Blogerlar masobaqasiga: Futbol orqali mashhur bo'lishni istaysizmi? Oltin kalladan oltin takliflar

“..Yaramas beting chirigur, tirnoq ostidan kir qidirasan!” deyishni  unga kim qo'yibdi?! Tanqid taklifi bilan bo'lsa go'zalmish, o'rgildim bunaqa go'zallikdan. Nima, men senga rassommidimki go'zallikni eng yuqoriga qo'ysam. Jimgina traktoringni patillatib yuraver, hadeb bilmagan narsanga burningni tiqavermasdan. Tanqid qilsam O'FF va Babayanni tanqid qildim seni emas, demaganim chakki bo'ldida o'zi…

— Ha-a, dadajonisi, nimadan jig'ibiyronsiz? Tinchlikmi?..

— O'zi sen kam eding shu tobda…

— Ha-a, keyingi paytlarda ortiqcha bo'lib qoldim. O'tirsam o'poq, deysiz, tursam so'poq!..

— E, vaysayvermasdan mana bu choynaginga choyni ko'proq solsang o'lasanmi, turishini qara, suvdan farqi yo'q. Bor, almashtirib kel, undan ko'ra!

— Xo'p, hozir, kelganimdan keyin nima gapligini aytasiz.

— Xo'p, bo'pti, choyni tezlat!

Shu bedana xotin ham kamroq vaysasa-da. Shunga uylanmay men o'lay-da.

— Mana, achchiq choy, endi boshlang, nimadan diqqatsiz?

— Nima balo, choyga til tekizganmisan,  zahar-ku!

— Gapni aylantirmang, dadajonisi, nimadan buncha asabiylashyapsiz?

— Xullaas, anavi Soqi pat-pat bor-ku?

— Qaysi, anavi Hurliqoning eri Soqi traktorchimi?

— Xuddi o'zi, o'sha yuzsiz!

— Nima qildi, u er yutgur?

— Anavi futbol haqidagi…

— Obbooo, yana fidbo'lmi dadasi, qo'ying shu dahmazani..

— E, o'chir-a ovozingni, oxirigacha eshit-da endi, ayting deb tixirlik qilganingdan keyin!

— Xo'p bo'ladi, gapiravering.

— Soqi pat-pat futbolimizni tanqid qilgan maqolamni tirnoq ostidan kir qidirish, deb choyxonada butun qishloq erkaklariga rosa lof uribdi.

— Nega unday debdi?

— «Soqining aytishicha sen faqat quruq tanqid qilar emishsan, taklif berishga aqling etmas emish», deb qo'shnimiz Gaptashir aytib qoldi.

— Ha unda, dadajonisi, bir taklifiy maqola yozib Soqining gaplari safsata ekanligini butun Galabotir qishlog'i ahliga ko'rsatib qo'ying, shunda hamma bilib oladi meni cholim naqadar uzoqni ko'radigan ekanini…

— Shunaqa qilsammikin a?!

— O'ylab o'tirasizmi, shartda-shartda yozing -qo'ying. Men unda sizga xalal bermay ovqatni boshlay, hademay bolalar ham daladan kelib qolishadi.

— Choyni yangilab ber oldin, sovib bo'ldi. Aytgancha ota-bobong  choyfurush o'tgan  bo'lsa ham, choyni me'yorida solgin, ichishli bo'lsin.

— Xo'p bo'ladi-da, dadajonisi, hozir.

Xo'-o'sh, unda gap mana bundoq bo'libdi:

Taklif (Kam sonli)

Futbol orqali jahonga tanilish maqsadimiz bor ekan, buning uchun albatta jahon chempionatiga chiqish shart emas. Do'ppini boshdan olib o'ylash kerak xolos. Men ham ko'pdan qolmay o'z takliflarimni ilgari surmoqchiman:

Masalan, biror bir kuchli terma jamoa (Braziliya yoki Argentina, juda bo'lmaganda Portugaliya) bilan bor-budimizdan kechib bo'lsada o'rtoqlik o'yini tashkil etish kerak. Shu ham taklifmi? Bu xaqida 25 yildan beri chirillab, jon kuydirib gapiramiz-ku, deya e'tiroz bildirishga shoshilmang. Davomini eshiting. Xullas, o'rtoqlik o'yini tashkil etib, o'yinda juda katta hisobda (50:0 yoki 100:0) yutqazsak, butun dunyoning nazariga tushib turibmizda.

Juda sabrsiz xalqmiz-da! Bir pasda, bizga bunaqa sharmandagarchilik kerak emas deysizmi? Xo'sh, mundialga chiqqan taqdirimizda ham baraka topmaymiz-ku, u erda ham sharmanda bo'lamiz-ku!

Ikki o'n besh — bir o'ttiz-ku to'g'rimi? Maqsadimiz sport orqali, aynan futbol bilan dunyoga tanilish bo'lgach, chidaysiz-da, har qancha sharmandagarchilikka ham!

«Zato» dunyo “voooh” deydi. Mundialga chiqib ham bunchalik dunyoga tanila olmasligimizga kafilman.

Dunyoga tanilishning yana bir super yo'li bor. O'rtoqlik o'yini ham tashkil etish shart emas. Shunchaki, jahon chempionati saralash uchrashuvida Koreyaga gol ura olmayotganimizda yoki o'z uyimizda Eronga yutqazayotganimizda ommaviy mushtlashuv keltirib chiqarishimiz kerak.

O'yinchilarimiz kutilmaganda raqib o'yinchilarini do'pposlab ketishlari kerak. Qizil kartochka ko'rsatgan hakamni ham ayamasdan orqasiga tepish kerak.

Shundan keyin butun dunyo va futbol jamoatchiligining nigohi bizga qaratiladi. Dunyoning manaman degan OAV biz haqimizda butun dunyoga jar solishadi. Mana buni haqiqiy mashhurlik desa bo'ladi.

Hozircha shu, qolgan takliflarimni keyinroq qog'ozga tushirib, etiboringizga xavola etaman. Qolgan takliflarim ta'lim tizimi, davlat islohotlari va albatta paxta mavzulari haqida bo'ladi.

P/S: BU shunchaki jiddiy hazil edi, jiddiy qabul qilmang.

 

Rivojiddin Abdumalikov

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *