Ketga tepishning foydasi (fantastik janrdagi achchiq istehzo)

Psixologlarning (ismlari esimda yo'q) fikricha, ketga tepish boshliqning o'ziga, o'z kuchiga bo'lgan ishonchini oshirishdagi eng muhim jarayon ekan. Qolaversa, tartibni yo'lga qo'yish, buyruqlarning o'z vaqtida bajarilishini ta'minlash, qattiqqo'l siyosat yuritishda ketga tepish eng maqbul amal sanaladi. Uzoq-uzoq o'tmishning guvohlik berishicha, bu boshqarilmish (hozirgi til bilan aytganda, xodim)ning xushyorligini oshiradi, vazifalarga yuksak mas'uliyat bilan yondoshishga undaydi. Qachonlardir zanjilar uchun ketga tushgan xo'jayinning zarbasi mukofotdek gap bo'lgan ekan (har holda qamchining achchiq va og'rig'i suyakkacha etadigan zarbasi yonida tepki avliyodek ko'rinadi-da) «Tak chto'», bu an'ana tarix sinovidan o'tgan, tajriba maydonlarida ishonch qozongan boshqaruv uslubi ekanini unutmaslik lozim va lobud!

Hurmatli, zoti sharif, o'rtoq boshliq! Sizni tushunamiz: hozir 4 ta odamga boshliq bo'lish osonmas. Odamlar oilasini, bitta xotinini tartibga sola olmayotgan bir davrda, jamoani gapirmasa ham bo'ladi (juda zo'r ish beradigan, kattalarga moydek yoqadigan shablon gap-da). Sizning “urganingiz ur oshi, so'kkaningiz so'k oshi”. So'kkaningiz so'kilib, urganingiz urilib qolmaydi. Bilamiz: ishda tartib-intizom, mas'uliyat bo'lsin, deysiz! Nima qipti, mana, sizam tepadagilardan tepki eb, kam bo'ldingizmi? Yo'q! Kimsan “Falonchi Pistonchievich”siz! Haybatingizdan eshak hurkiydi. Odam so'kish eshitib, tepki eb ulg'ayadi-da! Siz, albatta, bu qadimiy an'anani baralla, sharaf bilan davom ettirib, muqaddas zanjir halqasini uzmasligingiz kerak. Sizni yuqoriroqdagi rahbaringiz tepadi, siz xodimingizni, xodimingiz xodimini tepadi (bu yog'i “sholg'om tortish”). Shu taxlit asriy an'ana bardavom. Axir buning jahonda muqobili, o'xshashi yo'q-ku!
Siz hech ikkilanmay, ishonch bilan, zarbni muborak oyog'ingizning yuziga to'plab, xodimning yumshoq joyiga rasamadi bilan tepish hadisini shunday olingki, shimidagi oyoq izi badaniga urib yuborsin, qimmat botinkangiz izlari orqasida tamg'adek muhrlansin! Yillar o'tib, nabiralariga buni ertak qilib, aytib yuradi ular. O'rtoq boshliq, yana bir bor aytaman: bu yo'lda sobitqadamlik va davomiylikni saqlang! Odamlar, jamoatchilik, xorijning ig'vogar jurnalistlari va boshqa demagoglarning fikrlariga yurakdan tupuring! Siz konservativ uslublar egasi o'laroq, o'z vazifangizni risoladagidek bajaryapman, deb o'ylashda davom eting!
Hurmatli, yo'q-yo'q, sariq chaqalik hurmati yo'q xodim! To'g'ri qilasiz: ketingizga tepsa, indamang! Boshliq degan shu-da: so'kadi, uradi, tepadi. Odam kaltakdan o'lmaydi. Oriyat, g'urur, sha'n degan narsalar balandparvoz gaplar xolos. Zato, o'sha joydan qora qozoning qaynayapti, to'g'rimi? Heh, ana, odamlar chet ellarda sarson ishlab yuribdi. Sen shukr qilmaysanmi? Ozgina chidasang, sal og'riydi, no o'tib ketadi, boshliq xumordan chiqadi. Ha, aytgancha, ketga tepadigan boshliqlarning hammasi ham toshbag'irmas. Tepishga tepadiyu, keyin vijdoni qiynalib yuradiganlari ham bor. Shu uchun ketingga tepsa, shukr qil! 5-10 yilda sen ham xodimingni ketiga tepib, durang qilasan, nichego! Quldorlik tuzumi davrida tug'ilmaganingga «rahmat» de…
Eshitdingmi, bir-ikkita “kozyol” o'qituvchilar, soliqchilar boshlig'ining xodimlarini tepayotgan videolarni internetga chiqarib yuboribdi. E, bu erkakning ishimas-da, jo'ra! Arzimagan ishlarni elga dasturxon qilib yuradimi?! Shu boshliqlar ham seni odam bo'lsin, deb urib-tepadi-da, to'g'rimi?!
Xullas, boshlig'ing so'ksa, ketingga tepsa, olamga jar solmay, “ko'zingni” qisib yur! Bu tekin maslahat!
O'smoqchimisan? Unda keting boshliqning muborak oyoqlarini tez-tez “ziyorat qilishiga” yo'l qo'yib ber! Shioring “Boshliqning tepkisi – kelajaging uchun muhim zarb”, bo'lsin!

Hurmat bilan,
Muslim Mirzajonov

musmir.blogspot.com

Birinchi izoh

  1. Bu insonga bir achindim, bu insondan bir nafratlandim. ORIYaTI Yo'q! Uzini ximoya qila olmagan inson- oilasi xotini, farzandlarini xam ximoya qila olmaydi. Prokuraturadan esa g'azablandim. Mana tayyor isbot dalil turibdi. Adolatpeshalar qayoqqa qarayapti.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *