G'ALATI INShO

Boshlang'ich sinf rahbari Malika opa adabiyotdan bugun insho yozdirishni reja qilgan. Bolalar “insho” so'zini eshitib, diqqatlarini jamlab, yaxshilab o'rnashib olishdi. O'qituvchi insho mavzusini ishtiyoq bilan tushuntira boshladi. Hammaning ko'zi ustozda. Shu payt eshikning asta g'ichirlashi bolalar diqqatini bo'ldi. Muxtor kelgan edi. U doimiy kechga qoluvchilardan emas, ammo bugun negadir boshqacha ko'rinardi.
Sinfda g'ala-g'ovur boshlandi.
– Kech qolib, darsni buzding! – deya zarda bilan qo'lini stolga urdi o'qituvchi.
Muxtor indamadi. Negadir xayoli parishon, bepisand turardi. O'qituvchi bu “qahramon”ga qanday jazo berishni o'ylab, bir oz jimib qoldi. So'ng Muxtorning tartibsiz ust-boshiga razm soldi-da:
– Insho mavzusi o'zgardi, – dedi.
Keyin doskaga katta harflar bilan: “Zararkunanda Muxtor” deb yozib qo'ydi.
Bolalar yozishga tushib ketishdi. Qo'ng'iroq chalingach, daftarlar yig'ib olindi.
Ertasi kuni dars oldidan o'qituvchi daftarlarni stol ustiga qo'yib, nigohlarini derazaga qadagancha o'ychan o'tirardi, negadir bitta daftar ochib qo'yilgan, undagi insho esa juda qisqa edi:
Muxtorni kechirardim…
“Muxtor mening yaqin o'rtog'im emas. Lekin bugun unga rahmim keldi. Oldin kech qolganlarni ko'rsam, bunday bo'lmasdi. U o'zini oqlamadi. Kechirim ham so'ramadi. Faqat erga qaragancha jim turaverdi. Uning nimadandir qattiq xafa ekanini sezdim. Kim bilsin, balki onasi kasal bo'lib qolgandir? Muxtor ukalariga qarab turganida do'xtirga borib kelgandir? Balki ukalari betob bo'lib, tuni bilan yig'lab chiqishgandir? Bizning oldimizda ustozga to'g'risini aytishga uyalgandir? Ehtimol, boshqa jiddiyroq sababi bordir.
Men o'qituvchi bo'lganimda, uni ke­chi­rar­­dim…”

Gulchehra ABDULAZIZ qizi
https://www.hidoyat.uz/

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *