Feysbukda motam kuni e'lon qilindi… Ijtimoiy tarmoqda nima gaplar?

18 yanvar kuni Qozog'istonning Aqtobe shahrida ro'y bergan mudhish hodisadan xalqimiz hamon o'ziga kelmay yotgani bor gap. Garchi bizga noma'lum bo'lib qolayotgan sabablarga ko'ra, O'zbekistonda motam kuni e'lon qilinmagan esa-da, Feysbukning o'zbekistonlik foydalanuvchilari allaqachon aza ochishga va motam kunini e'lon qilishga ulgurishgan. Kimdir O'zbekiston bayrog'ini o'z akkauntiga qo'yib olgan, boshqalar yurak tub-tubigacha kirib boradigan shaxsiy fikrlari bilan o'rtoqlashmoqda. Biz ham ayni damda Feysbuk saytida faol bo'lgan yurtdoshlarimizning yozib qoldirgan fikr-mulohazalari bilan o'rtoqlashishga qaror qildik. Xo'sh, Feysbukda nima gaplar?

Yana avtobus halokati, yana Qozog'istonda, yana o'zbekistonlik qurbonlar… Rossiyaga ishga ketayotgan o'zbeklarning xavfsizligini ta'minlashi uchun O'zbekiston hukumatiga yana qancha qurbon kerak?!

Inna lillahi va inna ilayhi roji'un. O'tganlarning oxirati obod bo'lsin, Alloh ularni rahmatiga olib, mansabdorlarimizga imonu insof bersin…

Sanjar Said

 

Bugun 52 ta o'zbekistonlik o'g'lon bilan hamma o'zbeklar qo'shilib yongan kun… Yaqinlari va ahli oilalariga hamdardmiz… Ular bilan biz ham qon yig'ladik…

Inna lillahi va inna ilayhi roji'un.

Abu Muslim

 

Xalqimiz boshiga ulkan musibat tushibdi.
Olloh avtofalokatda o'lganlarni gunohlaridan kechib, rahmatiga sazovor etsin. Yaqinlariga sabr bersin.
Inna lillahi va inna ilayhi roji'un.

Nurulloh Muhammad Raufxon

 

O'zbekistonda monopoliyalar va korruptsionerlar odamlarni emoqda. Tom ma'noda. Bugun O'zAda tahlili e'lon qilingan savodsiz va munofiq ekspertga ko'ra «O'zbekiston havo yo'llari» narxlari o'rtacha dunyo qiymatidan ancha past emish. Avtobusda tiriklayin yonib ketganlar tirik bo'lganida ulardan so'rardik, nega «O'zbekiston havo yo'llari» aviareysidan emas, avtobusdan foydalanishganini. Masalan, men ham Turkiyaga o'qishga kelish uchun Qozog'istonda 10 soat avtobusda yurib Olma-otadan uchganman, sezilarli arzonligi uchun. Qo'pol qilib aytganda, «O'zbekiston havo yo'llari» va O'zbekiston temir yo'llarining qoloq va monopolligi qo'shni mamlakatlar YaIMining o'sishiga, bizning migrantlarning shunday fojialarda qirilib bitishiga asos yaratayapti. Afsuski, to'g'ri xulosalar chiqarilmaydi. Bilasizlarmi bular nima qilishi mumkin? — Avtobuslar qatnovini bekor qilishni Qozog'istondan so'rashi mumkin. Bularning qo'lidan keladigani faqat ta'qiq. Avtobuslar yonib, qulab, avariya bo'lib, yuzlab fuqarolari o'lib ketadiyu, tepada birov pinagini buzmasligi jiddiy ravishda yuragimni siqyapti…

Abdulatif Adhamov

 

Inna lillahi va inna ilayhi rojiuun!

Qozog'istondagi avtobus halokatida qurbon bo'lganlarni Alloh rahmatiga olsin! Oila a'zolariga sabr bersin!

O'lim haq. Buni inkor qila olmaymiz. Ammo so'nggi vaqtda Rossiya va Qozog'istondan shunchalik ko'p tobut kelyaptiki, bir hodisani hazm qilishga ulgurmasimizdan boshqasi chiqyapti. Xuddi urush paytiga o'xshaydi. Kunora o'zbek xonadonlarida aza ochilyapti. Odamlar ham baxtsiz hodisalarni oddiy holdek qabul qiladigan bo'ldi. Afg'onistondagi urushda qancha o'zbekistonlik halok bo'lganini bilmayman. Nazarimda, tirikchilik dardida xorijga chiqib, turli sabablar bilan vafot etgan vatandoshlarim soni urush qurbonlaridan-da ortib ketgandek.

Alloh musofir yurtdoshlarimizni panohida asrasin! Inshaalloh, yaqin yillarda o'zbeklar non izlab chet elga bormaydigan bo'lishiga umid qilamiz.

 

Indamasxo'ja Kamgapxo'ja o'g'li

 

Bugungi xabar ko'pchilik qatori meni ham qayg'uga soldi. Oila, ro'zg'or tashvishida ketib, qaytib kelmasa… Ularning ko'pchiligi qaytayotganini uyidagilarga aytib xursand qilib qo'yganlari aniq, ayrimlari syurpriz qilib kirib borishni ko'zlagan bo'lishi ham mumkin… Kutilayotgan jigarbandi o'rniga shumxabar kelib turgan xonadonlarning dardini ozmi-ko'pmi tushunamiz, ammo… o'shanday his eta olmaymiz baribir. Nima bo'lganda ham, barchasiga hamdardlik izhor etamiz.

Har gal shu kabi xabar eshitganimda, bolaligimdagi bir voqea esimga tushadi.
O'shanda dalada ishlayotgandik, onam piyoz o'tar, men esa yulingan o'tlarni uyga tashib kelayotgandim. Bir payt qarasam, onam yig'layapti. Sababini so'radim. “Falonchining bolasi Afg'ondan o'lib kelibdi”, (Xorazmda shunaqa aytiladi) dedi. Bola aqlim bilan xayolimga shunday fikr kelgandi o'shanda: “Birovning bolasi uchun yig'lashning nima keragi bor ekan…”

Sal ulg'ayib, boshqalarning dardini his etishni, hamdard bo'lishni o'rganganimdan so'nggina onamning o'sha paytdagi holatini tushundim. Erkaklardan ko'ra ayollar, ayniqsa onalarda hamdardlik kuchliroq ekanini bildim. Bolaning begonasi bo'lmasligini angladim…
Bugun – faqat o'sha ellikdan ortiq xonadonning emas, balki shu O'zbekiston xalqining og'ir kuni. Eng avvalo onalarimizga, opa-singillarimizga hamdardlik bildiraman. Otaxonu buvajonlar, aka-ukalarimizga bardam bo'ling, deyman.
Qo'limizdan yana nima ham kelardi…
O'tganlarning joylari jannatda bo'lsin… Barchaga sabr tilayman.

Hamidbek Yusupov

 

Qozog'istondagi avtobus yong'inida halok bo'lgan yurtdoshlarimizni Alloh rahmatiga olsin. Yaqinlariga sabr bersin.

«Hukumat mehnat muxojirliginini tartibga solsin», demayman. Avvalo, o'lim haq – kimning ajali etgan bo'lsa, uni qaytarib bo'lmaydi. Ikkinchidan, bizda ba'zida «tartibga solish» betartiblikni keltirib chiqaradi: biryo'la chetga chiqishni taqiqlab qo'yishsa, yurtda ish topolmaganlar bor imkoniyatdan ham mahrum bo'ladi.

O'zimizda ish o'rinlarini ko'paytirish, davlatimiz hududidan hech bo'lmasa, tranzit sifatida keng foydalanish shu kabi muammolar echimi bo'lishi mumkin.

Musannif Adham

 

«O'zbekiston havo yo'llari» aviachiptalar narxini tushirmas ekan, har 3 oyda «kirdi-chiqdi»lar tugatilmas ekan, avtobuslarda qurbon bo'layotgan uzbekistonliklar soni ortaveradi…
Bu fojealarning ildizi O'zbekiston-Rossiya migratsiya buyicha kelishuvining mehnat muhojirlari uchun manfaatli emasligiga ham borib taqaladi. Patent tizimi muxojirlar uchun engillashtirilgan tartibda yo'lga quyilganida, jonini xatarga qo'yib avtobusda sarson yurisharmidi?!
Shuncha odam o'lib ham, bir echim qilinmadi.
«Samolyotda olib ketildi» deb maqtanishdan boshqasiga o'tilmaydi.
Muhojir hayotini qadri shumi?!

18 yanvar' kuni 57 nafar o'zbekistonliklar Samara-Chimkent yo'nalishidagi avtobusda yonib ketdi. 52 kishi hayotdan ko'z yumgan…

Sohiba Hayitboeva

 

Musofir — muhojir — migrantning noni

2005 yili universitetni bitirgach, propiskam muddati ham tugadi. Cho'zdira olmadim — ishimdan bo'shatishdi. 3-4 oy rosa ish qidirdim — propiskasiz qabul qilishmadi. U paytlar internet bugungidek emas, onlayn ish topish ham imkonsiz edi. Tengdoshlarim kabi Rossiyaga ketishga qaror qildim. Dadamdan ruxsat so'ragan edim, urushib berdilar:
“To'rt yil qiynalib o'qib, Rossiyada mardikorlik qilasanmi?”
“Hamma ishlayapti-ku, kunimni ko'rib ketarman”, dedim.
Hech qanday bahona o'tmadi. Rozi bo'lmadilar. Orada magistraturaga topshirdim. Byudjet joyini stipendiatlar egallab bo'lishgan. Kontrakt o'rni ham juda kam. Kira olmadim. Yana propiska, yana ish topish tashvishlari boshlandi. Toshkentda qolib, amallab kun ko'ra boshladim. Noyabrning boshlarida O'zMU marketing bo'limidan qo'ng'iroq qilib qolishdi: “Tojialievmisiz? Agar kontrakt asosida o'qimoqchi bo'lsangiz, 2 kun ichida shartnoma pulini to'lab, o'qishga kelishni boshlang”. Sarosimada qoldim. O'sha yili universitetda katta ta'mirlash ishlari bo'layotgani bois shartnoma asosida yangi o'rinlar ochilgan edi.
Magistraturani bitirganimdan so'ng ikki yil avvalgi vaziyatga tushdim. “Ongim” ancha oshgan, endi meni Rossiya qiziqtirmas edi. Sharqshunoslik institutini bitirgan bir xonadoshim ham ish topa olmadi-da, Rossiyaga ketdi. Bechora do'stim qish payti rus o'rmonlarida yog'och kesayotib katta daraxt tagida qoldi. Sovuq xonalarda oylab oyog'ini qimirlatolmay yotdi. Keyin qaytib keldi-da, Farg'onada arzimas oylikka ishlab yurdi. So'ng baxti kulib “Grin karta” yutib oldi-da, AQShga ketdi.
Shu do'stim bilan ish qidirib, Dubay, Kanada, AQSh, Shvetsiyaga ishga yuboradigan ne-ne shirkatlar eshigini qoqmadik. Shirkatlardan biri firibgar chiqdi, biriga yuz ko'rinishimiz yoqmadi, birining imtihonidan o'tolmadik, nechtasi yopilib ketdi.
Koreyaga yubormoqchi bo'lishdi. 5000 lik “xizmati” bor deyishdi. Eskidan “xizmat”li joylar bilan chiqisholmayman. Rad etdim. “Chyuning”ga topshirdim, “Maski”ga topshirdim. So'nggi bosqichlaridan yiqildim. Harakat qilib, Angliyadagi bir kollejga o'qishga kirdim. OVIRga xorijga chiqishdan maqsadi degan joyiga to'g'ri qilib, “Angliyaga o'qish uchun” deb yozdim. OVIRda hujjatim 11 oy qolib ketdi. O'qishim ham bekor bo'ldi…
Keyin Marg'ilonga qaytdim. Uylandim, bola-chaqali bo'ldim. Chet-eldan ishlash uchun takliflar bo'lgan bo'lsa-da, oilamni bu erda tashlab ketishga ko'zim qiymadi. “Non shahri” yana o'ziga chorladi. Yana propiska, keyinroq ijara shartnomasi degan g'avg'olar boshlandi…
Ko'p do'stlarim propiska va boshqa byurokratik muammolar tufayli chet-elga chiqib ketishga majbur bo'ldilar. Bir tanishimning otasi qamalgani uchun yaxshi ishlarga olishmadi; boshqa tanishim namoz o'qigani uchun organga ishga kira olmadi; bir do'stim O'zbekistonga yangilik bo'lgan yaxshigina biznes tashkil qildi – soliq, departament, hokimiyat va h.larning aralashuvi, hujjatbozlikdan bezidi-da, firmani yopdi. Hammasi xorijga ketdi.
Bularni nega yozdim? Aslida, bizning avlod yoshlarining har birining mana shunday o'z “migrantlik tarixi” bor. O'zbeklarning ichki va tashqi mehnat migratsiyasida, hatto kechagi mudhish voqeaning bir chetida shu muammolar ham yotadi. Ularni bartaraf etish vaqti etmadimikan?

Davronbek Tojialiev

 

Kim nima desa desin. Agar fojea sabablarini o'sha avtobus ichidan qidirsak, falokatlar yana davom etaveradi. (Alloh asrasin)

Obidjon Latipov

 

Telegram va Feysbukdan ayrim do'stlarimdan xat olyapman: «Shuncha odam fikr bildirdi, siz ham biron narsa yozing» qabilidagi gaplar. Lekin, men yozolmayman. Yo'q, yoza olaman, ammo yozishga qo'lim bormayapti. Nega? Chunki yuragim dard-alamdan dod solyapti, tilim uchidagi gaplar tashqariga chiqolmay halak. Men hozir biron narsa yozsam, o'ta qo'pollashib ketishim ham hech gapmas. Chunki bunday vaziyatda vulqon kabi otilib chiqayotgan his-tuyg'ularimni nazorat qilishim oson kechmaydi. Yozgandayam, baqirib, qichqirib yozishim kerak! Etika-estetika qoidalariga rioya qilmay yozishim kerak! Buralab so'kib yozishim kerak! Ammo bu narsalar, afsuski, na Feysbuk jamoatchiligi oldida, na saytga to'g'ri keladi.

Men yozsam, qappaygan sullohlarni, maddohu-manqurtlarni buralab so'kib yozishim kerak bo'ladi!

Men yozsam, chet elda ishlab turib yurtimiz haznasiga har yili milliard-milliard dollar pul yuborayotganiga qaramay, «o'sha yoqqa» otlanish uchun biletlar narxini «otning kallasidek» qilib qo'ygan monopol aviareys tashkilotimizni buralab so'kib yozishim kerak bo'ladi!

Men yozsam, 25 yil davomida qarsak chalib yotgan, ayrim ishlarni bittirib olish maqsadida o'z mansabidan foydalanib, xalq ishonchini suiste'mol qilgan, er bilan yakson qilgan, so'ngra yangi Prezident saylangach, bir dumalab, vanihoyat «yangicha davr» kelganini va endilikda «ko'zlar ochilgani»ni iddao qilgan deputatlarni buralab so'kishim kerak bo'ladi!

Men yozsam, nechchi yillardan beri takrorlanib kelayotgan holat — yurtdoshlarimizning chet el davlatlariga yo'l olishlarini ko'rabilaturib ham, buning oldini olish uchun hech qanday amaliy harakatlarni amalga oshirmay kelayotgan amaldorlarni buralab so'kib yozishim kerak bo'ladi!

Men yozsam, shoiru-musiqachilar va to'ylarga tashrif buyurishidan avval uning boshdan oyog'igacha «ko'kartirilishi» kerakligini talab qiladigan yallachiyu mashshoqlarni buralab so'kishim kerak bo'ladi!

Men yozsam, tug'ruqxonalarida poraxo'rlik, shifoxonalarida poraxo'rlik, maktabu institutlarida poraxo'rlik avjiga chiqqan, haromga botgan jamoatchilikni buralab so'kishim kerak bo'ladi!

Men yozsam, bir tiyinga qimmat mashinalarini chet el davlatlariga sariqchaqa evaziga sotib, o'z xalqi uchun esa bundan ikki-uch barobar qimmat narx qo'yadigan o'sha er yutgur «GM» zavodini buralab so'kib yozishim kerak bo'ladi!

Men yozsam, insonning qadri yo'q, dardkashi yo'q, darmoni yo'q bo'lgan ushbu mamlakatni so'kib yozishim kerak bo'ladi!

«Halol luqma» tushunchasi yot bo'lgan, o'z farzandlariga faqat pul va mansab orttirish yo'lida harakat qilishi kerakligini uqtiradigan, halol va haromni ajratishni o'rgatishni-ku xayoliga ham keltirmaydigan otalarni, onalarni buralab so'kib yozishim kerak bo'ladi!

Mening tilimdan ana shu vaqtda yaxshi gap chiqarmidi? Qog'ozga o'rab, jurnalistik etika-estetika qonun-qoidalariga rioya qilib yoza olarmidim? Yo'q! Shu sababli, qo'ying, men yozmay. O'zimga kelib olishim kerak, bunga qancha vaqt talab etilishini esa, ochig'i, bilmayman.

Halokat qurboni yaqinlariga chiroyli sabr tilayman. Vafot etganlar joyi jannatdan bo'lsin. Inna lillahi va inna ilayhi roji'un…

Temurmalik Tojidinzoda

 

52 bolang yondi daf'atan,
E, voh, kulga qanday o'raysan kafan.
Ona bo'l, boshinga oq ro'moling yop,
Ota bo'l, belingni bog'la, jon Vatan!

Samolar zirillab ketdi faryoddan,
Darvoza ochildi to'g'ri Jannatdan,
Og'a bo'l, Elkanga tobutlarni ort,
Singil bo'l, dod solib yig'la jon Vatan!

O'zbegim, sen qachon qochding mehnatdan,
Qayga ketmoq bo'lding og'ir qismatdan!
Shahidlar shahriga aholilaring,
So'ngi karvonlarga mindir jon Vatan!

Nogoh alangaga burkanganda tan,
Kalima keltirib ulgurdimikan.
O'zbekman deganning jon yuragidan,
52 qabr kavla jon Vatan!

Biri o'g'lonmidi kuyov bo'lmagan,
Biri yigitmidi farzand ko'rmagan.
Yoki etim qolgan go'daklarining,
Ko'zlariga qanday qaraysan, Vatan!

Musofirlik faqat o'zbekdamikan,
Bizning kamimiz bor qaysi millatdan.
Berma bolalaring alangalarga,
Bevaqt ajallarga berma, jon Vatan!

Malika Salimova

 

Chet ellarda vatandoshlar o'lsa, ularning jasadlarini vatanga olib kelishni o'rgandik. Chet ellarda yurtdoshlarimiz halokatga uchrasa, hukumat komissiyasini yuborishni o'rgandik.

Endi, 50 kishilab vatandoshimiz halokat okibatida o'lsa, motam e'lon qilishni ham o'rganib olsak, vaziyatga munosib bo'lishni o'rgangan bo'lamiz. Asta-asta uniyam o'rganib olarmiz. Munosib bo'lishga intilayotgan hukumatimizga ko'p rahmat!

Doniyor Ro'zmetov

 

Roppa-rosa 100 yil burun Nikolay II ning bir farmoni chiqqan. Unda Turkiston o'lkasidagi rus bo'lmagan 19 yoshdan 49 yoshgacha bo'lgan jami 250 ming erkakni front ortidagi ishlarga safarbar qilish ko'zda tutilgan. Mening jafokash xalqim nima degan bilasizmi? “Mayli, imperiyaning urush xarajatlarini to'lashga rozimiz, lekin bolalarimizni mardikorlikka borishiga qarshimiz”. Chunki bu xalq ommaviy mardikorlikni o'zlariga isnod deb bildi. Kafangado bo'lsak bo'lamiz, lekin farzandlarimizni mardikor qilmaymiz, deb turib olishdi. Bu yo'lda qo'liga qurol oldi va minglab shahidlar berishdi. Onaizorlar yig'ladilar:

Poezdingni jildirgan,
O'txonasi bilan do'ngalagi.
Dvinska ketishdi,
Mard yigitning bir bo'lagi.

Dvinska ketmas edi,
Mard yigitning bir bo'lagi.
Dvinska ketkizgan,
Nikolay zolim zambaragi.

Dvinska yo'l bo'lsin,
Qarag'ayzoring kul bo'lsin,
Yigitlarni qiynagan
Nikolaying yo'q bo'lsin.

Toshkentingizdan minib,
To'p ostidan chiqdilar.
Onalari: “Voy, bolam!” deb,
Kafan to'nin bichdilar.

Qismatning shafqatsiz o'yinini ko'ring, oradan 100 yil o'tib, o'zimiz mardikor bo'lmoqqa bel bog'ladik. Ulug'larimizdan meros qolgan g'ururimizni tirikchilik eb bitirdi.

Alisher Nazar

 

Shu o'rinda, biz ham — fayzbog.uz sayti ma'muriyati va jamoasi halokat qurboniga aylanganlarning joyi jannatda bo'lsin, deb qolamiz. Yaqinlariga sabr tilaymiz. Inna lillahi va inna ilayhi roji'un!

Birinchi izoh

  1. Norasmiy «Xalk nafrati» unvoni tashkil etish uchun taklifim bor edi. Bu taklifni to'gri yoki noto'griligini baxolash va amalga oshirish fakat Sizlarga boglik. Saytda doimiy «Xalk nafrati» unvoniga nomzodlar bo'limini ochsanglar. Shu saytga vatandoshlarimiz nomzodlarni tavsiya kilish imkonini bersak. Tavsiyachi nomzodni faktlar bilan isbot kilib tavsiya kilsin. Sizlar esa xolis xulosa chikarib ro'yxatga kiritish yoki rad etishni xal kilsanglar maksadga muvofik bo'lar edi. Lekin men juda xoxlar edimki shu ro'yxat tashkil etilsa, albatta 2 nomerdan boshlab prezident apparatidagi televidenieni nazorat kiluvchi mas'ul, UzMTRK raxbari va prezident kotibiyati mas'ul xodimlari (familiyalarini bilmayman) kiritilishini tavsiya kilar edim. Sabab; Aktubedagi fojeaga LOKAYDLIK kilishgani, shu kunlarda ko'ngilochar dasturlarni cheklab turmaganliklari, xalk kaygusiga xamdardlik bildirmay vijdonsizlik kilganliklari uchun. Makolani taxrir kilishinglar yoki shu mazmunda lekin ILTIMOSIM, albatta «Xalk nafrati» norasmiy unvoni tashkil kilsanglar buldi.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *