Xitoy ta'lim tizimiga bir nazar: Tartib va mas'uliyat muvaffaqiyati

900 views
  • Aholining savodxonlik darajasi qishloq joylarda 1500 ieroglif, shahar hududida esa 2000 ieroglifni bilishi bilan belgilanadi.
  • 1949-yilga qadar mamlakat aholisining 80 foizi savodsiz bo'lgan. 2008-yilga kelib kattalar o'rtasida bu ko'rsatkich 3,5 foizga kamaydi. Hozirda Xitoy yoshlari (15-24 yoshlilar) ning 99 foizi harf taniydi.
  • Har yili mamlakat yalpi ichki mahsulotining 1,9 foizi ta'lim uchun yo'naltiriladi.
  • So'nggi o'n yillikda Xitoyda kollejlar soni ikki barobar, talabalar soni esa besh barobarga ortdi.
  • Xitoy ta'lim sistemasi Amerika ta'lim sistemasi asosida tashkil etilgan.
  • Xitoyda bolalarga ikki yoshidan boshlab ta'lim berila boshlanadi.
  • Birinchi sinfning birinchi choragida o'quvchi 400 ieroglifni tanishi shart.
  • Xitoy fuqarosi boshlang'ich ta'limga to'qqiz yoshgacha qabul qilinishi mumkin.
  • Xitoyda boshlang'ich sinf o'quvchilarining davomati Ta'lim vazirligi tomonidan nazoratga olingan.
  • 1980-yillarga qadar Xitoyda birorta xususiy maktab bo'lmagan. Bugun ular soni 70 mingtaga etgan.
  • Ayni vaqtda maktab bitiruvchilarining 60 foizi oliy ta'lim muassasalariga ixtiyoriy hujjat topshiradi. 1980-yilda bu ko'rsatkich 20 foizni tashkil etgan.
  • Hozirda Xitoyda 2000 ta oliy o'quv yurti (universitet va kollej) mavjud bo'lib, ularda 2 milliondan ortiq talaba tahsil olmoqda.
  • Amerika universitetlaridagi chet ellik talabalar orasida xitoyliklar rekord qayd etgan (127 mingdan ortiq). Xitoyda esa amerikalik talabalar soni 14 mingtaga etadi, xolos.
  • Mamlakatda 1 200 000 IT mutaxassisi faoliyat yuritadi, shuningdek, har yili texnika sohasida 400 000 kadr etishib chiqadi. Xitoy IT mutaxassislari soni bo'yicha dunyoda birinchi o'rinda turadi (undan so'ng Hindiston va AQSh).
  • Xitoyda 12 mingta yuridik firma va 300 ta huquq maktabi mavjud bo'lib, ayni paytda 170 mingga yaqin huquqshunos bu sohada xizmat qilmoqda.
  • 30 mingta tashkilot va kompaniyada maxsus ingliz tili kurslari mavjud. Besh yil oralig'ida (2005–2010-yillar) mazkur “ta'lim bozori” ikki barobarga ko'paydi, undan tushayotgan foyda yiliga 3,1 milliard dollarni tashkil etadi.
  • Dunyoning turli nuqtalarida 40 millionga yaqin xitoylik talaba tahsil olmoqda. Xitoylik talabalarni asosan, Yaponiya va Janubiy Koreyada uchratish mumkin.

 

Yuqoridagi faktlar 1949-yilga qadar 500 million fuqarosi savodsiz bo'lgan mamlakatning bugungi ta'lim tizimidagi muvaffaqiyatlaridan so'zlaydi. Aholi o'rtasida savodxonlikni oshirish muammosi keng ko'lamda bepul maktablar ochish bilan hal qilindi. Hozirda mamlakatning 90 foizi hududida majburiy boshlang'ich ta'lim yo'lga qo'yilgan, o'qishni aro yo'lda tashlab ketuvchilarga qattiq chora ko'riladi. Xitoy maqolida “Munosib ustoz topish mushkul, munosib o'quvchiga ega bo'lish esa yuz karra mashaqqatli” deganlaricha bor. Munosib bo'lish uchun xitoyliklar hatto bog'cha yoshidan bir necha fanlardan repetitorlarda o'qishadi. Mamlakatdagi ta'lim tizimi kuchli raqobat va eng yuqori natijaga erishishga qaratilgani sabab xitoyliklar bir umr bosimda o'qishga, ishlashga, yashashga o'rganadilar. Olti yashar bola maktabga kirish uchun test ko'rinishidagi o'zining ilk imtihonini topshiradi va o'n ikki yoshigacha boshlang'ich ta'limni egallashadi. Oltinchi sinfni tamomlagach, Xitoy o'quvchilari imtihon topshiradilar, bu – boshlang'ich ta'limdan o'rta ta'limga o'tish bosqichi hisoblanadi. Uch yillik o'rta ta'lim mobaynida kuniga 6-7 ta fan o'qitiladi. Bordi-yu imtihondan o'tolmasa, bu o'rta ta'limdan, oliy o'quv yurtidan-u barqaror ishdan umid qolmadi degani. Bugungi taraqqiyotini tartib-intizom soyasida ko'rgan Chin mamlakatida tartibsizlik shafqatsiz jazolanishi tabiiy. O'n ikkita darsni sababsiz qoldirish maktab o'quvchisini ta'limdan mosuvo qiladi.

Xitoy Xalq Respublikasida oliy o'quv yurtlariga kirish uchun yagona davlat imtihoni o'tkaziladi. Qishloq va shahar maktablarining ta'lim darajasidagi tengsizlik inobatga olinib, imtihon savollari hududga ko'ra alohida ishlab chiqiladi. Bir talaba o'rniga 200-300 abiturientning kurashishi mazkur imtihonning juda katta bosim ostida o'tishiga sabab bo'ladi. Natijada ko'pchilik xitoy o'quvchilari xorijda oliy ta'limni davom ettirishni afzal biladilar. O'z yurtida talabalik baxtiga erishgan fuqaro yiliga sohasiga qarab 300-700 dollar miqdorida kredit to'laydi. Talaba ta'lim uchun davlatdan qarz olishi va oliy o'quv yurtini tamomlagach, uni qaytarish imkoniga ega. “Istasang qishloqqa agronom bo'lib bor-da, qarzni xizmating bilan to'la. Istasang savdo sohasiga kir-u, kreditni davlatga qaytar.” Bu yo'l – aholini moddiy qiyinchilikdan qutqarish uchun o'ylab topilgan asosiy chora. Mamlakatda oliy o'quv muassasalari nafaqat yoshlar, alohida katta yoshlilar uchun ham mavjud bo'lib, ular yoshidan qat'i nazar tanlagan sohasi bo'yicha o'qish imkoniyatiga egalar. Bundan ikki ming yil avval xitoy faylasufi Konfutsiy aytganidek, ustozning oliy burchi haqiqatni yoyish, mahoratni oshirish va tushuntirishdir. Zamonaviy Xitoy oliy ta'lim tizimi mana shu uch tamoyil asosida ish ko'radi: adolat, yuqori sifat va diversifikatsiya. Xitoy yoshlaridagi ta'limga mas'uliyat, tartibga rioya etish va birinchi bo'lishga intilish ularning yoshligidan qon-qoniga singdirilgan. Bu odat endilikda fazilatga, fazilat esa xarakterga aylanib, butun dunyo xitoy millatining qiyofasini Mas'uliyat, Tartib va G'alaba timsolida ko'ra boshladi.

 

Sevara ALIJONOVA

 

“Sog‘lom avlod uchun” jurnali, 2015-12

Birinchi izoh

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.