«Lola inqilobi» (ma'naviyat +)

9 180 views

Bundan bir oycha oldin qo'shiqchi Lolaning «Sevgingni menga ayt» deb nomlangan klipini tahlil qilib, unda qanday ishoralar ko'rganim xaqida yozgan edim. Bu maqola ancha ommalashib, hatto Lolaning o'zi ham uni instagram tarmog'idagi sahifasida ulashgan edi. Bugun uning xuddi shu nom bilan “Sevgingni menga ayt – 2” deb nomlangan klipi e'lon qilindi. Jurnalist va bloger Muhrim A'zamxo'jaev: «Sevgingni menga ayt»ning birinchisida Nurbek Alimovga «ko'ringan» narsalar yo'q edi, menimcha; yangi klipni esa Lola aynan Nurbek Alimovning o'sha maqolasi asosida olgandek ko'rindi menga. Yuzimiz. Bugunimiz. Isyon bu”, deb fikr bildirib o'tibdi.

Keling, bugun ushbu klipning yangi chiqqan qismini tahlil qilib ko'ramiz.

Klip o'ziga xos qorong'u va rutubatli atmosferada, sahnada boshlanadi. Sahnada Lola bizga tanish bo'lgan o'sha “neformal” qizlar hamrohligida chiqib keladi. Pastda esa «O'zbeknavo»ga o'xshagan tashkilotning byurokratlari o'tiribdi. E'tiborim birinchi navbatda shu byurokratlarning ortidagi yozuvga tushdi.

Unda o'zbek tilida «Bizning mentalitetimizga to'g'ri kelsin!» degan yozuvni uchratishimiz mumkin va bu narsa bizning ong ostimizda klassik «ma'anaviyat qo'riqchilari»ni eslatib yuboradi. Yana bir qiziq personajlardan biri, byurokratlarning ortida o'tirgan personaj. U har bir gapga qarsak chalaveradi, balki ichida «Qarsak chalgim kelyapti, Ravon mingim kelyapti» deb o'tirgandir.

Sahnaga chiqib kelgan Lolaning ortida esa rus tilida «Obeщayu iskrenne vesti svoyu deyatel'nost' vo blago naroda» («Faoliyatimni chin dildan xalq manfaati uchun olib borishga va'da beraman»), bu erda o'ziga xos sarkazmni tushunamiz (klip o'zi sarkazmga to'lib ketgan). Birdan Jahongir Otajonovning «Qaddi baland» deb nomlangan qo'shig'i yangraydi. Bu esa yaqinda «O'zbekkontsert» va Jahongir Otajonov o'rtasida bo'lib o'tgan mashmashalarni ifoda etadigan epizod.

Qizil rangdagi lozunglar SSSRni eslatib yuboradi

Kutilganidek, byurokrat uning boshlagan qo'shig'i va harakatlaridan kognitiv dissonans holatiga tushib, uni to'xtatadi. Unga mentalitet, ma'naviyat xaqida demagogiya qilishni boshlashadi. Maddoh akamiz esa doimgidek qarsak chalishda davom etadi.

Qarsak chalgim kelyapti Ravon mingim kelyapti.

Bu orada peshonasiga «xeyter» deb yozilgan yoqimsiz personaj paydo bo'ladi. U Lolaning klip ideyasini Maruv degan qo'shiqchidan ko'chirganini aytadi. Byurokratlar esa Maruv kimligiga qiziqib, telefonida ko'ra boshlaydi. Behayo sahnalardan u klipning go'riga g'ishtlarni qalagan ma'naviyatning qo'riqchisi bo'lgan byurokrat akamiz bildirmasdan o'sha klipni stolni tagida ko'rib o'tiradi. Bu epizod nimalarga shama qilayotganini tushunish qiyin emas. Qo'limizda faktlar yo'q, lekin «O'g'rini ushlanglar», deb eng qattiq baqirayotgan insonning o'zi o'g'riboshi bo'lib chiqishi mumkinligi xaqidagi postulatlarga ishonamiz.

Klipda yana ikkita obraz bor, bular menimcha mahalladagi g'iybatchi xotinlar, o'zlariga umuman qaramaydigan, lekin boshqalarni ko'ra olmaydigan va ortidan g'iybat, tuxmat tarqatib, pista chaqib o'tiradigan Shapat va Mapu

Zato milliy kiyinishgan

Keyin klipda soqolli yigitlar paydo bo'lishadi.

Oradan xechqancha o'tmasdan shu ahvol:

Aslida bu narsa klipda sartaroshxona reklamasi, deb berilgan bo'lsa-da, aslida bu bilan Lolaning nima demoqchiligi barchamizga ayon.

Birdan sahnaga bir opa kirib keladi va har xil ayollar kategoriyasini o'qiy boshlaydi. Ajrashgan, chet eldan kegan, nogiron, kam ta'minlangan va h.k. Bu nomlarni eshitgan ayollar «Men», deb o'ta boshlashadi. Bu, albatta, o'sha ma'lum va mashhur Xotin-qizlar qo'mitasi tomonidan tuzilgan «Xavfli ayollar» ro'yxatiga ishora. Eng qizig'i, «Ma'naviy qo'llab-quvvatlashga ehtiyoji bor», kategoriyasida Lolaning o'zi «Men», deb qo'l ko'taradi.

Klip so'ngida va kulminatsion nuqtasida milliy libosda chiqib kelgan qizcha pastdagi byurokratlarga qarata xitob qiladi, ammo biz qizcha nima deganini eshitmaymiz. Buni har bir tomoshabin yakunni o'zi qo'yib olaveradigan klassik usuldan foydalanilgan. Qizcha raqsga tusha boshlaydi va uning shamolida orqadagi yozuvlar uchib byurokratlarning o'zi stolni tagiga kirib ketishadi.

Bu sahna bilan hozirgi zamonaviy tendentsiyalar, yoshlarning xohishiga qarshi bunday taqiqlar bilan kurashish foydasizligi, yoshlarning kuchli energiyasi har qanday konservativ va qotib qolgan qarashlarni supurib tashlashi mumkinligini ko'rsatib beradi.

Albatta, bu klipdan so'ng, «tegishli tashkilotlar» tomonidan Lolaga savollar bo'lishi aniq va u buni bilgan holdagi reaktsiya va klip ustida ishlagan ijodkorlarni tanishtirishni bitta sahnaga joylashtirib, kreativ yo'l tutishgan. Klip so'ngidagi barcha mas'ullar bu klipda ishtirok etmagani buyicha turlicha «bahonalar» to'qiy boshlaydilar.

Lolaning jasoratiga qoyil qolmay ilojimiz yo'q. Oldin unga ham shunchaki «pop-qo'g'irchoqlar» kategoriya prizmasi orqali qaraydigan xalq unga nisbatan boshqacha ko'z bilan qaray boshladi. Lolaning maqsadi jamiyatda hamma qonunda taqiqlanmagan xohlagan ishini qilishga, xohlagan kiyimini kiyishga, imidjini o'zi belgilashga va mustaqil erkin tanlov huquqiga ega ekanliklarini ko'rsatish bo'ldi.

Nurbek Alimov

Sevgingni menga ayt — 2 klipi:

Birinchi izoh

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.