Erkin NORSAFAR: OTAMNING ELKASIDAGI IZLAR (Voqeiy hikoya)

Mamlakatimiz endigina mustaqil bo'lgan yillar edi. Hamma joyda ham vaziyat birdek, juda og'ir. Katta ro'zg'or “qo'luchi”lab qolgan, bir amallab tebratiladi. Kuz kunlari edi. Puliga yarasha yozgi tuflim tovoni eyilib, teshildi… Qish kirdi. Yog'ingarchilik, izg'irin sovuq boshlandi. Ish xonamgacha 1,5 kmcha masofa, piyoda boraman. Uy (hovli) dan chiqar — chiqmas tuflimning tagidan suv kirib, paypog'im nam bo'ladi. Tanamni sovuq qamrab olib, dildiray boshlayman. Ishxonam tuman markazidagi bozor yaqinidagi binoda joylashgan. Ikki qavatli binoning (o'sha vaqtda “Tadbirkor bank”, bir vaqtlar esa kassa, musiqa maktabi bo'lgan) birinchi qavatida, kattagina zalda besh kishi o'tiramiz, tagi beton. Isitilmaydi. Zax esa devorga bir metrga qadar chiqib borgan. Tushga qadar ko'karib ketaman, sovuqdan tishim-tishimga tegmaydi, atrofdagilarga bildirmaslikka urinaman. Tush vaqti uyga shoshaman. Oyog'im sovuqdan shishgan, qadam bossam bijirlab azob beradi. O'sha bir yarim kilometr masofani bosib o'tib, uyga kelgach, tuflimni pechkaning ostiga qo'yib, ho'l paypoqni almashtirib, loy bo'lgan oyoqni yuvib, ixraganicha pechkaga tutaman. Otam oila a'zolari jam bo'lmasa, taomga qo'l urmaydi. Men har kuni tush vaqti muzlagan oyoqni pechkaga toblab kechikishga, otamni ranjitmaslik uchun turli yolg'onlar to'qishga majburman. Sovuqdan muzlagan oyoq isigach jimirlab, qichishib bir og'riq beradi, kuygan undan yaxshiroq. Xullas, bir piyola choyni ichib, yana o'sha tuflida ishga otlanaman. Shu bilan ba'zida kechqurun ish tugagach soat 6 da yoki 8 dan keyin qaytardim. Yomg'irli kunlarni amallasa bo'lar, ammo qor yoqqanda, oyog'imni sezmay qolgan vaqtlarim ham bo'ldi. Xuddi birovnikidek, xuddi narkoz urilgandek. Ishga borgach, ikki ko'zim imillayotgan soat millarida bo'lardi.
Qish shu zayilda o'tdi…
Odam yurganda poyafzalining tagi orqadan kelayotgan odamga ko'rinadi. Tuflimning tovoni butunlay edirilgan, er ko'rinib turardi. Odamlardan uyalganimdan tovonimni oldinga qarab bosardim. Bunda oyoqni na ortga va na oldga baralla tashlab bo'ladi…
Bir kun otam bilan yo'limiz bir tushib qoldi. Otam nimaga tuflimdan chilpillayotgan shovqin eshitilayotganini so'radi. Suv tuflimning ichida edi. Men, tuflim tovonida kichkina teshik borligini, o'sha erga suv kirib qolib shilqillayotganini aytdim. Otam yangi tufli olishim lozimligini ayta turib, tizzamni bukib, bukrisifat g'alati yurayotganim sababini so'radi, oyog'im og'riyotganligini bahona qildim. Yana bir necha bora otam bilan yo'limiz to'g'ri kelganda, ishim borligini ro'kach qilib, yo'limni boshqa olishga majbur bo'ldim.
Qish tugadi. Dam olish kunlari edi, kutilmaganda otam eshik oldida, kiraverishda turgan tuflimga ko'zi tushib hayratlandi. Men, eski tuflim, uyda yotgan ekan, tashlash uchun chiqargandim, deb aldashga majbur bo'ldim.
Oradan bir necha kun o'tdi. Otam bilan hamkasaba bo'lganimiz uchun yana yo'limiz bir tushdi. Yomg'irli kunlar edi. Tuflim odatdagidek shilqillardi. Otam oyog'imga, keyin aybdorona siniq jilmayib ko'zimga boqdi.
“Bu nigohlarni hech qachon unuta olmasam kerak…”
-Shu tuflida qishni o'tkazdingmi?
Yolg'onlarimga boshqa o'rin qolmagan edi, ko'zlarimni olib qochdim.
-Yangisini olsang bo'lardi-ku, shuncha azob shartmidi, bolam?
-Ro'zg'orni o'yladim. Shundog' ham…
-Tirikchilik ham bir gap bo'lardi-da…
Otam og'rinib-og'rinib bosh chayqadi, elkalari tushdi. Chunki o'sha elkalarda endi men yurib borardim…
1997yil
erk.uz dan olindi

2 kommentariya

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *