Jahongir Muhammad: Qilich va aql

Bir bor ekan, bir yo'q ekan, qadim o'tgan zamonda, Samarqand degan tomonda bir Boburshoh bo'lgan ekan. U yosh, ammo aql-zakovatda, kuch-qudratda ulug' sarkarda ekan.

Bir kun shahri azimga sahroyi yog'iy bostirib kelibdi. Dushman shunchalik ko'p ekanki, shaharni chumoli bosgandek tuyulibdi. Oyoqning ostida ham, tomning ustida ham qilich ko'targan dushman emish. Dushmanning ko'rinishi juda xunuk. Ko'zlari chiyabo'rining ko'ziga benzar, burni sassiq popushakning tumshug'iga o'xsharkan. Qoshlari buralib, kipriklariga ulanib ketgan. Vahshiy hayvondek pishqirgani pishqirgan. Shahar ahli ko'chaga chiqolmay qolibdi. Bechora bolalar zor-zor yig'lashsa ham ota-onalari eshikni ochmas ekanlar. Bolalarini asrash uchun shunday qilisharkan.

Bu paytda Boburshoh shahardan tashqaridagi qarorgohida ekan. Shimoldan ilondek o'rmolovchi dushman tez-tez kelishini bilib har tarafda maxsus qal'alar qurdirib qo'yishgan ekan. Shulardan biri Pulimurg'ob degan joyda.

Bu qal'aning boshqalaridan afzalligi u Obimashhad arig'ining bo'yida qurilgan. Ariq xuddi azim daryodek pishqirib oqar va atroflarini o'pira-o'pira katta jarlikka aylantirgan. Bu joydan hayvon ham, odam odam ham o'tolmas, faqat bittagina ko'prik bo'lib o'shandan o'tishga majbur ekan. Pulimurg'obga keladigan yo'l hovlilarning orasidan o'tgan bo'lib, juda tor ekan.

Yog'iy shaharni bosib olib, Boburshohni qidirib, topolmabdi. Keyin uning Pulimurg'obda ekanligini bilib, o'sha tomonga qo'shin tortibdi. Boburshoh ko'prikdan o'tilgan joydagi yo'lni jar tomonga burdirib qo'yibdi. Dushman sipohlari ko'prikdan qator-qator o'taverib, jarga tushganda g'oyib bo'laveribdi.

Butun askarlarini yo'qotishdan qo'rqqan Yog'iyboshi muzokara boshlabdi. Uning uchun muzokaradan ham Boburshohni ko'rish ishtiyoqi kuchli edi. Chunki uning shastini sindirgan sarkardaning kimligi juda qiziq-da. Yog'iyboshini ko'prikdan olib o'tib, Pulimurg'ob qal'asiga boshlab kelishdi. Ichkariga kirsa, taxtda 14-15 yoshlardagi chiroyli yigitcha o'tiribdi. Sochlari Dul-Dulning yolidek silliq, ko'zlari samoviy Semurg'nikidek o'tkir, qo'llari hazrati Dovudnikidek mustahkam, gavdasi jangovar Alpomishnikidek etishgan bu yigit Boburshoh edi.

-Bobur deganlari senmisan?-deb so'radi undan Yog'iyboshi.

-O'zing kimsan?-deb javob qildi Bobur.

-Man sahroyiman!

-Man esa Zahiriddin Muhammad Bobur – millatlarning eng qadimi va eng buyugi – turkning avlodi, sohibqiron hazrat Temurning nabirasiman. Sen ham Turkning bir bo'g'ini, biz qardoshlarmiz, xush kelibsan,-dedi Boburshoh yumshoq ohangda.

-Agar biz qardosh bo'lsak, nega buncha askarimni o'ldirding?- sovuq tovushda do'rilladi Yog'iyboshi.

-Ular shahrimni bosib oldilar, o'zlarini o'limning komiga otdilar. Yo'q, ularni o'limga sen otting!

-Men endi ular uchun qasos olmasam qo'yman!-deya kerildi Yog'iyboshi.-Askarlaringni bir-bir qirib tashlayman.

-Askarlarimni o'ldirguncha mana mening boshimni ol,-dedi Boburshoh.-Lekin ularga qilich ko'tarma!

Yog'iyboshi atrofga qarab hayron bo'ldi. Hech kim yo'q. Qilichini ko'tarib, Boburshoh tomonga yurdi. Boburshoh ham o'rnidan turib, Hazrat Alining zulfiqori kabi oltinday tovlanadigan qilichini qinidan chiqardi va:

-Boshim seniki! Lekin ololmasang, qasamingdan kechasan, maylimi?-dedi.

-Olaman!-deya Boburshohga tashlandi Yog'iyboshi.

Boburshoh bir harakat qilib taxt yonidagi arqonni kesib yubordi. Tepaga tortib qo'yilgan ov to'ri pastga tushib, Yog'ishboshi uning ichida yovvoyi to'ng'izdek o'ralib qoldi. Boburshoh uning qo'lidan uchib ketgan qilichni tomosha qilib, keyin o'zining zulfiqori bilan to'rni kesdida, Yog'iyboshini ozod qildi. So'ng unga:

-Dunyo nimadan iborat dedi?

-Shuni ham bilmaysanmi, dunyo suv va sahrodan iborat,-deya to'ng'illadi Yog'iyboshi.

-Dunyo suv va bog'dan, osmonu tog'dan, shamolu olovdan, jonu jondan, hayvonu insondan, shahodatu ibodatdan iborat! Hayvonga jon, suv va sahro bas, qolgani hammasi insonga. Qasamingdan kechsang joning, suving va sahroing seniki!

-Kechdim…,-dedi ilojsiz qolgan Yog'iyboshi.

-U holda avf ettim,-dedi unga Boburshoh.-Sen kuchli odam emassan! Kuchli bo'lganingda askaringdan oldin o'zing kelarding. Qo'rqoq odamlar askarini yuborib, o'zi orqaga yashirinadi. Qardoshligimiz haqqi-hurmati shaharni tashlab ket! Keyingi safar kelishingda avval o'zing kel, o'tirib, yuzma-yuz gaplashamiz! Faqat sendan iltimos, qilich bilan emas, aql bilan kel! Qilichni sindirish mumkin, aqlni sindira olmaysan! Qilich bilan ko'pga ketmaysan, bu yo'l bilan Samarqandga ham, dunyoga ham egalik qilolmaysan. Qilichdan oldin aqlingni charxla. Bunday ishlarga zakovat lozim! …

Yog'iyboshi tashqariga chiqsa, askarlari saf tortib turishgan ekan. Boburshoh ularni o'ldirmagan ekan. Aksincha ularni Obimashhad sohillarida katta tantana bilan ziyofat qilishibdi.

Yog'iyboshi shundan keyin shaharni tark etibdi.

-U takror qo'shin tortib keladi,-debdi Boburshoh.

Undan nega bunday xulosaga kelganini so'rashsa:

-Yog'iyboshining ko'zida havas emas, hasad bor edi,-debdi.

-Shunday ekan, nega uning jonini olmadingiz?-deb so'rashibdi.

-Men Xudo emas, bor yo'g'i bir Boburshohman, Xudoning sizlarga o'xshagan bir oddiy bandasiman! Jon bu Xudoning mulki, unga oiddir, men ololmayman!

Borarg'a ne maskan muyassar,

Turarg'a ne davlat muqarrar? -deb javob beribdi u.

Jahongir Muhammad

4 kommentariya

    1. Savodsiz Xurshida Kamalovaga: Bobur 1483 yilning 14 fevralida tug'ilgan. Mirzo Ulug'bek esa 1449 yilning 27 oktyabrida vafot etgan. Bobur mirzo birinchi marta Samarqandni amakvachchalari qo'lidan 1497 yilda tortib olgan. Birinchi va ikkinchim martayam Samarqanddan chiqib ketishga majbur bo'lgan va nihoyat uchinchi marta juda katta xatoga yo'l qo'ygani uchun boshqa bir ulug' bobomiz Shayboniyxon tomonidan Movarounnahrni tark etishga majbur bo'lgan. Bu haqda batafsil bilmoqchi bo'lsangiz mana bu sahifadagi maqolani o'qing:
      http://kh-davron.uz/ijod/maqolalar/xurshid-davron-menkim-bobur.html

      Endi Jahongirning «Qilich va aql»i haqida. Unda milliy tariximizga zid bir qarash bor. Bu narsa xususida o'z saytimda alohida yozaman.

  1. Salom hammaga. Ustoz buni «Bir bor ekan, bir yo'q ekan, qadim o'tgan zamonda», deb ertak janrida boshlaptilar. Demak, bu bir ertak.
    Bizga bolalarimiz uchun yozilgan tarbiyaviy ertaklar juda zarur deb bilaman. Chunki eskilari ko'p emas va qayta qayta aytaverishdan bolalar zerikishadi. Juda yaxshi yozilgan, bu ertakni nevaralarimga o'qib berdim. Mazza qilib tinglashdi. Siz ham shunday qilishni maslahat beraman.
    Hurmat bilan,

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *