Kutilgan jinoyat: Kapgirkalla yana ishga kirishdi

Kapgirning ishtiyoqi so'ngan. Birorta ishni boshlamaydi ham, boshlasada oxiriga etkazmaydi. Dunyo shunchalik tez o'zgarib ketayotganini bedanani moyagidek miyasi qabul qilmayotgan ko'rinadi. Bechoraga qiyin, qo'lida birorta tayinli hunari yo'q, faqat jinoyatlarni fosh etishni biladi, aniqrog'i bilardi… Mahalladagi “Munavvar market”dan produkta qilib, kvartiraga yo'l olmoqdamiz.

—Kapgir so'nggi vaqtlarni ishingiz yurishmay, “singaniz”ni sezayapsizmi?

—Kim “sinibdi”, meni? Men singuncha bulbulni shohi sinadi galvars, Cho'mich!

—Hayotimiz rivojlanib ketayotganiga shoshib qoldingiz-a? Yangiliklarni birini qabul qilib ulgurmasizdan boshqasi chiqib kelayapti. Sizga ham qiyin, tushunaman.

—Cho'mich, esiz buxankaga surtilgan “Maselko” saryog'inikiga o'xshab oqib tushdimi nima balo. Nega yangiliklarni qabul qila olmas ekan. Bilsangiz men bularning barchasini avval ham boshimda o'tkazganman. Xuddi hammasi dejavyudek, 90-yillarda sodir bo'lgan narsalar yana qaytarilmoqda. Menga moral o'qishni bas qilingda, eshikni oching, qistab ketdi.

Eshikni ochishim bilan Kapgir hojatga yugurdi, eshigini ochdi-yu, menga o'girildi.

—Kvartiramizda kimdir bor.

Yuragimni vahima bosdi. Birorta ishni ochib, kimningdir dumi bosib qo'ygan bo'lsa, qasos olgani keldimikan-a?

—Qodirov menga bir qoshiq qahva hamda uch qoshiq shakar, — deya baqirganicha Kapgir, hojatga kirib ketdi.

Qarasam balkondan mayor Qodirov qo'lida krujka ko'targanicha chiqib kelayapti.

—Eshikni qanday ochdingiz?, — dedim qo'l berib so'rashgach.

—Bitta eshikni ocha olmasak, nima qilib yuribmiz shuncha yildan beri xizmat qilib vey…

—Cho'mich, “Xalq so'zi”dan bervoring.

—“Xalq so'zi” qolmagan-ku, faqat “Tafakkur” bor.

—“Tafakkur” tirnab tashlaydi, krovatni tagida “Jamiyat” bor edi, o'shani uzatavoraqoling bo'lmasan.

Ikki daqiqa otar-o'tmas Kapgir safimizga kelib qo'shildi. Pishillab-pishillab qahvasini icha boshladi.

—Men ekanligimni qaerdan bildiz?, — dedi Qodirov.

—Hojatxonadan. Qarasam bakning ichiga suv oqayapti ekan, demak undan kimdir foydalangan, bundan tashqari unitazni o'rindig'i ko'tarilgan, demak foydalangan kishi erkak. Kvartiramizni eshigini ochishga qodir bo'lgan erkaklar ikkita — biri siz, ikkinchisi meni akam. Akam hozir Moldovada ekanligini hisobga olsak…

—Qoyil-ee.

Qodirov Kapgirning topqirliga taxsin o'qib turgan vaqtda men televizorni qo'ydim. O'zbekiston kanalida “Xalqaro press klub” ko'rsatuvi bo'layapti ekan.

—Shuni o'chira qoling Cho'mich. Bu ko'rsatuv odamni sog'lig'i uchun zarar.

—Nega zarar bo'ladi?

—Shunchaki, menga yoqmaydi negadir.

—Sizga yoqmagan narsa zarar bo'lavermaydi-ku…

Gapgir gapimni bo'lib, mayorga yuzlandi-da:

—Umuman olganda, podezni yonidagi “Mentni moshinasi” deb yozib qo'yilgan Nexia’ga ko'zim tushgandi. Nima gap? Sizni anchadan beri qorangizni ham ko'rsatmayotgandingiz, tinchlikmi?

–Tinchlikmas-da! Yordamiz kerak. Shaharda ceriyali qotilliklar boshlangan, kalavani uchini topishning imkoni bo'lmayapti.

—Siz anuni uchini ham topolmaysiz-ku, kalavanikiga yo'l bo'lsin-e, karoche qancha to'laysizlar?

—Cho'michni vremenniy propiskasi tugayapti ekan, shuni cho'zdirib beraman.

—Men butun boshli ceriyali qotillikni ochar ekanman-u, evaziga Cho'mich cho'zdiradimi?! Bo'lmapti. Eshitishimcha, boshqarmalaring Telegram’da o'zining kanalini ochayapti ekan, bir haftada kanallaringda tekinga uchta reklama berib turishga ruxsat bersalaring, hoziroq ishga kirishaman.

—Bu meni qo'limda emas, Kapgir. Boshliqlar bilan maslahatlashishimiz kerak. Vremenniy propiska bilan Cho'michni Yoshlar Ittifoqiga a'zo qildirib qo'yaman.

—A'zolikni bir joyizga tiqib qo'ying! Men mol do'xtiriman, galstuk taqib tadbirma-tadbir yuradigan lo'ttivoz emas, — dedim tutoqib. Qodirovni qanchalik hurmat qilmayin, bu gaplari nafsoniyatimga tegib ketdi. Yaxshiyam baxtiga telefoni jiringlab qoldi.

—Allo, nima bo'ldi? Yanami? Qaerda?… Telefonini o'chirib Kapgirni sovuq basharasiga tikildi.

—Kelishdik, faqat ishni tezroq boshlashiz kerak. Yana bitta odamni o'lik holda topishibdi.

—Nima qilib o'tiribmiz unaqada, ketdik bo'lmasam, — dedi Kapgir o'rnidan shahd turib.

Yo'lga otlandik. Qodirovni moshinasini “viu-viu”sini yoqtirib, Sergili tomon haydadik.

—Kapgir shuncha tanaffusdan keyin birdagiga seriyali qotillikni ochish og'irlik qilmasmikan, nima deysiz.

—Men sizga aytsam, jinoyatni ochish — bu xuddi fohishaga borishdek gap. Bir borasan, ikki borasan, besh borasan… o'zingni to'xtata olmaysan. Men shuncha vaqt o'z irodamni sinab, birorta ish olmadim. Endi esa seriyali qotillik chiqib turganida o'ylanib o'tiraymi, bu axir butun boshli ishratxonaning qizlari ixtiyorimda deganik-ku! Yo'q Cho'mich, kayfni beliga tepa olmaysiz.

—Metafora keltirishni ham yirtib qo'yasizda. Qiynalib qolmang deymanda do'stim.

—Men go'shangaga birinchi marta kirayotgan kuyovchak emasman, qiynalib qoladigan, yaxshisi ish haqida o'ylang. Yo'q, o'ylamay qo'ya qoling. Axir bu baribir qo'lingizdan kelmaydi.

Katta yo'l tomonga qaragan, old qismi chiroyli qilib bo'yalgan, biroq orqa tarafidan bu erda birorta odam yashashi dargumon bo'lgan domlarni orasi bo'ylab o'tib, yangi qurilgan etti qavatli turar-joyn binolarining oldiga chiqdik. Navbatdagi qurbon 5 qavatda yashaydi ekan. Krugom melisa, mahallakom, uch-to'rtta xotin-xalaj va albatta doimgidek masjidni imomi… “Tarqalinglar, tarqalinglar” degancha oralaridan o'tib marhmuni xonadoniga kirdik. Kapgir o'zining tekshiruvlarini boshlab yubordi. Avvaliga o'likni yaxshilab tomosha qildi, uning bosh tomonida yotgan telefonini olib birpas titkiladi-da, hojatga ko'tarib kirib ketib o'n besh minut deganda terlab chiqib keldi. Oshxonadagi ahlat qutisini tekshirdi, muzlatgichni ichini paypasladi yana xonaga qaytib o'likni cho'natklarini kovlashtirdi. Yorilgan boshini qimirlatib, o'ng barmog'i bilan qotib qolgan qonni yalab ko'rdi…

—Biror nima bormi Kapgir?

—Nixao hech nima yo'q. Menimcha, u o'z joniga qasd qilgan. O'zi qaerdan chiqdi, uni kimdir o'ldirdi, degan taxmin?

Shu payt Qodirov televizorning palos ustida sinib yotgan pultiga ishora qildi.

—Barcha o'lganlarning uyida televizor pulti singan, shuningdek, hammasining boshi devorga urib yorilgan. Bundan tashqari hammasi deyarli bir vaqt oralig'ida — soat 12:00 bilan 13:00 orasida vafot etgan. Menimcha, qotil shu orqali o'z imzoni qoldirmoqda.

Men esa qaddi-qomati kelishgan, orasta kiyingan, sochlari tekis qilib taralgan, qoshlari xorazmlik qizlarnikiga o'xshash qalin va chiroyli, rasmiy kofta-yubka kiygan, xonaning bir burchagida turib unsiz yig'layotgan 30—35 yoshlar atrofidagi juvonga termulib turardim. Ichimda “naqadar ajoyib hilqat-a?! Afrodita kabi nuqsonsiz go'zallik” degancha, uni xayolan quchoqlashga harakat qilardim.

—Manavi ming'illayotgan ayol kim?, — dedi Kapgir Qodirovga qarab. Bu Kapgir nozik jins vakillariga xushmuomala bo'lishni hech o'rganmadida. Qodirov esa xuddi gugurt cho'piga o'xshagan — qomati ingichka, boshi esa katta, tog'asi majburlab akademiyada o'qitganmi nima balo, qilayotgan ishidan norozisifat letenantga savol ohangida qaradi. Bu ayol marhumning sobiq hamkasbi. Ish yuzasidan uning yoniga kelgan ekan, o'lgani haqida shu xabar berdi.

—U emas, men xabar berdim, — deb shang'illadi orqa tarafdan bitta xotin. —Qarasam Komiljonni eshigi ochiq (marhumning ismi Komiljon ekanini shunda bildim), nima balo qulflamay ketdimi deb eshikni ochib ichkariga kirgandim, bu ayol yig'lab turgan ekan. Umrida o'lik ko'rmaganmi deyman, shokka tushganidan gapirolmayotgandi ham, telefon qilarmidi. Men qildim telefon, fuqarolik burchimni bajardim. Endi menga mukofot berishadimi?

Kimning dardi nimada vey…

—Sizga marhum kim bo'ladi?, — deya Kapgir shundoq ham o'zi zo'rg'a turgan juvonni so'roqqa tuta boshladi.

—Sobiq hamkasbim. Oldin birga ishlaganmiz.

—Oldin ishlagan bo'lsangiz, nega bugun uni yoniga keldiz yoki o'ynashimiz?

—Og'zizga qarab gapiring, men oilali ayolman, — dedi juvon ko'zi nafratga to'lib.

—Unda begona erkakning uyiga nega keldingiz?

—Ish yuzasidan, meni lavozimimga u tayinlangan edi, shunga biror kun vaqtiz bo'lganida hujjatlarni olib kelib, yangi lavozimda mas'ulyatim nimadan iborat ekanligi haqida tushunchalar bervoring degandi.

—Sizni uyiga chaqirmagandir?

—Bunchayam fikrlaringiz iflos bo'lmasa, yo'lim tushgan edi Sergeliga, bir yo'la hal qilib qo'ya qolay degandim.

—Nima maqsadda kelgandiz Sergeliga?

—Opamning oldiga kelayotgandim!

—Bu erga soat nechida keldingiz?

—Aniq eslay olmayman, soat o'n bir yarimda “Beruniy” metrosi yonidan avtobusga mingandim, odatda 40—50 daqiqalarda etib keladi manzilgacha. Menimcha, bu erga kelganimda 12:30 lar bo'lib qolgandi.

—Avtobusning haydovchisini ko'rsatishsa taniy olasizmi?

—Yo'q, avtobusni orqa o'rindig'ida bo'lganim uchun uning yuzi ko'rinmadi.

—Opangizni oldiga nega kelayotgandiz?

Ayolning jahli chiqa boshladi. Bunaqangi ma'nisiz savol-javob mening ham jonimga tegdi, to'g'risi. Bechora ayol o'zi zo'rg'a turibdiyu, manavi eshak uni battar qiynaydi.

—Kapgir bas qiling, ish bilan shug'ullansangiz-chi undan ko'ra, dedim sekin kurkasidan tortib.

—Men nima qilayapman sizningcha? Bu ayolni opasi rostdan ham Sergelida yashash yashamasligini aniqlang, tez.

Qodirovga bu haqida aytdim, u esa o'z shotirlariga. Uch daqiqada javob keldi. Juvonning rostdan ham shu yaqin atrofda opasi yasharkan. Kapgirga bu haqida aytdim. Dami chiqqan pufakday, shalpayib qoldi.

—Tushunarli, ularning boshqa umumiy jihati yo'qmi?, — deya so'radi Kapgir Qodirovdan.

—Yo'q bo'lsa kerak. Barchasi shaharning turli chetlarida yashaydi, hammasining yoshi o'ttizdan oshmagan, oilasi bor, davlat strukturasida ishlaydi, maoshlari zo'r bo'lmasa ham yaxshigina. O'ylashimcha buning hech qanday ahamiyati bo'lasam kerak?

—Bu erda ahamiyati yo'q narsa faqatgina sizsiz o'rtoq Qodirov. Biz boshqa marhumlarni ham ko'rishimiz kerak, — deya jerkib berdi Kapgir.

—Okey, ularning hammasi markaziy kasalxonani morgida, men esa ishga borishim kerak. Ha, aytgancha, bugungini ham qo'shadigan bo'lsak, ularning barchasi seshanba kuni o'ldirilgan.

—Shuni ertaroq aytmaysizmi?

—Nima biror nimani aniqladizmi?

—Yo'q, hammasi haftaning bir kunida o'ldirilganidan keyin bog'liqlik bo'ladi-da. Siz boravering, biz o'zimiz bir amallaymiz. Aytgancha, bo'lajak xotinizga salom deb qo'ying. Yoki u shunchaki o'ynashdir…

—Bas qiling-e Kapgir, yana qanaqa o'ynash?! Men ishga borishim kerak, siz esa vazifangizni bajaring, deb Qodirov shoshganicha chiqib ketdi.

Talabimizga ko'ra, marhumning xonadonida yolg'iz Kapgir ikkimizni qoldirishdi. Kapgir oshxonaga chiqib qahva damlab ichdi, yana kelib marhumni tekshirdi, yana qahva ichdi… U avvalgi qobiliyatini yo'qotgani shundoqqina bilinib turardi, eng achinarlisi buni o'zi ham tushunayotgan edi. Endilikda qo'lingdan hech nima kelmasligini bilishingdan ham og'irroq narsa bo'lmasa kerak. “Bo'ldi, ketaylik, bunga tishimiz o'tmaydi” demoqchi bo'ldim-u, uning o'ziga qo'yib berdim. Balki o'zi tan olib qolar. Shu ko'yi yana uch soatga yaqin xonada o'tirdik. Kapgir uch soat oldin og'ziga otgan nosini hamon tupurib tashlamagan edi. Xavotirlana boshladim, labiga nos otgani esidan chiqib ketgan bo'lsaya? Eslatib qo'yish uchun gapga solmoqchi bo'ldim.

—Kapgir nosizni anchadan beri tupurmadiz?

—Uni yutvora qoldim.

—Jinni bo'lganmiz! Axir oshqozonizni o'ldirasiz-ku, dedim hovliqib.

—O'pkayzni bosing Cho'mich, uyga borgach, qatiq ichvorsam o'tib ketadi hammasi. Lekin manavi nega o'lganini tushunolmayapman. Aqlim etmayapti.

—Tishimiz o'tmaydimi deyman do'stim, balki ketarmiz.

—Ketamiz, ketamiz, faqat avval morgga kirib o'tishimiz kerak.

Bu eshak hech qachon o'zining ojizligini tan olmaydi baribir. Tortishgandan foyda yo'q. Borsak, bora qolamiz. Baribir uyga o'sha tarafdan ketsak arzonga tushamiz. Tashqariga chiqib salkam yigirma minut sovuqda turib etmishga yaqin taksini to'xtatdik. Birortasi shaharni markaziga olib borib qo'yay demaydi-da. Avvallari hamma Sergeliga desa qochardi, endi ko'chalarni kamera bosganiga… Hayot teskarisga aylandi. Oxiri 15 mingga bir balo qilib gaplashdik.

—Kapgir, Qodirovni nega yana uylanmoqchi deb o'yladiz?

—Obbo, shuncha yildan beri yonimda yurib biror nimani o'rganmadiz-da Cho'mich. Qo'liga e'tibor bermadizmi uni. Nikoh uzugi yo'q edi.

—Axir o'tgan yili xotini vafot etdi-ku, shunga echib qo'ygandirda.

—Bunaqa tipdagi odamlar xotinining xotirasini qattiq hurmat qiladi. Ayniqsa, uning o'limida o'zini aybdor deb hisoblasa. Uzukni echib stolning tortmasiga solib qo'yishi mumkin, faqatgina rafiqasi bilan qattiq urushib qolgan bo'lsa, arvohlar bilan esa urushib bo'lmasligini hisobga olsak, u o'zini aybdor deb hisoblamaydi va boshqa birortasiga eski hayotini ko'rsatib qo'ymaslik uchun uzugini echib qo'ya qolgan…

—Kallangiz ishlayotganini inobatga olsak, avvalgi holingizga qaytayapsizmi deyman.

—Men o'zgargan emasman blin, shunchaki dam oldim. No biz tekshirayotgan jinoyatni bog'laydigan birorta podskazkani topolmayapman.

Qodirovning kvartirasidan chiqib ketdik. Chesno govorya miyam bu kabi tushunarsiz echimni qabul qilmayotgan edi. Biroq Kapgir — bu Kapgir. U hech qachon adashmaydi. Ortiqcha savol berish esa, unga ishonmayotganimni bildiradi. Shuncha oylik tanaffusdan keyin unga o'zgalarning ishonchi juda muhim.

—Yana taksida ketamizmi Kapgir?

—Ha, nimaydi?

—Pulni cho'g'i sal kamroq qoldi-da. Balki avtobusda ketarmiz.

—Obbo, mayli avtobus bo'lsa, avtobus-da.

Salqin havoda Milliy universitetning stadioni orasidagi yo'l bo'ylab “Beruniy” metrosigacha keldik. U erdagi er osti yo'li bilan nargi tarafga o'tdik. Biz kutgan avtobus ham keldi. Chiqsak, deyarli hech kim yo'q, faqat orqa o'rindiqda ikkita qiz xiringlashib o'tirardi. Yangi “MAN” avtobusi ekan. Biram shinam, biram qulay.

—Avtobus muborak bo'lsin amaki, dedim haydovchiga qarab.

—Rahmat bolam, mana “Mers”dan qolishmaydigan avtobus ham minadigan kunlarga ham etib keldik. Prezidentimizga rahmat.

—Hamma liniyalarga yangi avtobus berishdimi?

—Yo'q, hozircha bizni 34 liniyamiz bilan anavilarga berdi, deya haydovchi qarama-qarshi tarafidan kelayotgan 131 avtobusga ishora qildi. Biz yarmimiz yangiladik, bularni esa hammasini yangilab berdi, Sergeliga qatnaydiganlarning peshonasiga oftob tegib qoldi.

—Cho'mich ezmalanmasangichi, undan ko'ra anavi orqada o'tirgan qizlarga qarang. Yaxshiyam avtobusni orqa o'rindig'ini baland qilib ishlashibdi, ertaga yozda kalta-kulta kiygan qizlar chiqib, o'sha erga o'tirib qolsa, maza qilib ketamiz.

Orqa o'rindiqqa o'g'rilib qarasam, rostdan ham ajoyib manzara. Ertaga yozda yupka kiygan qizlarga noqulay bo'larkan.

—Undan ko'ra uylaning Kapgir. Garmonlariz miyangizni suyultirib qo'yibdi. Eh bu avtobusni texnologlari shu orqa o'rindiqlarni hisobga olmabdi-da. Rostdan ham ertaga kunlar isiganida o'zbek ayollariga noqulaylik tug'dirarkan.

—Eee bu o'zbek ayollariz bunaqa joyda o'tirarmidi… Shunday deya Kapgir qizlarga tikilib qoldi.

Uni ko'rib men xijolat cheka boshladim.

—Kapgir odamni uyaltirmang, oldingizga qarang.

—Cho'mich tez Qodirovga qo'ng'iroq qiling. Biz adashibmiz. Qotil haqiqatda mavjud.

O'zi boshidan tushunmayotgandim, endi bo'lsa umuman chalkashib ketdim. Nima deyapti bu Kapgir o'zi? Jinoyatni fosh qilding, bo'ldida. Qo'shimcha bosh og'rig'i nega kerak. Qodirov uchinchi marta telefon qilganimdan keyin go'shakni ko'tardi. Kapgirga uzatdim.

—Mayor, o'lganlar aynan qaysi lavozimda ishlagani haqida ma'lumotlar yonizdami?

—Hozir ko'raychi… Tak… Birinchi marhum tashkilotning Chilonzor tumanida etakchisi, ikkinchisi Olmazor tuman raisini o'rinbosari, uchinchisi ham etakchi, Mirzo-Ulug'bekda, to'rtinchisi esa…

—Bo'ldi etarli. Hoziroq Shayxonhotur, Yakkasaroy, Bektemir, Uchtepa, Mirobod, Yashnobod, Yunusobod tumanlarining tashkilot bo'yicha etakchilari, raislari va ularning yordamchilarini uyiga soqchi qo'ying. Faqat bu haqida hech kim bilmasin, ular uyni yashirin ravishda kuzatsin. Darhol! Kimnidir qo'lga olishsa bizni chaqiring…

—Kapgir nima bo'ldi?

—Hammasi tasdiqlansin keyin aytaman, ungacha so'ramang. Yana xato echim berish niyatim yo'q.

Kvartiramizga etib keldik. Kapgir baribir hech nima demadi. O'zimcha o'ylanib, masalaning echimini topishga harakat qildim. Ammo o'xshamagani sabab, uxlavordim. Ertalab Kapgir uyg'otdi.

—Cho'mich turing, Qodirov telefon qildi. Qotil qo'lga tushibdi.

Chala-chulpa yuvinib chiqib, tezda kiyindim va yo'lga otlandik. Manzilimiz Uchtepa tumani ekan. 20 daqiqada etib bordik. Bu erda ham yangi qurilgan etti qavatli binoning yuqori qavatiga ko'tarildik. O'zimizga kerakli manzilga kirsak, Qodirov, yana uning ikki yordamchisi, yana begona kishi (menimcha, uyni egasi bo'lsa kerak) va…

…Va o'sha Sergelida Komiljonning uyida ko'rgan xushbichim juvon qo'li kishanlangan holda turardi. Axir qanaqasiga? Nega? Qotillikni nima sababdan amalga oshirdi u? Kapgirga savol ohangida qaradim, u ham meni nima demochiligimni tushundi.

—Demak, barchasiga oydinlik kiritadigan vaqt keldi. Qarshingizdagi ayol o'ldirib ketilgan barcha ittifoqchilarning qotili hisoblanadi. Hammangizni uni qanday qilib fosh etganim o'ylantirayotgandir? Qisqasi kecha yangi Cho'mich bilan yangi avtobusga chiqdik. Judayam ajoyib qilib ishlashibdi o'ziyam, ayniqsa, orqa o'rindig'ini, shundaymasmi?, — deya Kapgir juvonga yuzlandi. U do'stim nima demoqchi ekanligini tushunolmayotgandi.

—Tushunmayapsiz-a? Sizning ikkita xatoingiz bor. Kecha opamnikiga “Beruniy”dan avtobusda keldim dediz. U erdan Sergeliga faqat 131 avtobus qatnaydi. Siz hoynahoy ushbu liniyaga yangi avtobuslar qo'yilganidan bexabar ko'rinasiz. Bu sizning birinchi xatoingiz! Ikkinchisi esa yolg'on so'zlab uning orqa o'rindig'ida o'tirib keldim deganingiz. Agar yangi avtobusga chiqqaningizda uning orqa o'rindig'i ayollar uchun, ayniqsa kofta-yubkada bo'lganlar uchun naqadar noqulaylik tug'dirishini bilgan bo'lardingiz. Siz kabi oilasini o'ylaydigan o'zbek ayollari hech qachon u erga o'tirib kelmasdi. Demak, shunday ekan siz yolg'on so'zlagansiz. Yolg'on so'zlashdan maqsad nima? Odatda yolg'onlar biror aybni yoki jinoyatni yashirish uchun so'zlanadi. Kecha siz Komiljonning uyiga hujjatlar bahona uni o'ldirgani borgansiz. Faqat yana bir narsani e'tibordan qochirgansiz. Qiziquvchan qo'shnini! Agarda u marhumning uyiga kirib, sizni uchratib qolmaganida, siz hech qanday qiyinchiliksiz u erdan chiqib ketgan va biz bilan to'qnashmagan bo'lardingiz. To'g'rimi? Ammo yana bir narsa mavhumligicha qolmoqda: nega ularni o'ldirdingiz? Bunga ham taxminim bor. Sizni ishdan haydashgan. Men avvaliga bunga ahamiyat bermagan ekanman, biroq marhumlarning barchasi yangi tuzilgan Yoshlar ittifoqining a'zolari ekanligini bilgach, siz sobiq “Kamolot”da ishlaganizni faraz qilib ko'rdim. Shunda kelib chiqadigan bo'lsak, ular sizning ishingizni tortib olgan yoki sizni ishdan olish uchun qurultoyda uchun ovoz bergan shundaymi? Shuning uchun ularni o'ldirdingizmi?

Ayol Kapgirdan qutulib bo'lmasligini fahmladi shekilli, xuddi hind filmlaridagi kabi boshini ikki qo'li bilan changallagancha polda o'tirdi. Chuqur xo'rsinib gap boshladi:

—Qisman to'g'ri, lekin to'liq emas.

—Xo'sh so'zlangchi, eshitaylik gap nimada ekanligini.

—Men umrimning 10 yilini “Kamolot”ga bag'ishladim. Barcha tadbirlarini qatnashdim, qandachan qanchasini tashkillashtirdim. Qoraqalpog'iston desa Qoraqalpog'istonga, Andijon desa Andijonga bordim. Beradigan oyligiga o'zimdan orttirib, oilamga biror nima ololmasamda, tashkilot tomonidan beriladigan “Yoshlar uyi” uchun tinmay mehmat qildim. Va nihoyat o'tgan yili mening ham uy oladigan navbatim keldi. Behad xursandligimdan shuncha yillik azoblarimni unutib yubordim. Axir, 14 yil ijarama-ijara yurib yashashning osonmas-ku. Endi esa uyimiz bo'ladi! Biroq adashgan ekanman. Navbatim keldi deganda, tashkilotimiz o'rniga Yoshlar ittifoqi tashkil etildi. Menga o'xshab 30 dan oshganlarni esa sekingina ishdan bo'shatib yuborishdi. Uy ham uxladi. “Biz Kamolot va'da qilgan uylarni bermaymiz, ularning ro'yxati bizga tegishli emas” degan javob yuragimga pichoqdek sanchildi. Bizning o'rnimizga kelgan yosh-yosh bollar hali birorta ish qilmasidan turib, turli mukofotlar-u, ularga ega bo'ldi. Bu sizga alam qilmasmidi? Men bunga chiday olmadim, barchasini o'ldirishga qaror qildim. Bor gap shu!

—Axir qilgan ishingiz naqadar ahmoqlik ekanligini bilmaysizmi?

—Bilaman, lekin bundan afsuslanmayman.

—Bu olib chiqib keting, aybini tan olganini protokolga kiritib qo'ying, — deb buyruq berdi Qodirov qo'l ostidagilarga.

Uni olib chiqib keta boshlashdi. Kapgir esa o'yga toldi. Negadir jinoyatni fosh etganidan xursand emasdek edi.

—Balki, jinoyatni ochib xato qildimmikan-a Cho'mich?

—Aqliz joyidami Kapgir. Axir u odam o'ldirdi. Ittifoqchi bo'lsa ham o'lganlar odam-a!

—To'g'ri aytasiz, biz hammasini yaxshi bajardik. Vijdonimiz toza. Ie to'xta, bir narsani so'rash esdan chiqibdi-ku. Shunday deya Kapgir pastga yugurib ketdi. Ortidan men ham chopdim. Jinoyatchi ayolni endi mashinaga o'tirg'ishayotganlarida etib oldik. Kapgir bir minut deya, ayolda yuzlandi.

—Nega ularni aynan haftaning bir kunida, bir vaqt oralig'ida o'ldirdingiz?

Ayol miyig'ida kulib javob berdi:

—Ularning hammasi “Xalqaro press klub”ni birorta ko'rsatuvini o'tkazmasan ko'rishga majbur. Uni tomosha qilib, ko'tarilgan masalalar haqida o'zlaricha ma'ruza tayyorlaydida, keyin ertasiga qo'l ostidagilarga o'qib beradi. Shuning uchun ko'rsatuvni diqqat bilan tomosha qiladi. Men esa aynan shu ko'rsatuv boshlanishi arafasida, ularning uyiga biror nimani bahona qilib, masalan, sobiq “Kamolot”ning hujjatlari masalasida borardim-da, televizorga anqayib qolgan vaqtlarida qo'limga ilingan narsa bilan boshini urib yorardim…

Naqadar vaxshiylik deb yubordim men.

Ayolni olib ketishdi. Biz Kapgir ikkimiz mashinaning ortidan ancha vaqtgacha tikilib turdik.

—Men sizga aytmaganmidim, Cho'mich, — dedi Kapgir.

—Nimani? Ko'p narsa aytgansiz menga.

—“Xalqaro press klub” sog'lik uchun zarar deb…

Jamshid Cho'mich