Millat taqdiriga befarq bo'lmang!

Muammolar qalashib yotibdi: Ta'lim tarbiyada, maorifda, sog'liqni saqlashda, huquq muassasalarida, mehnat bilan bandlikda, mafkurada va boshqa boshqa jamiyatni yoki oldinga rivojlantiradigan yoki botqoqqa botiradigan yacheykalarda. Ammo bu xaqda faqat bir odam gapiradi, bir odam qayg'uradi, bir odam kuyinadi… Qolganlar esa, aynan mana shu muammolar ustida o'tirganlar, qarsak chaladi, bloknotiga bir nimalarni yozadilar, ma'qullaydilar, ammo bir og'iz muammolarni aytmaydilar («odob saqlaydilar», lekin bu «odob saqlash» faqat ularni o'zlarini foydasiga ishlashini 1 chi sinf o'kuvchisini xam aqli etadi), qaytaga uni yashirishga xarakat kiladilar. Faqat davlat rahbari aytganidan so'nggina plastinka o'zgaradi, niqob almashadi, bosh egiladi, kechirim so'raladi va hokazo, va hokazo…

Nima uchun va qachongacha shunday holat davom etadi?

Ko'plab mana shunday achinarli holatlarda miyamda tug'iladigan savollar ustida bosh qotirib ko'yidagi uzil kesil to'xtamga keldim va bu fikr mulohazalarimni siz azizlarimga ulashgim keldi.

Demak, yuqoridagi kabi muammolarga 99 foiz fuqarolarimizni munosabati:

1. Sen menga tegma, men senga tegmayman.
2. O'zingni bil, o'zgani qo'y.
3. Shukur qilsangchi, xarqalay ochingdan o'lmayapsanku?!
4. «Katta»larning ishiga aralashma!
5. Musulmonchilik asta-sekin (25 yil kamlik qiladi).
6. «Toshbaqa uchadi, agar rahbar aytgan bo'lsa».

Toki xalqimiz mana shu mafkuraga sobit ekan, hech kanday muammo xal bo'lmaydi.

Bir odamni tergashi va tanqidi ortidan xukumat vertikalidagi reaktsiyani guyoki dengizdagi kemani bir kuchli dovul u yoq bu yoqqa silkitib yuborishi mumkin bo'lgan holatga taqkoslash mumkin. Lekin dovul tingach, yana har kim o'z ishida (qilmishida) davom etaveradi.

Endi shularni ro'kach qilganlarga qo'yidagicha javob aytilsa va odamlarimizni o'zi qachonki mana shu to'g'ri relsga o'tishsa, jamiyat birlashadi va rivojlanadi.

Bandma-band javob:

1. Seni xatoying (poraxo'rliging,o'g'riliging, muttahamliging va boshqa kamchiliklaring) men yashayotgan jamiyatni rivojiga to'siq bo'ladi va tanazzulga uchratadi.
2. Bu millat muammosi, butun xalqning dardi! Vatanimni va farzandimni kelajakdagi o'rni va hayoti mana shu muammolarning echimiga uzviy bog'liq.
3. Men qornim uchun emas, qadrim uchun yashashni istayman!
4. «Agar xaqiqatni yosh bola so'zlasa xam, o'sha bolani so'zlarini qabul qilinglar» (Hadisdan).
5. Kelajak — bugungi harakatning xosilasi. Biror bir dolzarb muammo ko'tarib chiqilsa-yu unga aniq echim izlash o'rniga atrofdagilarni qo'llariga mana shunday «xo'rozqand» (musulmonchilik asta-sekin, misol uchun) tutqazilsa, borib-borib o'sha muammo unutiladi va undan battari keladi. Jamiyat botqoqqa botadi!
6. Bizning fojeamiz: Xalqqa xizmat kilishi kerak bo'lgan rahbarlarimizni (eng yuqoridagilardan boshlab oddiy korxona boshligigacha) xalqni taqdirini hal kiladigan Xudo darajasiga chiqarib qo'yamiz. Alqissa qarabsizki, keyin u kishilarni usha joydan na o'zlari tushgilari keladi, na bizlarni ayuhannos solganimiz naf beradi. Sababi, vaqt boy berilgan bo'ladi. Atrofda faqat «buyuk»chi maddohlar va o'zgaruvchan ikkiyuzlamachilar qoladilar. Xaq so'zni aytganlar qochgani qochib qutuladi, ulgurmagani yoki qochishni istamagani esdalik xotiralari yozish uchun material to'plashga ketadilar… Indamay yashayotganlarda tashqarilarida (yuzaki) hammasi zo'r, ichlarida esa davlat siyosatiga nisbatan nafrat ortib boraveradi!

Keling, mana shu yo'ldan voz kechaylik, azizlar! Chunki bu yo'lni noto'g'ri ekanligini, sukut saqlash jinoyat ekanligini ko'rdik. Buning jabrini aksar yoshlarimizni bugungi kundagi sarson va sargardon bo'lib ishsizlik va umidsizlikka to'la hayotlarida his qilayotganlarini, bizlar uchun eng aziz va muqarram bo'lgan munis va farishta ayollarimizni chet ellardagi g'amgin va iltijoli nigohlarida ko'rmaslik, so'zlarini eshitmaslik uchun inson ko'r va kar bulishi lozim. Shunday ekan, kim uchun foydasi bor oqni kora, qorani esa oq deyishni, jinoyatni yashirishni, ikkiyuzlamachilik va maddohlikni? Soxta vatanparvarlar uchunmi? Ular kabi bizlar ham mana shu yurtni teng huquqli a'zosimiz-ku?

Inson bu mo''jizaviy dunyoga bir marotaba sayohat qiladi, keyin nima bo'lishi Yaratganga ma'lum. Ammo siz bilan bizlar mana shu tefarak atrofimizdagi voqea hodisalarga o'z munosabatimizni insoniy nuqtai nazaridan bildirmay yashasak, bu insoniylikka hiyonat. Sababi, bizlarga er yuzidagi jonzotlarga berilgan ko'z va quloqdan tashqari ko'rganlarimiz va eshitganlarimizni mushohadasi uchun Yaratgan tomonidan ong berilgan. To'g'ri fikr va to'g'ri xulosa bilan yashagan jamiyat fuqarolarigina farovon yashashga xaqlidirlar.

O'zbekiston kelajakda emas yaqin kunlarda, yaqin oylarda, yaqin yilda buyuk kilishga o'z hissangizni qo'shing!

Rost so'zlashni, pora bermaslikni, pora olmaslikni, korruptsiya (pul yuvish)ni ko'rganingizda kerakli joyga aytish lozimligini bugundan boshlang! Befarq yashamang, azizlar! Bu millat va Vatan taqdiri!

 

Abdul Malik Fozil

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *