Meni o'ldi desalar, ishonmang!

«Senga mendan xabar bersalar,
Jangching o'ldi endi desalar,
Yo'q ishonma, jonim, bu so'zni
Do'stlar aytmas, bizni bilsalar».
Muso Jalil.

Ustozim Toshpo'lat Rahmatullaevdan Alloh rozi bo'lsin, sahifalarida mana bu maqolani e'lon qilibdilar:

«Rossiya jurnalistlaridan bir-birini qo'llab-quvvatlash darsini o'rgansak bo'lardi.
Ayol jurnalistlar tomonidan jinsiy zo'ravonlikda ayblangan deputat Leonid Slutskiy etika bo'yicha qo'mita tomonidan aybsiz deb topilishiga javoban RBK, «Lenta.ru», «Dojd'» telekanali, «Exo Rossiya» radiostantsiyasi, «Kommersant'», Znak.com, Republic va RTVI jurnalistlari boykot e'lon qildi. Ulardan biri «Janob Slutskiy o'z postida qolar ekan, biz bu davlat organi bilan hamkorlik qilmaymiz», — degan.

Biz kasbdoshlarimizga bir kor-hol yuz bersa, aksar hollarda befarq, tomoshabin bo'lib turamiz. Karimberdi To'ramurodov bilan bo'lib o'tayotgan gap-so'zlar bunga misoldir. Shu kunlarda Hoji akamizni hech bo'lmaganda bir og'iz iliq so'zimiz bilan qo'llab-quvvatlashimiz o'ta muhim. Aslida ko'pchilikning manfaati himoyasi yo'liga otlangan, haqiqat uchun kurashgan shaxs yakkalanib qolmasligi zarur. Aks holda jurnalistga har xil tahdidlar yanada kuchayadi, tahdid qilganlar amaliy ishga ham o'tishdan o'zini tiymaydi».

Mening o'zimdan qahramon yo avliyo yasash niyatim yo'q. Menga suiqasd qilishadigan darajada katta ish ham ko'rsatganim yo'q. Ammo siz, aziz FB doshlar, hamkasblar, bir narsani bilib qo'yishlaringizni istayman: Diana fojeasini yoritganimdan so'ng turli tahdidlar, g'arazli, haqoratli qo'ng'iroqlar, turli idoralar tomonidan bosimlar, qo'rqitib qo'yishlar, cho'chitib qo'yishga intilishlar ko'payib ketdi.

«Falon raqamli mashinada yurar ekansiz, mashinalar o'z-o'zidan yonib ketadi, portlab ketadi, ustiga KamAZ chiqib ketadi, shunaqa hodisalardan qo'rqmaysizmi?» degan tahdidlar bo'ldi. Qaysi kuni peshin namoziga masjidga piyoda chiqsam, uyimdan chiqqan joyimda bir raqamsiz mashina ustimga haydadi, sal qoldi urib ketishiga. Zo'rg'a o'zimni chetga olishga ulgurdim.

Bir hamkasbimizga Samarqand viloyati hokimiyatida ishlaydigan kishi qo'ng'iroq qilib, «Hoji aka hushyor bo'lsin, viloyat hokimi unga qarshi provakatsiya tayyorlayapti», debdi. Albatta, viloyat hokimini aqli, farosati bor odam, deb o'ylayman. Bu ishni qiladigan darajadagi tuban odam bo'lmasa kerak. Qolaversa, shunaqa qilsa, baloga qolishiga ham aqli etsa kerak. Ammo bu gap etib borsa, ichiga qo'rquv tushadi, degan maqsad bilan shunchaki cho'chitib qo'yish uchun ataylab qilingan, deb o'ylab, e'tibor ham bermadim.

Nihoyat, men yashaydigan uy «sardori», ya'ni «domkom»dan o'zini viloyat IIB dan deb tanishtirgan ikki noma'lum nusxa kelib, men haqimda surishtirgani, «Bu odamning uyiga kimlar kirib-chiqayapti, shubhali shaxslarga ko'zingiz tushmadimi?» deb surishtirgani menga qiziquvchilarning niyati jiddiy ekanidan dalolat beradi.

Eng qizig'i, kechadan beri hech kim mening telefonimga qo'ng'iroq qilolmayotganidek, men ham qo'l telefonimdan boshqalarga chiqa olmayapman. Na SMS ketadi, na hisobimdagi mablag'imni ko'ra olaman!

Shularni e'tiborga olib, barcha OAV larga murojaat qilmoqchiman:

«Karimberdi To'ramurodning mashinasi portlab ketibdi», «mashinasi yonib ketibdi», «mashinasining ustiga KamAZ chiqib ketibdi», «Karimberdi To'ramurod bedarak yo'qolibdi», «Karimberdi To'ramurod o'z joniga qasd qilibdi», «o'zini osib qo'yibdi» yo «o'zini daryoga tashlabdi», «Karimberdi To'ramurod yurak etishmovchiligi tufayli to'satdan vafot etibdi» degan gaplar chiqsa, «Karimberdi To'ramurodning yonidan yoki mashinasidan giyohvand modda chiqibdi», «qurol chiqibdi», degan gaplar tarqatilsa, IShONMANGLAR!
Shunday gaplar chiqsa, bu rejalashtirilgan ish bo'ladi.

Men soppa-sog'man! Jinni ham bo'lganim yo'q! Yuragim ham, jigarim ham, boshqa a'zolarim ham yaxshi ishlab turibdi!
Giyohvand modda tugul oddiy aptekadan oddiy dori ham olib ichmayman, chunki ularga ishonmayman!

Takror aytaman, jonimga qasd qilishadigan darajada birovga dushmanlik qilganim yo'q. Ammo «Haqni de! Haqni yoz! Haq bilan bo'l!» degan shiorimni baland ko'tarib, adolatsizliklarni, haqsizliklarni g'irromliklarni fosh qilishdan ham to'xtamayman!
Eslatib qo'yay, menga mansab, amal, lavozim, mukofot degan narsalar kerak emas! Qilgan ishlarimiz oxirat zahirasi bo'lsa bas!

Yana bitta gap: Piar degan narsaga muhtojligim ham yo'q!

Hurmat bilan bir hovuch «kattakon» emas, oddiy elim ham boy bo'lsin, degan, yurtim boshqalar havas qiladigan ozod va obod diyor bo'lsin, degan, shu ishga qo'lidan kelganicha hissa qo'shishni, «millat dardiga darmon bo'lish»ni istagan Karimberdi To'ramurod.

P.S: Keyin esimga tushib qoldi. Iltimos, imkon qadar ko'proq do'stlaringizga ulashing!

P.S 2: Menga maslahat berishayotganlaridek, yana tahdid bo'lsa, sudga murojaat qilaman! O'zimning ham sabrim tugadi!

3 kommentariya

  1. Ustoz. Bu xolatlar Sizning oldingizda ularning zaifligini nishonasidir. Sizdan ko'rkaetganliklarini bildirib ko'yishibdi. Lekin vaktida ommaga murojaat kilganingiz yaxshi bo'ldi.

  2. Mana «demokratiya» — kurkitib kuyish, tanobini tortib kuyish. Bu uuu usha tura-yu beklar zamonidan beri bor. Xamma narsa «yukoridagi»lar uchun ishlashi kerakdek guyo. Mard bulsang chik maydonga, burchak-burchakdan pusmasdan. Ular kurkoklar!!! Demokratiya aslida kanday bulishi kerak- buni bilmaydi ular…

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *