Men «Joker» emasman (Taqriz 180°)

1 025 views

Yangi «Joker» fil'mi haqida yozilgan kinotaqrizlarni o'qib, kinoga tushdim. Bugungi dunyoning asl qiyofasi, muammolar va inqirozlarning sabablari va echimlari haqida ko'p narsa olsam kerak, deb o'ylagandim. Chunki bugun Iroqdan Liviyaga, Rossiyadan Ispaniyaga qadar cho'zilgan diyorlarda hukumatlarga, adolatsizliklarga qarshi namoyishlarga ta'rif berishda «Joker» fil'mi ham tilga olinmoqda.

Ha, haqiqatdan ham, psixologik triller janrida tasvirga olingan kino ko'rgan odamning ruhiyatiga, ong osti tafakkuriga kuchli ta'sir ko'rsatadi, dunyoqarashi, davlat va jamiyat, boylar va qashshoqlar, yaxshilar va yomonlar haqidagi tushunchalarini ostin-ustun qilib yuborishi mumkin.

Kino boshdan-oyoq tushkun manzaralar, tovushlar, qiyofalar, xatti-harakatlarga to'la. Hayot mutlaqo oq-qora (hattoki qop-qora) tasvirlangan. Odamlar alamzada, asabiy, sal teginsang portlab ketadigan bomba bochkasiga o'xshaydi. Hech kim yaxshilik borligiga ishonmaydi, hamma bir-biridan shubhalanadi. Shaharda ijtimoiy muammolar to'lib-toshgan, xuddi chiqindilar kabi. Bularning barchasiga o'z vazifasini bajarmayotgan hukumat va odamlarning qonini so'rayotgan oligarxlar aybdor. Aybdorlar qatorida boshqalarning borligini payqamaydigan, yaxshilik nimaligini bilmaydigan butun boshli jamiyat ham bor

Shuning uchun ham metroda masharaboz niqobidagi odamning uch yo'lovchini o'ldirishi shaharda shusiz ham yuzaga kelishi aniq bo'lib turgan noroziliklar, tartibsizliklarga tutantiriq bo'ldi xolos, deb aytishimiz mumkin.

Kino tomoshabinlarga bu noma'lum shahardagi voqealar aslida siz yashayotgan shahar, davlat yoki muhitning aksidir, muammolar ham, xalqning qonini simirayotgan amaldorlar ham, besh qo'lini og'ziga tiqqan oligarxlar ham sizniki, biz xayoliy shahrimiz va qahramonlarimiz orqali siz va sizning hayotingizni tasvirga oldik, demoqchidek. Shuning uchun balki bugun ayrim davlatlarda bo'lib o'tayotgan namoyishlarda «joker» o'ziga xos ramzga aylangandir (Livandagi namoyishlarni eslang — video).

Ammo, lekin, biroq…  Kinoni tomosha qilar ekanman, uning zamirida boshqa razil ma'nolar ham bordek tuyuldi. E'tibor bering, «Joker» metroda ijtimoiy xavfi og'ir bo'lmagan (bezorilik deyish mumkin bo'lgan) qonunbuzarlik uchun uch odamni otib o'ldirdi. So'ngra o'zini boshlig'ini sotgan hamkasbini shafqatsizlik bilan o'ldirdi, keyin ustidan kulgan komik boshlovchini jonli efirda otib tashladi. Qahramonku o'z tili bilan bu jinoyatlarni qilganda o'zini mutlaqo aybdor his etmaganini aytadi. Ammo tomoshabin ham ongli yoki ongsiz ravishda qahramonning (Jokerning) har bir jinoyati, qotilligini ma'qullaydi, qo'llab-quvvatlaydi va u to'g'ri qildi deb o'ylaydi. Ha, xalqni talayotgan, odamlarni qiyin ahvolga solganlar va ularning ustidan kulganlar o'limga mahkum!!!

Ko'rayapsizmi, fil'm bir jinoyat uchun boshqa bir jinoyat bilan jazo berishni ma'qullamoqda va qaysidir ma'noda targ'ib qilmoqda. Agar hozir imkon berilsa va qilmishlar uchun hech qanday javobgarlik bo'lmasa, odamlar bir-birlarining go'shtini eyishga tayyor va bu to'g'ri. Chunki ular bunga loyiq…

«Joker» orqali targ'ib qilinayotgan g'oya — yangi dunyoning yangicha qonun-qoidalari, tartibsizlik, adolatsizlik, noinsoniylikdir. Boshqa narsa emas!

Bundan tashqari, bu fil'm og'iz ko'pirtirib maqtalganidek hayot haqiqatlarini ochib tashlagan emas, bizga buzg'unchi va manfur «haqiqatlarini» «edirishga» harakat qilishmoqda. Chunki, birinchidan, har qanday holatda ham inson qalbidagi ishonch, ezgulikka tashnalik, yaxshilik qilish, bir-biriga yaxshilik ulashish kabi hissiyotlar o'lmaydi, yo'q bo'lmaydi. Xoh musulmon, xoh g'ayridin, xoh dinsiz bo'lsin, xoh Sharqda, xoh G'arbda, xoh Shimolda, xoh Janubda, dunyoning qaysi burchagida yashamasin, insoniy tuyg'ular har kimning yuragida qaysidir miqdorda bo'lsa ham yashaydi. Hukumat ming zolim, boyvachchalar ming ochko'z va bezbet bo'lgan taqdirda ham, insonlar bir-birlariga yaxshilik qilishdan qaytmaydi, bir-birlariga zarar berishdan tiyiladi. Aks holda o'zlariga o'zlari jabr qilishini, yutqazgan ham, zarar ko'rgan ham o'zlari bo'lib chiqishini yaxshi bilishadi.

Men atay mavzuni islom dini va musulmonlar bilan bog'lamadim. Chunki kino faqat musulmonlarga emas, balki butun insoniyatga qarshi, barcha insonlarning ruhiyatini buzish, ishonchlarini, umidlarini o'ldirishga to'g'ridan-to'g'ri qasd qilgan. Faqatgina qalbida e'tiqodi, ishonchi bor odamgina uni rad etib, fil'm maqsadlari va g'oyalariga qarshi tura oladi. Ishonchi va e'tiqodi bo'lmagan odamlar esa uning yolg'onlari, ruhiyatiga berayotgan bosimi va zarbalariga chiday olmaydi, osongina mag'lub bo'ladi.

To'g'risini aytsam, kinoni ko'rib boshimga og'riq kirdi, kayfiyatim buzildi. Nazarimda u orqali targ'ib qilinayotgan buzg'unchiliklar kelajakda mudhish oqibatlarga, ko'plab odamlarning o'limiga, tartiblarning buzilishiga sabab bo'ladi hali.

Mendan so'rasangiz, qanchalik qiziqtirishsa ham, kino ko'rishga loyiq emas. Ketgan vaqtingiz va pulingizga arzimaydi, aksincha, sizga tushkunlik, kayfiyatsizlik bergani, ruhiyatingizning kirlangani, miyangizda ortiqcha keraksiz fikrlar va axborotlarning to'plangani qoladi. Hayotni o'rganmoqchi bo'lsangiz, o'z atrofingizga qarang: odamlar bir-birlariga yordam berayaptimi, bir-birlariga tabassum bilan qarayaptimi, bolalar o'ynab, keksalar sokin va xotirjam kezmoqdalarmi? Demak, «Joker» ham, undagi bir uyum «axlat» ham siz va siz mansub bo'lgan jamiyat hamda makon haqida emas.

Sanjar Said

2 kommentariya

  1. Taqriz «ahlat». Bir tiyngga qimmat))
    Joker ruxan sog'lom emas, blaknotidagi eng achinarli so'zi ham «The worst part about having a mental illness is people expect you to behave as if you DONT,» bo'lgan.
    Jokerni xammasida aybdor qilib ko'rsatishingiz, xuddi “Qora ritsar”dagi Xarvi Dentni paranoikga qilgan taxdidi bilan bir, ya'ni o'ylamay qilingan axmoqgarchilik.
    Kino xech qanaqa buzg'unchilik g'oyalariga targ'ib qilmagan, balki realizm teoriyasi asosida anarxiya — tartibsizlik insoniyatga tabiiyligini ko'rsatgan.
    Menimcha bu “psixologik triller” shunchaki sizga og'irlik qilgan, yoki realizm teoriyalarini tan olmay, faqatgina konservativ tarzda liberalizm g'oyalariga tayanasiz.
    Ha, yana bir iltimos: o'zingiz to'g'ri deb o'ylagan narsani xaqiqat deb bilmang:)

    1. Hayot — kim nima deb o'ylasa o'sha. Qiyshiq deganlarga qiyshiq, qora deganlar uchun qora, oq deydiganlar uchun oq vahokazo.

      «Joker» esa hayotni qop-qora deb o'ylaydiganlar uchun hayotiy fil'm xolos. Hamma yomonliklarni, odamlarning ichidagi chirkinliklar, nafrat, adovat, xullaskalom butun mag'zava, axlatni yig'ib, shu hayot haqiqati, deb tomoshabin oldigan tashlangan bir uyum axlat.

      Aytgancha, axlatga munosabat ham har xil bo'ladi: go'ngqo'ng'iz, to'ng'izlar uchun bebaho ne'mat…

      Yana bitta aytgancha, siz ham o'ylagan narsalaringizni haqiqat deb bilsang. Men esa eng pok din — Islom mezonlari asosida o'ylashga va har narsani dinim asosida o'lchashga harakat qilaman. Kimning to'g'riroq o'ylashi vaqti soati kelib ma'lum bo'ladi

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.