JURNALIST BO'LISh OSONMI?

Kasbidan noliganning qorni to'ymas ekan…
Qaysi zamonda jurnalistning maoshi «qulog'iga o'lchab» berilgan?
Bardoshli hamkasblarim hamisha boriga qanoat qilishadi. Tahririyatning toshu tarozisiga dosh berolmay o'zini bozorga urgan Toshmat tajangni hisobga olmaganda boshqa hech kim nola-fig'on qilgani yo'q. Tajang – o'z nomi bilan tajang-da! Hadeb maoshimni so'rashi jonga tekkan. Katta gazetalardan biriga bo'lim mudiri bo'lganimni eshitgan, shekilli, atay sim qoqdi:
– Tabriklayman!– Piching qildi u yana odatiga ko'ra.– Xo'sh, maoshi qancha ekan?
Atay so'z “o'yini” qildim:
– O'…olti ming.
– O'n olti ming?! Yo'g'e!– Kutganimdek xato eshitganini sezdirib qo'ydi o'rtog'im. U baribir “egar”dan tushmay, qitmirligini davom ettirdi.– Shuyam maosh bo'ptimi? Ilgarigi narx-navo bo'lganidayam boshqa gap edi. Hozir bozorga kirsang bormi…
Bu gapiga toqat qilolmadim:
– Nima, har gal bozorga kirganida o'n ming so'mlab sochaveradigan axmoq borakanmi? Eplashniyam bilish kerak-da, oshna! Mana, biz oilada olti jonmiz. Ishlab topganimga yarasha qora qozonimiz qaynab turibdi.
Tajang yana qitmirlik qildi:
– Buyam gurungda: qozoning qanaqa qip qaynayotganini bi-ir hisob-kitob qilamizmi?
Hayot haqiqati haqida istalgancha bahslashishga tayyorman. Qitmirni “mot” qilsam qilay degan o'yda buyurdim:
– Ja-a bilishni istasang qo'lingga qog'oz-qalam ol!
– Ro'yxat qilamizmi? Bo'pti!– Amrimga muntazirdek yozishga kirishdi shekilli.– Xo'-o'sh, birinchi galda nafas olishingdan boshlasak.
– Nima?!
– Sen huzur qilib simiradigan “havo” – shubhasiz o'zimizning “Xon” tutuni-ku!– Pisanda qildi tajang.– Har kuni bir pachkadan cheksang, oyiga – naqd uch ming so'mdan ziyodroq ketarkan!..
Kapalagim uchib ketdi. Nahot, hisob-kitob qilmasdan chekaveraman? Otangga balli, tajang! Shu tobda ko'zimni moshdek ochding! Chekish faqat sog'liqqa emas, cho'ntakka ham katta zarar ekan-ku. Maoshimning naq yarmi-ya. Jingala sochli hamkasbimning har kuni birovlardan so'rab, aniqrog'i – tilanchilik qilib chekishi sababi buyoqda ekanda. Ob-bo mug'ombir-ey!
Shu tobda xumori tutib emas, balki, alamimdan so'nggi papirosni labimga qistirdim. Achchiq tutunni beayov so'rarkanman, dilimdagi tilimdan chiqib ketdi:
– Mana shu oxirgi chekkanim bo'lsin!
Shafqat bilmas tajang bamaylixotir savolga tutardi:
– Tomoqni ho'llab turish odating ham qolmagandir? Qaysi pulingga ichyapsan? Yo, jingalak sochga o'xshab “tekini tanni toza qiladi” degan gapga amal qilyapsanmi?
– Chekishni tashlagan odam ichishniyam bas qiladi-da. Ichganlarning shoxi chiqarmidi? Qara-ya, topgan-tutganimizni o'ylamay-netmay ichish-chekishga sarflavorarkanmiz-a?! Labbay? Necha so'm sarflarding, deysanmi? Namuncha injiqlik qilmasang? Onda-sonda ichgandayam qalam haqi – qo'shimcha daromad hisobidan ichgandirman-da. Bo'ldi, bunisiniyam hisobga qo'shmay turasan, uqdingmi?
Go'shakdan tajangning ming'irlagan tovushi eshitilardi:
– Xo'p, sen aytgancha bo'lsin. To'y-po'ylarda ichganing ham hisobmas.
– To'ylarda ichganlarimni to'yimda qaytaraman, nasib etsa!
– Qachon to'y qilmoqchisan? Qatordan “xato” bo'lib qolmaylik…
– To'y qilsam, sen aytilmasdan qolmaysan!
– Ko'ramiz o'shanda!–Uning ovozi o'zgardi. – Gapni boshqa yoqqa burmay tur. Hisob-kitobdan adashib ketayozdim. Xo'-o'sh, sen uchun suv bilan havodek zarur gazeta-jurnal, yangi kitoblarga sarflanadigan pullar…
– O'zim tahririyatda ishlab, gazeta sotib olamanmi?– Gapini bo'ldim suhbatdoshimning.– Bunisiniyam hisobga qo'shma.
– Aha, boshqa tahririyatdagilar bilan ol tovog'im-ber tovog'im, qilishlaring yodimdan ko'tarilibdi. Haqiqiy iqtisodchi bo'p qolibsan. Biram tejamkorsanki…
– Senga o'xshab o'ylamay-netmay sochaveraylikmi?
– Bor bo'lsa sochasan-da!– O'zicha “mot” qilmoqchi bo'ldi tajang.– Xo'sh, nimalarga pul sarflayapsan o'zi?
– Birinchi navbatda – nonga! Eng aziz ne'mat – nondan boshla, baraka topgur.
– Kuniga qancha non sotib olasan?
– To'rtta buxanka, to'rtta bozor non bemalol etadi.
– Ikki yuz so'mdan osharkan.– Elektron hisoblagichdek raqamini zumda aytdi oshnam.– Oyiga olti ming so'mdan kam bo'lmaskan. Ana, yozdik. Ammo-lekin, nonni sal ko'proq iste'mol qilarkansilar-a?..
Bor gapni bosiqlik bilan tushuntirdim:
– Ro'zg'orchilik, oshnam! Boshqa egulik topilmay qolganidayam non hammasining o'rnini bosishi mumkin. Mabodo ortib qolganiyam uvol ketmaydi. Chunonam zo'r talqon bo'ladiki, ko'rsang so'laging oqadi. Bolalarga talqon eyishniyam o'rgatish kerak, og'ayni! Innaykeyin, keldi-ketdilar ham kam emas. Yo'qlab turadigan talaba ukalar, singillar, jiyanlar ko'p. Sillasi quribroq kelganlari ham tetikkina bo'lib ketishadi. Esingdami, o'zimiz ham talaba bo'lgan paytimiz och qolsak, Oqiljon Husanovni sog'inib qolardik. Ustozdan hol-ahvol so'rab kelish asnosida qorin ham to'yardi!..
Xandon otib kulishdik. Bu yog'iga oshnam ilib ketdi:
– Oqiljon akaning oilasi – opamiz palovxonto'rani ja-a boplardilar! Ta'mi haligacha tanglayimda!.. Xo'sh, sen ham endi shunaqa oshlarni shogirdlaringga oshatib turibsanmi?
– Etsa – molim, etmasa – jonim, deyman-u hozircha unchalik etmay turibdi.
– Avvalo bolachaqangni yaxshilab parvarish qilgin, uqdingmi? Sut, qaymoq deb xarxasha qilishsa, sira yo'q dema. Qaymoqchi xola sizlarni ko'chadayam kallai saharlab “kep qoling” deb tursa kerak! Qaymog'i ja-a lazzatlida!
– Faqat… sal qimmatroq.– Yashirmasdan ochig'ini aytdim.– Sut yoki qatig'idan bir litrdan olib turamiz.
– O'rtacha etmish so'mdan hisoblasak, har oyda ikki ming so'mdan salgina osharkan.– Piching aralash ming'irladi tajang.– Xo'sh, haftasiga qancha go'sht ketadi?
– Bir kiloni amallash mumkin. Ha deb qozon kabob yo qovurma eyish shart emasku…
– Buyam ikki ming so'mdan osharkan.
– Bo'ldimi?
– Xo'-o'sh, ro'zg'orga har kuni gugurt, tuz, choy, yog', saryog', piyoz, kartoshka, sholg'om, sabzi, turp, turli ko'katlar, un, guruch, makaron, shakar, qand, meva-cheva kerak. Xo'sh, bularga qancha pul sarflaysan? Innaykeyin, tish cho'tka va pastasi, shampun, sovun, kir sovun…
– Bo'ldi-e. Indamasam, ro'zg'orimni taftish qilayotganga o'xshaysan-a.
– Xullas, o'sha xarajatlar uchun har oyda kamida yigirma besh ming so'm kerak!
– Jaa oshirivormadingmi?– Nafasimni rostlab, o'zimni qo'lga oldim.– Menga qara, bozorda qaysi axmoq noinsof sotuvchi bilan muomala qiladi? Duch kelganga dardingni doston qilmaysan-u, shundaymi? Insoflilar juda ko'p! Haqiqiy dehqondan xarid qilsang bormi, pulim yonimga qoldi, deyaver.
– Kuniga soqol-mo'ylovni qirtishlash, yuzingga xushbo'y narsalar sepishga ham pul kerak. Toychoqlaring bilan sartaroshxonaga borib turish ham tekinga bo'lmas?..
– Muncha maydalashmasang?!
– Darvoqe, yirikroqlarini unutayozibmiz.– Chamasi, peshonasiga shapatilab qo'ydi oshnam.– Uy, suv, gaz, tok, telefonga to'lovlar qanchaga tushyapti?
– Xotinim o'qituvchi, davlat bizga qancha imtiyozlar berganini bilasanmi? Shu imtiyozlardan mazza qip foydalanyapmiz, qoyilmisan!
– Yozlik, qishlik kiyim-kechaklarniyam vaqtida olib turish zarur. Qurmag'ur poyafzallarning afzalrog'i, chidamlirog'ini topish amrimahol. Puliga chidasang – zo'r mollar bozorlarimizda oshib-toshib yotibdi!
– Puliga qarab – oyoq uzatiladida,– dedim shunga o'xshash maqolni “o'zlashtirib”.
– Jiyanlarim tomoshaga boraman, deya xarxasha qilishmaydimi?
– Bolalarni bergan xudo rizqiniyam kam qilmaskan. Kichkintoylar nimaiki xohlashsa, hammasini muhayyo etishga imkon topiladi.
– Maktabda so'rashyapti, deb to'rt farzanding har kuni necha so'mdan sanab olishadi? O'sha hisobga kitob-daftari, ruchka-qalami ham kiradimi, yo'qmi?
– Oltinchi va beshinchi sinfda o'qiydigan o'g'illarimning bo'ylari deyarli teng. Ikkoviga bitta sport formasi olsam ham bo'laveradi. Eng kichigimiz bu yil maktabga boriboq Yurtboshimizning sovg'asini olgan, bildingmi! Dunyo turguncha tursinlar, ilohim. Kitob-daftarga to'la sumkasidan tortib kiyim-kechagigacha sovg'a tariqasida berilgan. Kattarog'i ikki yil oldin shunaqa sovg'alar olgan. Darvoqe, bunday sovg'alardan o'zingning o'g'il-qizlaring ham benasib qolmagandi, shekilli. Sen noshukur shularni ham bilasanmi?
– Yurtboshimizning bunday g'amxo'rliklarini ko'rolmagan ko'r bo'ladi!– Xijolatomuz ohangda ming'irladi tajang. Hayot haqiqati oldida ortiqcha bahslashayotganini bilib-bilmaslikka olayotgani ayon sezilib turardi.– Endi farzandlarimiz shunga yarasha sog'lom avlod bo'lib ulg'aysalar, munosib insonlar bo'lib kamolga etsalar bo'lgani!..
– Ana, endi o'zingga kelding.
– Ro'yxatni davom ettiraveraymi?
– Bemalol.
– Shaharda yurish-turishning o'zi bo'lmaydi. Har kuni tushlik oshxonada bo'lsa kerak.
– Tahririyat oshxonasida ovqatlar ancha arzon. Ikki yuz so'mga bemalol qorin to'yadi!..– Luqma tashladim uning gapini bo'lib.
– Dam olish kunlarini hisobga olmasak, oyiga besh ming so'm nari-beri ketarkan, to'g'rimi?– Hisoblagich mashinadek hisob-kitob qilardi tajang.– Metroda vijdonsizlik qilib bo'lmaydi. Avtobus, tramvay, trolleybuslarda ham nayrang qilmasang, har kuni yo'l haqi qanchaga tushadi? Bir oyda-chi?
– Oylik yo'l chiptasi olsang, mushkuling engillashadi, baraka topgur! Tahririyatimiz iqtisodiy bazasini mustahkamlab olsa, xodimlarga oylik yo'l chiptalari berilarkan,– dedim o'zim ham o'sha chiptadan umidvor bo'lib.
– Ovqat puli-chi?
– Nasib etsa, uyam berilib qolar?
– Issiq jonning isitmasi bo'larkan. Dori-darmonlarning narxi sal qimmatroq-da.
– Nafasingni issiqroq qilsang-chi.
– Buni hayot deydilar, oshna. Ehtiyoti shart to'rt-besh ming so'm zahira qilib qo'ysang yomon bo'lmasdi.
– Maslahating uchun rahmat. Odam degan sog'lom fikrli bo'lishi kerak, uqdingmi. Daromadu buromadni o'ylayversang, tez qariysan. Shul sabab, qo'lingdagi qog'ozniyam yirtib tashla. He, taftishchiga o'xshamay ket!..
– Jo'ravozlik qilib aytgan gapimga xafa bo'ldingmi?
– Maqsadingni tushunolmayapman.
Jo'ram endi dardini doston qildi:
– Ochig'i, tahririyatga ishga qaytmoqchiman. Qabul qilasilarmi?
– Tahririyatda nima bor? Bozor-o'charingni qili-ib yuravermaysanmi?
Go'shakdan negadir “uff” degan tovush eshitildi. So'ng tajang yalingudek bo'lib shunday dedi:
– Ketkazaman, desang – oyiga yuz ming so'm urvoq ham bo'lmaydi, etkazaman desang – o'n olti ming so'mniyam eplasa bo'larkan. Maoshlaring oshgani rost bo'lsin. Barakasini bersin! Ammo, gap puldami? Jo'rajon, bugun ko'zim moshdek ochildi. Endi men ham tejamkor bo'laman. Sening oilangda olti jon bo'lsalaring, menikida besh jonmiz. Senga etgan o'n olti ming so'm menga kamlik qilarmidi? O'n olti ming so'mlab maosh berayotgan muharrirning otasiga rahmat!
Oshnamga dashnom berdim:
– Katta oxurdan em eb, hamma narsani pul bilan o'lchaydigan sendek boyvachchaga jurnalistika sohasida nima bor? Jurnalistikaning noni – haqiqiy jurnalistlar uchun shirin, bildingmi!
Toshmat tajang bo'g'ilib qoldi. Bo'g'iq-bo'g'iq yo'talib olgach, gina qilgandek to'ng'illadi:
– Nega unday deysan? Axir, men ham qishloqdan qorin qayg'usida kelmagan edim-ku. Yozganlaring ja-a zo'r, deb o'zing xolis baho bermasmiding!
– Ijod qilish uchun aynan tahririyatda ishlash shart emasligini tushuntirmoqchi edim. Bozorda bo'sh vaqting ko'proq bo'lsa kerak. Yozganlaringni yuboraver, yoritib turish bizdan! Qalam haqini ham sanab olaverasan! Faqat, qalam haqi – “shugina”mi, deya xarxasha qilmasang bo'lgani. Bilasanmi:

Kim oladi, kim oladi “shugina”ni-yo,
Man olaman, man olaman “shugina”ni-yo!
Jurnalistman, deganlarning ko'pchiligi-yo,
Ololmaydi, ololmaydi “shugina”niyo.
Muharrirman, deganlarning ayrimlari-yo,
Berolmaydi, berolmaydi “shugina”ni-yo!..

– Hay-hay, ja-a ashula qivording-u…– Kinoyali tovushi eshitildi oshnamning.– Aytsang-aytmasang o'zi qalam haqiga ko'z tikib yashash befoyda. Erkin Vohidovning bir she'ri ma'nosi yodimda: maosh – juftihalolga, qalam haqi – onda-sonda uchrab turadigan sho'x jononlarga o'xsharkan!..
She'rparast oshnamning gapiga kulgim qistadi. Gapiga yarasha ustozning “Muharrir” degan she'ridan sakkiz qatorini yoddan aytdim:

Nega hadeb menga tanbeh berasan,
Nega o'z holimga qo'ymaysan, axir?!
Nega har so'zimdan ayb qidirasan,
Beomon, noinsof qattol muharrir.
Qachon bu zulmatdan bo'lurman ozod,
Qachon tugar ekan bedodlik, axir!
Afsuski, hech kimga deyolmayman dod,
Chunki, men o'zimman o'sha muharrir…

– Ey, yasha!– Bu gal uning tovushi qo'ng'iroqdek eshitildi. Haqiqiy muharrir – Bosh muharrir bo'ladigan insonsan-da! O'zing bir tahririyat, muharririyatsan! Sen Bosh muharrir bo'lsang, bizdaqa jurnalistlarning ham elkasiga oftob tegardi. Zar qadriga etadigan haqiqiy zargarsan-da!
– Hali zarga o'xshayman degin-a!
– Ishonmaysanmi?
– Mutlaqo.
– Nega?
– Haqiqiy jurnalist boylik orttirish uchun o'zini bozorga urmaydi!
Go'shakdan mahzun tovush eshitildi. Chamasi, u butun dardu alamlaridan bir xo'rsinishda forig' bo'ldi. So'ng, tavbasiga tayangan odamdek yalingannamo ohangda ming'irladi:
– Uvoqdekkina bo'lsayam jurnalistikaning noni shirin ekan. Yo'-o'q, tushunmading, gapimni bo'lmay eshitsang-chi, “uvoqdekkina” deb ramziy ma'noda gapirdim. Nonning uvog'iyam – non, degan maqol bor-ku. Ozmi-ko'pmi o'z kasbimning orqasidan topgan nonimning qadriga etmoqchiman, tushundingmi!
– Yana nima demoqchisan?
– Meni tahririyatlaringga ishga qabul qilinglar… O'lay agar, mana bundoq ishlaganim bo'lsin! — Chamasi Tajang o'zicha bosh barmog'ini ko'rsatib qo'ydi.— Topshiriqlaringni g'ing demay bajaraman, izlanaman…
Suhbat cho'zilib ketdi. Endi “qarta”ni ochmasam bo'lmaydi, shekilli:
– Maoshimiz kamlik qilib qolsa chi?
– O'n olti ming so'm maoshni ham kam desak insofsizlik bo'lar-ov…
– Qancha?
– O'n olti ming so'm, deding-ku.
– Qachon, qaerda?
– Boya, boshda telefonda aytganlaring esingdan chiqdimi?
– A, sal noto'g'riroq eshitibsan, shekilli.
– Nimani noto'g'ri eshitibman?!
– O'n olti, deganim yo'q! U, ya'ni, maoshim – olti ming so'm, dedim, shekilli. Odamning so'lagini nega oqizasan, galvars!..
…Telefon go'shagi “taraq” etkizib qo'yildi.
Aslida u to'g'ri qildi. Meni ham, o'ziniyam xijolatdan qutqardi.
Shu asnoda o'zim ham yuragimni bi-ir bo'shatib oldim. Ancha engil tortdim! Muhimi esa bu emas. Ushbu gurungga qancha qalam haqi berisharkin, xayolim shunda!

* * *
Qarang, yillar va taraqqiyot maqolamning “dolzarb”liga barham beribdi.
Xuddi rahmatli Hojiboy Tojiboevning bir hangomasiga o'xshab ketadi, desam xato bo'lmas. Mashhur qiziqchining askiyasi yodingizda bo'lsa kerak; bittasi do'konga kirib gugurt bormi, deydi. Yo'q, degan javobni eshitgach, oq qant, shakar, sovun so'raydi. U nima so'rasa “yo'q” degan javob eshitavergach, “Unda nima qilib o'tiribsiz? Do'konni qulflab ketmaysizmi, aka?” desa, “Qulf yo'q-da, uka” degan javob eshitadi…
Ko'p narsa taxchil bo'lib qolgan o'sha kezlarda bu hangomani eshitganlar rosa miriqib kulishgan. Do'konlarimiz rosmana to'lib-toshgan hozirgi kunda esa o'sha hangomani eshitganlarning ensasi qotishi aniq.
Shunga o'xshab bir paytlar juda katta muammo bo'lib ko'ringan masalalar allaqachon o'z echimini topib, maqolam dolzarbligini yo'qotibdi.
Bunaqa mavzular “dolzarb”ligini yo'qotganiga ham shukrona aytamiz!

To'lqin EShBEK,
“Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *