ENG YaXShI LIBOS – HAYo

Sobiq Ittifoq davri. Karimboy hamshahari Qodirjon bilan Rossiyaning chekka bir o'lkasida harbiy xizmatni o'tayotgan yillar…

Bir kuni bu ikki do'stni rota komandiri Vasiliy Stepanovich o'z uyiga olib ketdi. Saroyday keng dala-hovlisida eng so'nggi rusumda o'zgarishlar qilmoqchi ekanini aytib, bajarilajak ishlarni tushuntirdi. Vasiliy Stepanovich nihoyatda xushfe'l odam bo'lsa-da, xotini Larisa Andreevna va bo'y etgan qizi Oksana anchagina kalondimog' ekan. Salomlashish u yoqda tursin, oshkora nopisandlik bilan qarashar, hatto ba'zan ijirg'anib muomala qilishardi. Na­chora, musofirchilik, o'zga yurt, begona odamlar. Askarlik hayoti, chidashga majburlar.

Ertasi kuni tushlikdan ke­yin ishni davom ettirish uchun ikki do'st hovliga chiqishdi. Chiqishdi-yu, hayratdan dong qotib qolishdi. Ular ishlaydigan joyning shundoqqina oldida, chimga to'shalgan choyshablarda ona-bola oftobga toblanib bemalol yotishardi. Ko'zlarida qora ko'zoynak. Kelganlarga parvo ham qilishmadi. Ular uyalganidan besasgina ichkariga kirib ketishdi.

Ertalab choy ichishayotganida xonadon sohibi noroziroq qiyo­fada kirib keldi.

– Kecha tushlikdan so'ng nega ishni to'xtatib qo'ydinglar? – so'radi u, – charchadingiz shekilli.

Karimboy Vasiliy Stepanovichga vaziyatni tushuntirmoqchi bo'ldi.

– Ayolingiz bilan qizingiz oftobda toblanishayotgan ekan…

– Toblanishsa nima bo'pti? – qizishib ketdi xo'jayin, – ishga buning nima aloqasi bor? Ishlash kerak, vaqt ketyapti, vaqt!
Karimboy ming bir andisha bilan gap boshladi:

– Bizda begona ayol-qizlarga qarash uyat hisoblanadi. Dinimiz ham nomahramga qarashni man etadi. Shu sababli yarim kun bekor qolishga majbur bo'ldik.

Buni eshitib komandir hayratdan dong qotib qoldi. Ke­yin shahd bilan ayoli va qizining xonasiga kirib ketdi.

Uy egalarining ichkaridagi suhbati yarim soatdan ko'proq davom etdi. Suhbat yakunida bekaning baland ovozda «Vot eto narod» degan xitobi eshitildi. Birozdan so'ng Larisa Andreevna qizi bilan patnisda shirinliklar va choy ko'tarib chiqib keldi. Ularning yuz-ko'zlarida avvalgi kibrdan asar ham yo'q edi.

– Bizni kechiringlar, – dedi xonadon sohibasi.

Sodiqjon INOYaTOV,
Gurlan tumani “Vazir” QFY kotibi,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *