GAGARINNI O'G'IRLAB KETIShGANMIDI?

Insoniyatning fazoga ilk qadamini qo'ygan mashhur shaxs – Yuriy Gagarinning keyingi hayoti shon-shuhrat va yangi tajribalar orasida kechgani ma'lum. Biroq bu umrning yakuni (agar shunday deyish joiz bo'lsa) fojiali bo'lgan. Ya'ni, u 1968 yilning 27 martida, sherigi bilan birga yangi qiruvchi samolyot sinovida ishtirok etayotib, halokatga uchragan.

 Lekin hamma gap shundaki, fojia joyida sherigining jasadi qoldiqlari topilgan, Gagarin esa nom-nishonsiz yo'q bo'lgan. Bu holat kishilar orasida turli taxminlar paydo bo'lishiga, mish-mishlar tarqalishiga asos yaratgan. Quyida e'tiboringizga havola etilayotgan, «Ufolog.ru» saytidan olingan maqolada shu haqda so'z boradi.

GAGARINNI O'G'IRLAB KETIShGANMIDI?

Yuriy Gagarinning o'limi borasida turli mish-mish va afsonalar mavjud. Lekin, fazogir Pavel Popovichning ta'kidlashicha, uning nimadan halok bo'lganligi aniq emas.

Bu halokatning sabablari to'g'risidagi versiyalardan biri rasmiy doiralarda qat'iyan rad etib kelinadi. Unga ko'ra, qiruvchi samolyot noma'lum uchuvchi jism (NUJ) bilan to'qnashgan va o'sha «kelgindi»lar Erning ilk fazogirini olib ketishgan.

HALOK BO'LGAN KIM EDI?

Yuriy Gagarin o'shanda ins­truktor, tajribali sinovchi-uchuvchi Vladimir Seryogin rahbarligi ostida «MIG-15» qiruvchi samolyoti shturvalini boshqarib borayotib halokatga uchragandi. Maxsus hukumat komissiyasi tomonidan mazkur hodisaning tadqiqiga bag'ishlab tayyorlangan barcha ma'lumotlar maxfiylashtirilgan va hozirgacha oshkor etilmayotir. Fojia Vladimir oblasti Kirjak rayoni hududida, Novoselovo qishlog'idan taxminan uch chaqirim uzoqlikda ro'y bergandi. Qishloqning ko'pchilik kishilari o'sha kunni hozirgacha yaxshi eslashadi.

Kunduzi soat o'n birlarga yaqin o'rmonchi Vladimir Morozov o'z uyida xotirjam o'tirib choy ichardi. Faqat yaqinlashayotgan bahorni his etgan qushlarning ahyon-ahyonda sayragan tovushigina sukunatni buzardi. To'satdan bu ajoyib holatga rahna solib, qo'rqinch­li portlash ovozi keldi. Tovush qabriston tomondan kelgandi.

– Menga go'yo er qimirlaganday tuyuldi, – deydi Vladimir Vasil'evich. Mash'um voqeani u barcha tafsilotlarigacha eslab qolgan. – Deraza oynalari jaranglab ketdi. Mening «IJ» mototsiklim bor edi, darhol uni mindim-u, qabriston tarafga yo'l oldim.

Morozov fojia joyiga birinchi bo'lib etib kelgandi. U o'sha daraga qulagan samolyotda kim bo'lganligini hatto xayoligayam keltirmagandi, bu haqda novoselovoliklar kechga boribgina xabar topishdi.

– Atrofdagi qorlar qora­yib ketgandi, – deya hayajon ila davom ettiradi Vladimir Vasil'evich. – Qayinlar singan, shoxlarida ipga o'xshash bir nimalar osilib yotardi. Bilishimcha, bular halok bo'lgan uchuvchining ichki a'zolari ekan… Sal o'zimga kelib olgach, atrofga razm soldim. Allaqanday g'alati narsaga ko'zim tushdi – bu odamning jag'i edi. Keyinroq uning Seryoginga tegishli ekanligi aniqlandi – yasama tishlaridan tanishibdi. Gagarindan biron nishona qolganmi-yo'qmi – bunisi noma'lum.

Ko'zi oldidagi manzaradan dovdirab qolgan Morozov bir narsani dastlab payqamagan: o'sha damda fojia joyi­da xuddi o'shanday yana bir «MIG-15» uchib yurgandi. Buning ustiga, uning uchish balandligi – bir kilometr ham bu turdagi apparatlar uchun o'ta pastlik qiladi. Vladimir Vasil'evichning keyinroq eslashicha, bu qiruvchi samolyot arvohga o'xshab, mutlaqo tovushsiz uchardi. O'rmonchi daraga chiqqanida, samolyot ortiga qayrilib, bir zumda ko'zdan yo'qolgan.

«SURIShTIRUV» OPERATsIYaSI

Tushga borib qo'rqinchli yangilik butun qishloqqa tarqaldi. Qishloqliklar barcha ishlarini unutib, o'sha hodisani o'zaro muhokama qilishardi.

– Esimda, kunduzgi soat ikkilar edi, – deydi posyolka ma'muriyati xodimasi Margarita Shustova. – Havo bulutliroq edi. Magazinga borsam, kishilar yig'ilib olishgan. Hamma qabriston yaqiniga qulab tushgan qandaydir samolyot haqida gapirardi. Tunda esa harbiylar kelishdi, texnikalari bilan birga qabriston tomon yo'l olishdi. Nima gapligini ulardan so'rasak, «Sizlarga tegishli narsa emas», deganday javob qaytarishdi.

Ertasiga ertalab Margarita Grigor'evna qishloqdoshlari bilan birga o'sha yoqqa borib ko'rdi. Darani allaqachon harbiylar o'rab olishgandi. Ular ortida esa, xuddi robotlardek jim holda pogonli kishilar yurishardi. Mahalliy aholi esa pichirlagancha boshqa bir yangilikning g'iybatini qilishardi: fojia ro'y berishi arafasida shu qishloqlik Lyudmila Yartseva osmonda uchar tarelkaga o'xshagan, juda nurafshon bir narsani ko'rganmish. Uning o'ta yorqin nurlarini hatto bulutlar ham to'sa olmaganmish. Yartsevaning qasam ichib aytishicha, samolyot uning ko'zi oldida ana shu narsaga urilib ketganmish. Ayol qo'rqqanidan o'rmon oralab qocha boshlabdi, ammo tezda kuchli tovushni eshitib, erga yiqilibdi.

– Men samodan keluvchi har qanday kelgindilar va noma'lum uchar jismlarga ishonmasdim, – deydi Margarita Grigor'evna. – Lekin o'shanda bir yosh askarning oldiga bordim. Ular bir-biridan ikki qadam masofada yurib, butun darani tekshirib chiqishayotgandi. Nima izlayotganlarini o'sha askardan so'radim. U ehtiyot qismlar va «qora quti»ni qidirishayotganini aytdi. Biroq hech qanday qutini topisha olmagandi.

Hukumat komissiyasining ta'kidlashicha, samolyotda hech qanday «qora quti» bo'lmaganmish. Rasmiy kishilar hozirgacha mana shu gapni ushlab olishgan.

– Bu bizning ishimizni juda qiyinlashtirdi, – deya hikoya qiladi professor Sergey Belotserkovskiy. U o'sha paytda Jukovskiy nomidagi aviatsiya Akademiyasida dars berardi va Gagarinning diplom loyihasiga ilmiy rahbarlik qilgandi. Hatto fojia bilan aloqador rasmiy xulosalar chiqarilib bo'lgandan keyin ham S.Belotserkovskiy o'z shogirdining halokati sabablarini izlagan. – O'shanda samolyotning biror qush yoki meteorologik zond bilan to'qnashib ketganligi haqidagi faraznigina ishonchli hisoblashgandi. Ammo biz qidiruvni davom ettirib, bu farazning noto'g'ri ekanligini aniqladik. Yana kimdir bosh­qa taxminni ilgari surdi: go'yoki uchuvchilar havoda shunchaki bir sho'xlik qilib ko'rishgan va ularning bu intizomsizligi fojiaga olib kelganmish. Biroq bu – o'taketgan bema'ni fikr. Seryogin eng tajribali harbiy uchuvchi bo'lib, jami to'rt ming soatdan ortiq muddat parvoz qilgan. Gagarinning qiruvchi samolyotlarni boshqarishda tajribasi sal kamroq bo'lsa-da, har qanday sharoitdayam u komandirning buyrug'ini so'zsiz bajarardi. Bundan tash­qari, shunday qoida mavjud: agar o'quv-sinov parvozlarida favqulodda vaziyat ro'y bergudek bo'lsa, samolyotni boshqarishni instruktor o'z qo'liga oladi. Lekin bu erda allaqanday g'ayrioddiy bir hodisa ro'y berganga o'xshaydi. To'g'ri, biz bu falokatning aynan qanday sodir bo'lganligini hozirgacha ham bilmaymiz.

AMMO BAShORATChI UNI TOPDI!

1979 yilda afsonaviy bolgar bashoratchisi Vangeliya Pandeva (Vanga)ning so'zlari butun dunyoni larzaga soldi. O'zining ta'kidlashicha, u Vamfim sayyorasining vakillari bilan so'zlasharmish. Ular esa Vangaga «Gagarinning o'lmaganligini, balki olib ketilganligini» aytishganmish.

Bundan keyin Gagarin taqdiri to'g'risida 80-yillarning oxirlarida «NUJ: e'lon qilinmagan tashrif» («NLO: neob'yavlennыy vizit») teleko'rsatuvi qahramoni, injener Evgeniy Emel'yanov xabar berdi. O'zining ta'kidlashicha, 1989 yilning 17 oktyabridan 18 ga o'tar kechasi u «boshqa olam vakillari» tomonidan o'g'irlab ketilganmish. Ular E.Emel'yanovni o'zlarining yulduzkezar kemalari ichiga olib kirishibdi. «Men kemada darhol uch nafar erlikni ko'rdim, – deydi u. – Ulardan biri Yuriy Alekseevich Gagarin edi! Men uni tanimasligim mumkin emasdi!»

Balki bu kishining gaplariga ishonmaslik va Vanganing so'zlarini jiddiy qabul qilmaslik mumkindir. Lekin bunday ehtimolni parapsixologiya (kishilarning g'ayrioddiy qobiliyatlari)ga va g'ayritabiiy hodisalarga ishonmaydigan kishilar ham rad etishmayotir. Masalan, 1959 yildan to 1992 yilgacha turli fazoviy dasturlarda ishtirok etgan kishi, falsafa va iqtisodiyot fanlari doktori Aleksandr Subetto shunday deydi:

– Balki shunday bo'lishi ham mumkin. Men Gagarinning o'limi haqidagi barcha taxminlar bilan tanishib chiqqanman, es-hushi joyida bo'lgan ko'plab kishilarning guvohliklarini eshitganman. Bir qancha kishi shunday ta'kidlashayotir: samolyot allaqanday nurli shar ichiga kirib ketganini ko'rishgan. Agar chindan shunday bo'lsa, ehtimol, Gagarinni o'zga sayyoraliklar o'zlari bilan olib ketishgandir. Balki u – fazoga chiqqan ilk erlik – qandaydir oliy bilimlar tashuvchisiga aylanib qolgandir.

Aleksandr Ivanovichning so'zlari kishini bir narsani eslashga undaydi: insonning ilk fazoviy parvozi to'g'risidagi ko'p tafsilotlar e'lon qilinmagan. Ammo o'ta maxfiy papkalarda saqlanayotgan ma'lumotlardan ayrim parchalar baribir turli yo'llar bilan tashqariga chiqqan. Shu ma'lumotlarga asoslansak, o'sha daqiqalarda Gagarin o'zining kelajak taqdiri to'g'risidagi allanimalarni ko'rgan.

VOQEA QANDAY BO'LGANDI?

Halokat sodir bo'lishidan oldin, soat 10.19 da «MIG-15» o'quv topshirig'ini bajarish uchun uchib ketadi. Parvoz kutilmagan hodisalardan xoli tarzda, yaxshi o'tadi. Soat 10.30 da Gagarin topshiriq bajarilganligi to'g'risida hisobot beradi va ortiga – bazaga qaytishga ruxsat oladi. Ayrim manbalarga ko'ra, keyingi daqiqa davomida «MIG-15» ekipaji «disk shaklidagi yorqin ob'ekt»ni ko'rganligi haqida aerodromga xabar beradi. Ekipaj bilan aloqa uzilmasidan bir lahzagina oldin ular «hech nima ko'rmayotganliklari»ni aytishgan. O'shanda buni havoning bulutliligiga yo'yishgandi. Lekin Gagarin va Seryoginni ana shu yorqin nur ko'r qilib qo'ygan bo'lishi ham mumkin-ku. Tajribali uchuvchi Seryogin ham, o'zi besh barmog'iday biladigan mashinani birdaniga boshqara olmay qolgan…

Soat 14.15 da qiruvchi samolyotning bo'laklari topilgan. Balki, guvohlar aytayotganidek, samolyot NUJning ichiga kirib ketmagandir, balki aksincha – porloq shar o'z mo'ljalini topgandir. Xuddi shu onda aloqa uzilgan – odatda NUJ faoliyati hududida radioapparaturalar ishlamay qoladi. Shu tariqa, so'nggi safarga birga chiqqan Gagarin va Seryoginning yo'llari shu erda ayrildi: biri erga quladi, ikkinchisi esa bizga noma'lum olamga ravona bo'ldi.

Ruschadan Hamidbek YuSUPOV tarjimasi.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *