Ijtimoiy erkinlik

Tasavvur qiling, Sizni qo'shma korxona rahbari etib tayinlashdi. Ishchilarning asosiy qismi o'zbeklar, qolgani boshqa millatga mansub mutaxassislar.
Kunlarning birida katta loyihani muvaffaqityali yakunlaganingiz munosabati bilan barcha ishchilarni eng ko'rkam restoranlardan biriga kechki ovqatga taklif qildingiz.
Ofitsiant buyurtma olgani keldi. Dastlab hamma o'z ta'biga ko'ra, ovqat aytishni boshladi: kimdir mastava, kimdir norin, kimdir kabob va h.k.
5 nafar o'zga millat vakillari esa cho'chqa go'shtidan steyk buyurtma qilishdi.

Shu payt birdan o'ylab qoldingiz, cho'chqa go'shti eyayotgan kam sonli ishchilaringiz qolganlar orasida o'zini noqulay his qilishi mumkin-ku! Shu xayollar bilan tezda qaror qabul qildingiz – ofitsiantni yoningizga chaqirib, barchaga cho'chqa go'shtidan taom buyurtma berdingiz. Barchaga! Bir xil! Bu qaroringizga “ijtimoiy adolatni ta'minlash maqsadida” deya izoh berdingiz.

Shu to'g'ri qarormi? Hammaga o'zi xohlamagan ovqatni eyishga majbur qilib ijtimoiy adolatni ta'minlamoqchimisiz? Bu shunchaki taom emas, balki diniy e'tiqod bilan bog'liq ekanligini bila turib ham Siz shu antiqa qaroringizdan xursand bo'lasizmi?

Haqiqiy erkinlik bu o'zing xohlagan taomni buyurtma qila olishing yoki umuman ovqat emasligingdir, lekin e'tiqodinga to'g'ri kelmaydigan taomni majburan eyishing zinhor erkinlik emas. Ishchilaringizga xohlasa tovuq, xohlasa mol, xohlasa cho'chqa go'shtidan taom eyishga sharoit yaratib berish va ularga qarshi chiqmasligingiz Sizning ijtimoiy adolatingizdir. Faqat shu, tamom.

O'zgalarning huquqini cheklash asosida qolganlarga huquq yaratib berish bilan ish bitmaydi. Chunki huquqi cheklanganlar ham jamiyatning teng huquqli a'zosi ekanligi unutmaslik kerak.

Maktablarda bosh kiyim bilan bog'liq holatda ham mening pozitsiyam shunday – bosh kiyim kiyish yoki kiymaslik bu erkin tanlov bo'lishi lozim. Barchaga do'ppi kiyishni majburiy qilish qay darajada mantiqsiz qaror bo'lsa, barchadan bosh yalang yurishni talab qilish ham shunday mantiqsiz.

Bosh kiyimning hijob kabi diniy e'tiqod bilan chambarchas bog'liq qismini bir chetga qo'ya turaylik. Mayli, kimlardir diniy libos deya ma'muriy javobgarlik haqida og'zidan tupugini sochgani bilan, aslida hijob diniy libos emasligini ko'pchiligimiz yaxshi bilamiz.

Umuman mazkur masalaga diniy bag'rikenglik va e'tiqod erkinligi rakursi bilan qaramaganda ham mantiqsiz ekanligini ko'rish mumkin.

Masalan, maktab davrimizni yaxshi eslayman, 5 yoki 6-sinfligimizda uyida qurilish bo'layotgan sinfdosh qizimizning boshiga bo'yoq to'kilib ketgan va sochini tagidan qirib olib tashlashga majbur bo'lgandi. O'shanda toki sochi qayta o'sib chiqqungacha ro'mol o'rab kelgan. Ro'mol o'rab keluvchi boshqa qizlar ham bo'lgani uchun e'tibor qilmaganmiz, lekin bir marta nimadir bo'lib boshidan ro'moli tushib ketganda kalligini ko'rib rosa ustidan kulganimiz esimda. Endi hozirgi qaror bo'yicha shunaqa vaziyatlarda o'sha qiz har kuni kulgu bo'lishi kerakmi yoki 2-3 oy maktabga kelmasligini xohlayapsizmi?

To'g'ri yurtimizda hamma aholi ham kundalik do'ppi kiymasligi, ro'mol o'ramaydi, lekin biror yaqini vafot etsa, bizda deyarli hamma erkaklar do'ppi kiyadi, ayollar esa ro'mol o'raydi. Aytaylik, ota-onasi vafot etgan maktab o'quvchisi o'rnatilishi taklif qilingan yangi tartib tufayli shu ishni qila olmaydimi endi?

Faqatgina birgina holatda men bunday taqiq qo'yilishiga roziman, u ham bo'lsa o'zgalarga halaqit beruvchi, o'zgalarning diqqatini tortib, chalg'ituvchi «modnыy» bosh kiyimlar, masalan, katta sambrero, jimjimador yaltiroq shlyapalar, tsilindr, yirtiq-yamoq kepka va beysbolkalar, cho'girma telpaklar va h.k.larni kiyishga ruxsat berilmasligini tushunsa bo'ladi. O'zi shundoq ham maktablarda bunga ruxsat yo'q va hech kim bunga erkinliklarning buzilishi sifatida qaramaydi, hamma normal qabul qiladi. Lekin ro'mol, hijob, do'ppi kabilarni ham umumiy ro'yxatga qo'shib yuborish nima uchun noroziliklarga sabab bo'layotganini juda yaxshi bilib turibmizku.

Xullas, gapirsa gap ko'p. Dinga bo'lgan munosabatingiz o'z yo'liga, shunchaki dunyoviy, huquqiy va mantiqiy tomondan o'ylaganda ham mazkur taqiq noto'g'ri ekanligini tushunib olsangiz bo'ldi.

 

Xushnudbek Xudayberdiev

Birinchi izoh

  1. Assalomu alaykum xurmatli Xushnudbek Xudayberdiev. Makolangiz menga juda yokdi, fakat ich kiyim kurinadigan darajdagi mini kora yubkani va ich kiyimi kurinadigan darajdagi ok koftani maktab formasi deb kiyib kelishlari va ular xamma katori darsda utrishlariga tuxtilib utsakmikan.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *