Hokimlarga taklif: bloggerlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'ying!

Ushbu zaminni sevuvchi, ushbu yurtning kelajagiga befarq bo'lmagan har bir kishi uchun o'ta mas'uliyatli davr keldi. Katta potentsialga ega bo'la turib ko'plab sohalarda yuzinchi o'rinlarda qolib ketgan jonajon Vatanimizga xizmat qilib, uni rivojlangan davlatlar qatoriga qo'shish, yaqin kelajakda Vatanimizni yuqori – yarqiragan o'rinlarda ko'rish uchun xizmat qiladigan payt keldi. Bu jarayonda siz – hurmatli hokimlarning roli kattadir.

Ammo yurtni obod qilishdek ulkan ish ko'pchilikning urinishi bilangina amalga oshadi. Bundan boshqa yo'l yo'q. Tarqoq omma maqomidan JAMIYaT maqomiga ko'tarilgan xalqlargina bugun yuqori natijalarga erishishayapti, nomlari butun dunyo bo'ylab yangrayapti.

Shuning uchun ham bizga hozir har bir ish ustidan jamoatchilik nazoratini o'rnatishimiz – dolzarb vazifamizdir. Ko'pchilik bo'lib kamchiliklarni izlab topib oshkor etish, echimi ustidan bosh qotirish — rivojlanish jarayonining ajralmas qismi va omilidir.

Masalan, yaxshi natijalarga erishish uchun har bir ish boshqaruvchiga yaxshi hamkor kerak. Shunday emasmi? Lavozim, maoshu imtiyozlar uchun emas, balki beminnat, faqatgina shu zaminni sevgani uchun urinadigan hamkorlar kerak.

Taklif:

Hokimlar bloggerlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'ysalar, ayni muddao bo'ladi. Har bir hokim o'z hududida yashaydigan jonkuyar bloggerlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'ysa, ular yordamida joylardagi kamchiliklarni bilish, o'rganish, tahlil qilishni yo'lga qo'ysa, kamchiliklarning echimini izlashda ularning fikrlaridan foydalansa – o'ta zo'r ish bo'lardi. Nega? Chunki blogger bir narsaga erishish uchun emas, balki aksar holda hayotdagi kamchiliklarni ko'rib achinganidan, joni achishganidan blogger bo'ladi. Unga birov bloggerligi uchun bir so'm bermaydi.

Siz azizlar, hokimlarning, ishongan tog'ingiz – lavozimdagilar esa ko'pincha sizlarning ko'zingizga chang sepish bilan ovoradirlar. Ko'plarining qalblarida na Vatan tushunchasi, na El tushunchasi joy olgan – lavozim bo'lsa bo'ldi. Xos ularga ishonib ish qilsangiz, aytarli biron natijaga erishishingiz o'ta mushkul. Mansab “jonivor” kishini aksar holda qolipiga solib, o'ziga (Vatanga emas) xizmat qiladigan qilib qo'yadi. Natijada kishi MANSAB uchun yolg'onga ham, boshqa narsaga ham tayyor bo'lib qoladi. Shu sababdan ham rivojlangan dunyoda “mansab” tushunchasi “jamoat nazorati” tushunchasi bilan doim yonma-yon tilga olinadi. Xuddi bu tushunchalar bir-biriga yopishib qolgandek.

Shuning uchun xodimlaringizning tuzuk ishlashlari uchun ham jamoat nazorati sizlarga o'ta qo'l keladi. Bloggerlar bilan hamkorlik qilishingiz o'zingiz uchun ham, El uchun ham, Vatan uchun ham foydali bo'ladi, inshaalloh. Zero xodimlaringiz ayni ko'zingizni shamg'alatgan narsada blogger sizning ko'z oynagingizni artib, tozalab, ko'zlaringizni ochib qo'yishi mumkin. Sizning ko'zingiz o'tkirligi esa – hammamizning foydamiz!

Muhammad Shakur

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *