Milliy axborot maydonida monopoliyaning kuni bitdi

Eldor Asanovning imlo haqidagi tahliliy maqolasi va Shuhrat Shokirjonovning axborot sohasidagi monopoliyaga barham berish zarurati yuzasidan yozgan blogpostini katta qoniqish bilan o'qidim. O'z vaqtida, ehtimol, ancha kechikib aytilgan rost gaplar.

Bu ikki holatni bog'laydigan jihatlar ko'p. Avvalamchi, E. Asanovning maqolasi, hech qursa, shunga yaqinroq saviyadagi maqola, aslida o'zini axborot sohasi monopoli hisoblaydigan O'zA kabi tashkilotda bosilishi kerak edi. Xalq, ziyolilar muhokamasida turgan masalaga bu qadar e'tiborsizlik bosh axborot mahkamasiga yarashgulik ish emas… Naylasinki, tashkilotda masalani shu tarzda qo'ya oladigan, alohida jur'atga, bilim saviyasiga ega xodim yo'q.

Ikkinchidan, xalq bir xillikdan allaqachon zerikkan. Ma'lumki, tilni boyitadigan uchta manba bor: yozma adabiyot, og'zaki adabiyot, xalq tili. Bizning O'zA esa xalq tilini mensimay qo'yganiga necha zamonlar bo'lgan. Shu tariqa jonli til bilan adabiy til o'rtasida katta jarlik hosil bo'lgan – biri-biridan juda uzoq ifoda uslubi va ravishi.

“Har qanday jarayon harakatdagi nazariya” degan gap bor. Istaysizmi-yo'qmi, jonli xalq tili baribir har-hil nazariyalar-u qoidalardan ustun kelaveradi. Azaldan shunday. Demak, maqolalarni, bir vaqtlar mustabid Napoleon qonunlarga ishora qilib aytganidek, o'ta tushunarsiz va mavhum uslubda yozish fursati bitdi. Chunki, endi axborotni saqlab o'ltirish, berkitish, istalgan tarzda talqin etish, kishilar shashtini so'ndiradigan alfozga taqdim etish, agar buni juda xohlashgan taqdirda ham, imkonsiz bo'lib qoldi.  Bu kunning qizg'in ijtimoiy-siyosiy voqeliklari hammaning nazarida, virtual muhokamalar zamonida, xalqning o'zi yoppasiga axborot tarqatuvchiga aylangan pallada sodir bo'lmoqda.

Shoir Bahrom Ro'zimuhammadning kitobiga germaniyalik olima yozgan so'zboshida “tilning charchaganligi” degan iborani o'qigandim. Uning qayd etishicha, modernistik oqimlar, noodatiy ifoda uslublari tilga nisbatan g'irrom, o'rinsiz siyosat qo'llanilgan makonda ko'proq qadrlanar, paydo bo'lar ekan.  

Har kasalning o'z shifosi bor, deydilar. Ayni mana shundoq kunlarda fuqarolik jurnalistikasi – blogerlik keng tarqalgani, odamlarda katta qiziqish uyg'otgani ana shu faktor tufayli bo'lsa kerak. Axir, odamlar mukammal mujmalizmni emas, sodda, xalqchil ifodani, oddiylikni sog'ingan…

Janob Shokirjonovning fikrlariga ikki yuz foiz qo'shilaman. Mana bir oddiy misol. Prezident, aytaylik, S viloyatiga tashrif buyurdi. Viloyat nashrlari, viloyatning barcha tuman va shaharlarida mavjud boshqa nashrlar mazkur tashrifni ilhaqlik, muntazirlik bilan kutishadi. O'zgacha ruhiy tayyorgarlik bo'ladi. Davlat rahbari kelib, ob'ektlar bilan tanishadi. Ko'p yaxshi gaplar bo'ladi. Biroq, bu tafsilotlarni mahalliy nashrlarda, mahalliy auditoriya uchun moslab yoritishga allaqanday sirli tarzda ruxsat berilmaydi. Keyin ular uyqudan qizaringan ko'zini ishqalab, O'zA yakunini kutishadi. Bir mahal keladi o'sha zormanda axborot. Qarasang, shu qadar biqiq, umumiy, mujmal, qisqa bo'ladiki, Bahrom Nazarovning qo'shig'ini hirgoyi qilib yuborganingni bilmay qolasan: “Nahotki, nahotki, nahotki…”

Eng asosiysi, mana shu tashrif davomida faqat viloyat, tuman, shahar aholisi uchun alohida ahamiyat va qiziqishga ega, kengroq sharhlash mumkin bo'lgan o'rinlar mavjud bo'ladi. Biroq, bu bilan kimning necha pullik ishi bor…

Umuman, bu orkestrni, ajabtovur tomoshani kim boshqarayapti, degan savol bor menda. Xullas, milliy tariximizda hech qachon ko'rilmagan voqelik bilan yuzlashib turibmiz – xalq hamma zamonlardagidan ham axborotga tashna. Voqelik va ijtimoiy kayfiyatni bir maromda ushlab turish borasida, malakali jurnalistlarga, turfa qarashlarga bu qadar ehtiyoj avval bo'lgan emas…

Eldor Asanov kabi mulohazali, go'zal xalqchil ifoda uslubiga ega bo'lgan filologlar ko'payishini, demokratik, liberal qarashlar ustivorligi yo'lida kurashayotgan, jamoatchilik nazoratini o'rnatishda davlatga elka tutayotgan jurnalist do'stlarimiz g'ayrati so'nmasligini Yaratgandan so'rayman.

Aynan mana shunday fikri tiniq va qalami o'tkir, jur'atli ziyolilar Prezident komandasining haqiqiy a'zolaridir, degim keladi…

Behzod Qobulov

 

4 kommentariya

  1. Xalk ta'limi vazirligi boshchiligida maktablar xurmatli Prezidentimizni aldashdi. Aslida ota ona emas, fakat Onalar majlisi utkazishdi. U xam soxta surovnomalar asosida

  2. XTV majlisiga Xorazmdan 5 ta maktab direktorini 10 sinfga davogar yuk deganligi sababli ishdan olishganmish. Shu sababli maktab direktorlari kurkkanidan majburiy 9-sinf larni kollejlar e»pildi deb xujjatlarni kaytarishdi

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *