tomondan ish yurita oladigan, ikkinchi tomondan, davlat reputatsiyasiga soya solmaydigan, huquqiy-siyosiy saviyasi yuqori mulozimlar sinfi – Prezident Mirziyoevning katta muammosi hisoblanadi.

Prezident Mirziyoev uchun murakkab yillar endi kelmoqda. Keyingi yillarda ijtimoiy zo'riqish jiddiy o'sib boradi. Bu paytda ijtimoiy barqarorlikni ushlab turish uchun, davlatning kuch ishlatmasligi – strategik muhim, ayni paytda murakkab vazifa. So'kong'ich, tahdidlar qiluvchi mulozimlar sinfi – muammoni hal qiluvchilar emas, ijtimoiy noroziliklarni katalizatorlari hisoblanadi. Shu paytgacha, aynan mana shu hokimlar va mulozimlar, tep-tekis joyda davlat reputatsiyasi uchun muammolar yaratishdi. Bu muammo shu qadar jiddiyki, “islohotlar siyosati” yoki “Yangi O'zbekiston” loyihasini barbod qilish potentsialiga ega.

Kamoliddin Rabbimov

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.