Karim BAHRIEV: «Paypog'im yo'q, demang — oyog'i yo'q bor»

O'rtanadi ko'ngil o'rtada,
Ulgurmaymiz, ish chala hamon.
Qoldiramiz barin ertaga…
Ertagacha bormizmi omon?!
*
Goh olib, goh sotib ketamiz,
Diyda qotar, qotib ketamiz.
“Vaqt o'tyapti”, — deymiz o'ksinib,
Vaqt o'tmas, biz o'tib ketamiz…

*
Ko'p qayg'urdim, ozroq bo'ldim shod,
Erga qarab ko'zim yoshladim-
Yoki erta tugadi hayot,
Yo men kechroq yashay boshladim….

*
Bu hayotda ko'p hikmat – tilsim,
Yurak unsiz bo'zlab yotibdi –
Tushunganlar o'tiribdi jim,
Tushunmaslar so'zlab yotibdi…

*
Hamma yo'llar go'rga oborar,
Odil bo'lmoq kerak har ishda.
Qanday yo'lda yurishda gapmas,
Bor gap yo'lda qanday yurishda…

*
Bilmaganga o'rgat bilganing,
Bilganlardan o'rgan, dil ochgin.
Bilishini bilmasa – uyg'ot,
Bilmasligin bilmasa… qochgin.
*
Inson bo'lish aslo kech emas,
Ayamasang bas shirin joning.
Har kun erta sen uyg'ongan tong –
Yangi hayot boshlash imkoning…
*
Ololmaysan – gar so'ramasang,
Harakat qil – ko'raverasan.
Agar olg'a qadam qo'ymasang,
O'z joyingda turaverasan…

*
Ishlar qilding eldan panada,
Ishing avjda, yurib turibdi.
Qilmishingni bilmas hech banda,
Lekin Alloh ko'rib turibdi…

*
Quyosh chiqdi – meni uyg'otdi,
Dunyo yotar qarshimda durkun…
Yurdim, turdim, yondim – kun botdi,
O'tib ketdi umrimdan bir kun.

*
Yoqtirsa kim – bo'lmagin xursand,
Yoqmay qolsang – berilma ohga…
Elga birday yoqmoqlik qiyin,
Ishing yoqsa etar Allohga.
*
Inson zoti shundoq azaldan,
Ko'rmaguncha aslo ishonmas.
Alloh esa iymondir butkul,
Ishonmaganingcha ko'rinmas…
*
Men ketar kun yurtning so'nggi kunimas,
Ayon bo'lsa edi elga mardumlik —
Yuqorining zulmi qo'rqinchli emas,
Qo'rqinchlidir juda… pastdagi jimlik.

*
Uchoqda qush kabi uchmoqda inson,
Baliqday suzmoqni bildi ummonda —
Fanning rivoji bu, o'rgansa endi –
Zaminda yashamoq ilmin insonday…

*
Dunyoni tushundim, endi shoshmayman,
Toshmayman, urmayman boshimni dorga…
Sekin eshitaman go'dak kulgusin,
Qarayman qush kabi qo'nyotgan qorga.

*
Paypog'im yo'q, demang — oyog'i yo'q bor,
Boladan nolimang – bor bolasizlar.
Hayotdan o'ksinmang – o'lganlar qancha,
Tiriksiz, shukr etib – el bo'lasizlar…
*
“Kelajak” kelmaydi, do'stim hech qachon,
Uxlaysan, uyg'onsang – bo'ladi “bugun”.
“Kecha” — yo'q, “erta” — yo'q, ishing qoldirma –
Hayot bugun o'tar — umr o'tar, tushun…

*
Dunyo – bir qo'rg'ondir, inson – bir mehmon,
Abadiy qolmoqqa ruxsating yo'qdir.
“Kecha” – o'tdi, “erta”ng bormi – noayon,
“Bugun” ayt, boshqa bir fursating yo'qdir…

*
Alloh berib tursa – ko'paytir shukring,
Bermay qo'ysa bir vaqt – oshirgin sabring.
Shu taxlit yashasang mo'min, xokisor –
Kengayib, gullarga to'lgaydir qabring.

*
Kuchli sabr etadir, zaif sabr etmas,
Bizga ko'p sinovlar bergan hayotdir.
Sabr etish – hech zamon engilmoq emas,
Sabr etmoq — aslida buyuk jihoddir…

*
Darveshga dedilar: “Ustinga qara,
Yirtiq-yamoq kiyim, janda hirqating!”
Darvesh dedi: “Dilni poklash-la bandman,
Ustimni bezashga yo'qdir fursatim!”

*
Zaif g'azab etar, jo'mard qilar sabr,
O'zin enggan kishi engar olamni.
Olamda hech kimsa qo'rqita olmas,
Allohdan qo'rquvchi sobir odamni…

*
“Kecha” “erta” bo'lgan yuz berdi “bugun”,
“Kecha”ga aylanar bugungi ish ham.
Hayot shu taxlitda etadi davom,
Bu qadar hayajon ne kerak, oshnam…

*
Xadikda boqamiz ish boshlay turib:
“Odamlar bu ishga, evoh, ne derkin?!”
Asli o'ylashimiz kerak qayg'urib:
“Barini ko'rmoqda, Alloh ne derkin?!”

*
Bugun o'z yukini tortadi har kim,
Inson dayr cho'lida yurgan tevadir.
Bandadan tilasang — ko'radi yomon,
Allohdan tilasang — ko'proq sevadi…

*
Inson zoti hamisha jumboq,
Bilolmaysan hech afzalini —
Boy oyog'in ehtiyot qilar,
Qashshoq asrar poyafzalini…

*
Bandalik umrini yashasak mo''min,
Kerilmay kimsaga o'z kuchimizdan.
O'ylaymizki, Alloh tepadan ko'rar,
Alloh ko'rib turar ich-ichimizdan…

*
Hayotning hikmati Tangriga ayon,
O'ylab hech tagiga eta olmaysan.
Emin-erkin yasha, bilki, Dunyodan…
Tirik holda chiqib keta olmaysan.

*
Robbim, dildan yiroq ketsin g'am,
Iymon sari hidoyat ayla.
Mana shu satrni o'qiyotganning ham
Tilagini ijobat ayla…

*
Haqgo'y fanoda — xor, baqoda — aziz,
Haq yo'li aslida osonimi- qiyin?!
Yolg'on taskin berib, oxir o'ldirar,
Rost so'z og'ritaru, tuzatar keyin…

*
Bu hayot qonuni azaldan komil,
Adolat oqibat engar beomon.
Alloh der: “Zaifga jabr aylama,
U mendan tilaydi – yordam beraman…”

*
Dunyoda har narsa o'tkinchi, bilgil,
Quvonch etgan bo'lsa — shodlan, etadi.
Tashvish kelgan bo'lsa — tashvishlanmagin,
U ham mangu emas, u ham o'tadi…

*
Yashamoq san'ati – chidamdir mudom,
To'rt yonda izg'iydi turli xil sharpa.
Og'rigan joyingni ko'rsatma, aytsang –
Aynan shu joyingga berarlar zarba…

*
Bozorga aylandi bugun hamma yoq,
Birov olib, birov sotayotgandir.
Shovqinda eshitmay qoldim, ehtimol
Omad eshigimni chertayotgandir…

1984-2013

Birinchi izoh

  1. XURMATLI ISMATT XUShEVGA! Maddoxlar safida turmadingiz Siz. Qulluq deb egilmas boshingiz bilan. Murosa yo'liga yurmadingiz Siz. Vulqondek bo'ysunmas fe'lingiz bilan. Tiz cho'kib yashashni g'urbat bildingiz. Elkaga chopondek nusrat ildingiz. Vaktida eng to'g'ri qarorni tanlab. Adolat yo'lida xijrat qildingiz. Olisda Sizda bir qudrat uyg'onib. G'animga qaqshatg'ich beryapsiz zarba. Zolimlar uxlamas tunda to'lg'onib. Takrorlab yotishar xisobsiz tavba. Bilmaysiz kutganlar qancha bu erda. Sezmaysiz qo'rqqanlar qancha bu erda. Tashrifingiz qachon muddati kelar. G'oyibdan do'st bo'lgan qancha bu erda. Extimol men Sizday topolmasman do'st. Extimol ko'rishib topolmasman so'z. Albatta tez kunda qaytishingiz xaq. Diydorga to'yguncha — yopolmasman ko'z.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *