“Yoshlar tarbiyasida Diniy ma'rifat” mavzusidagi yoshlar press klubi haqida mulohazalar…

 

Ikki kun oldin bo'lgan yoshlar press-klubining bayonini (ba'zi mulohazalar bilan) yozib chiqishibdi.

————————————

2018 yil 9 mart kuni O'zbekiston Musulmonlari idorasi va O'zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida imzolangan memorandum yuzasidan o'tkazilgan “Yoshlar tarbiyasida Diniy ma'rifat” mavzusidagi yoshlar press klubi haqida.

Tadbirda quyidagilar ishtirok etishdi:

1. O'zbekiston musulmonlari idorasi fatvo bo'limi mudiri Homid Ishmatbekov.

2. O'zbekiston Islom tsivilizatsiyasi markazi direktoi Shoazim Minovarov.

3. O'zbekiston Musulmonlari idorasi xotin-qizlar bo'limi mutaxassisi F.Haqberdieva.

4. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita mas'ul xodimi M.Yo'ldoshev.

5. O'zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining 1-o'rinbosari O.Tadjiev.

Memorandum bo'yicha Yoshlar markazlarida “Diniy ma'rifat” to'garaklari tashkil etilib, u erda imom-xatiblar ishtirokida to'garak a'zolariga Islom asoslari, odob-axloq to'g'risida ma'ruzalar qilinadi. Xullas, bu – yoshlar xorijga borganda yot g'oyalarga uchrab qolmasligi uchun Islom dini, uning ta'limoti, hukmlari haqida chuqur ma'lumotlar beriladigan to'garak ekanligi aytildi. Bir insonni yot g'oyadan saqlash, ongida Islom dini haqida chuqur ma'lumot hosil bo'lishi uchun, tabiiyki, unga bu borada chuqur bilim beriladi.

Suhbat shu haqda borayotganda Din ishlari bo'yicha qo'mita mas'ul xodimi M.Yo'ldoshev quyidagi gap bilan oraga qo'shildi:
Shuni aytib o'tish kerakki, diniy ma'rifat to'garagi deyilyapti, bu yaxshi. Lekin diniy ta'lim faqatgina o'rta maxsus islom bilim yurtlarida beriladi. Bu narsa qonun bilan belgilab qo'yilgan. Shuning uchun sizlar tashkil qilgan to'garaklarda darslar “Savol-javob” shaklida olib boriladi”.

● Xo'sh, bu gapi bilan u nima demoqchi? Nega to'garakning qanday shaklda olib borilishini chegaralab qo'yyapti? Maqsad – yoshlarning qalbida Islom diniga muhabbat, hukmlarga amal qilishga rag'bat uyg'otish. Zero, Islom dini haqida chuqur ma'lumotga ega bo'lgan kishigina yot g'oyalarga qarshi tura oladi. Yo'ldoshev mazkur gapi bilan «To'garaklar yuzaki, nazariy ma'lumotlarni taqdim qilish bilangina o'tkazilishi kerak», demoqchimi?! U holda yoshlar yot g'oyalarga qarshi tura oladigan ilmli bo'ladimi?!

Tadbirda qatnashayotgan Sh.Minovarov mazkur masalaga quyidagicha yondashdi:

Diniy ma'rifat” to'garagi deyilyapti. Bu nima degani? Bu to'garaklarda Islomning asl mohiyati – tinchlik, yaxshilik, halol mehnat ekani tushuntiriladi”.

● Xo'sh, Minovarov bu bilan Islom faqatgina odamlarga yaxshilik qilish, urush-janjal qilmay tinch yashash va halol mehnat qilishdan iborat demoqchimi? Bu gapi bilan Islomning asoslari bo'lgan tavhid, namoz, ro'za, zakot, haj masalalarini aylanib o'tmoqchimi? Butun boshli Islom tsivilizatsiyasi markazi rahbarining maqsadi nima o'zi? To'garakka kelgan yoshlarga namozni, tavhidni emas, tinchlik va halolliknigina o'rgatish kerak, xolos demoqchimi?

Boshlovchi tomonidan muxlislardan kelgan savollar o'qiy boshlandi:

Maktab darsliklarida biologiya fanida insonning paydo bo'lishi haqida gapirilganda pitekantrop, sinantrop, neandertal kabi atamalar ishlatiladi. Vaholanki, dinimizda insoniyat Odam alayhissalomdan tarqalgani aytilgan. Nega haliyam darsliklar tuzatilmagan? Yoshlar qachongacha bu kabi noto'g'ri ma'lumotlarni o'qiydi? Maktablarga imom-domlalarni taklif etsak, ular o'quvchilarga insonning yaratilishi, tarqalishi haqida eng to'g'ri ma'lumotlarni berib borsalar yaxshi bo'lardi”.

Bu savolga birinchi bo'lib Minovarov quyidagicha javob berdi:

Maktablarimizda dinshunoslik fanlari bor. Mana bu diniy ma'rifat to'garaklarining yo'lga qo'yilgani juda yaxshi bo'libdi. Albatta, u erda tushuntiriladi. Inson Odam Ato va Momo Havvodan tarqalgani, qon to'kilishi, Nuh alayhissalom paytidagi to'fon haqida. Alloh yuborgan Kitoblarga ko'ra dunyoning yaratilish tarixini albatta bilishimiz kerak. Lekin zamonaviy jamiyat, dunyoviy jamiyat qurayotgan, ilmiy yutuqlarni egallab turib, olg'a qarab borishni oldiga maqsad qilib qo'ygan jamiyat dunyoviy fanlar, Mendeleev jadvali yoki Darvinning evolyutsiya nazariyasini ham bilishi kerak va hech qachon zarar qilmaydi. Yoshlarimiz chet davlatlarga, xalqaro maydonga chiqishyapti. Biron davlatda insonning tuzilishi bo'yicha konferentsiya bo'lsa-da, yoshlarimiz unda ishtirok etib, faqat diniy nuqtai nazardan tushuntirib berib, boshqa nazariyadan bexabar qolish, faqatgina o'zini bir tomonlama ta'minlagan bo'ladi. Har tomonlama rivojlanish uchun ham diniy, ham dunyoviy tomonni bilish kerak”.

● U bu gapi bilan nimani maqsad qilgan?! Nega «Darvinning nazariyasini bilish zarar qilmaydi», demoqda?! Axir u mutlaqo yolg'ondan iborat-ku! Yoshlarimiz ongini yolg'on ma'lumot bilan to'ldirish zarar qilmaydimi? Nega insonning yaratilishi haqida diniy ma'lumotlarni faqatgina to'garakda berilishi kerak? Maktablarda-chi? Bu ma'lumotlarni berishni to'garakka surish bilan maktablarga imomlar kelishining oldi olinmoqchimi? Axir, eng to'g'ri ma'lumotlarni o'qituvchilar berolmasa, imomlar bersa, nega bunga imkon bermaslik kerak? Mustaqil bo'lganimizga 27 yil bo'ldi. Har sohada islohotlar bo'lyapti. Nega hanuzgacha maktablarda eng muhim haqiqatlardan biri bo'lgan Odam alayhissalomning yaratilishlari, insoniyatning otasi ekanliklari gapirilmaydi. Yolg'onligini butun dunyo ahli bilib bo'lgan evolyutsiya nazariyasi o'qitiladi? Bundan qanday maqsadlar ko'zlangan?! Islom tsivilizatsiyasi markazi rahbaridek odam bu muammoni tezroq yo'qotish kerakligi haqida gapirish o'rniga, «Zarari yo'q», deb tursa, «Rivojlanayotgan davlatga bu kerak», deb tursa, buni nima deb tushunish kerak?! Hech zamonda yolg'on bilan taraqqiyotga erishilganmi?! Dinlar tarixi darsida insoniyatning yaratilishi va tarqalishi haqida gapiriladimi? Bu fan shu haqidami? Nahot masalani shunday aylantirishdan foyda bo'lsa?!

M.Yo'ldoshev javob berishni boshladi:
Esimizdan chiqarmaylikki, bu maktab. Bu dunyoviy davlat. Islom dinimiz ham ilmga chorlaydi”.

● Tushunmadim! Maktab bo'lsa nima bo'libdi?! Maktabda asl haqiqatlar aytilsa, buning nimasi yomon?! Nega Din ishlari bo'yicha qo'mita xodimi diniy ma'lumotlarni maktablarda berilishidan bunchalik qo'rqadi?! Dunyoviy davlat degani maktablarida yolg'onlar o'qitiladi deganimi?! Islom dinimiz foydali, haqiqiy, dunyoda ham, oxiratda ham manfaat beradigan ilmga chaqiradi. Yolg'on ma'lumotlarni, Islom ta'limotiga zid ma'lumotlarni o'rganishga emas! Din ishlari bo'yicha qo'mita xodimi oxirgi gapi bilan dinimizga tuhmat qilyapti. Dinimiz foydali, to'g'ri ma'lumotlardan iborat ilmga chorlaydi, uydirma, safsatadan tashkil topgan narsalarga emas!
Yo'ldoshev ham, Minovarov ham ilmni diniy va dunyoviy deb ikkiga bo'ldi. Qachongacha ilm diniy va dunyoviyga ajrab qoldi?! Axir hamma ilm ham Allohni tanishga olib boradi-ku!

Maktablarda, bog'chalarda diniy ta'lim o'rgatilsa” degan savol bo'ldi.

Savolga hamma jim. Faqatgina Homid Ishmatbekov: «Bu borada ishlar, islohotlar, jarayonlar ketyapti«, deya vaziyatdan chiqishga urindi.

Maktab va oliygohlarga ro'molda borish masalasi” haqida savol bo'ldi.

Homid Ishmatbekov yana: «Jarayonlar ketyapti, balki bu boradagi ayrim qonunlarga ham o'zgartirish kiritilar, rahbarlarimiz bu jarayonlarda ishtirok etishmoqda, bu masalalar o'z o'rnida ham bo'ladi, buni dinga tazyiq deya siyosiylashtirish noto'g'ri tashviqot bo'lib qoladi«, deya so'zini yakunladi.

Minovarov gapga qo'shildi:

Hammamiz guvohi bo'lib turibmiz, ayollarimiz ko'chalarda ro'mol o'rab yurishibdi. Shu holatda avtomashina boshqarishyapti. Ro'mol milliy kiyimimiz. Uni o'rash-o'ramaslik opa singillarimizning shaxsiy huquqlari. Bu masala ijobiy hal bo'ladi. Chunki hamma narsa inson manfaatlariga qaratilgan”.

Yo'ldoshev ham quyidagicha javob berdi:

Savol beruvchilar hijob so'zini ishlatyapti. Buning ma'nosi to'silish, o'zini yashirib yurish. Vaholanki, Imomi A'zam mazhablarida ayol kishining yuzlari ochiq bo'lishi kerak. Qo'li ochiq bo'lishi kerak. To'g'ri, vijdon erkinligi qonunida ibodat libosida jamoat joylarida yurish taqiqlanadi. Musulmonning kiyimi ibodat libosi hisoblanmaydi. Bu bizning milliy kiyimimiz. Ibodat libosi deganda biz esimizdan chiqarmaylik, xalqimiz ko'p millatli. Yurtimizda boshqa din vakillari ham yashaydi. ana o'shalarni nazarda tutilganki, jamoat joylarida ibodat libosida yurmasin. Xalqimizda esa maxsus ibodat kiyimi yo'q. Haj safariga ilk borila boshlanganda, o'sha tarafdan ko'chib keldi taqlidlar. Qora liboslar. Niqoblar. Bunday kiyimlar hatto din arboblarini ham biroz o'ylantirib qo'ydi. G'azabini chiqardi. O'zimizning milliy atlas, adraslarimiz turganda, o'shanday kiyimlarni kiyib yurishadi. Qo'lqoplar kiyishadi. Ana shuni hijob deyiladi. Bu narsaga din arboblari ham qo'shilmaydi. O'shanday qora liboslarga biz o'zimizning munosabatimizni salbiy bildiramiz”.

● Bu gaplarning nechog'li qo'rqinchliligini o'zingiz ham bilishingiz mumkin. Shu gaplarni gapirgan odam o'zini din arbobi deb da'vo qilyapti. Nahotki, dinning muhim ta'limotiga, hukmiga, farziga qarshi bo'la turib yana o'zini din arbobi deyishdan uyalmasa?! Libos rangining nima ahamiyati bor?! Avratini to'sib tursa, nomahramning e'tiborini tortmasa bo'ldi-da! Shunga ham aralashish kerakmi? Qolaversa, hijobning ma'nosi qachondan beri «qora rangli ko'ylak», «yuzni berkitadigan libos» ma'nosini ifoda qila boshladi. Axir hijob avratni to'sish degani emasmi?! Qora kiyadimi, gulli kiyadimi, atlas kiyadimi? Agar avratini yashirib tursa, shu hijob hisoblanadi-ku!

Farrux Abdusattorov hijob haqidagi «Nur» surasining 31-oyatini o'qib, “Siz aytgandek, milliy ro'mol o'rash haqida gap ketmayapti, balki, muslima ayollarimiz ro'mollari bilan quloqlarini, tomoqlarini o'rab, yuzlari ochiq holatda yurishlarini Alloh Taolo barchamizdan talab qilyapti«, deb studiyada o'tirgan Fotima opani barchaga o'rnak qilib, “Alloh Taolo muslima ayollardan xuddi shunday yurishni talab qilyapti! Qizlarimiz shunday holda oliy o'quv yurtlariga borishlariga rasman ta'qiq qo'yilgan. Tashkilotlarning ichki nizomlarida aynan shunday ro'mol o'ragan ayollarimizga ta'qiq qo'yilgan. «Bunday holda tashkilotga, o'quv yurtiga kirish mumkin emas», deb yozib qo'yilgan. Bu bilan nima demoqchi bu?! O'z diniga amal qilmoqchi bo'lgan muslima ayollar ilm ololmaydimi yoki davlat tashkilotlarida ishlay olmaydimi?” – deb savol berdi.

Bu savolga Ishmatbekov javob berdi:

Muammoni hal qilish jarayoni ketyapti. Davlat murojaatni eshityapti. Diniy Idora eshityapti. O'sha tashkilotlar ham nizomiga qarshi borolmaydi. Rahbariyatimiz bu borada takliflarni beryapti. Masjidlarimiz ochilyapti. Qur'on musobaqalari bo'lyapti. Bu masala ham hal etiladi”.

Farrux yana savol berdi:

Siz savolimga to'liq javob bermadingiz. Demak, bu qonun ishlab chiqilguncha shunday ro'mol o'rab yurgan ayollarimiz ta'lim olish huquqidan mahrum bo'ladimi?!

Javob berishni Minovarov boshladi:

Siz hamma ayollar shunday o'rab yursin, deyishga haqqingiz yo'q. Uylanganingizda ayolingiz, qizlaringizga o'shanday qilib o'rgatasiz. Gapingizni hamma eshitdi. Kim shu narsani o'ziga qabul qilsa, albatta, o'rayveradi. Mana qaranglar, opaga o'xshab hamma kiyinishi kerak deyishga sizning hech qanaqa haqqingiz yo'q”.

Farrux e'tiroz bildirib shunday dedi:

Siz savolni ozgina noto'g'ri tushunibsiz. Mana shunday ro'mol o'rab yurgan ayollarni darslarga qo'yishmayapti. Bunga kim javob beradi?!

Minovarov javob berdi:

Savol berildi. Muammo qo'yildi. Muammo albatta hal qilinadi”.

Diniy ma'rifat” to'garaklarida nimalar o'qitiladi? Namoz saboqlaridan darslar beriladimi? Mafkuraviy poligon, immunitet haqida emas, aynan, namoz, ibodat haqida bo'ladimi? Yana shunday muammo borki, yoshlar namoz o'qishni, Qur'on o'qishni bilmagani sababli har xil oqimlarga qo'shilib ketyapti. Shuning oldini olish uchun diniy ta'limni maktablarda, kollej va litseylarda, bog'chalarda boshlasak, Insha Alloh, yaxshi bo'ladi degan umiddamiz», deb savol berildi.

Bunga javobni Minovarov berdi:

Albatta, Islom tsivilizatsiya markazimiz faoliyatida Qur'on va Hadisga suyaniladi. Malayziyadagi Islom tsivilizatsiyasining kontseptsiyasi biznikiga juda mos keladi”.

Demak, axloqsizlikning oldini olish uchun ilmiy, ma'rifiy, axloqiy tarbiyaviy tushuntirish ishlarini olib borishimiz kerak. Bu ishni faqat masjidlarda imomlar, ota-onalargina emas, barcha qilishi kerak. Yoshlarda namoz o'qishni, Qur'on o'qishni o'rganishga talab yuqori. Endi sizga savol, Islom tsivilizatsiyasi markaziga borib namoz o'qishni, Qur'on o'qishni o'rgansak bo'ladi, to'g'rimi?

Minovarov javob beradi:
Masjidlar bor-ku”.

Savol beruvchi:

Masjidlarda hozir o'rgatilmaydi”.

Minovarov:

Hamma joyda kitoblar sotilyapti. Savolinglar bo'lsa, mana, ulamolarimiz bor. Musulmonlar idorasidan odam uzilmaydi. Fatvo bo'limi rahbari aytsinlar, doim kelib murojaat qilishadi”.

Savol:

Voyaga etmaganlarning masjidlarga borishlariga nima deysiz?

Yo'ldoshev javob berdi:

O'zingiz savolda aytyapsizki, voyaga etmaganlar deb. Ular oq-qorani ajratolmaydi. Do'st dushmanni ajratolmaydi. Masjidga kirib namoz o'qishiga kelsak, masjid muqaddas dargoh. Masjidga kelishda etmishga etgan va undan kattalar ham avvalo o'zini poklaydi. Badanini, kiyimini poklab, keyin boradi. Yoshlarning masjidga kirishi shariatda ham, Payg'ambarimiz alayhissalomning so'zlarida, hadislarida ham qaytarilgan, bu gapni hurmatli Homidjon domla ham tasdiqlaydi, “Jannibu sibyanakumul masajida” (Baraka topgurlar, voyaga etmagan farzandlaringizni masjiddan yiroqlantiringlar). Ya'ni voyaga etmaganlarni masjidga kirishdan qaytaringlar degani. Mustaqillikning ilk yillarida masjidlar ko'plab ochilganda, o'zim guvohman, yosh bolalar masjidlarga poklanib kelishi u yoqda tursin, u erda juda beodoblik qilishdi. Ovoz chiqarish bo'lsin, o'sha erda tahorat buzishi bo'lsin. Shunda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari yodimga keldi va o'z aksini topdi. Bunda din arboblari ham voyaga etmaganlarni masjidga kirishdan ta'qiqlab qo'ydi. Albatta, bola balog'at yoshiga etsin, oq qorani ajratsin, pokizalikni, tahoratni tushunib etsin. Ungacha kirishi ta'qiqlanadi”.

● Din arbobiman degan odamning gapini eshityapsizmi? Keltirayotgan hadisi zaif hadis. (Aksar olimlar mavzu' – to'qima deyishgan.) Zaif hadislar faqatgina fazilatli amallarni qilishda dalil qilib keltiriladi. Bolani masjiddan qaytarish fazilatli amalmi?! Qolaversa, hadis noo'rin dalil qilinyapti! Hadisda «sibyanakum» deyilgan ekan. Arab tilida bu so'z go'dak bolani, aqli etmaydigan, to'rt, besh, olti yoshlar atrofidagi bolaga ishlatiladi. O'n ikki yoshga etgan bolani arablar «sabiy», «sibyan» demaydi. Chindan ham to'rt, besh yosh bola masjidda kulishi, baqirishi, o'yinqaroqlik qilishi, masjid gilamiga bavl qilib qo'yishi, namozxonlarning namozini buzib qo'yishi, ularni kuldirib yuborishi, namozxonlarning oldiga o'tib ketishi mumkin. Ammo o'n ikki yoshga etgan bola bunday qilmaydi. Nega din arbobiman degan odam hadisni buzib talqin qilyapti?! Nega o'shanday mansabdagi odam kelajagimiz poydevori bo'lgan yoshlarni masjidlardan to'syapti?!

Yurtboshimiz yoshlarimizni yot oqimlar ta'siridan qaytarish maqsadida turli ishlarni amalga oshirib kelayotgan, buning uchun Qur'on musobaqalari, ommaviy kitobxonlik tadbirlari olib borilayotgan bir paytda tarbiyaning eng muhim o'chog'i bo'lgan masjidlar farzandlarimiz uchun yopiq bo'lsa! Buni ham birovlar emas, aynan «Din arbobiman», deb ko'krak keradigan kimsalar amalga oshirsa! Bularga chora ko'radigan, millat kelajagiga bolta urishga urinayotgan bunday shaxslarning tanobini to'g'rilab qo'yadigan vaqt kelmadimi?! O'sha bolalar diskoteykaga, kompyuter o'yinlari o'ynash uchun maktab darslaridan qochib bo'lsa ham kirsa, ularni nega ta'qiqlamaydiyu, Allohning Uyiga kirgan bolalarga nega ta'qiq qo'yadi?!

Savol bo'ldi: “Otasi bilan borsachi?

Yo'ldoshev javob berdi:

Otasi bilan borsa ham shu. U balog'at yoshiga etmagan ekan, demak, farz emas”.

● Nega din arbobiman degan kimsa shariatga zid gapni aytyapti?! Nega bunday mansablarda nomunosib kimsalar o'tiribdi?! Din arbobi ekanini eslatishdan charchamayotgan bu kimsa nega o'zi dinga qarshi gapiryapti?!

Ishtirokchilar tarafidan e'tiroz bo'ldi:

Qur'onda bunday deyilmagan. Shariatda ham bunaqa gap yo'q”

————————————
Bu konferentsiya videosini ko'rmadim. (Hali TVdan qo'yishgani ham yo'q). Lekin yuqoridagi voqealar bayoni va ko'rgan kishilarni xulosasiga tayansam kap-katta, o'zini «ulamo» sanaydigan korchalonlar haqiqiy tsirk qo'yib beribdi. Savollar qaerda-yu, javoblar qaerda? Agar bilmasa, «Bilmayman» deyishi bu odamlarning obro'sini tushirmas edi. Aksincha, qanchalik «muhim vazifada» ekanligini biz sodda, avom xalqqa ko'rsatib qo'yish uchun rosa o'tlashibdi…

Musannif Adham sahifasidan

3 kommentariya

  1. E dabbalar, man dindan shularchalik ilmim yuq, lekin birorta javobiga hayrixox bumadim. Hayf hammasiga.

  2. Fayzbog bu ketishda 404 bulasizlar chamamda. Bu albatta xazil. Lekin savol javob uziga xos-original ruxda utipti. Buni kutlash kerak. Va nixoyat davlat xizmatchilari sallani ol desa kallani olmay, avval axoli bilan suxbatlar utkazish kerakligini anglab etibdilar. Ming bor shukur. Uzi xakikatdan xam odamlarga davlat nima uchun kerak?
    Ularni ichki va tashki xurujlardan ximoya kilish uchun. Ming shukur ki chegaralarimiz mustaxkam. Xarbiy saloxiyatimizga Markaziy osiyo davlatlari xavas bilan karaydilar. Ichki xolat esa ochigini aytish kerak tannazul xolatida edi. Sababi konunlar odamlarga emas, odamlar konunlarga xizmat kilganligi mana bu kunlarda anik namoyon bulmokda. Axir televideniya 20 yil davomida baralla jar solgan oltin davr kayokka yukoldi? Ular Prezidentimizni olib borgan adolatli siyosatlari okibatida yolgon va kupik ekanligi anik buldi. Moliya sektorini 8 foiz yutuklari aslida badiiy asar ekanligini xisobga olsak, boshka sektorlar xam mana shunday asar yozishda Nobel' mukofotiga tavsiya kilinsa bulaveradigan kitoblar bilan lik tulganligi bugun xech kimga sir emas.
    Davlatimiz raxbariga kamarbasta bulish uchun xakikiy ijtimoiy xolatni ruyi rost yozayotgan «Fayzbog» va «Kun.uz» taxririyatiga barcha ukuvchilar nomidan minnatdorchilik bildirib kolaman! Maddox, laganbardor va luttiboz jurnalistika butun er yuzidan shu jumladan bizning Vatanimizdan xam daf bulsin! Gazetalarini pistachilar va kassoblardan boshkaga utkaza olmay, bankrot bulib ketishsin, iloyim!

  3. Makolada yozilgan savol-javoblar rost bo'lsa, ushbu mutasaddilar ALLOXDAN Ko'RKMAY davlat idoralari raxbarlaridan ko'rkib muloxaza kilib javob berishgan. Bunday odamlar jamiyatimizning dunyoviy va diniy ravnaki yo'lidagi eng savodsiz bo'lgan to'siklar deb xisoblayman. ILMIGA KARAMAY KARINDOSh- TANISh -KUDAChILIK kilib amalga tayinlanaverishgan ekanda. AFSUS. BUNDAY ILLATLAR BARChA SOXANI KAMRAB OLGAN.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *