Ma'naviyat va ma'rifat kitobxonlikdan boshlanadi!

E'tibor berganmisiz? Biz evropa va amerika kinolari orqali ularning milliyligimizga (lug'atimizga arzon xitoy elimi bilan yopishtirib qo'yilganday kirib kelgan «mentalitet» so'zini kerak-nokerak ishlatishni o'lgudek yomon ko'raman) zid turmush tarzi va oilaviy munosabatlari haqida gapirar ekanmiz, ulardan o'rganishimiz kerak bo'lgan hech bo'lmaganda bitta narsa borligini unutib qo'yganmiz. Nima, deysizmi? Bu deyarli har bir amerika va evropa kinosidagi, har bir oilada mavjud shaxsiy kutubxona lavhasi bilan bog'liq kadrning borligi. Ha, o'sha kinolardagi har bir oilaning xoh u kichik bo'lsin, xoh u katta bo'lsin o'z shaxsiy kutubxonasi, ya'ni sodda qilib aytganda kitob bilan to'lgan javoni bor! Hatto o'rtamiyona yoki eng kambag'al oila hayoti haqidagi fil'm bo'lsa ham.

Mana oddiy misol: ikki soatcha avval «Kinoteatr» kanalida qanaqadir irland fil'miga ko'zim tushdi. Uning qahramoni oddiygina, aytish mumkin bo'lsa, kambag'alroq dublinlik yigit. Kamxarjligi sababli turistik ma'lumot byurosi xodimligidan tashqari tungi klubda o'zi kabi dasti yupqa o'rtoqlari bilan qo'shiq ham aytadi. Ey, Xudoyim, mana shu tungi barlarda qo'shiq aytadigan yigitning xonasida ham kitobdan yorilay deydigan javoni bor!

Shu kadr sabab ko'rganim evropa va amerika kinolarini bir-bir eslab chiqdim, xotiramning kuchi etgancha. Barchasida, hech qursa qaysidir qahramonning bo'lsa-da kitoblar terilgan javoni sahnasi elvizakdek bo'lsayam o'tib ketadi. Shuncha eslashga urinsam ham, kambag'al hayot tasvirlangani mayli, qo'sha-qo'sha mashina-yu, savlatidan yoniga borib bo'lmaydigan uylar, xullas, to'kin hayot tasvirlangan kinolarimizdayam to'rttagina bo'lsa-da, shaparakkina bo'lsa-da kitobli javoni bor uy tasviri bor birorta o'zbek kinosi ko'z oldimga haliyam kelmayapti.

«O'zining shaxsiy kutubxonasi yo'q uyni men xarobaga o'xshataman» degan ekan ingliz adibasi Jeyn Ostin.
Hurmatli kinochilar, uyg'onsangiz bo'lardi! Sizning mahsulotingiz aslida eng katta targ'ibot vositasi ekanligini eslash payti keldi. Bizning kinolarimizni ko'rgan xorij tomoshabini o'zbeklarni kitobxon millat deb o'ylashini biz ham xohlaymiz!

Go'zal Ro'zieva

Birinchi izoh

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *