Konfutsiy hikmatlari

Qornini o'ylamas olijanob shaxs,
Faqat o'z tinchini ko'zlab yashamas.
Shaxdam xizmat qilar, gapi — ma'noli,
Ulug' yo'lga o'zin tayyorlar doim,
Desa bo'lar uni a'lo o'quvchi.

* * *

Tashvish chekma, tanimasa seni odamlar,
Tashvish chekkin odamlarni tanimaslikdan.

* * *

Kim ezgulik yo'li bilan ish tutar ekan,
U o'xshaydi xuddi shimol Qutb yulduziga.
O'z o'rnida nur sochadi, muqim, ulug'vor,
Porlab turgan yulduzlarning orasida u.

* * *

Faqat rahm-shafqatli odam
Boshqalarni chin dilidan seva oladi,
Yomonlardan esa nafrat qila oladi.
Intilinsa rahmu shafqatga
Qolmas bu dunyoda yovuzlik.

* * *

Hayotda o'rnim yo'q deb aslo chekma g'am,
O'zingni barqaror etmoqqa tirish.
Agar seni hech kim tanimasa ham
Ko'pchilikka mashhur bo'lishga kirish!

* * *

Ota va onangga qilganda xizmat,
Qilmagin ularga pandu nasihat.
Neni xohlasalar etgin jo-bajo,
So'zlari yoqmasa jerkima aslo.

Ota-onang hali hayot bo'lgan choq,
Sira keta ko'rma ulardan uzoq.
Mabodo ketsang ham aniq joyda tur,
Izlatma o'zingni bo'lsang gar zarur.

* * *

Chirigan yog'ochga naqsh solib bo'lmas,
Devorni go'ng bilan oqlab bo'lmaydi.
Beg'am shogirdga ham behudadir pand.

* * *

Oldinlari odamlar-la aloqada men
Gaplariga ishonardim va'da berishsa.
Endi esa odamlar-la aloqada men
Gaplarini tinglaymanu kutib turaman —
Toki ular va'dalarin qilguncha ado.
Bu odatga olib kelgan — beg'am shogirdim.

* * *

Keksalarni doim izzat-hurmat qil,
Vafodor do'stingga hamisha ishon.
O'zingdan kichikni ko'rsang — aziz bil,
Xato qilsang dildan bo'lgil pushaymon.

* * *

Evoh, ezgulikning holi parishon,
Bilimga intilish ko'rinmas hamon.
To'g'ri yo'l ko'rsatsang yurmaydi birov,
Illatlar insonning yo'lidadir g'ov.

* * *

Dili kuymaganga bermayman ta'lim,
Hayratga tushmagan ololmas bilim.
Bir burchakda turib qolganin ko'rmas,
Bundayni o'qitish foydasi bo'lmas.

* * *

Yo'qni bor deyilsa — bu qanday odat,
Bo'shni to'la demoq — shumi saodat?
Faqirlikni — boylik, jafoni vafo,
Bunga ne demoqlik kerak, ajabo?

* * *

Naqadar buyukdir Yao podshoh!
Qanchalar sarbaland, ulug'vor!
Aslida eng baland Osmon-ku,
Go'yoki ko'kkacha etgulik boshi.

Yo'q nihoya salobatiga.
Ta'rifiga topilmaydi so'z,
Uning a'moli ham yuksak va ulug',
Ma'rifat yo'lidan taraladi nur!

* * *

Doim samimiy bo'l, intil bilimga,
Takomil yo'liga tikkil shirin jon.
Yo'llar bos, bakor kel yurtu elingga,
Bekor o'zni o'tga urma hech qachon.

* * *

Uchib kelmayotir baxt qushi — Humo,
Daryo ham ko'rsatmas yaxshilik — nishon,
Demakki mening ham kunim bitmoqda!

* * *

Sadoqat, soflikni muhim deb bilgil,
Do'stligu vafoga sen rioya qil.
Ammo do'st bo'lmagin tenging bo'lmasa,
Xatoyu nuqson-la qilma murosa.

Rus tilidan Muxtor Xudoyqulov tarjimasi

Birinchi izoh

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *