Kommunal xizmatlarning yagona billing tizimi 2019 yilgacha ishga tushadi

O'zbekiston hukumati 14 sentyabr' kuni Kommunal xizmatlarning yagona billing tizimini tashkil etish to'g'risidagi qarorni qabul qildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ning Uy-joy-kommunal xizmat ko'rsatish vazirligidagi axborot manbasi xabar qildi.

Tizimni 2018 yil avgustiga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan bo'lib, kommunal xizmatlar axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalari keyinroq qo'shiladi. Xususan, elektr va gaz ta'minoti 2019 yil yanvarga qadar ulansa, ichimlik suvi ta'minoti, kanalizatsiya va issiqlik ta'minoti 2020 yil so'ngiga qadar qo'shiladi.

Yagona billing tizimi kommunal xizmatlarning amaldagi tariflariga muvofiq iste'molchilarga hisobni berish va hisob raqamlaridagi mablag'larni nazorat qilish, hisobga o'tkazish va hisobdan chiqarishga imkon beradi.

Tizim doirasida butun O'zbekiston bo'yicha kommunal xizmatlar iste'molchilarining yagona reestri joriy etilib, elektron hukumat tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

Tizim iste'molchilarga kommunal xizmat ko'rsatishni faollashtirish yoki to'xtatib qo'yish uchun hisoblagichlarni boshqarish imkoniyatini yaratadi. Billing tizimini elektron to'lov tizimlari bilan integratsiya qilish rejalashtirilgan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining UZINFOCOM Markazi bazasida tashkil etilgan Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo'llab-quvvatlash yagona integratori Yagona billing tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish va uzluksiz ishlashini ta'minlash uchun mas'ul etib belgilandi.

Loyiha ijrochisi joriy yil oxiriga qadar aniqlanishi lozim. Ishlanma uchun xalqaro moliya institutlari mablag'larini jalb qilish rejalashtirilgan.

Manba: “Gazeta.uz”

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *