Inson huquqlari milliy markazi inson huquqlaridan xabardormi?

898 views

4 noyabr' kuni O'zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida «Qonun ustuvorligi va din» mavzusida xalqaro seminar ish boshladi. Seminarning ochilish marosimida minbarga chiqqan O'zbekiston Inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining din va e'tiqod erkinligi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmed Shahid tomonidan berilgan 52ta tavsiyaning 51tasi bajarilgani haqida ma'lum qildi.

O'zbekiston Inson huquqlari milliy markazi rahbarining ushbu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo'ldi. Xususan, taniqli bloger Musannif Adham feysbuk tarmog'idagi sahifasida Akmal Saidov haqida quyidagicha munosabat bildirgan:

«Nomi ulug', suprasi quruq, shu paytgacha biron kishining huquqini himoya qilmagan yoki huquq buzilishlari haqida so'z aytmagan «Inson huquqlari milliy markazi» rahbari Akmal Saidov o'tgan kuni shunday debdi:

«BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining din va e'tiqod erkinligi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmed Shahid O'zbekistonga tashrif buyurganida istagan joyga borishi, o'z ko'zlari bilan ko'rishi uchun etarlicha sharoit yaratib berdik. Hatto ko'pchilik yomonlagan «Jasliq» koloniyasini ham shaxsan kirib ko'rdi. Xabaringiz bor, prezident tashabbusi bilan bu qamoqxona hozir yopilgan. 

Ahmed Shahid janoblari bizdagi holatni o'rganib bergan 52 tavsiyasining 51tasini bajardik. Faqat bittasi qoldi. Bu ham bo'lsa «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi Qonunning yangi tahriri. Ammo bu borada shoshib bo'lmaydi, chunki bu qonun, xato qilishga haqqimiz yo'q».

Nimagadir shu Akmal Saidovni huquqshunos deb bilmayman. Ammo zamonga qarab turlanuvchi shaxs ekanligi aniq: 2013 yilda O'zbekiston hukumati nomidan Jenevada, BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasida hisobot berayotib, savolga javob berish o'rniga stolni mushtlagan va qamoqxonalardagi qiynoqlarni inkor etgan Akmal Saidov «Jasliq» yopilishi haqida prezident qarori chiqqandan 4 kun o'tib, «Jasliqda qiynoqlar bo'lmagan deb ayta olmayman» deya bayonot berdi. Ikkiyuzlamachilikmi? – Bunday bo'lmasa, boshqa nima?!

Kechagi gapi ham tumtaroq: aslida O'zbekiston fuqarolarining fundamental haqqi bo'lgan diniy erkinliklar 1998 yilda qabul qilingan mana shu mash'um «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonun bilan poymol qilib kelinyapti. Konstitutsiya fuqarolarga hech qanday istisnosiz diniy erkinliklarni kafolatlagan bir vaqtda bu buzuq qonun undan ham ustun kelib «ibodat libosi» degan tushuncha bilan yuz minglab, millionlab muslimalarning ro'moliga to'siq qo'yyapti, dinni Din ishlari bo'yicha qo'mita degan monopol tashkilot nazoratiga topshiryapti. Aminmanki, bunday keraksiz qonun dunyoning bironta o'zini hurmat qilgan davlatida yo'q. Dinni cheklovchi, uni davlatning xohishiga bo'ysundiruvchi bunday qonunlar faqat post-sovet mamlakatlar, yoxud Shimoliy Koreya kabi totalitar va fikriy qoloq davlatlardagina bo'lishi mumkin. 

Shu vaziyatda haqiqiy huquqshunos «Falon qonunning uyoq-buyog'ini yamashimiz kerak» deyish o'rniga «Inson huquqlari va erkinliklariga zid bu qonunni bekor qilishimiz kerak», deb aytardi. Chunki BMT vakili bergan mana shu 52 ta tavsiyaga sabab bo'lgan muammo ham aslida shu birgina qonun. Buni huquqshunos bo'lmaganlar ham yaxshi biladi: boshqalarda qonun bilan fuqarolarning huquqlari ta'minlansa, bizda qonun bilan huquq va erkinliklar cheklanadi.

Akmal Saidov huquqshunos sifatida ko'rsatgan qandaydir xizmati bilan emas,  2017 yil iyulda Oliy Majlisda Shavkat Mirziyoevga qarab «Siz mening ko'zimni ochdingiz, master-klass o'tdingiz» degan xushomadi, laganbardorligi bilan tarixda qolsa kerak…»

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.