Hech narsani bilmasligimizni bildik…

12 yanvar' kuni O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati qoshida jurnalistlar uchun ilk bor press-holl tashkil etildi. Bu loyiha orqali jurnalistlar bilan qarorlar va qonunlar, prezident faoliyatini yoritishda hamkorlik qilish nazarda tutilgan edi.

«O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishga yo'naltirilgan dasturlarni shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etish to'g'risida»gi matbuot anjumani 12 yanvar' soat 16:00 da Prezident Matbuot xizmatining Facebook tarmog'idagi sahifasi orqali to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatildi. Unda Bosh vazir o'rinbosari Suxrob Rustamovich Xolmuradov matbuot vakillari savollariga javob qaytardi.

Ushbu press-hollni odamlar turlicha talqin qilishdi. Kimgadir savollar yoqmadi, kimgadir javoblar, ayrimlar Bosh vazir o'rinbosari boshdan oxirgacha rus tilida so'zlashganidan shikoyat qilishdi.

Men bugun Bosh vazir o'rinbosarining aytib o'tilgan so'zlarini talqin qilmoqchiman. Eng avvalo shuni alohida qayd etishim kerakki, Suxrob Xolmurodovning savollarga bergan javoblarini tinglar ekanman, menda qandaydir umidsizlik paydo bo'ldi. O'ylaymanki, bunday fikrga kelgan yakka o'zim emasman. Prezident ta'biri bilan aytganda, xalq ko'nglida kichkinagina umidning paydo bo'lishi ham shak-shubhasiz katta yutuqdir. Ammo, o'sha kuni shu umid uchqunlari yana pasayib ketdi, desam yanglishmagan bo'laman…

Sababini tushuntirishga harakat qilaman. Keling, avvalo press-holl davomida ko'tarilgan eng dolzarb masalalarning uchligini hisoblab chiqaylik: bular — investitsiya, turizm va AES.

Birinchi masala: Xorij investitsiyasi mamlakatimizga qachon kiradi?

Bosh vazir o'rinbosari janob Suxrob Rustamovich jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob qaytarar ekan, uni aynan mana shu savol rosa qiynagani ochiq namoyon bo'ldi. Bosh vazir o'rinbosari ham bu savolga qayta-qayta javob berishdan qiynaldi chog'i, oxiri xalq tushunishi uchun soddaroq qilib tushuntirishga kirishdi (bu «tushuntirilish» rus tilida bo'lganligi alohida masala). Men ham shu o'rinda maqolada ko'p keraksiz so'zlarni ishlatmay, soddaroq qilib, «xalq og'zaki ijodi»dan foydalangan holda yozib o'tmoqchiman.

Demak, investitsiya masalasida tushunganlarim: biz hali qaerdan investitsiya kirishini ham, kim kiritishini ham, qachon kiritishini ham bilmaymiz. Nega? Chunki biz hali investitsiyani qabul qilishga tayyor emasmiz. Xorij investitsiyalarni qabul qilish uchun, eng avvalo, «bu ishlardan o'zimiz aynan nimani istashimizni bilishimiz kerak» ekan. Janob Bosh vazir o'rinbosarining aytishi bo'yicha, biz hali hech narsani bilmas ekanmiz. Vaholanki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bir yildan oshiqroq vaqt mobaynida bizga xorij investitsiyalari juda muhim ekanligini, bugungi kunda bu zamon talabi, iqtisodiyotimizni rivojlantirish yo'lida amalga oshirilishi zarur bo'lgan eng ustuvor masalalardan biri ekanligini bot-bot ta'kidlab kelmoqdalar. Xo'sh, Bosh vazir o'rinbosari bu talabni bajarishi uchun… yo'q-yo'q, bu talabni bajarishga hali yo'l bo'lsin, ushbu oddiy haqiqatni anglab etishi va shunga yarasha rejalarni tuzib chiqishi uchun unga yana qancha vaqt talab etiladi? Bevosita shu ish bilan shug'ullanishi kerak bo'lgan amaldor bugun omma oldida «bu ishlardan o'zimiz aynan nimani istashimizni bilishimiz kerak»ligini ta'kidlayotgani g'alati emasmi?

Ikkinchi masala: turizmni rivojlantirish

Turizm haqida savollar berilar ekan, janob Suxrob Rustamovich hech ikkilanmay, uyalmay va qo'rqmay o'sha investitsiya haqidagi savollarga berilgan javoblarga o'xshash gaplarini takror so'zlab berdi. Ya'ni, bu masala bo'yicha ham kerakli ishlar amalga oshirilyapti, ammo turistlar oqimini vujudga keltirish va bu oqimga dosh bera olishga hali tayyor emas ekanmmz. Nega? Chunki buning yo'lida qator mehmonxonalar, asosan tunda ishlaydigan zamonaviy kafe va restoranlar, dam olish maskanlari barpo etilmagan. Ular qachon barpo etiladi, kim barpo etadi, qancha pul talab etiladi — bu haqda ham lom-mim deyilmadi. Sababi yana o'sha — bu masalalar bo'yicha ham aniq bir reja yo'q. Janob Xolmuradov ta'kidlashicha, biz BAA, Singapur, Janubiy Koreya va Turkiya davlatlari bilan turizmni rivojlantirish masalasi bo'yicha maslahatlashib chiqishimiz kerak ekan. Buni kim va qachon maslahat qilishi esa, «davlat siri» bo'lib qoldi.

Uchinchi masala: AES qachon quriladi va u bizlarga nima uchun kerak?

Ushbu savol ham berildiki, Bosh vazir o'rinbosari ikkilanib, ishtiyoqsiz, zo'-o'-o'-rg'a javob qaytarishga kirishdi. Uning aytishi bo'yicha, bizga qancha elektr quvvati kerakligini ham bilmas ekanmiz. Nega? Chunki hali aniq biror bir ma'lumot yo'q. Ya'ni, yurtimizga qancha kompaniyalar kirishini va qaysi viloyatlarga, qaysi xonadonlarga qanchadan chiroqni taqsimlab chiqish kerakligini aniq bilmaymiz. Qachon buni bilib olish mumkinligi hamda kim va qachon viloyatlardagi xonadonlarda chiroq tanqisligini hisoblab chiqishi kerakligi haqida ham, tabiiyki, aytilmadi.

Bir so'z bilan aytganda, biz o'sha kuni hech narsani bilmasligimizni bilib oldik. Konferentsiyadan menga yoqqani faqatgina berilgan savollar va uchrashuv boshlovchining “soyadagi odamlar” davri tugaganligi va endilikda bu kabi matbuot anjumanlari tez-tez tashkillanib turishini ta'kidlagani bo'ldi. Afsuski, javoblardan qoniqmadim. Ushbu matbuot anjumanida biz hali hech narsaga tayyor emasligimiz ochiq-oydin aytildi. Yo bu haqiqat, yoki Bosh vazir o'rinbosari, Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi RAHBARI Suxrob Xolmurodov mas'uliyatsizlikka yo'l qo'yib, konferentsiyaga umuman tayyorgarlik ko'rmasdan chiqqan. Nima bo'lgan taqdirda ham bir narsaga ishonchim komil — bunday matbuot anjumanini zinhor xorijliklarga ko'rsatmaslik kerak! Zero, bu kabi bo'shbodoqlik va mas'uliyatsizlik «hidi» kelayotgan yurtga xorijiy investorlar jiddiy qarashmaydi.

Tasavvur qiling, biz to'y qilmoqchimiz. Ammo kuyov ham, kelin ham kim bo'lishi noaniq, shu bilan birgalikda to'y kunini va to'yxonani belgillamaganmiz, uning ustiga to'yga pulimiz ham yo'q. «Lekin to'yimiz dunyoni larzaga soladi, Xudo xohlasa», deb quruq xomxayol bilan yashayapmiz.

Xullas, hali ko'p va xo'p ishlashimiz kerakka o'xshaydi. Buning yo'lida men Prezidentimiz va uning jamoasiga faqat va faqat omadlar tilab qolaman. Ilohim, ular anchadan buyon xalqimizni qiynayotgan dolzarb muammolarni hal etishsin va shunda umrlari oxirigacha 32 millionli xalqning duolarini olib yashasinlar! Omiyn!

Temurmalik Tojidinzoda

20 kommentariev

  1. Bilmasligini tan olishxam mardlik lekin uzbek tilini bilmasligi chatok ekan xamkorbank va milliybanklarni yukorilishi taminlagani xisobga olib xozirgi ishini xam tezda yukori chukiga olib chikadi fakat vakt kerak xali yangi tashkil topgan vazirlik

  2. «Xullas, hali ko'p va xo'p ishlashimiz kerakka o'xshaydi. Buning yo'lida men Prezidentimiz va uning jamoasiga faqat va faqat omadlar tilab qolaman. Ilohim, ular anchadan buyon xalqimizni qiynayotgan dolzarb muammolarni hal etishsin va shunda umrlari oxirigacha 32 millionli xalqning duolarini olib yashasinlar! Omiyn!»- o'zbekchani bilmaydigan, ertaga nima qilishini bilmaydigan vazir shu jamoadan emasmi?

  3. To’y qilish to’g’risidagi qiyoslash gapni joyiga uribsizlar. Qoil. Juda ko’p sohada islohatlar shunday quruq gaplar. Boshlashadi, zo‘r bo’lishi kerak deyiladi lekin o’zlari bilishmaydi qanday zo‘r qilish kerakligini.

  4. Kaysi tilda gapirishning nima axamiyati bor, bu majlisdan eki bu noanikliklardan xalka foyda bulmasa!!!…jurnalistlar eyvorgandir allakachon bu mujmal gaplarni!!!…Xamma erda Prezidentimiz bosh bulib turishlari kerak -mikan? Ana xalos….

  5. Maqsad, tashabbus va oldindan reja yuqligidan bu. President mana buni qil desa hup deb ushani qilaveradi. Nimaga, nima uchun qilish kerak, natija nima buladi buni uylamaydi.

  6. Ozbekoston xali bunaqa togridan togri efirlarga, istalgan jurnalislarning istagan savollariga javob beriwga ancha bor. Daje Rossiyadayam xammasi oldinda tayorlangan boladi. Bu bechara Suxrob Xolmurodovni pod udar quyib xalqni oldida warmanda qilb quyiwdi. bu xam odam tuwuninglar

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *