Island yo'li yoxud kichik davlatning katta yutuqlari haqida

1998 yilda Islandiyada 16 yoshgacha bo'lgan o'smirlarning deyarli 50 foizi alkogol' mahsulotlari iste'mol qilar, qariyb 25 foizi tamaki chekar, shuningdek yana 20 foizi hech bo'lmasa bir marotaba giyohvand modda tatib ko'rgan edi.

Island hukumati yoshlarga haqiqiy to'g'ri yo'lni ko'rsatish uchun balandparvoz shiorlar, «qizil» va'dalar yoki quruq pand-nasihat yo'lini tutmadi, aksincha bor kuchini sportga bo'lgan e'tiborni davlat siyosati darajasiga ko'tarishga sarfladi.

300 ming aholi yashaydigan davlatda 8 ta yirik sport kompleksi barpo etildi. Xorijlik mutaxassislar yordamida butun mamlakat bo'ylab yosh futbolchilarni saralab olish va ularni tayyorlash, iste'dodini oshirishning ko'pyillik dastur ishlab chiqildi. Har yili butun mamlakat bo'ylab o'nlab maydonlar qurilishi an'anaga aylandi.

Bundan tashqari, island hukumati bolalarni rag'batlantirib borishning o'ziga xos, amaliy usulini o'ylab topdi. Ya'ni, bu erda har bir maktab o'quvchisi uchun maxsus karta ochilgan bo'lib, unda o'quvchining ta'lim va sportdagi yutuqlari uchun tegishlicha ochko (ball) yig'ib boriladi. Yil yakunida esa bolalar o'zlari to'plagan ballarini, masalan, sport anjomlari yoki boshqa qimmatbaho mahsulotga ayirboshlashi mumkin bo'ladi. Buning uchun davlat tomonidan har yili 3 million evro ajratiladi.

Shundan bo'lsa kerak, bu mamlakatda har bir yosh hamma sohada eng yaxshi bo'lishga intiladi.

Yuqoridagi islohotlar samarasi o'laroq, 2017 yilda o'smirlar o'rtasida alkogol' mahsulotlari iste'moli — 2,5 foizgacha, tamaki va giyohvand moddalar iste'moli — 2 foizgacha qisqardi. Shuningdek, keyingi yillarda “Geyzerlar yurti” vakillari tomonidan sport sohasida erishilayotgan yutuqlarga ham faqat havas qilish mumkin. Birgina, orollik gandbolchilar Evropada etakchilar qatoriga qo'shilgani, futbol bo'yicha Islandiya milliy terma jamoasining 2016 yilgi Evropa chempionati kashfiyotiga aylangani, ayni paytda islandlarning 2018 yilgi Jahon birinchiligiga ham birinchilardan bo'lib yo'l olgani fikrimiz dalilidir.

Mana ko'rasiz, Islandiya Rossiyadagi mundialda ham mo''jiza ko'rsatib qaytadi!

P/S: “O'zbekiston yoshlar ittifoqi”ga o'xshagan tashkilotlar “ibodat”dan bosh ko'tarib, balandparvoz shiorlar, engil-elpi tadbirlardan voz kechib — ko'rinadigan, natija beradigan amaliy tashabbuslarni ilgari surishni o'rgansa, mana bu yoshlar ertaga millat qahramonlariga aylanadi. Ishonavering…

O'tkir Qalamtebratar

Birinchi izoh

  1. Xakikatda xisobot uchun xamma uchun majburiy va nomiga o'tkazilayotgan engil elpi tadbirlarni yo'kotish kerak. XAMMAGA (xokimiyatga xam, san'atkorlarga xam, o'kuvchi va talabalarga xam xattoki tashkilotchilarning o'ziga xam) JUDA MALOL KELYaPTI.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *